Talab qonuni narx bilan bog’liq ravishda talabning o’zgarishini ko’rsatadi, lekin uning qay darajada o’zgarganini ko’rsatmaydi. Iqtisodiy vaziyatni to’g’ri baholash uchun esa talabni qanchalik o’zgarishini bilish muhim ahamiyatga ega.
Shunday mahsulotlar borki, narxning ozgina o’zgarishi xarid qilinayotgan tovar miqdorini ancha o’zgarishiga olib keladi. Ba’zi mahsulotlar esa narxini kattagina o’zgarishidan qat’i nazar sotib olinadigan tovar miqdorini o’zgarishiga uncha ta’sir qilmaydi. Iqtisodchilar narxlarning o’zgarishi talabning qanday o’zgarishiga olib kelishini ifodalovchi ko’rsatkich sifatida iqtisodiy nazariyaga talab elastikligi tushunchasini kiritishgan. Bozor iqtisodiyotida talab elastikligi muhim iqtisodiy tushuncha bo’lib, u xaridorning bozorda tovar va narxlar o’zgarishiga reaktsiyasini, ya’ni narxning o’zgarishi xaridorga qanday ta’sir qilishini ifodalaydi.
Elastiklik tovar miqdori va narxi qanday absolyut birliklarda o’zgarishida emas, balki nisbiy o’zgarishlar bilan belgilanadi va u elastiklik koeffitsienti orqali ifodalanadi. U narx o’zgarishiga ko’ra va aholi daromadlari o’zgarishiga ko’ra hisoblanadi. Narx o’zgarishiga ko’ra elastiklik koeffitsienti
Bu erda Q tovar miqdori, P tovar narxi.
Elastiklik koeffitsienti tovar narxining bir foizga o’zgarishi talabni necha foiz o’zgarishini ko’rsatadi. Elastiklik koeffitsienti E 1 bo’lishi mumkin. Agarda elastiklik koeffitsienti 1 dan katta bo’lsa, talab elas-tik, kichik bo’lsa noelastik, birga teng bo’lsa yagona elastik talab bo’ladi.
Masalan, kostyum-shim 50 ming so’mligida 10 dona sotildi. Narxi 35 ming so’mga tushirilgach 20 dona sotilsin. U holda elastiklik koeffitsienti baho effekti
Talabning elastikligini aniqlashda asosiy diqqat qaratish zarur narsa bu umumiy tushum. Chunki elastiklik eng avvalo umumiy tushumni qanday o’zgarishini ifodalovchi ko’rsatkich sifatida zarur. Umumiy tushum narx bilan talab miqdorining ko’paytmasiga teng. Narx bilan talab miqdorining o’zgarishi natijasida umumiy tushum (daromad) o’zgaradi. Narxni o’zgarishi tufayli har bir sotilgan tovardan olinadigan daromadni o’zgarishi baho effekti deyiladi. Baho effekti narxi o’sishi natijasida umumiy tushumni oshiradi, aksincha narxni arzonlashuvi umumiy daromadni kamayishiga olib keladi. Lekin umumiy tushum sotilgan mahsulotning miqdoriga ham bog’liq. Umumiy tushum hajmini sotilgan mahsulot miqdori evaziga o’zgarishi miqdoriy effekt deb ataladi.
Narxni tushishi sotiladigan mahsulot miqdorini, natijada umumiy tushumni ko’paytiradi yoki aksincha mahsulot miqdori o’zgarmay, hattoki kamayib ketishi umumiy tushumni kamayishiga olib kelishi mumkin. Shunday qilib, narxning o’zgarishiga xaridorning munosabati turlicha bo’lishi mumkin:
1. Agar narxning pasayishi sotilayotgan tovar miqdorini ko’paytirib, umumiy daromad tushumini avvalgidan ko’payishiga olib kelsa, unday talab elastik talab bo’ladi. Elastiklik koeffitsienti birdan katta bo’ladi. Aytaylik, A tovarni 600 so’mdan sotganda bir haftada 10 ta tovar sotiladi. Umumiy daromad 6000. Narxini 400 ga tushirsak 20 ta sotilyapti, umumiy tushum 8000. Demak, elastiklik koeffitsienti bir-dan katta. Bunday talab elastik talab deb ataladi (a- rasm). Elastiklik koeffitsienti birdan qanchalik katta bo’lsa, elastiklik shuncha yuqori bo’ladi.
2. Agar narxning pasayishi aniq tarzda sotilgan miqdor tovar miqdorini o’zgarishi bilan o’rni qoplansa, ya’ni effekti umumiy daromad (tushum) o’zgarmasa, bunday talab elastikligi yagona elastik talab deyiladi. Bunda talab elastikligi koeffitsienti 1 ga teng bo’ladi.
1) Q0xP0 10x600=6000
2) Q1xP1 20x300=6000
6000=6000; 6000:6000=1 E=1.
Sotayotgan tovarimizning narxini 300 so’mga tushirganimizda, haftasiga 20 ta Tovar sotildi. Umumiy daromad o’zgarmadi. Elastiklik koeffitsienti 1 ga teng (b- rasm).
3. Narx pasayishi bilan sotilayotgan tovar miqdori unchalik ko’paymasa, natijada umumiy daromad pasayib ketsa, bunday talab noelastik talab deyiladi. Bunda elastiklik koeffitsienti 1 dan kichik. Lekin nolga teng emas. Sotilayotgan tovarning narxini 300 so’mga tushirganimizda 15 ta tovar sotildi. Demak elastiklik koeffitsienti birdan kichik. U nolga yaqinlashib borgan sari noelastiklik darajasi ortib boradi (v- rasm).
4. Shunday tovarlar ham borki, ularga bo’lgan talab narxning o’zgarishi bilan deyarli o’zgarmaydi. Miqdor effekti bularga eng zarur kundalik ehtiyoj mollari kiradi. Non, un, guruch, sovun, tuz, gugurt kabilar. Ularga narx qanchalik o’zgarishidan qat’i nazar talab o’zgarmaydi yoki juda kam o’zgaradi. Uni qat’iy elastik talab deb ataladi.
Agar umumiy tushumni o’zgarishiga diqqat qilsak baho effekti bilan miqdor effekti bir-biriga qarama-qarshi amal qiladi. Shuning uchun umumiy tushum narxni har qanday o’zgarishida ko’payishi yoki kamayishi mumkin. Agarda miqdoriy effekt baho effektiga nisbatan ustun bo’lsa, talab elastik bo’ladi. Baho effekti miqdoriy effektga nisbatan ustun bo’lsa, talab noelastik bo’ladi.
Talab deganda doimo to’lovga qobillik nazarda tutilar ekan, uning qay darajada bo’lishi holi daromadlariga bog’liq. Bu albatta, elastiklik koeffitsientining o’zgarishida o’z ifodasini topadi. Daromad o’zgarishiga ko’ra elastiklik koeffitsienti
Ko’pgina tovarlarga talab daromad bilan to’g’ridan-to’g’ri bog’liq. Ya’ni daromad o’sishi bilan talab ortadi. Lekin ayrim hollarda aksincha bo’ladi. Masalan, yomon sifatli tovarlarga talab qisqaradi. Undan tash-qari, ilgari kundalik ehtiyoj mollarini eng arzonini xarid qilib kun kechirgan bo’lsa, endi boshqa turdagi aytaylik go’sht, sariyog’, pishloq kabilarni sotib olishga qurbi etadigan bo’ladi. Daromadlarning o’zgarishiga ko’ra elastiklik koeffitsienti qanday tovarga talab o’zgarishini ko’rsatadi. Bilvosita elastik talab Tovarlar dunyosi rang-barang bo’lib, ba’zilari bir-birini o’rnini bosishi, boshqalari esa bir-birini to’ldirishi uchinchilari esa mustaqil bo’lishi mumkin.
Masalan, kofening narxini ko’tarilishi, choyga talabni oshiradi. Fotoplyonkaga narx oshishi fotoapparatga talabni kamaytiradi. Masalan ruchkaga narxni ortishi, go’shtga bo’lgan talabni o’zgartirmaydi, chunki ular mustaqil tovar. Bular albatta elastiklik koeffitsientiga ta’sir qiladi.
Bir tovarga bo’lgan talab elastikligini boshqa tovar bahosiga nisbati bilvosita elastiklik koeffitsienti deb ataladi. Bilvosita elastiklik koeffitsienti bir (i) tovarga talabni o’zgarishi ikkinchi (j) tovar narxini o’zgarishiga nisbati tarzida hisoblanadi.
Mustaqil tovarlarda esa bevosita elastiklik koeffitsenti nolga teng. Elastiklik koeffitsientining o’zgarishiga ko’ra ishlab chiqarishga «signal» ketadi. Talabning ma’lum narx o’zgarishida elastik yoki noelastik bo’lishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi:
*o’rinbosar tovarlarning ko’p yoki kamligi;
*iste’mol byudjetida shu tovarning qanday ulushga ega ekanligi.
*narx o’zgarishiga ko’nikish uchun zarur vaqt;
*kundalik zarur ehtiyoj mollarimi yoki zebu ziynat ekanligi va boshqalar.
Shunday qilib, talab elastikligi qat’iy elastik talab bilan qat’iy noelastik talab o’rtasida tebranib turadi. Ayrim iqtisodiy adabiyotlarda elastiklikning ana shu to’rt ko’rinishi boshqacha nomlanadi:
1. Haddan yuqori elastik talab.
2. Yuqori elastik talab.
3. Past elastik talab.
4. Noelastik talab.
Ko’rinib turibdiki, boshqacharoq ifodalangani bilan ma’nosi bir. Talab elastikligi - Talab elastikligi darajasini aniqlash iqtisodiyotdan real hayotda uchun muhim ahamiyatga ega. Firma (korxona), uy foydalanish xo’jaligi, davlat narxning o’zgarishi qanday oqibatga olib kelishini chamalab, muvofiq ravishda chora-tadbirlar ko’radi.
Masalan, ishlab chiqarishga yangi texnika, texnologiyani joriy qilish natijasida mehnat unumdorligi o’sib, mehnat omiliga talab kamayadi. Aytaylik, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish natijasida 300 ishchi ortiqcha bo’lib qolsin. Avtomatlashtirishni qo’llash natijasida xarajatlar kamayishi natijasida narxni pasaytirish imkoni (tug’iladi) vujudga keladi. Agarda korxona mahsulotiga talab elastik bo’lsa, narxni pasayishi talabni oshiradi. U holda korxonadagi ortiqcha bo’lib qolgan 300 ishchi avvalgiga qaraganda mahsulot hajmini ko’paytirish uchun ishga jalb qilinadi. Agarda mahsulotga talab noelastik bo’lsa, ishchilar ishdan bo’shatiladi va ishsiz qoladi. Demak, ularni ish bilan ta’minlash chorasini ko’rish kerak.
Ma’lumki, qishloq xo’jalik mahsulotlariga talab noelastik. Agarda qishloq xo’jalik mahsulotlari haddan tashqari hosil yuqori bo’lishi natijasida ko’p etishtirilsa, taklif ko’payib ketib, narx tushib ketadi. Dehqonlarning daromadlari ham pasayib ketadi. Demak, qishloq xo’jaligida u yoki bu turdagi mahsulot ishlab chiqarishni cheklash kerak. Turli transport vositalari avtobus, poezd, samolyot kabilarga bilet narxi o’zgarishi talabning elastiklik darajasiga ko’ra daromadni ko’paytirishi yoki uni yo’qotishga olib keladi.
Aytaylik, samolyotga biletning qimmatligi sababli passajirlar kam. Agar talab elastik bo’lsa, bilet narxini tushishi evaziga biletlar to’la sotilishi natijasida daromad ko’payadi. Hukumat noelastik tovarlarga aktsiz soliqlarini oshirib daromadlarini ko’paytirishi mumkin. Masalan, spirtli ichimliklar, tamaki mahsulotlariga talab noelastik bo’lib, aksiz soliqlarini oshirish narxni o’sishiga qaramay talabni deyarli kamaytirmaydi. Agarda talab elastik bo’lsa, aksincha aktsiz soliqlarini o’sishi narxni ortishiga va talabni kamayishiga olib keladi. Natijada taklif qisqaradi. Taklifga muvofiq ravishda davlat byudjetiga tushadigan daromad ham. Ayrim tovarlarga talab ma’lum vaqt mobaynida noelastik, ma’lum vaqt mobaynida elastic bo’lishi mumkin. Sababi shu tovarlarga o’rinbosar tovarlar ishlab chiqarilishi mumkin. Talab elastikligi darajasiga talabni o’zgarishiga u yoki bu tovarning qanday naf keltirishi, uning me’yoriy nafliligi katta ta’sir ko’rsatadi.
Iqtisodchilar iqtisodiy nazariyaga talab elastikligi kabi taklif elastikligi tushunchasini ham kiritishgan. U tovar miqdorining o’zgarishi raqobatli narxlarning qanday o’zgarishiga olib kelishini ko’rsatadi. Talab elastikligi narxning tebranishiga xaridorning reaktsiyasini ko’rsatsa, taklif elastikligi esa ishlab chiqaruvchining reaktsiya-sini ko’rsatadi. U taklif miqdorining nisbiy o’zgarishi narxning nisbiy o’zgarishiga nisbati sifatida hisoblanadi.
Masalan, muzqaymoq 100 so’m bo’lsa, taklifi 25 dona deylik. Uning narxi 150 so’mgacha ko’tarildi, lekin taklif 25 donadan ortmadi. U holda taklif elastikligi 25/25: 150/100 = 1/1,5 = 0,66; E=0,66; Bunday taklif noelastik taklif bo’ladi. Muzqaymoqning narxi ko’tarilib 200 so’m bo’lsa, bozorga endi 50 dona keltirilsa, 50/25: 200/100 = 2/2 = 1; E=1; Taklif yagona elastik.
Agarda muzqaymoq narxi 150 so’mga ko’tarilib, sotishga 75 dona keltirilsa, E>1 bo’ladi.
Chunki: 75/50 : 150/100 = 3/1,5 = 2; E= 2; Taklif elastik.
Agar taklif narxning har qanday o’zgarishidan qat’i nazar o’zgarmasa qat’iy elastik taklif
bo’ladi. Asosan, noyob buyumlar taklifi elastikligi shunday bo’ladi. Taklif elastikligi talab elastikligiga o’xshab umumiy tushum bo’yicha hisoblanmaydi. Sababi narx bilan taklif o’rtasidagi bog’lanish to’g’ri proportsional bo’lgani uchun taklifning elastik yoki noe-lastiklik darajasidan qat’i nazar narx bilan umumiy tushum (daromad) bir yo’nalishda bo’ladi.
Agarda narxning ozgina o’zgarishi uni qimmatlashuvi yoki arzonlashuvi taklifni haddan ziyod ko’payishiga yoki aksincha, qisqarishiga olib kelsa, bunday taklif absolyut elastik taklif bo’ladi. Har ikkisining o’rtasida, ya’ni qat’iy elastik taklif bilan absolyut elastik taklif o’rtasida tutgan o’rniga qarab, taklif elastik yoki noelastik bo’ladi.
Elastiklik koeffitsienti birdan qancha kichik bo’lishiga ko’ra noelastik taklif qat’iy elastiklik tomon, aksincha, birdan qancha katta bo’lsa, elastiklik yuqori bo’lib, absolyut elastiklikka yaqinlasha boradi. Uni yuqoridagi misolimiz asosida grafikda tasvirlasak yuqoridagi ko’rinishda bo’ladi. Taklif elastikligiga ta’sir qiladigan eng muhim omil bu vaqt omilidir. U ishlab chiqaruvchilarni narx o’zgarishiga moslashish imkonini beradi. Vaqt omili. Ishlab chiqaruvchi narxlarni o’zgarishiga tezda moslashish imkoniyatiga ega emas. Buning uchun ma’lum vaqt kerak. Sabab, asbob-uskuna, xom ashyo, qo’shimcha ish kuchi yoki aksincha, ishchilarni bo’shatib, bank kreditlarini to’lash kerak. Shunday vaziyat ham bo’ladiki, taklif noelastik. Unda talabning o’sishi taklif o’sishiga emas, narx o’sishiga — inflyatsiyaga olib keladi.
Dostları ilə paylaş: |