Auditor tekshiruv jarayonida oddiy aktsiyalaardan iborat aktsiyadorlik kapitali (8310-schyot), imtiyozli aktsiyalar ko’rinishidagi aktsiyadorlik kapitali (8320-schyot), qaytarib sotib olingan oddiy xususiy aktsiyalar(8610-schyot) va qaytarib sotib olingan imtiyozli xususiy aktsiyalar(8620-schyot)ni alohida tekshiradi.
Xususiy kapitalning ta’rifi, hisobga olinishi va shakllanishi O’zbekiston Respublikasining «Buxgalteriya hisobi to’g’risida» gi qonunida o’z aksini topgan. Ushbu qonun O’zbekiston Respublikasi Oliy majlisining birinchi chaqiriq 6-sessiyasida qabul qilingan va u 1996 yil 30 avgustda Respublika Prezidenti tomonidan tasdiqlangan.
Xususiy kapital bozor iqtisodiyoti munosabatlari sharoitida korxonaning moliyaviy holatini tavsiflovchi muhim ko’rsatkichlardan biri bo’lib hisoblanadi. Chunki uning holatiga qarab, korxonaning moliyaviy mustaqilligiga baho beriladi. Korxonaning moliyaviy jihatdan mustahkam bo’lishi biznesni boshqarishda, ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirishda va sherikchilik faoliyatini yo’lga qo’yishda o’ta muhim dolzarb masala bo’lib hisoblanadi. Shuning uchun ham xususiy kapital holatini o’rganish katta ahamiyatga egadir.
Xususiy kapitalning tahlili uning tarkibi va strukturasini o’rganishdan boshlanadi. Buning uchun xususiy kapitalning har bir turi bo’yicha yil boshi va yil oxiriga bo’lgan summasi hamda har birining jamiga nisbatan hissasi aniqlab olinadi. Shundan keyin tahlilning gorizontal va vertikal usullaridan foydalanib, tahlili amalga oshiriladi. Xususiy kapitalning yil oxiridagi qoldig’i yil boshiga, yil oxiridagi salmog’ini yil boshidagi salmog’iga solishtirib o’zgarishi aniqlanadi va baho beriladi. Buni quyidagi 48-jadvaldan ko’rish mumkin.