1.Korxonaning iqtisodiy manfaatlari va uning iqtisodiy xavfsizlik strategiyasi Korxona iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash ishlab chiqarishni tashkil etishning butunlay yangi tizimi hisoblanadi. Iqtisodiyot subyektlari orasida milliy iqtisodiyot rivojlanishining muhim dastagi bo‘lgan korxonaning iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash alohida ahamiyatga ega. Korxonaning iqtisodiy xavfsizligi deganda, uning ilmiy - texnikaviy, ishlab chiqarish salohiyatini hamda kadrlarni faol va nofaol iqtisodiy tahdidlardan, masalan, davlatning samarasiz ilmiy - sanoat siyosatidan yoki tashqi muhitda yuzaga kelgan tahdidlardan himoyalanganligi tushuniladi.
Korxonaning iqtisodiy xavfsizligi jamiyatda iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy barqarorlik buzilganda, ayniqsa, dolzarb bo‘ladi. Ishlab chiqarish xo‘jaligi faoliyati deganda, korxonaning bo‘linmalari va ishlovchilarining tashqi muhit, o‘zaro bir - biri bilan munosabatlarida korxona aktivlari va passivlarining o‘zgarishiga olib keladigan yoki salohiyatli holda olib kelishga qodir bo‘lgan barcha xatti - harakatlarni tushunishi lozim. Bunda korxonalar davlat organlari, boshqa korxonalar va jismoniy shaxslar bilan bo‘ladigan turli munosabatlarga kirishadilar, tovar - moddiy boyliklardan foydalangan holda doimiy ravishda o‘zgarib turadigan bozor sharoitida va raqobat muhitida ishlaydilar. Korxona iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha masalalarni hal etishda sanab o‘tilgan barcha omillarni inobatga olish zarur.
Eng umumiy holda iqtisodiy xavfsizlik deganda korxonaning mavjud tashqi sharoitlarda va ularning ma’lum bir chegaralarda o‘zgarishlarida o‘z maqsadlariga erishish uchun normal holda faoliyat ko‘rsatishga qodir bo‘lishi bilan tavsivflanadigan holati tushuniladi. Korxonaning iqtisodiy xavfsizligiga ta’rif berilganda ko‘p hollarda “tahdid” atamasidan foydalaniladi, korxonaning iqtisodiy xavfsizligi deganda esa uning ilmiy - texnikaviy, texnologik, ishlab chiqarish va kadrlar salohiyatini aktiv yoki passiv tahdidlardan himoya qilinganligini tushunish tavsiya etiladi.
“Tahdid” atamasini ham har xil talqin qilish mumkin. Tahdid – bu voqealarning shunday rivoji, harakat (harakatsizliklar) bo‘lib, uning natijasida korxonaning normal faoliyat ko‘rsatishining buzilishi va o‘z maqsadlariga erisha olmasligi, jumladan istalgan turdagi zararning keltirilishi ehtimoli oshadi yoki buning uchun sharoit yaratiladi.
1 - jadval