Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi yettinchi huquqiy qadam – 1991 yil 29 dekabrda Prezident saylovi va Davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi referendumning o‘tkazilishiga taalluqli.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi va Respublika davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi referendum 1991 yil 29 dekabrda bo‘lib o‘tdi. Xalq davlat mustaqilligini qo‘llab ovoz berdi va Prezidentni sayladi.
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi sakkizinchi huquqiy qadam – birinchi Konstitutsiya loyihasining ilk bor matbuotda umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilinishidir.
Konstitutsiyaviy komissiya bajarilgan ishni ma’qulladi va 1992 yil 8 sentabrda Konstitutsiya loyihasini umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilishga qaror qildi. Ushbu yig‘ilishda loyihani oxiriga yetkazish va tahrir qilish uchun ishchi guruh tuzildi. Yangi Konstitutsiyaning birinchi loyihasi 1992 yil 26 sentabr kuni tayyor bo‘ldi va shu kuni matbuotda chop etildi.
Loyiha e’lon qilingach, uning umumxalq muhokamasi juda keng tus oldi. Bu ochiq-oshkora muhokamalar 1992 yilning sentabr oyi oxiridan dekabr oyi boshlarigacha fuqarolarning siyosiy faolligi, ijodiy ko‘tarinkiligi ruhida o‘tdi hamda O‘zbekistonda demokratiya rivojining samarali va amaliy maktabi bo‘ldi.
Muhokamada mamlakatimiz katta yoshdagi aholisining deyarli hammasi ishtirok etdi. Matbuotda, radioeshittirish va teleko‘rsatuvlarda qizg‘in bahs-munozaralar bo‘ldi. Ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazildi, Konstitutsiya loyihasiga doir masalalar bo‘yicha suhbatlar, anjumanlar tashkil qilindi.
Konstitutsiyaviy komissiyaga fikr-mulohazalar bildirilgan 600 taga yaqin xat kelib tushdi. Respublika matbuotining o‘zida Konstitutsiya loyihasiga bag‘ishlangan yuzdan ortiq materiallar e’lon qilindi. Fuqarolarimiz bildirgan takliflar soni 5 mingdan oshib ketdi.
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi to‘qqizinchi huquqiy qadam– Konstitutsiya loyihasining ikkinchi marta matbuotda umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilinishidir.
Konstitutsiya loyihasi o‘tkazilgan muokamalar davomida kelib tushgan takliflar asosida ancha tuzatildi va qayta ishlandi. So‘ngra, 1992 yil 21 noyabrda umumxalq muhokamasini davom ettirish uchun Konstitutsiya loyihasi ikkinchi marta gazetalarda chop etildi.
Shunday qilib, huquqiy pretsedent – ikki bosqichli umumxalq muhokamasi yuz berdi. Ushbu holat, bir tomondan, muhokama ishtirokchilarini faollashtirish uchun qudratli rag‘bat vazifasini bajargan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, Asosiy Qonunimizning xalqchilligini ta’minladi. Konstitutsiya loyihasining o‘zi keng jamoatchilik ekspertizasidan o‘tdi.
Mazkur aksiyaning, ya’ni Konstitutsiya loyihasini ikki bosqichda muhokama etish uchun matbuotda e’lon qilinishining ma’nosi shundan iborat ediki, fuqarolar Konstitutsiyaning qayta ishlangan variantida Konstitutsiya loyihasini muhokama qilishdagi o‘z ishtiroklarining natijasini ko‘ra oldilar.
Konstitutsiya loyihasining yangi variantida umumxalq muhokamasining dastlabki bosqichida kelib tushgan ko‘plab fikr-mulohazalar va takliflar o‘z ifodasini topdi. Fuqarolarimiz Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan ularning ovozi eshitilganiga, takliflari tegishli ravishda ko‘rib chiqilib, inobatga olinganiga ishonch hosil qildilar.