12
49-modda.
Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati toʻgʻrisidagi ishonchli
axborotga ega boʻlish huquqiga ega.
Davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini taʼminlash va atrof-muhitga
zararli taʼsir koʻrsatilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati
sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Shaharsozlik hujjatlarining loyihalari qonunda belgilangan tartibda
jamoatchilik muhokamasidan oʻtkaziladi.
Davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash,
tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash boʻyicha
chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Davlat Orolboʻyi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda
tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralar
koʻradi.
50-modda.
Har kim taʼlim olish huquqiga ega.
Davlat uzluksiz taʼlim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat
va nodavlat taʼlim tashkilotlari rivojlanishini taʼminlaydi.
Davlat maktabgacha taʼlim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-
sharoitlar yaratadi.
Davlat bepul umumiy oʻrta taʼlim va boshlangʻich professional taʼlim
olishni kafolatlaydi. Umumiy oʻrta taʼlim majburiydir.
Maktabgacha taʼlim va tarbiya, umumiy oʻrta taʼlim davlat nazoratidadir.
Taʼlim tashkilotlarida alohida taʼlim ehtiyojlariga ega boʻlgan bolalar
uchun inklyuziv taʼlim va tarbiya taʼminlanadi.
Dostları ilə paylaş: