1. Bozor iqtisodiyoti sharoitlarida rejalashtirishning xususiyatlari va vazifasi Iqsiodiyot bo’yicha zamonaviy adabiyotlarda va qo’llanmalarda rejalashtirishga mo’ljallangan ish yoki ma’lum bir harakatlarni bajarish muddati, tartibi va ketma-ketligini ko’zda tutuvchi chora-tadbirlar tizimi sifatida izoh berilgan. Har bir inson o’z ish kuni, dam olish kuni, bayramlar, yozgi ta’til, to’y va boshqa tadbirlarni qanday o’tkazishni rejalashtiradi. Aynan rejalashtirish va bashorat qilish yo’li bilan korxonalar nimani, kim uchun, qachon va qancha mahsulot ishlab chiqarish, qaysi hamkorlar yoki sheriklar bilan shartnoma tuzish yoki kooperasiyani rivojlantirish, zarur bo’lgan moddiy-tovar boyliklari zahirasini yaratish kabi bir qator masalalarni hal qiladi.
O’zbekiston Respublikasining “Korxonalar to’g’risida”gi qonunida, korxonalarning iste’molchilar talabi, foyda yoki daromad olish nuqtai nazaridan o’z faoliyatini mustaqil ravishda tanlashi va ishlab chiqarishni rivojlantirish istiqbollarini belgilab olishi ko’rsatilgan.
Rejalashtirish tartibga soluvchi jarayon sifatida korxona faoliyatini yaqin va uzoq istiqbol sari ilgari surish, asoslab berish, muayyanlashtirish va izohlab berishni ifodalaydi. Oxirgi holatda gap korxona faoliyatini bashorat qilish haqida borishi mumkin. Bashorat qilishni rejalashtirishning boshlanishi va uzoq muddatli istiqbolga mo’ljallangan davomi sifatida ko’rib chiqish mumkin. Rejalashtirish va prognozlashtirish o’zaro aloqada bo’lgan ikkita jarayon bo’lib, xo’jalik faoliyatini avvaldan bajarilgan hisob-kitoblar, eng kam tavakkalchilik va eng yuqori natijalarga erishish asosida yuritishni ko’zda tutadi.
Reja va rejalashtirish orasidagi farqni anglash muhim ahamiyat kasb o’tadi. Rejalashtirish indikativ reja yoki prognoz kabi rejalarni ishlab chiqish jarayoni bo’lsa, reja korxonaning ma’lum bir vaqt mobaynida amalga oshiruvchi texnik-iqtisodiy ko’rsatkichlarini o’zida aks o’ttiruvchi hujjatni ifodalaydi. Boshqacha qilib aytganda, reja – bu, korxonaning maqsadli funksiyalari va ularni amalga oshirish yo’llarini belgilab beruvchi rejalashtirishning moddiylashgan shaklidir.
Rejalashtirish odamlar, birinchi o’rinda mutaxassislar tomonidan amalga oshirilishi sababli istalgan reja yoki prognozning hayotga tatbiq o’tilishi ko’p jihatdan iqtisodchilarning malakasiga, ular rejalashtirishning uslubiy asoslarini yaxshi bilishiga, shuningdek, ishlab chiqarish rejalarining bozor talablarini hamda korxonaning mo’ljallangan daromadga o’rishishini hisobga olishiga ham bog’liq. Rejani ishlab chiqish qanchalik asoslab berilgan bo’lsa, uning haqiqiyligi va iqtisodiyotdagi ahvol bilan bog’liqligi shunchalik yuqori bo’ladi.
Korxonalar faoliyati va iqtisodiyotda rejalashtirishdan tashqari bashorat qilish ham katta rol o’ynaydi. Bashorat qilish xo’jalik faoliyati yurituvchi sub’ektning istiqbolda yuzaga kelishi mumkin bo’lgan holatlarni ilmiy asoslagan holda avvaldan ko’ra bilishini ifodalaydi. U yuzaga kelayotgan yoki kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo’lgan iqtisodiy, ilmiy-texnik va ijtimoiy holatlarni baholash va tahlil qilish asosida yaratiladi hamda muqobil qarorlarni tanlashga imkon yaratadi.
Bashorat qilish rejalashtirish tavsifida o’z aksini topadi: ishlab chiqarish va korxona iqtisodiy hayotining boshqa jihatlarini strategik rejalashtirish - o’rta va uzoq muddatli bashoratlar asosida hamda joriy rejalashtirish - qisqa muddatli bashoratlar asosida ishlab chiqiladi. Bu yo’nalishlarning ikkalasi ham o’zaro uzviy aloqada bo’lib, ishlab chiqarish strategiyasini fan-texnika taraqqiyoti va hayotning real voqeligi bilan bog’laydi.
Bashoratning maqsadi - bozorga ta’sir qiluvchi omillarni, shu bilan birga, xo’jalikning umumiy ahvoli, tuzilmaviy siljishlar, investision faollik, fan-texnika taraqqiyotining iste’molchi va ishlab chiqaruvchilarga ta’sir ko’rsatishi, an’anaviy mahsulotlardan tashqari korxonaning barqarorligi va raqobatbardoshligiga olib keluvchi «pioner» (yangi) mahsulot ishlab chiqarish istiqbolida yuzaga kelishi mumkin bo’lgan holatlarini belgilashdadir. Korxonalar uchun talabni prognozlashtirish muhim ahamiyatga ega bo’lib, u ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi va miqdorining o’zgarishini avvaldan aniqlab beradi. Umuman olganda, prognoz rejalashtirishning ilmiy asosidir.