Sof mahsulot to‘g‘risidagi ta’limot F.Kenening nazariy merosida uning sof mahsulot (milliy daromad)
to‘g‘risidagi ta’limoti muhim o‘rin egallaydi. Uning fikriga ko‘ra, sof mahsulotning
manbai yer va unga sarflangan kishilarning mehnati hisoblanadi. Shu boisdan davlat
sanoatni emas, balki qishloq xo‘jaligini rag‘batlantirish to‘g‘risida g‘amho‘rlik qilishi
kerak. F.Kene «dehqonlar kambag‘al bo‘lsa qirollik kambag‘al bo‘ladi» deb,
hukumatni ishontirishga harakat qilgan. Savdo va sanoat boylik yaratmaydi, negaki
savdogar va hunarmandlar qishloq xo‘jaligida yaratilgan boylikni faqat bir joydan
ikkinchi bir joyga yetkazish va o‘zgartirish Bilan shug‘ullanadi. Shuning uchun savdo
va sanoat «unumsiz» hisoblanadi.
F.Kenening sinflar nazariyasi F.Kene jamiyatni 3 sinfga ajratib ko‘rsatib beradi:
unumli sinf, unumsiz sinf, mulkdorlar sinfi. Unumli sinf – bunga qishloq xo‘jaligida ish bilan band bo‘lgan
barcha kishilar, dehqon va fermer ham kiradi. «Unumsiz» sinf – bular hunarmandlar,
ishchilar, savdogarlar, xizmatkorlar, amaldorlar, ya’ni dehqonchilikdan boshqa
sohada ish bilan band bo‘lgan kishilar. Ular faqat o‘zlarini ta’minlaydilar, o‘z
iste’moliga qanchalik mahsulot kerak bo‘lsa, shunchalik mahsulot yaratadilar. Ular
jamiyat uchun foydali, ammo o‘zining ham, jamiyatning ham boyligini
ko‘paytirmaydi, shu ma’noda, unumsizdir. Mulkdorlar sinfi esa yer yegalari, unga
qirol va ruhoniylar ham kiradi. Mulkdorlar tomonidan olinadigan daromad – bu
ularning oldin qilgan harajatlari uchun in’om.
F.Kenening kapital nazariyasi Merkantilistlar kapitalni pul bilan bir narsa deb hisoblagan bo‘lsalar, F.Kene
fikriga ko‘ra «pul unumsiz boylik bo‘lib, u hech narsa ishlab chiqarmaydi». Uning
atamasi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi qurollari, qurilishlari, mollari, hayvonlari va
dehqonchilikda bir necha ishlab chiqarish sikllarida foydalaniladigan barcha narsalar
«dastlabki avanslar» deyiladi (yoki asosiy kapital). Bir ishlab chiqarish siklida
ishlatiladigan urug‘lik, yem-xashak, ishchilarning mehnat haqi va boshqalarni u «har
yillik avanslar»ga kiritdi (yoki aylanma kapital). Demak, uning fikriga ko‘ra, kapital
– bu pulga olinadigan barcha ishlab chiqarish vositalari hisoblanadi. U aylanma
kapital bilan birga asosiy kapitalni ham harakatda bo‘lishini isbotlab berdi.