2.2 Anketa usuli va uning qo’llanilishi
Hozirgi sharoitda konkret sotsiologik tadqiqotlar anketa usulining uch ko`rinishidan unumli foydalanib kelmoqda. Ular qo`lma-qo`l tarqatish asosidagi, pochta va matbuot orqali anketa o`tkazish shakllarini o`z ichiga oladi. Tarqatish yo`li bilan o`tkazilayotgan anketa sotsiolog tomonidan respondent qo`liga bevosita topshiriladi va uning o`zidan qabul qilib olinadi. Bu usul hozirgi vaqtda keng tarqalgan bo`lib, olinuvchi javoblarning nisbatan haqqoniyligi va ob`yektivligi bilan ajralib turadi. Pochta orqali o`tkaziladigan anketalar avvaldan tanlangan familiyalar yoki muassasalar ro`yxati asosida tarqatiladi. Bu usuldagi kamchilik shundan iboratki ko`pgina anketalar qaytarib yuborilmaydi. Sotsiolog ko`proq anketa bilan birgalikda maxsus iltimosnoma ham qo`shib jo`natishi ma`quldir.
Matbuot orqali o`tkaziladigan anketalar gazetalarning so`nggi sahifalarida e`lon qilinadi va bunda gazetadagi savollar yozilgan qismini yirtib olib, redaktsiyaga qaytarib yuborish iltimos qilinadi. Tajribadan ma`lumki, gazeta orqali o`tkaziladigan anketalarning atagi 5% respondentlar tomonidan qaytariladi.
Umuman olganda, anketa usulining quyidagi qulayliklari mavjud: a)respondentlar javob berish chog`ida o`z nuqtai nazarlarini ma`lum darajada asoslashga harakat qiladilar; b)anketa usuli orqali juda ko`p kihilarni tadqiqot ob`ektiga jalb etish mumkin; v) anketalar vositasida jamoatchilik fikri yo`nalishlarini o`z vaqtida payqab olish mumkin. Anketa savollari ochiq, yarim ochiq va yopiq variantlardan iborat bo`ladi. Ochiq savollar respondent uchun keng tafakkur qilish, qo`yilgan masalalar yuzasidan atroflicha mushohada yuritish asosida ish tutish imkonini beradi. Ayni chog`da ochiq savollar respondent uchun muayyan qiyinchiliklar ham tug`dirishi, javob berish diapazonini toraytirib qo`yishi ham mumkin.
Sotsiologik tajribalardan ma`lumki, ayrim hollarda respondentlar ochiq savollarga javob yozmasdan, shundayligicha qoldirishlari ham mumkin. Ochiq savollarga misol qilib quyidagilarni keltirish mumkin: «Sizning mazmunli dam olishingizni tashkil etish uchun qanday shart-sharoitlar mavjud?», «Mehnatkashlarning ommaviy dam olishlarini tashkil etish uchun klub muassasalarini qanday jihozlash kerak?» yarim ochiq savollar esa mumkin bo`lgan muqobil javoblar bilan bir vaqtda, respondent tomonidan ifodalanuvchi bir qator vaziyatlarni o`zida aks ettiradi. Yuqoridagilardan farq qilib, yopiq savollar muayyan mazmundagi savolga to`la muqobil javoblar berilgan bo`lib, respondent bu savollar ichidan o`ziga ma`qulinigina tanlab oladi. Ushbu savollar respondent uchun eng qulay usul hisoblanadi. Anketa savollarida respondent berilayotgan muqobil javoblardan bittasi emas, bir nechtasini qayd etish imkoniga ham ega bo`lishi lozim, Bunday savollarni ilmiy adabiyotlarda menyu-savollar, deb atashadi. Anketa usuli qator qulaylikliklarga ega bo`lishiga qaramasdan, u o`ziga xos kamchiliklarga ham egaki, ular xususiga quyida fikr yuritamiz: a)anketa savollari ba`zan noaniq va tushunarsiz yoziladi, natijada javoblar noto`g`ri yoki noob`yektiv bo`lishi mumkin; b) ko`pgina savollar bir-biriga o`xshash bo`lishi mumkin, bu esa respondent tomonidan savollarga e`tiborsiz yondashishga olib keladi; v) ayrim savollar o`ta murakkab tuzilishi mumkin, bu holat respondent fikrini cholg`itib, berilgan savol javobsiz qolishga yoki muqobil javoblarning oxirida qo`yiluvchi «javob berishga qiynalaman», degan satr ostini chizishga olib keladi; g) anketani o`tkazish zaruratini to`g`ri tushuntirmaslik ko`pgina respondentlarning anketa savollariga umuman yoki qisman javob berishdan bosh tortishlariga olib kelish mumkin; d) anketa o`tkazish jarayonini to`g`ri tashkil etmaslik natijasida ko`pchilik bo`lib anketa to`ldirilayotgan paytda savollar mazmuni atrofida bahs-munozara boshlanib ketishi yoki bir-biridan javoblarni ko`chirib yozish hollari bo`lishi mumkin. Ta`kidlash joizki, anketadagi asosiy savollardan keyin kontrol’-nazorat savollari berilishi maqsadga muvofiqdir. Bunday yondashuv respondentlarning ob`yektiv javob berishga xizmat qiladi. Masalan, «siz klubdagi to`garaklar faoliyatida ishtirok etasizmi?», degan savoldan so`ng, albatta, «ishtirok etayotgan to`garagingiz sizni qaysi jihatlari bilan o`ziga jalb etadi?», degan savolni berish lozim. Bunday qilish to`garak ishida ishtirok etimaydigan respondentni birinchi savolga tasdiqlovchi «ha» degan javob berishdan tiyilib, to`g`ri javob berishga undaydi. Birinchi savolga to`g`ri yondashgan respondent uchun esa ikkinchi savolga kelgach, fikrini erkin rivojlantirish imkonini yaratadi.
Ayni vaqtda, sotsiolog respondent shaxsini hurmatlab o`nga yondoshuvi kata ahamiyatga ega. Savollar boshida «marhamat qilib ayting-chi», «Sizning fikringizcha», «Agar mumkin bo`lsa», «sizdan shuni iltimos qilamizki» kabi hurmat ma`nosidagi boshlamalarqo`yilishi lozim. Savollar keskin va qo`pol tuzilmas-ligi, respondentni bezdirib qo`ymasligi kerak. Masalan, «O`zingizdagi kamchiliklarni sanang?», deb savol qo`yish o`rniga «siz o`zingizdagi qaysi kamchiliklarni yo`qotishni xohlaysiz?», deb tuzish maqsadga muvofiqdir.
Anketani bevosita o`tkazish jarayoni muhim bosqich bo`lib, sotsiolog bu ishga o`ta jiddiylik bilan kirishishi lozim. Bu jarayon so`rash protsedurasi deb atalib, quyidagi talablarga rioya qilishga undaydi:
sotsiolog anketa o`tkaziladigan joyga o`z vaqtida va o`zi kelgan joy ma`muriy rahbariyati va jamoa tashkiloti vakili bilan birgalikda kelishi lozim;
anketani to`ldirish chog`ida taklif etilganlarning deyarli hammasi hozir bo`lishlari, bir-birlaridan muayyan masafada joylashishlari (bir-birlaridan ko`chirmasliklari va xalaqit bermasliklari uchun) lozim;
sotsiolog yig`ilganlarga o`tkazilayotgan tadqiqot maqsadi, mazmuni va ahamiyati xususida so`zlab beradi.
Anketani qanday qilib to`ldirish kerakligi, tadqiqot natijalari qanday maqsadlarda foydalanishi, tushunarli bo`lmagan savollar yuzasidan faqat sotsiologning o`ziga murojaat qilish kerakligi, anketa savollari bo`yicha bir-birlari bilan savol-javob qilmaslik lozimligini shoshilmasdan tushuntirib beradi; g)tajriba shuni ko`rsatadika, yig`ilganlarda ko`pincha ruchka, qog`ozlar bo`lmay qolmay qolish hollarda ham uchrab turadi. Shu sababdan, sotsiolog o`zi bilan yozuv qurollari olib kelsa, zarar bo`lmaydi; d)anketalarni tarqatish oldidan sotsiolog anketa to`ldirmaydigan kishilarning xonadan chiqib ketishini so`rashi kerak.
Anketalarni yig`ib olish vaqtida sotsiolog har bir anketani tekshirib olishi to`ldirilmagan savollar bo`lsa, respondentga murojaat qilib, sabablarini aniqlashi, tushunarli bo`lmagan savollar bo`lsa, izohlab berishi va hamma savollarga to`liq javob olishga xarakat qilishi kerak. Ba`zi hollarda anketa to`ldiruvchi ongli ravishda ba`zi savollarga javob berishdan bosh tortadi, bunday hollarda sotsiolog anketadagi shunday savollar ro`parasiga respondent javob berishdan bosh tortdi, deb yozib qo`yishi kerak. Ba`zan respondent ayrim savollar yuzasidan batafsil javob berish fikrini bildirib qoladi. Bunday hollarda tadqiqotchi alohida qog`oz tarqatib, respondent mulohazalarini yozdirib olishi lozim yoki o`zi uning tilidan hamma fikrlarni qayd etib olishi kerak.
Hujjatlarni o`rganish sotsiologik tadqiqot usuli sifatida. Hujjat-moddiy material hisoblanib, voqea va faktlar xususidagi ma`lumotlarni ifodalaydi. Hujjatlarni taxminan shunday xarakterlash mumkin:
1.Hujjatlarda muhr, shtamp, bosmaxona blanka belgilari bo`lib, ular muayyan muassasa, tashkilotga tegishli ekanligidan dalolat berib turadi.
2.Hujjat ma`lum mansaabdor shaxs tomonidan imzolangan bo`lib, uning ismi-sharifi va unvoni aks etadi.
3.Hujjatda, u tuzilgan joy vaqt,qabul qili shva muayyan adresga jo`natish belgilari qayd etilgan bo`ladi.
Umuman olganda, sotsiolog u yoki bu hujjatni o`rganar ekan, uning quyidagi tomonlariga ahamiyat berishi lozim:
1.Hujjatning ko`rinishi, shakli, hajmi.
2.Hujjat qanday tuzilgan.
3.Hujjat mualliflari.
4.Hujjatni tuzishdan maqsad.
5.Hujjatning haqqoniyligi darajasi.
6.Qayd etilgan ma`lumotlarning ishonchga arzish-arzimasligi.
7.Hujjatning ijtimoiy ahamiyati.
8.Hujjatning faktik mazmuni.
9.Hujjatning baholovchi mazmuni.
10.Hujjat muallifiga nisbatan qanday xulosalar qilish lozimligi.
Hujjatlarni o`rganish va tahlil etish usulini shartli ravishda ikkiga bo`lib o`rganish maqsadga muvofiqdir:
1.An`anaviy, klassik, mazmuniy tahlil.
2.Sifat miqdoriy yoki kontent tahlil.
Agar hujjatlarni an`anaviy yoki mazmuniy tahlil usulida muayyan tadqiqot ob`ektining tshqi ko`rinishi, hajmi, nima haqidaligi, muallifi, ishonchlilik me`yori, foydalilik darajasi, kimga mo`ljallanganligi, qaysi tildaligi va hokazolar atroflicha o`rganilib, xulosa qilinsa, kontent tahlilda o`rganish ko`lami jiddiy teranlashadi vat adqiqotchi o`zi o`rganayotgan manbaning mohiyat asoslariga nazar sola boshlaydi. Odamda, hujjat hajmi va mazmun ko`lamiga ko`ra, kontent tahlil usuli ikki yo`nalishda, ya`ni deduktiv va induktiv usullarda amalga oshiriladi. Ilmiy bilishning deduktiv usuli qo`llanilganda, hujjatning muayyan bir jihati mufassal va atroflicha tadqiq etilib, hujjat xususida umumiy ilmiy xulosaga kelinadi. Induktiv usulda hujjat mohiyati har tomonlama o`rganilib, uning umumiy mazmuni va tarkibiy qismlari xususida ham to`laqonli yaxlit fikr yuzaga keladi. Sotsiolog tadqiqotning ishonchli va har tomonlamaasosli chiqishi uchun, avvalo, induktiv usulga murojaat etishi va muayyan til doirasidagi hujjatlarni atroflicha o`rganib, mavzu xususida umumiy bilimlarga ega bo`lishi va muayyan tasavvur hosil qilishi maqsadga muvofiqdir. Tadqiqotning ikkinchi bosqichida esa, ana shu tasavvurga mustahkam tayangan holda, sotsiolog deduktiv usulni qo`llab, konkret tanlab olingan hujjat tahlilini amalga oshirishi va ilmiy asoslangan yaxlit umumiy xulosaga erishishi mumkin.
Sotsiometriya ilmiy tadqiqot usuli sifatida.
Sotsiometriya atamasi amerikalik psixolog va ijtimoiy psixiator J.Moreno tomonidan ilmga olib kirilgan. Sotsiometriya ilmiy tadqiqot usuli bo`lib, u kishilar xulqi, xatti-xarakatlarini, o`zaro munosabatlarining tuzilishi va mazmunini so`rash yoki qayd qilish orqali o`rganadi. Sotsiometrik usullar mehnat jamoalari, jamoat tashkilotlari, uyushmalari, oila va boshqa guruhlarda shakllangan munosabatlar tiziminitadqiq etadi. Shu boisdan ham, sotsiometriya sotsiologiya fanining muhim qismini tashkil etadi. Sotsiometrik tadqiqotlarni o`tkazishga doir talablar tizimi quyidagilardan iborat:
1.Sotsiometrik tadqiqotlarni eng kamida yarim yildan oshiqroq birga ishlagan kichik jamoalarda o`tkazish maqsadga muvofiqdir.Yaxshisi uch yildan ziyod birga faoliyat yuritgan yoki yashagan kishilar o`rtasida o`tkazilsa, natija ancha ishonarliroq chiqadi. Chunki, qadimiy an`analarimizga muvofiq, kishilar uch yilda kim do`st, kim nodo`st ekanining farqiga borishali.
2.Tadqiq etiluvchi kishilar soni ko`pi bilan 18-20 nafar bo`lishi kerak.
3.Tanlangan masala tadqiq etiluvchi kishilarga yaxshi tanish bo`lishi va ular erkin mushohada qila olishi, qiynalmasdan baholay olishlari muhim ahamiyatga ega. 4.Tadqiqot chetdan taklif etilgan, ma`lum tayyorgarlikka ega bo`lgan sotsiolog tomonidan o`tkazilishi lozim. Shunday qilib, sotsiometrik tadqiqotlar o`tkazish jarayoni quyidagi ish bosqichlarini o`z ichiga oladi:
1.Tayyorgarlik bosqichi:
a)-muammo tanlash;
-vazifalarni belgilash;
-tadqiqot ob`yektini ajratib olish; -tadqiq etilayotgan jamoa xususida ma`lumot yig`ish; -respondentlar sonini aniqlash.
b)-tadqiq etiluvchi jamoa a`zolari bilan bevosita muloqot o`rnatish;
-respondentlarni bo`lajak tadqiqotga ruhiy-emotsional jihatdan tayyorlash;
-sotsiometrik o`lchamlar mazmunini belgilab olish.
2.Bevosita tadqiqotga kirishish bosqichi:
-respondentlarga ko`r-satma berish;
-sotsiometrik varaqalarni tarqatish;
-respondentlarning vazifalarini bajarishini kuzatib turish;
-tarqatilgan varaqalarni yig`ib olish.
3.Sotsiometrik tadqiqot natijalarini tahlil etish:
-olingan informatsiyani qayta ishlash;
-uning nechog`li to`g`ri va hayotiyligini tekshirib ko`rish.
4.Sotsiometrik tadqiqotlarning yakuniy bosqichi:
-xulosalar yasash;
-ilmiy-uslubiy tavsiyanomalar ishlab chiqish.
Dostları ilə paylaş: |