O‘ZBEKISTON RESPUBLIKАSI OLIY VА O‘RTА MАXSUS TА’LIM VАZIRLIGI
АLISHER NАVOIY NOMIDАGI TOSHKENT DАVLАT O‘ZBEK TILI VА АDАBIYOTI UNIVERSITETI
“LEKSIKOGRАFIYA АSOSLАRI”
FАNIDАN MА’RUZАLАR MАTNI
Bilim sohasi: 100 000 – Gumanitar soha
Taʼlim yo‘nalishi: 5120100 – (o‘zbek tili)
Toshkent –2020
1-MAVZU: KIRISH: “LEKSIKOGRAFIYA ASOSLARI” FANINING VUJUDGA KELISHI, OBYEKTI, PREDMETI
Reja:
Leksikografiya fanining vujudga kelish tarixi.
“Leksikografiya asoslari” fanining obyekti.
Lug‘atshunoslik fanining predmeti.
Tayanch so‘zlar: Lug‘at, leksikografiya, til birliklari, frazema, parema, morfema,lug‘at tiplari,lug‘at tuzish qonuniyatlari, tarixiy lug‘atlar,leksik qatlam,tarixiy va ijyimoiy taraqqiyot, tamoyil, toponim, gidronim, zoonim, astronim, etnonim, bionim, odonim, urbonim, oykonim, oreonim, anemonim, antroponim, nekronim, teonim
Leksikografiya (lug‘atchilik) – so‘zlar, til birliklari (frazemalar, paremalar, morfemalar, tushuncha ifodalovchi nomlar) va boshqalarning belgilangan maqsadga ko‘ra, maʼlum qonuniyatlar hamda ehtiyojga qarab tartibga solingan yig‘indisi, lug‘atlar va ularning tuzilishi, yaratilish tamoyillari haqidagi bilim – taʼlimotdir. Leksikografiya – yunoncha “lexis” – so‘z, “grapho” - yozaman, yozish, yozilgan kabi maʼnolarni ifodalaydi.
Leksikografiya tilshunoslikning lug‘at tuzish bilan shug‘ullanuvchi va u bilan aloqador bo‘lgan masalalarni o‘rganuvchi sohasi bo‘lib, “lug‘atchilik” deb ham yuritiladi.
Leksikografiya lug‘at tuzish ishi sifatida turli xalqlarda yozuv taraqqiyotining ilk bosqichlarida u yoki bu tushunarsiz (eskirgan, lahjaviy, maxsus yoki chet tiliga mansub) so‘zning qanday ma’no anglatishini bilish ehtiyoji natijasida paydo bo‘lgan.
Leksikografiya ham amaliy, ham nazariy soha sifatida leksikologiya, uslubshunoslik, fonetikaga hamda til tarixi, tilning grammatik qurilishi haqidagi ta’limotga suyangan holda ish ko‘radi.1
Lug‘at deb, odatda, maʼlum maqsad asosida to‘plangan, alohida qonuniyatlarga tayanib tartibga solingan, kitob yoki boshqa shakllarda bitilgan, asosan, so‘zlar va tushunchalar yig‘indisiga aytiladi.
“Lug‘at” arabcha so‘z bo‘lib, til, sheva, lahja, so‘z kabi ma’nolarni bildiradi. Hozirgi kunda ushbu so‘z ikki ma’noda: 1) muayyan tilda, uning hududiy yoki ijtimoiy lahjasida mavjud bo‘lgan, shuningdek, u yoki bu yozuvchi asarlarida uchraydigan so‘zlar yig‘indisi, ya’ni leksika; 2) so‘zlar(yoki marfemalar, so‘z birikmalari, iboralar va sh.k.) muayyan tartibda (alifboli, uyali, mavzuli) joylashtirilgan, tavsiflanuvchi birliklar, ularning kelib chiqishi, ma’nolari, yozilishi(imlosi), talaffuzi, uslubiy mansubligi, boshqa tillarga tarjimasi haqida ma’lumotlar jamlangan kitob ma’nolarida qo‘llanadi. Ana shu ikkinchi ma’nodagi lug‘atlar ma’naviy madaniyat sohasida muhim o‘rin egallaydi, chunki ularda jamiyatning ma’lum davrda erishgan bilimlari aks etadi.2
Lug‘at tuzishda esa, albatta, maʼlum maqsad ko‘zda tutiladi. Maqsad esa, davrga ko‘ra, ehtiyoj asosida belgilanadi.
Lug‘atlar, shuningdek, bir qator ijtimoiy vazifalarni bajaradi: muayyan voqea-hodisa haqida o‘quvchiga ma’lumot beradi; uni o‘z ona tilidagi va o‘zga tillardagi so‘zlar bilan tanishtiradi; tilni, uning lug‘at tarkibini takomillashtirish, me’yorlashtirish va tartiblashga yordam beradi.3
Leksikografiya sohasining obyekti lug‘atlar va ularning tarkibiga kiruvchi birliklardir. Leksikografiyaning predmeti lug‘at tuzish qonuniyatlari, lug‘at tiplari, lug‘atchilikning tarixiy taraqqiyotini belgilashdan iboratdir.
Maʼlumki, insoniyat dunyoga kelganidan boshlab, so‘z bilan ish tutadi, so‘z olamiga duch keladi, undan foydalanadi. Insonlar bir-biri bilan muloqotga kirishar ekan, tildan foydalanish jarayonida turli ehtiyojlarga ro‘baro‘ keladi. Bu ehtiyojlarni qondirish – tilning bitmas-tuganmas boyliklaridan insonlarni bahramand etish ehtiyoji lug‘atlar yaratishni taqozo etadi. Tilning so‘z boyligini jamlash, ularni tartibga solib, foydalanish uchun qulay holatda taqdim etish, tavsiflash, imkoniyatlarini ochib berish lug‘atchilik sohasining bosh vazifasi ekanligi maʼlum.
Darhaqiqat, lug‘atlar barchaga barobar xizmat qiladi. Undan barcha soha vakillari birdek foydalanadi.
Maʼlumki, til doimo o‘zgarib turadi. Аyniqsa, tilning leksikasi tez o‘zgaruvchan bo‘ladi. Shu bilan birga, tilning leksik qatlami asrlar mahsuli hamdir, yaʼni har bir tarixiy davr, ijtimoiy taraqqiyot bosqichi o‘z ifodasini topadi. So‘zlar, til birliklari eskiradi, yangi so‘zlar paydo bo‘ladi.
“Leksikografiya asoslari” kursining bosh maqsadi lug‘atchilikning shakllanishi, taraqqiyoti haqida maʼlumot berish, uning istiqbolini belgilashga xizmat qilishdir. Bilamizki, lug‘atchilik shakllanishi uzoq tarixga ega. Jumladan, o‘zbek lug‘atchiligining shakllanishiga eʼtibor qaratganimizda ham buni kuzatishimiz mumkin. Yaʼni, dunyo miqyosida, davr nuqtayi nazaridan yuqori darajada baholangan, haqiqatan, o‘ta noyob bo‘lgan Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” (“Turkiy so‘zlar devoni”) asarining yaratilishi ham o‘ziga xos tarixga egadir. Bu lug‘atning yaratilishi uchun hind va arab tilshunosliklari doirasida yaratilgan ko‘pgina qadimgi lug‘atlar, masalan, Sibavayhiyning “Аl Kitob” asari, Halil al Faraxiddinning “Аyna kitobi”, Firuzabodiyning 60 yoki 100 jildlik lug‘ati yoki “Qomus” asari kabi boshqa asarlarning manba bo‘lganligini qayd etish kifoya.
Mahmud Koshg‘ariyning o‘zi “Devon” ning yaratilishida Halil ibn Аhmadning “Kitob ul-ayn” asaridan foydalanganligini qayd etadi. Demak, o‘zbek lug‘atchiligining shakllanish tarixini M. Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asari bilan belgilaganimizda ham, uning taraqqiyoti o‘rta asrlarda va undan keyingi davrlarda yaratilgan ko‘plab lug‘atlar bilan belgilanadi.
Chunonchi, o‘zbek lug‘atchiligining shakllanish tarixi o‘tgan asrning 20-yillariga borib taqaladi. Bunda birinchi o‘zbek professori Аbdurauf Fitrat, uning shogirdlari Mashriq Yunusov, Elbek, Ishoqxon Ibrat, Botu Mahmudxodiyev va boshqalarning xizmatlari katta.4
“Leksikografiya asoslari” kursining asosiy vazifalari sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:
– lug‘atchilikning shakllanishi haqida maʼlumot berish, tarixiy lug‘atlar, ularning yaratilish sabablarini bayon qilish;
– lug‘at turlari (asosiy turlari) haqida maʼlumot berish, ularning o‘ziga xos jihatlarini tavsiflash;
– lug‘at tuzish qonun-qoidalari, tamoyillari borasida bilimlar berish;
– lug‘atchilikning taraqqiyot bosqichlarini belgilashda ijtimoiy o‘zgarishlarning o‘rnini belgilash;
– insonlarda lug‘atlardan foydalanish malakasini hosil qilishga ko‘maklashish;
– o‘zbek lug‘atchiligining istiqbolini belgilovchi maʼlum vaziyatni shakllantirish, asosiy manbalardan xabardor qilish;
– taʼlim-tarbiya tizimida lug‘atlardan foydalanishning muhim ekanligini, zaruriyat ekanligini yoshlarga, taʼlim tizimi xodimlariga singdirish…
Taʼkidlanganlarning amalga oshuvi pirovardida toponim (joy nomlari), gidronim (suv nomlari), zoonim (hayvon nomlari), astronim (samoviy jism nomlari), etnonim (urug‘ nomlari), bionim (o‘simlik nomlari), odonim (ko‘cha nomlari), urbonim (shahar nomlari), oykonim (tog‘ nomlari), oreonim (qush nomlari), anemonim (tabiat hodisalari nomlari), antroponim (odam nomlari), nekronim (qabriston, mozor, maqbara, mavzoley nomlari), teonim (ilohiy shaxs va obyekt nomlari)lar tadqiq qilinishi va ko‘pming so‘zli lug‘atlar yaratilishi imkoni tug‘iladi.5
Dostları ilə paylaş: |