11.2.Menejment konseptsiyasi. Boshqaruv usullari bu boshqaruv sub`ektining boshqaruv ob`ektiga maqsadli yo`naltirilgan ta`sir o`tkazishning usullari, ya`ni boshqaruvchining u boshqarayotgan ishlab chiqarish kollektiviga qo`yilgan maqsadlarga erishish jarayonida uning faoliyati koordinatsiyasini ta`minlashdir.
Boshqaruv usullari vositasida iqtisodiy jarayonlarga va ishlab chiqarish katnashchilariga moddiy, moliyaviy, energiya, mehnat resurslarini imkoni boricha kam sarf qilib yuqori natijalarga erishish maqsadida ta`sir etiladi. Ishlab chiqarish samaradorligi ko`p jihatdan boshqaruv usullari mukammalligi va shakllanligi bilan uzviy bog`liqdir.
Boshqaruv usullari boshqaruv fanida muhim o`rinni egallab, boshqaruv qonun va tamoyillari bilan uzviy bog`liqdir. Mehnat jamoasiga ta`sir etish usullari orasida boshqaruv mexanizmi uchun bozor iqtisodiyoti sharoitida boshqaruv ob`ektiv qonunlari talablariga muvofiq keluvchilarigina eng maqbul va maqsadga muvofiq deb hisoblanadi. Buning mohiyati shundaki, boshqaruv usullari bozor iqtisodiyotiga mansub qonunlar tizimi bilan uzviy bog`liqdir.
Boshqaruv usullari tashqi va ichki omillar ta`sirida o`zgaradi. Tashqi omillarga: tashqi va ichki sharoit o`zgarishi, iqtisodiyotni boshqarishda tub islohotlarni amalga oshirish, xalq xo`jaligining texnikaviy qurollanganlik darajasini boshqarish tizimida o`zgarishlar (iqtisodiy islohotlar, iqtisodiyotni boshqarishning tarmoq tizimidan hududiy tizimiga o`tish va h.k.) kiradi. Ichki omillarga: jumlasiga yirik ishlab chiqarish birlashmalarini tashkil etish asosida ishlab chiqarish konsentratsiyasini amalga oshirish; korxona kattaligi o`zgarishi natijasida uning bir guruhdan ikkinchisiga o`tkazilishi; ishlab chiqarish ixtisoslashish darajasi o`zgarishi; mehnatning texnika bilan ta`minlanish darajasi yaxshilanishi; ishlab chiqarishni rejalashtirish va jadal tartibga solishning mavjud usullarini takomillashtirish va yangilarini joriy qilish (tarmoqli rejalashtirish va boshqarish; ishlab chiqarishni uzluksiz tezkor rejalashtirish, ishlab chiqarishni boshqarishni avtomatlashtirilgan tizimini qo`llash va h.k.) kiritish mumkin.
Xalq xo`jaligini boshqarishda quyidagi usullardan foydalaniladi: iqtisodiy, tashkiliy, ijtimoiy, ruhiy va huquqiy. Boshqaruvning bu usullari o`zaro uzviy bog`liqdir, shu sababli ularning birortasiga ortiqcha ahamiyat berish butun ishlab chiqarishning me`yoriy borishining buzilishiga olib keladi. Hozirgi davrda bozor iqtisodiyotini boshqarishning iqtisodiy usullari muhim ahamiyat kasb etmokda.
Iqtisodiy usullar iqtisodiy ta`sir vositalari yig`indisidan (narx, kredit, biznes-reja, foyda, soliqlar, ish haqi, iqtisodiy rag`batlantirish va h.k.), ya`ni xo`jalik faoliyatiga ta`sir etishning xar bir jamoa mos xo`jalik bo`g`ini bilan uzviy aloqada amal qilishini ta`minlovchi tadbirlaridan iboratdir.
Boshqaruvning iqtisodiy usullari kishilarga iqtisodiy manfaatlar orqali ta`sir ko`rsatadi.
Iqtisodiy usullarning mohiyati xodimlar va ishlab chiqarish jamoasiga ular manfaati bo`lishini ta`minlovchi iqtisodiy sharoit yaratishdan iboratdir. Boshqaruv usullari tizimida iqtisodiy usullar etakchi urinni egalaydi.
Bozor mexanizmining muhim vazifalaridan biri biznes reja va bozorning uzviy bog`liq bo`lishiga imkon yaratuvchi pul va tovar resurslari to`g`ri nisbatini ta`minlashdir.
Bozor – bu tovar-pul munosabatlarining doimo saqlanuvchi balansidir. Bozor munosabatlari sharoitida rejali iqtisodiyotga nisbatan qat`iy boshqaruv tizimi o`rnatiladi. Bozor tamoyillari xo`jalik rahbarlaridan tashabbuskorlik, korxona faoliyati masalalari bo`yicha yuqori natijalarga erishish maqsadida qayishqoqlik, tavakkalchilikni talab etadi.
Bozor iqtisodiyoti ma`muriy-buyruqbozlik tizimiga nisbatan qarama-qarshi tizim bo`lib, bozorda narx, soliq, kredit vositasida tartibga solish eng avvalo ijtimoiy maqsadda amalga oshiriladi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida narx va ish haqi o`zgarishni qat`iy tartibga solmay barqarorlikka erishib bo`lmaydi.
SHunday qilib, boshqaruvning iqtisodiy usullari juda keng imkoniyatlarga ega bo`lib, ular mohirona va o`z vaqtida tashkiliy-farmoyish, ijtimoiy-ruhiy va huquqiy usullar bilan qo`shib olib borilgan taqdirda yaxshi natijalarga erishish mumkin.
Korxonalar, aksioner jamiyatlari, firmalarda muhim boshqaruv usullaridan biri – biznes-rejalardir. U iqtisodiy jarayonlarni umummilliy manfaatlarni ko`zlab, xo`jalik amaliyotida ob`ektiv iqtisodiy qonunlardan foydalanish asosida, ongli ravishda, bir maqsadga intilgan holda boshqarishning o`zaro uzviy bog`liq tizimidan iboratdir.
Biznes-reja vositasida hal etiladigan asosiy vazifalar quyidagilardan iborat: iqtisodiyot rivojlanishi yo`nalishlari va maqsadlarni amalga oshirish yo`llarini ko`rsatish, iqtisodiyotning barqaror, mutanosib o`sishini ta`minlash, moddiy, mehnat va moliyaviy resurslarni tarmoqlar va ishlab chiqarishlar o`rtasida taqsimlash va qayta taqsimlash, fan-texnika taraqqiyoti yutuqlarini joriy etishni ta`minlash; tarmoqlararo integratsiya, tarmoq ichida ixtisoslashuv va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish; xo`jalik yurituvchi sub`ektlar faoliyatini tezkor tartibga solish va koordinatsiya qilish.
Biznes-reja korxona, aksionerlar jamiyati, konsernlar faoliyatining barcha tomonlarini: mahsulot ishlab chiqarish va sotish; moddiy-texnikaviy ta`minot va ishlab chiqarish fondlaridan foydalanish, mehnat va ish xaki, jamoada ijtimoiy jarayonlar va h.k.larni qamrab oladi. Bozor munosabatlari sharoitida ularga rejalashtirish borasida keng huquqlar beriladi.