2.Korxona iqtisodiy xavfsizligiga tashqi va ichki tahdidlar Korxona iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ishlarni tashkillashtirishda ichki va tashqi tahdidlardan tarkib topishini ko‘zda tutish lozim. Ichki tahdidlarga korxonaning ichki tarkibiy tuzilishini va korxonadagi o‘zaro munosabatlarni hamda o‘zining iqtisodiy xavfsizligini eng yuqori darajada tashkillashtira olish qobiliyati tushuniladi.
Tashqi tahdidlarga korxonaning tashqi muhit bilan bo‘ladigan o‘zaro munosabatlarini iqtisodiy xavfsizlikni eng yuqori darajada ta’minlay olish qobilyati tushuniladi. Bunday bo‘linish yetarlicha shartlidir, chunki ikkala tarkibiy qism bir - biri bilan bog‘liq. Shunga qaramasdan ichki tarkibiy qism birinchi darajali ahamiyatga ega ekanligi ko‘pchilik tomonidan tan olingan bo‘lib, u korxonaning tashkil topishi bosqichida shakllanadi.
Korxonani tashkil etishning har bir bosqichida turli tarkibiy birliklarning va ularning rahbarlarining huquqlari va majburiyatlari hamda ularning o‘zaro ta’sirlashuvi belgilab qo‘yiladiki, mazkur bosqichga tegishli bo‘lgan tahdidlar va ziddiyatlarning vujudga kelishi tayin. Bunda bosqichlarning har biri o‘zidan keyingi bosqichni belgilab beradi.
Korxonani tashkil etishda olti bosqich ajratib ko‘rsatiladi va ularga mos holda korxona iqtisodiy xavfsizlikning olti darajasini shakllantiradi:
Yuridik shaxsni ta’sis etish, ya’ni rasmiylashtirish va ro‘yxatdan o‘tkazish bosqichida korxona iqtisodiy xavfsizlikning mulkiy (aksonerlik) darajasi shakllantiriladi. Bu qoida bo‘yicha korxonalarni tashkil etishda qatnashadigan bir necha ishtirokchilardan biri ko‘p hollarda davlat bo‘lishi mumkinligi bilan bog‘liq.
Korxonada ishlovchilarga rahbarlik qiluvchi tarkibini shakllantirishda hokimiyat borasida turli xil vakolatlarga ega bo‘lgan shaxslar o‘rtasida obyektiv ziddiyatlar mavjud bo‘lishi tufayli korxona iqtisodiy xavfsizlikning oliy rahbariyat darajasi yuzaga keladi.
Korxonaning tashkiliy tuzilmasi va boshqaruv tizimining darajasi ularni tashkil etishda, xodimlarni ishga olishda hamda ularni motivatsiyalash uslublarini aniqlashda shakllanadi.
Biznes – jarayonlarni shakllantirish darajasi korxona faoliyatining sxemasini yaratishda, ya’ni biznes rejalarni, texnologik harakatlarni ishlab chiqarishda, hujjat aylanishini tashkil etishda, barcha turdagi hisoblar (buxgalteriya, soliq, boshqaruv hisobi)ni yuritishda shakllanadi.
Joriy ishlab chiqarish – xo‘jalik faoliyati (IXF) darajasi undan oldingi daraja bilan aniqlanadi va shu jarayonda uzluksiz shakllanib boradi.
Ishlab chiqarish, xo‘jalik faoliyati natijalarining hisobini yuritish, nazorat va tahlil qilish darajasi korxonaning hisobotlarini tuzishda va boshqaruv qarorlarni qabul qilishda shakllanadi.
Korxonaning iqtisodiy xavfsizligini yaratish bosqichida asos qilib olingan va yuqorida keltirilgan darajalar faoliyat ko‘rsatayotgan har bir korxona uchun xosdir. Bunda yuqoriroq turadigan darajalar ustuvor ahamiyatga ega bo‘ladi. Bu shuni anglatadiki, yuqoriroq darajadagi xavfsizlik ta’minlanmasa, pastroq darajadagi korxona iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha barcha tadbirlarning samarasi pasayib ketadi.
Korxonaning ishlab chiqarish – xo‘jalik faoliyatida uning uchta asosiy bosqichlarini ajratib ko‘rsatish mumkin:
muayyan davrdagi faoliyatini rejalashtirish;
shu davrdagi ishlab chiqarish;
xo‘jalik faoliyatining yakunlari va natijalarini tahlil qilish.
Ishlab chiqarish – xo‘jalik faoliyatining yuqorida keltirilgan natijalari uzluksiz takrorlanib turadi. Shuni ta’kidlash joizki, korxonaning iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash nuqtayi nazaridan qaralganda eng muhimi rejalashtirish (siklning birinchi fazasi) va natijalarini tahlil qilish (siklning uchinchi fazasi) hisoblanadi, chunki eng samaralisi tahdidlar bilan kurashish emas, balki ularning oldini olishdir.
Korxonaning iqtisodiy xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatadigan ichki tahdidlar asosan ishlab chiqarish jarayonida vujudga keladi:
asosiy kapitalni eskirgan elementlarining ommaviy tarzda ishdan chiqishi, ular o‘rnining to‘ldirilmasligi va buning natijasida ishlab chiqarish salohiyatini yo‘qotilishi;
texnik va texnologik jihatdan qurollanishning orqada qolishi;
korxonada tashmachilik, o‘g‘irlik va boshqa noxush hodisalarning mavjud bo‘lishi;
korxona personalining xatolari (“inson omili”);
raqobatchilarning axborot olish uchun korxona personalidan foydalanishi.
Korxonaning iqtisodiy xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatadigan tashqi tahdidlarga quyidagilar kiradi:
tovarlar bozorida o‘z o‘rnini yo‘qotish, ya’ni o‘z tovarini kengaytirilgan takror ishlab chiqarishni ta’minlaydigan foyda bilan sotish imkoniyatining yo‘qligi;
mamlakatda moliyaviy holatning salbiy tomonga o‘zgarishi;
fond bozorida korxona aksiyalari narxlarining pasayib ketishi, ya’ni korxonaning kapitallashuv darajasining pasayishi;
davlatning jinoyatchilikni oldini olish, odil sudlovni amalga oshirish va shuningdek, iqtisodiy siyosatni amalga oshirish borasidagi chora -tadbirlarining zaif jihatlari;
kompyuter texnologiyalaridan foydalanish sohasidagi jinoyatlar;
yangi mahsulot ishlab chiqarish va uni ishlab chiqarishga joriy etish.
Korxonaning iqtisodiy xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatadigan tahdidlarni bartaraf etish uchun bir qator vazifalarni amalga oshirish kerak bo‘ladi. Korxona xodimlarining yuqori malakaga ega bo‘lishlarini ta’minlash, xodimlarning yuqori intellektual salohiyatga ega bo‘lishlariga erishish, korxonaning texnik va texnologik jihatdan mustaqilligini ta’minlash, yuqori raqobatbardoshligiga erishish, korxonani boshqarishda yuqori samaradorlikka erishish, korxona faoliyatining yetarli ekologik darajasini ta’minlash, korxonaning huquqiy himoyalanganligini, korxonaning axborot muhiti himoyasini ta’minlash, korxona xodimlarining xavfsizligini ta’minlash kabilar shular jumlasidandir.
Korxonaning iqtisodiy xavfsizligini ta’minlashning quyidagi asosiy yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiq bo‘ladi:
korxonaning ekologik xavfsizligini umumstrategik rejalashtirish va prognozlash;
korxonaning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini taktik jihatdan rejalashtirish;
korxonaning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini operativ boshqarish.
Korxonaning iqtisodiy xavfsizligini aniqlashda muhim uslublardan biri SWOT tahlili bo‘lib hisoblanadi. SWOT-tahlil korxonaning kuchli va kuchsiz tomonlarini aniqlashdan boshlanadi. Tahlilda asosan quyidagi kuchli va kuchsiz faktorlar ko‘pincha inobatga olinadi:
Kompaniyaning obro‘si.
Ishlab chiqarayotgan mahsuloti yoki xizmat ko‘rsatish sifati.
Bozordagi ulishi.
Narx siyosati.
Logistika.
Savdo agentlarining sifati.
Geografik qamrovi.
Yangiliklarni tatbiq etish.
Moliyaviy mustahkamlik.
Kadrlar siyosati.
Texnika bilan ta’minlanganlik darajasi.
Belgilangan vaqtda buyurtmalarni bajara olish imkoniyati.
Kompaniyaning bozor va iste’molchilar talabiga egiluvchanlik.
Mahsulot assortimenti va nomenklaturasi.
Resurslar bilan ta’minlanganlik darajasi.
Iste’molchilar talabini tahlili.
Sanab o‘tilgan omillar ko‘pincha marketing tahlilida ishlatilsa ham ular asosida kompaniyaning “iqtisodiy xavfsizlik” darajasini aniqlash mumkin. Imkoniyatlar va xavf-xatarlar ko‘pincha tashqi ta’sir elementlari hisoblanadi. Korxona ularga ta’sir eta olmaydigan omillardir:
mamlakatdagi va jahondagi iqtisodiy vaziyat.
demografik holat.
siyosiy ta’sir.
texnik va texnologik taraqqiyot.
raqobatchilar.
qonunlar.
madaniy omillar.
ijtimoiy omillar.
Misol uchun SWOT-tahlil usulini ishlab chiqarish korxonasi “Yog‘-moy kombinati”ga qo‘llagan holda “iqtisodiy xavfsizlik” darajasini bilish mumkin. Tahlilda “Yog‘-moy kombinati”ning biznes rejasi, iqtisodiy-moliyaviy ko‘rsatkichlari, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar assortimenti, ishlab chiqarish resurslari, xomashyo bilan ta’minlanishi va boshqa omillar inobatga olinadi. “Yog‘-moy kombinati” ning ichki muhit va kombinat faoliyat yuritayotgan biznes muhiti tahlili quyudagi xulosalarni berdi:
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, oziq-ovqat sanoati rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan barcha resurs va imkoniyatga egaligi.
O‘tgan 28 yilda O‘zbekiston aholisi va ish haqining oshganligi hamda Yog‘-moy mahsulotlari ishlab chiqarish bozori tahlili, sifatli mahsulotlarga bo‘lgan talabni oshganligini ko‘rsatmoqda.
Yangi innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish, mavjudlarini modernizatsiya qilish.
Biznesni rivojlantirish va moliyalashtirish uchun investitsion muhitning ijobiyligi.