Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi beshinchi huquqiy qadam – Birinchi Prezidentimizning Hindistonga 1991 yilgi tashrifi bilan chambarchas bog‘liq.
Aytish kerakki, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 1991 yil 17-19 avgust kunlari “Hindiston Respublikasiga rasmiy tashrifi O‘zbekiston Prezidentining xorijga qilgan birinchi mustaqil – tarixiy tashrifi edi”. Yurtboshimiz Hindistonda bo‘lgan bir paytda – 19 avgust kuni o‘zini “Davlat favqulodda holat qo‘mitasi”, ya’ni GKChP deb atagan bir guruh siyosiy avantyuristlarning davlat to‘ntarishini sodir etishga qaratilgan murojaati e’lon qilindi.
Afsuski, O‘zbekiston rahbarining safarda ekanidan foydalanib, GKChPning noqonuniy qarorlarini qo‘llab-quvvatlaydigan rahbarlar yurtimizda ham topildi. Tarix buni yaxshi eslaydi. Bu voqealarning davomi “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobining so‘zboshi qismida shunday bayon etilgan:
“Prezident Islom Karimov GKChP e’lon qilinganini Agrada eshitib, 19 avgust kuni zudlik bilan Toshkentga qaytadi. Toshkent aeroportida Yurtboshimizni rasmiy kishilardan tashqari, Turkiston harbiy okrugi bosh qo‘mondoni hamda Markazdan kelgan 3 nafar general kutib oladi. Bu o‘sha paytdagi mavjud rasmiy protokol qoidalariga mutlaqo zid bo‘lib, tagdor siyosiy ma’noga ega edi. Islom Karimov aeroportdan to‘g‘ri hukumat binosiga kelib, kechqurun hukumat a’zolari bilan uchrashdi hamda O‘zbekiston SSR hududida GKChPning qonunga zid qarorlarini bekor qilish haqida ko‘rsatma berdi. Shu tariqa GKChP gumashtalari O‘zbekitston hukumati nomidan qabul qilgan barcha hujjatlarni bekor qildi”. O‘sha beorom davrda qabul qilingan Prezident farmon va qarorlarida aks etgan muhim huquq va qoidalar keyinchalik Konstitutsiyamizning asosiy bo‘lim, bob va moddalari sifatida mustahkamlandi.
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi oltinchi huquqiy qadam – Davlat mustaqilligining e’lon qilinishidir. Mamlakatimiz rahbarining 1991 yil 31 avgustda, o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari oltinchi sessiyasida so‘zlagan nutqi, ayniqsa, o‘sha nutqdagi: “Men shu bugundan e’tiboran 1 sentabrni respublikamizda Mustaqillik kuni, umumxalq bayrami deb e’lon qilishni taklif etaman”, degan otashin so‘zlari Vatanimiz tarixiga oltin harflar bilan manguga yozilgandir.
Birinchi Prezidentimiz oradan 17 yil o‘tganidan so‘ng o‘zining “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida ana shu hayajonli voqeaga: “1991 yil 31 avgust sanasida qo‘lga kiritilgan milliy mustaqillik – XX asrda xalqimiz tomonidan amalga oshirilgan buyuk ma’naviy jasorat namunasidir, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz”, deya yuksak baho berdi.
Xuddi o‘sha kuni Oliy Kengash O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to‘g‘risida Bayonot qabul qildi. Bayonotda ta’kidlandiki, “Bundan buyon O‘zbekiston Respublikasi hududida respublika Konstitutsiyasi va qonunlari shak-shubhasiz ustun deb e’tirof etiladi”.
Shu kuni “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi. Undan bo‘lajak Konstitutsiyaning o‘zak qoidalarini o‘zida aks ettirgan bir qator muhim moddalar joy oldi. Jumladan, mazkur Qonunga muvofiq:
“O‘zbekiston Respublikasi to‘la davlat hokimiyatiga ega, o‘zining milliy-davlat va ma’muriy hududiy tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv idoralari tizimini mustaqil belgilaydi” (3-modda);
“O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va uning qonunlari ustundir. O‘zbekiston Respublikasi Davlat idoralarining tizimi hokimiyatni qonun chiqaruvchi, ijroiya va sud hokimiyatiga ajratish tartibi asosida quriladi” (5-modda).
Bu Konstitutsiyaviy qonun Asosiy Qonunimiz qabul qilinguniga qadar, ya’ni 1992 yil 8 dekabrgacha biz uchun kichik Konstitutsiya vazifasini bajarib turdi.