Buyruq-istak mayli shakllarining asosiy xususiyati – so’zlovchining istagi bilan bog’liq holdagi harakatga undash, shu harakatga da’vat etish, qo’zg’atishni ifodalash. U [-ay], [-gin], [-sin], [-aylik], [-ing] shakllari orqali yuzaga chiqadi:(boray), (borgin), (borsin), (boraylik), (boring(izlar)) kabi. Ifodalovchilar birlik va ko’plikda, shaxs va sonda farqlanadi.
Buyruq-istak maylida:
a) sof buyruq, da’vat, iltimos;
b) istak ma’nolari qorishadi.
Birinchi ma’no ikkinchi ((yo’qoling), (yondiring), (kuldirmagin)) va uchinchi shaxsga (borsin, borsinlar), ikkinchi ma’no esa so’zlovchining o’ziga qarata (boray, aytay) ifodalanadi.
Buyruq-istak mayli ifodalovchilari bundan boshqa ma’nolarni («to’siqsizlik», ma’no kuchaytirish va h.) ifodalashi ham mumkin. Ammo unda mayl UGMsi tajallisi bo’lmaganda mayl ma’nosi doirasida o’rganilmaydi.
Maqsad mayli sub’ektning kesimdan anglashilgan harakatni bajarish maqsadini, niyatini, mo’ljalini bildiradi: (bormoqchiman), (bormoqchisan), (bormoqchi); (bormoqchimiz), (bormoqchisiz), (bormoqchilar).
Maqsad mayli ma’nosi [-moqchi], [-moqchi edi] ko’rsatkichlari yordamida ifodalanadi: U hozir hammaning kallasini g’ovlatgan shum xabarni yo hech o’ylamayapti, yoki bu gapning menga sira daxli yo’q, deb ko’rsatmoqchi. (A.Mux.)Domlaning er olgani rost, buni Saidiyga bildirmoqchi emas edi. (A.Qah.)
Zamon kategoriyasi. «Payt valentligiga ta’sir etish orqali kesimni shakllantirishda ishtirok etish va undan anglashilgan voqelikning nutq momentiga munosabatini ifodalash» - zamon kategoriyasi (qisq. ZK) ning UGMsi. Fe’lda bu UGMdagi voqelik uzvi harakat tarzi ko’rinishida xususiylashadi.
Voqelikning nutq momentiga munosabatiga qarab uch xil zamon farqlanadi:
a) nutq momentigacha bo’lgan voqelik – o’tgan zamon;
b) nutq momentidagi voqelik – hozirgi zamon;
v) nutq momentidan keyin bo’ladigan voqelik – kelasi zamon.
Shu boisdan zamon UGMsining uchta xususiy ko’rinishi farqlanadi:
1) o’tgan zamon;
2) hozirgi zamon;
3) kelasi zamon.
Ularni ifodalovchi shakllar ham shunga muvofiq uch guruhga ajratiladi.