Mavzu yuzasidan savol va topshiriqlar:
1. Abdulla Qodiriy S.Rahmatiy bilan birgalikda yaratgan lug‘at haqida ma’lumot bering
2. “Ruscha-o‘zbekcha to‘la so‘zlik” lug‘atida tarjimalar qay yo‘sinda beriladi?
3. Fitratning leksikografiya sohasiga qo‘shgan hissasi qanday?
4. Fitrat tuzgan lug‘at lug‘atga oid qanday belgilarni qamrab olgan?
5. “Tilimiz yanglishliqlari” maqolasi haqida ma’lumot bering.
6. Ibrat qaysi tillarda lug‘at tuzgan?
7. Elbekning lug‘atshunoslikka oid qarashlari haqida fikr yuriting.
8. Ibrat tomonidan tuzilgan lug‘at qay tartibda berilgan?
Adabiyotlar ro‘yxati
10-MAVZU: JADID MA’RIFATPARVARLARINING KEYINGI DAVR O‘ZBEK LUG‘ATCHILIGI TARAQQIYOTIGA QO‘SHGAN HISSASI
-MAVZU: MUSTAQILLIK DAVRI O‘ZBEK LUG‘ATCHILIGI
Reja:
1. Ikki jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” hamda besh jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” haqida.
2. “Mumtoz adabiy asarlar lug‘ati”
3. “Ruscha-o‘zbekcha lug‘at”ni qayta ishlab nashr etilishi
4. “O‘zbek tilining imlo lug‘ati” haqida.
Tayanch so‘zlar: izohli lug‘atlar, imlo lug‘atlar, ikki tilli tarjima, terminologik
O‘zbekiston Respublikasining mustaqillikka erishganligi o‘zbek tilshunosligining yanada rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratdi. Bu esa o‘z navbatida, o‘zbek leksikografiyasi rivojiga ham ta’sir ko‘rsatdi: o‘zbek leksikografiyasida mustaqillik davrida ko‘plab yangi turdagi lug‘atlar paydo bo‘ldi. Dastlab, Fanlar akademiyasi tizimida, faqat o‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida lug‘atshunos olimlar tomonidan yoki ularning bevosita ishtiroki bilan mamlakatimiz mustaqilligi yillarida yaratilgan turli xil (izohli, imlo, ikki tilli tarjima, terminologik) lug‘atlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
Har qanday til leksikasidagi taraqqiyot yangi lug‘aviy birliklarning paydo bo‘lishi, ma’lum lug‘aviy birliklarning eskirib iste’moldan chiqishi, so‘zlarning yangi ma’no(lar) kasb etishi yoki ayrim ma’nolarini yo‘qotishi kabi hodisalar bilan xarakterlanadi. Ana shunday o‘zgarishlar ma’lum darajaga yetgach, ularni nazariy va amaliy jihatdan aks ettiruvchi ishlarga ehtiyoj seziladi. Ikki jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” ham o‘z davrida ana shunday ehtiyoj tufayli O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti lug‘atshunos olimlarining ulkan mehnatlari evaziga yaratildi va ma’lum vaqtga qadar o‘z vazifasini o‘tab keldi. Lekin bu lug‘at davr nuqtayi nazaridan ma’naviy eskirganligi uchun hozirgi kun talablariga javob bera olmay qoldi.
O‘zbekistonning mustaqillikka erishuvi bilan respublikamiz hayotining barcha sohalarida ro‘y bergan katta o‘zgarishlar, rivojlangan juda ko‘plab mamlakatlar bilan aloqalarning tobora kuchayishi juda qisqa vaqt ichida o‘zbek tili, xususan, uning leksikasi rivojiga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
O‘zbek tili lug‘at tarkibida yuz bergan jiddiy o‘zgarishlar munosabati bilan yangi davr talabiga javob bera oladigan ko‘p jildli izohli lug‘at yaratish zarurati paydo bo‘ladi. O‘zbek tilining yangi ko‘p jildli izohli lug‘atini tuzish va chop etish respublika hukumatining maxsus qarori bilan davlat dasturiga kiritildi va uni amalga oshirish O‘zRFA Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutining zimmasiga yuklatildi. Institut olimlaridan A.Hojiyev, E.Begmatov, E.Umarov, A.Madvaliyev, N.Mahkamov, D.Xudoyberganova, Z.Mirahmedovlarning qariyb o‘n yillik jiddiy mehnati tufayli yangi besh jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” yaratildi va u “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyotida chop etildi.
Besh jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” o‘zigacha yaratilgan ikki jildli izohli lug‘at materiallaridan tanqidiy foydalangan holda, o‘zbek va jahon lug‘atchiligining yangi, ijobiy yutuqlarini, O‘zbekiston mustaqilligi yillarida hayotimizdagi tub o‘zgarishlar va shu munosabat bilan o‘zbek tili leksikasida sodir bo‘lgan yangiliklarni e’tiborga olib yaratilgan yangi lug‘atdir. Lug‘atning yangiligi, avvalgi ikki jildlikdan farqli tomonlari shundaki, u eng avvalo, mustaqillik yillarida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ilmiy va ma’naviy-madaniy hayotida ro‘y bergan yangiliklarni aks ettiruvchi lug‘aviy birliklar (so‘z-terminlar, so‘z birikmalari), illyustrativ materiallar bilan boyitildi; sho‘ro mafkurasi bilan bog‘liq so‘zlar, terminlar, so‘z birikmalaridan xoli qilindi, “tozalandi” (zarur hollarda ular “eskirgan”, “tarixiy” belgilari bilan berildi) yoki, aksincha, avvalgi lug‘atlarda “eskirgan”, “tarixiy”, “diniy” kabi belgilar bilan berilib, ma’nosi o‘sha davr mafkurasi nuqtayi nazaridan bir tomonlama izohlangan ko‘plab so‘z-terminlar hozirgi kun talablaridan kelib chiqib qayta izohlandi. Shu bilan birga, deyarli barcha o‘zlashma so‘zlarning etimologiyasi, yani ularning aslida qaysi tilga mansubligi, o‘sha tildagi yozilishi va dastlabki, asl ma’nosi ko‘rsatildi. Bunda yevropa tillariga mansub so‘zlar – lotin grafikasida; arab, fors va boshqa eroniy tillarga mansub so‘zlar – arab grafikasida; rus, mo‘g‘ul, xitoy, hind va boshqa tillarga oid so‘zlar esa krill grafikasida aks ettirildi.
So‘zlarning kelib chiqishini belgilashda o‘tgan asrning 20–30-yillaridan to XXI asr boshlarigacha nashr etilgan ikki tilli lug‘atlardan, xorijiy so‘zlar lug‘atlaridan, bir qator tillarning izohli va etimologik lug‘atlaridan, zarur hollarda esa eski o‘zbek adabiy tili bo‘yicha turli davrlarda tuzilgan lug‘atlardan foydalanildi va o‘zlashma so‘zlarga imkon qadar aniq etimologik ma’lumot berildi.
Umuman olganda, besh jildli yangi izohli lug‘at hozirgi o‘zbek adabiy tilida keng iste’molda bo‘lgan so‘z va so‘z birikmalarini, fan, texnika, san’at va madaniyat sohalariga oid terminlarni o‘z ichiga oladi. Lug‘atda berilgan so‘zlarning amalda qo‘llanishi XX asr o‘zbek adabiyoti va matbuotidan olingan misollar bilan dalillangan. Qisqa muddatda bunday lug‘atning yaratilishi mustaqillik tufayli yuzaga kelgan keng imkoniyatlar natijasi bo‘lib, o‘zbek xalqi ma’naviyati, madaniyati sohasidagi muhim yangilik hisoblanadi.
Izohli lug‘atlardan yana biri taniqli nomshunos E.A.Begmatovning “O‘zbek ismlari. 14600 ismlar izohi” nomli kitobi bo‘lib, u muallif tomonidan uzoq yillar to‘plangan va sinchiklab o‘rganilgan 14600 ga yaqin o‘zbek ismlarini o‘z ichiga oladi.
Muallifning fikricha, kitobning asosiy maqsadi o‘zbek ismlarining butun boyligini bir joyga to‘plab, ma’nosini izohlab berish orqali kelajak avlodga bu borada katta bir ma’naviy meros qoldirishdir. Bu bilan har bir o‘zbek shaxsi o‘z ismining ma’nosini anglab olibgina qolmay, ota-onalarga yangi tug‘ilgan farzandlari uchun o‘zlariga ma’qul bo‘lgan ismlarni tanlashga ham yordam beradi. Lug‘atning afzal tomonlaridan yana biri shuki, unda o‘zbek-krill alifbosi tartibida keltirilgan barcha ismlar parallel ravishda o‘zbek lotin yozuvida ham berilgan. Bu esa o‘zbek ismlarini har ikki yozuvda imloviy jihatdan to‘g‘ri yozishda har bir kishiga, qolaversa, rasmiy idoralarga ko‘maklashuvchi qo‘llanma vazifasini ham o‘taydi. Ushbu kitob asosida keyinchalik qisqacha o‘quv-izohli lug‘at ham yaratilgan.
Keyingi lug‘at taniqli lug‘atshunos Berdak Yusufning “Mumtoz adabiy asarlar lug‘ati”dir. P.Shamsiyev va S.Ibrohimovlarning “O‘zbek klassik adabiyoti asarlari uchun qisqacha lug‘at”(1953), “Navoiy asarlari lug‘ati” (1972) kitoblari, E.Fozilov rahbarligida tuzilgan to‘rt jildli “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati” (1983-1985) allaqachon nodir nashrlar qatoriga o‘tib, kitob do‘konlaridan topilmaydigan bir davrda, Mumtoz adabiyotni o‘rganishga qiziqish va yuqoridagidek lug‘atlarga ehtiyoj nihoyatda kuchaygan bir paytda “Mumtoz adabiy asarlar lug‘ati” ning nashr etilishi ayni muddao bo‘lgan edi. Lug‘at asosan maktab o‘quvchilariga mo‘ljallangan bo‘lib, u o‘quvchi va talabalar uchun ayni shu yo‘nalishda o‘zbek lotin yozuvida yaratilgan dastlabki lug‘atdir. Lug‘at o‘rta maktablarda mumtoz adabiyot bo‘yicha o‘quvchilar so‘z boyligini hamda ta’lim sifatini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekistonda turli yillarda har xil hajm va xarakterdagi ko‘plab ikki tilli lug‘atlar nashr etildi. Ular orasida 1983-1984-yillarda nashr etilgan, o‘z davrida mukammal deb hisoblangan ikki jildli “Ruscha-o‘zbekcha lug‘at” 2013-yilda A.P.Madvaliyev tomonidan to‘ldirilgan va tuzatilgan, sho‘ro mafkurasidan “tozalangan” holda to‘liq tahrir qilinib nashr etildi.
Yangi nashr etilgan lug‘atda amalga oshirilgan katta ilmiy-tahririy ishlar, jumladan, quyidagilarda namoyon bo‘ladi: a) avvalgi lug‘atning “So‘zboshi”sidan foydalangan holda, ruscha-o‘zbekcha lug‘atlar tarixini ham aks ettirgan “So‘zboshi” yozilgan; b) sho‘rolar davrida tuzum taqozosi bilan va sho‘ro mafkurasi nuqtayi nazaridan bir tomonlama, noxolis izohlangan bir qancha so‘zlar, xususan, ijtimoiy-siyosiy, diniy-falsafiy, tarixiy, iqtisodiy terminlar eng so‘nggi manbalarga tayangan, ularga qiyoslangan holda qaytadan xolisona izohlangan; v) lug‘atni sho‘ro mafkurasini aks ettiruvchi so‘z va illyustrativ materiallardan “tozalash” zarurati munosabati bilan (zero, lug‘atni mafkurasizlantirish ushbu nashrning asosiy maqsadlaridan biri bo‘lgan) lug‘atdan ko‘plab lug‘at maqolalari va ularga berilgan misollar chiqarilgan, ularning o‘rniga so‘nggi yillarda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy sohalarda paydo bo‘lgan yangi tushunchalarni nomlovchi, rus tili lug‘atlaridan barqaror o‘rin olgan til birliklari kiritilgan, shuningdek, mavjud so‘z va birliklarning yangi ma’nolari qayd etilgan; g) hozirgi o‘zbek tilida aniq muqobili bo‘la turib o‘rinsiz qo‘llanib kelayotgan bir qator ruscha va baynalmilal so‘zlar mamlakatimizdagi hozirgi til siyosati talablari va til amaliyotidan kelib chiqib, o‘zbek tilida avvaldan mavjud bo‘lgan tegishli til birliklari bilan almashtirilgan (masalan, avtor > muallif; gruppa > guruh; kanikul, otpuska > ta’til; kollektiv, komanda > jamoa; oblast > viloyat; prosess > jarayon; reviziya > taftish; ekonomika > iqtisodiyot kabi 50 tadan ortiq so‘z); d) hozirgi imlo amaliyotidan kelib chiqqan holda ayrim so‘zlarning yozilishiga aniqliklar kiritilgan va hokazo.
Institut olimlaridan Berdak Yusufning “Turkcha-o‘zbekcha, o‘zbekcha-turkcha lug‘at”, “Turk tilining ters lug‘ati”, “Turkcha-o‘zbekcha “aldoqchi” so‘zlar lug‘ati”, “Turkcha-o‘zbekcha, o‘zbekcha-turkcha lug‘at” (lotin yozuvida), R.Sapoyev va Sh.Avezmetovlar ishtirokida tuzilgan “O‘zbek tilidagi arabcha va forscha so‘zlar lug‘ati”, “O‘zbek tiliga o‘zlashgan forscha so‘zlar” deb nomlangan lug‘atlar, Maqsuda Sodiqovaning “Ruscha-o‘zbekcha maqol va matallar lug‘ati. O‘zbekcha-ruscha maqol va matallar lug‘ati”, Maqsud Abdurahimovning avval, Toshkentda, keyin ayrim o‘zgarishlar bilan Qozonda (Rossiya) chop etilgan “Qisqacha o‘zbekcha-tatarcha maqol va matallar lug‘ati” va boshqalar ham mustaqillik yillarida yaratilgan o‘ziga xos lug‘atlardandir.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti xodimlari tomonidan tuzilgan, 65000 tadan ortiq so‘z va so‘zshakllarni qamragan imlo lug‘ati bundan o‘ttiz besh yil oldin nashr etilgandi. O‘tgan davr mobaynida bir qator kichik hajmli imlo lug‘atlari ( ham krill, ham lotin yozuvlarida) tuzildi va nashr yuzini ko‘rdi. Misol tariqasida Sh.Rahmatullayev va A.Hojiyevlar tomonidan tuzilgan va bir necha qayta nashr etilgan o‘zbek tilining qisqacha imlo lug‘atini ko‘rsatish mumkin.
Mazkur katta imlo lug‘ati tuzilgandan beri o‘zbek tilining lug‘aviy boyligida, imloviy me’yorlarida bir qator o‘zgarishlar ko‘zga tashlandi. Tilda yangi so‘z va terminlar paydo bo‘ldi imlo amaliyotida avval qabul qilingan imlo qoidalaridan chekinishlar yuz berdi, tavsiya qilingan ba’zi qoidalarning imlo amaliyoti talablariga javob berolmasligi ma’lum bo‘ldi. O‘zbek tili lug‘aviy tizimi va lisoniy me’yorlarida yangi davr talabi bilan ham ba’zi o‘zgarishlar yuz berdi. Bir qator so‘zlar iste’moldan chiqdi va arxaik so‘zlar qatlamiga o‘tdi, ba’zi so‘zlarning milliy muqobillari tiklandi, o‘zbek tiliga yangi davrning ijtimoiy, ilmiy, moddiy-ma’naviy, siyosiy-mafkuraviy sohalarida ro‘y bergan o‘zgarishlarni, tushunchalarni anglatuvchi yangi so‘z va terminlar kirib keldi.
O‘zbek yozuvining lotin grafikasi asosidagi alifboga o‘tkazilishi va unga asoslangan “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari” qabul qilinishi munosabati bilan, imlo amaliyotida krill yozuvidagi matnlarda ham keyingi imlo qoidalariga qiyosan yozish holatlari kuzatilmoqda. Ba’zi hollarda so‘zlarni so‘zlashuvga xos talaffuz shakllarida yozish ham ko‘zga tashlanmoqda. Mana shunga o‘xshash holatlar o‘zbek tilining kirill va lotin yozuviga hamda ular asosidagi imlo qoidalariga mos holdagi yangi va nisbatan mukammal imlo lug‘atini tuzish ehtiyojini tug‘dirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Til va adbiyot institutining yetakchi olimlari E.A.Begmatov va A.P.Madvaliyevlar tomonidan yangi “O‘zbek tilining imlo lug‘ati” tuzildi va 85000 tadan ortiq so‘z va so‘zshaklning to‘g‘ri imloviy shakli qayd qilindi. Ushbu lug‘at o‘zbek tilining hozirgacha mavjud bo‘lgan imlo lug‘atlaridan: a) so‘zligining boyligi; b) imlosi qiyin va munozarali bo‘lgan, hozirga qadar imlo lug‘atlariga kiritilmay kelayotgan so‘zlarni ham qamrab olinganligi; v) nashr etilgan va etilayotgan boshqa tip lug‘atlar (izohli, ensiklopedik, terminologik va h.k) ning ijobiy imloviy o‘zgarishlarga e’tibor berilganligi; d) nihoyat, mustaqillik davrida o‘zbek tiliga kirib kelgan yangi so‘z va terminlarning yozilish shaklini ilmiy-imloviy baholagani bilan farqlanadi.
Nizomiddin Mahmudov va Durdona Xudoyberganovalar tomonidan yaratilgan “O‘zbek tili o‘xshatishlarining izohli lug‘ati” o‘zbek tili birliklariga antroposentrik yondashuvidagi lug‘atlardan biridir. Lug‘at tuzuvchilar o‘zbek tili egalarining obrazli tafakkuriga xos turg‘un o‘xshatishlarni to‘plash hamda ularning ma’nolarini izohlashni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yib, boshqa tillardagi o‘xshatishlar lug‘atlarini tuzish tajribasini sinchiklab o‘rganib chiqqanlar va barqaror o‘xshatishlarni belgilashning maqbul variantini tanlab olganlar.
“O‘zbek tili o‘xshatishlarining izohli lug‘ati”ni lingvokulturologik xarakterdagi lug‘at sifatida ham baholash mumkin. Chunki lug‘atda izohlangan o‘xshatish etalonlari xalqning milliy tafakkuri, madaniyati va obrazli fikrlashi mahsuli hisoblanadi. Jami 530 dan ortiq turg‘un o‘xshatishlarni o‘z ichiga olgan ushbu lug‘at shu yo‘nalishdagi dastlabki urinish natijasidir.
Nizomiddin Mahmudov va Yorqinjon Odilovlar tomonidan nashr ettirilgan “So‘z ma’no tarqqiyotida ziddiyat. O‘zbek tili enantiosemik so‘zlarining izohli lug‘ati” kitobi bir til birligi doirasida yuzaga chiqadigan ziddiyatni o‘rganishga bag‘ishlangan. Ushbu tadqiqot bir lug‘aviy birlik doirasidagi antonimiya hodisasini ham nazariy, ham amaliy o‘rganish nuqtayi nazaridan o‘ziga xos dastlabki asardir.
Durdona Xudoyberganova va Dilrabo Andaniyazovalarning “O‘zbek tili poetonimlarining izohli lug‘ati” o‘zbek leksikografiyasida yangi bosqichni, yangi davrni boshlab berdi. O‘zbek tilshunosligida birinchi marta “Lingvokulturologiya terminlarining qisqacha izohli lug‘ati” yaratildi. Bu lingvokulturologiya alohida fan sifatida shakllanayotgan bir davrda o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur terminologik lug‘at bilan bir qatorda institut olimlari fan va texnikaning turli xil sohalari, xususan, tilshunoslik, ish yuritish, tibbiyot, ma’naviyat va boshqa sohalar bo‘yicha lug‘atlar yaratdilar. Ko‘rinadiki, o‘zbek leksikografiyasining taraqqiyotida O‘zRFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti ilmiy xodimlarining xizmatlari beqiyosdir.
Xulosa qilib aytsak, boy tajribaga ega bo‘lgan o‘zbek leksikografiyasi bugungi kunda ham jadal rivojlanmoqda.
Dostları ilə paylaş: |