Enkripsiya bilan bog’liq holatlar Ma’lumotlarni internet orqali uzatishda foydalaniladigan eng zamonaviy xavfsizlik vositasi – enkripsiya. Bunda foydalanuvchi tomonidan yuborish uchun kiritilgan ma’lumot foydalanuvchi qurilmasining o‘zida enkripsiya qilinadi (inson o‘qishi/ko‘rishi/eshitishi mumkin bo‘lgan shakldan faqat mashina o‘qiy olishi mumkin bo‘lgan shaklda o‘tkaziladi). Enkripsiya qilingan ma’lumot tarmoqda xavfsiz shaklda yetkazilib, qabul qiluvchi server yoki boshqa qurilmada qayta shakllantiriladi (dekripsiya qilinadi). Shu tariqa ikki tomon ma’lumotni xavfsiz shaklda bir-biriga uzatishi mumkin.
Sizning axborot xavfsizligingizda kim bilandir onlayn suhbatingizni uchinchi shaxslar bilmasligi juda muhim hisoblanadi. Saytlar orqali ma’lumot almashganingizda brauzerning SSL sertifikat haqida ma’lumot beruvchi qismiga e’tiborli bo‘ling. Odatda zamonaviy brauzerlar enkripsiyasi yo‘q, SSL sertifikati eskirgan yoki mavjud bo‘lmagan saytlardan foydalanuvchilarni yaxshi ogohlantiradi.
Smart telefoningizga yuklab olayotgan dasturlaringiz va o‘yinlaringizning ishonchliligiga e’tibor bering. Ba’zan o‘zini o‘yin sifatida tanishtirayotgan dasturlar aslida boshqa g’arazli maqsadlarda ish olib borishi ham hech gap emas. Ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish uchun faqat ishonchli manbaalardan dastur va o‘yinlaringizni yuklab olishingiz kerak. Google Play yoki Apple AppStore kabi ishonchli manbaalardan foydalaning. Saytlardan to‘g’ridan-to‘g’ri yuklab olingan, yoki sizga messenjerlar orqali yuborilgan o‘yin va dasturlarni telefoningizga o‘rnatmang. Mavjud o‘rnatilgan dasturlaringizni Google Play Protect yoki shunga o‘xshash vositalar yordamida tekshirishingiz mumkin.
Zamonaviy messenjerlarda, xususan Telegram va WhatsApp dasturlarida «tomondan-tomongacha enkripsiyalash» imkoniyati bor. Bunda siz va suhbatdoshingiz o‘rtasidagi yozishma, audio yoki video muloqot, almashiladigan fayllar enkripsiya qilinadi va server ishtirokisiz to‘g’ridan-to‘g’ri suhbatdoshingizga yetkaziladi. Albatta, bu ham axborotning 100% xavfsizligini ta’minlamaydi. Chunki hammaga ma’lumotni enkripsiyalangan shaklda yuborishda yoki qabul qilishda bo‘lmasligi mumkin.
Jo‘n xatolar Xalqimiz ba’zan juda sodda va ishonuvchan. Bu soddalikni internet axborot xavfsizligi kechira olmaydi. Afsuski internetdagi shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligidan yaxshi xabardor bo‘lmaslik, zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirishga jiddiy qaramaslik oqibatida ayanchli hodisalar uchrab turibdi.
Texnologiyalar rivojlangan sari axborotni o‘g’irlash usullari ham zamonaviylashib, juda katta kuchga ega bo‘lib bormoqda. Axborotni o‘g’irlash yoki unga zarar yetkazish bugungi kunda shu darajaga chiqqanki, hatto ba’zi holatlarda sizning parolingiz, SMS tasdiqlash kodingiz ham talab qilinmagan holatda ma’lumotlaringizni yo‘qotishingiz mumkin. Masalan, siz ishonib o‘rnatgan dastur/o‘yin qaysidir rasmingizni sizning soddalingizngizdan foydalanib ko‘chirib olishi mumkin. Qaysidir suhbatdoshingiz sizni aldab u yoki bu turdagi ma’lumotingizni so‘rab olishi mumkin. Siz kutmagan, bilmagan usullar bilan shaxsiy axborot muhitingizga zarar yetkazishlari hech gap emas. Bunga ko‘pincha juda oddiy xatolar, juda keng tarqalgan qoidalarga bilimsizlik tufayli amal qilmaslik sabab bo‘lishi mumkin.
Oddiy xatoliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun telefoningizni doim bloklanishda saqlang, begona kimsalarga telefoningizni ochiq holatda topshirmang, ish kompyuteringizda bolalaringizning o‘ynashiga yo‘l qo‘ymang, ish va shaxsiy masalalar uchun ishlatiladigan Google akkauntlaringizni bitta qurilmada saqlamang (yoki ehtiyotkorlik bilan saqlang).