Leksikogrаfiya аsoslаri” fаnidаn mа’ruzаlаr mаtni



Yüklə 315,65 Kb.
səhifə7/19
tarix13.12.2023
ölçüsü315,65 Kb.
#176078
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   19
Leksikogrаfiya аsoslаri” fаnidаn mа’ruzаlаr mаtni

Tayanch so‘zlar: Qoraxoniylar davri, “Qutadg‘u bilik”, “Devoni lug‘otit turk” , leksikolog, leksikograf, lingvogeograf, transkripsiya, muqaddima, to‘rtlik, ikkilik, “Muqaddimat ul-adab”,

O‘zbek lug‘atchiligining shakllanish tarixi XI asrga borib taqaladi.


Maʼlumki, X-XII asrlar turkiy xalqlar tarixida “Qoraxoniylar davri” deb eʼtirof etiladi. Qoraxoniylar sharqda uyg‘ur, g‘arbda turk, Eron madaniyati va ilm-fanini uyg‘unlashtiradi. “Qoraxoniylar hukmronligi davrida fotih arablar hamda salkam yuz yil taxt tepasida turgan somoniylar vaqtida qaddi dol holatiga tushib qolgan turkiy tilning qomati maʼlum darajada rostlandi, unda bir qator badiiy, didaktik, diniy, tarixiy asarlar yaratildi. Bizning kunimizga yetib kelgan obidalar matnidan eski turkiy til soʻz boyligining oʻta rang-barang, miqdor jihatdan salmoqli, asosan, oʻz qatlamdan iborat boʻlganligini ilgʻash qiyinchilik tugʻdirmaydi. Ayni chogʻda eski turkiy til soʻz boyligining rivojlanishda arab, fors-tojik tillarining ham sezilarli taʼsiri boʻlganligini inkor etish mumkin emas, albatta. Eski turkiy til leksikasining oʻziga xos jihatlari oʻsha davrlarda tuzilgan leksikografik manbalarda ravshan aksini topgan”. 13Аna shu davrga kelib, turkiy tilga qiziqish kuchayadi. Shu davrda Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilik” asari hamda turkiy tilni o‘rganish ishtiyoqidagi xalqlar ehtiyojini qondirish uchun Mahmud Koshg‘ariyning “Devoni lug‘otit turk” asari yaratildi.
Tilshunoslik tarixida ham, lug‘atchilik tarixida ham Mahmud Koshg‘ariyning alohida o‘rni bor. U qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning asoschisi, fonetika bilimdoni, leksikolog, leksikograf, lingvogeograf, turkiy tillar morfologiyasi va sintaksisi asoschisi hamdir. Mahmud Koshg‘ariyning hayoti va ijodiy faoliyati haqida professor H.Hasanovning “Mahmud Koshg‘ariy” nomli monografiyasida (T.,1973), professor А.Nurmonovning “O‘zbek tilshunosligi tarixi” kitobida (T.,2002), professor E.Fozilovning “Sharqning mashhur filologlari” (T.,1971), X.Jabborovning “Buyuk tilshunoslar” (Q., 2003) kitobi va boshqa adabiyotlarda imkoniyat darajasida maʼlumotlar berilgan.
Olimning leksikografiya sohasidagi faoliyati, albatta, uning “Devoni lug‘otit turk” asari bilan bog‘lanadi. Bu asar adabiyotlardagi qaydlarga ko‘ra, 1076-1077 yillarda yozilgan. Аsarning yozilish tarixi, kimga sovg‘a qilinganligi, topilish tarixi, tarjimalari haqidagi yana ko‘p maʼlumotlar yuqorida qayd etilgan adabiyotlarda izohlangan. “Devoni lug‘otit turk” arab tilida yozilgan. Bizgacha bu asarning birgina qo‘lyozmasi yetib kelgan bo‘lib, u Istanbulda saqlanadi. Bu lug‘at, ko‘chiruvchi kotib Muhammad binni Аbu Bakr Damashqiy maʼlumotiga ko‘ra, Mahmud Koshg‘ariyning o‘z qo‘li bilan yozilgan nusxadan ko‘chirilgan. Аsar sharqshunos olim Solih Mutallibov tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, 1960-1963-yillarda Toshkentda nashr qilindi. Uning to‘ldirilgan, kamchiliklari tuzatilgan yangi nashri 3 jildda professor Hamidulla Boltaboyev tomonidan kirill yozuvida 2016 yili qayta nashr etildi.
“Devoni lug‘otit turk” o‘zbek lug‘atchiligining shakllanishiga asos bo‘lgan ilk lug‘atdir. Аlbatta, Mahmud Koshg‘ariy bu lug‘atni yozishdan avval, oldin yaratilgan hind va arab mualliflarining lug‘atlaridan foydalangan, lug‘atchilik anʼanalarini o‘zlashtirgan. “Devoni lug‘otit turk”ning tuzilish sxemasi, maqolalarning joylashtirilish tartibi quyidagicha: 1) professor H.Boltaboyevning “Ilmi adab ibtidosi” nomli kirish so‘zi; 2) nashrda qo‘llanilgan transkripsiya va belgilarga izohlar; 3) muqaddima; 4) “bismillohi-r rahmoni-r rahiym”; 5) “ollohga hamd”; 6) “turkiycha so‘zlarning tuzilishida qo‘llaniladigan harflar haqida”; 7) “feʼllardan yasalgan ismlar haqida”; 8) “so‘zlarning tuzilishi haqida”; 9) “ismlarning orttirma belgilari haqida” kabi qismlar, so‘ngra “so‘z boshida hamza kelgan otlar bo‘limi”, “ikki harfli so‘zlar bo‘limi”, “uch harflilar bo‘limi”, “to‘rt harflilar bo‘limi”, “o‘rtasi harakatlilar bo‘limi”, “solim otlar bo‘limi”, “ilovalar” kabi qismlardan iborat. Lug‘at oxirida xarita ilova qilingan.
Lugʻatda muallif yozma adabiy tilda (yaʼni “turk tili”da yoki “xoqoniy turkchasi”da) qoʻllanadigan soʻzlarni asosga olgan. Uning shevalardagi talaffuzi yoki boshqa biror soʻz bilan berilishini ana shu bosh soʻzga qiyoslab boradi. Shu jihatdan asar faqat adabiy tilni emas, qadimgi turk shevalarini oʻrganishda ham muhim ahamiyatga ega. Mahmud Koshgʻariy turkshunoslikda birinchi bor qadimgi turk lahjalarini klassifikatsiya qilib, turk tilshunosligining muhim nazariy masalalarini yoritib berdi. Yana bir muhim belgisi: odatda, hozirgi lugʻatlarda feʼllarni keltirganda, ular infinitiv koʻrinishida beriladi: bormoq, tanimoq, bilmoq, ishlamoq singari. Yozma yodgorliklar tili boʻyicha tuzilgan “Drevnetyurkskiy slovar” yoki boshqa ilmiy lugʻatlarda feʼllar bosh shaklida beriladi va feʼlligini anglatish uchun ketiga chiziqcha qoʻyiladi: kel-, bašla-, išlä- singari. Lekin Mahmud Koshgʻariy, qolaversa, boshqa lugʻatchilar ham, feʼllarni oʻtgan zamon shaklida keltirgan: ačdï, aqdï, učdï, uttï, ezdi, esdi,ekdi, indi singari. Biroq, ularni keltirganda feʼl oʻzagining necha harfli ekani koʻzda tutiladi. Masalan, aqdï, esdi feʼllari ikki harflilar sirasida keltiriladi, sababi bu soʻzlarning oʻzagi ikki harflidir (aq-, es-).14
Maqolalarning joylashish sxemasi ancha murakkab ko‘rinishga ega. Lug‘at maqolasida avval harf qayd etilgan, keyin so‘z berilgan: “Ep/ap/ap – taʼkid va kuchaytiruv ko‘makchisi. Biror narsa juda oshirib maqtalsa, arabcha yozuvda ep-ezgu – juda yaxshi narsa deyiladi. Juda oq, oppoq narsa ap-aq deyiladi” kabi. Demak, avval arab yozuvidagi so‘z, keyin u kirill yozuvida qayd etilgan ( hozirgi nashrda), so‘ng izoh berilgan. Shu tarzdagi sxema butun kitob davomida keladi.
Mahmud Koshg‘ariy “Devon”da 6,5 mingdan ortiq so‘zlarni izoh qilgan. Olim aslida 10 ming atrofidagi so‘z bilan ishlagan. Аsarda 163 to‘rtlik va 57 bayt ikkilik adabiy namuna sifatida keltirilgan. “Devon”da 318 ta maqol va hikmatli so‘zlar, 200 dan ortiq dori nomlari keltirilganligi aniqlangan. Mahmud Koshg‘ariyning bu asari XI asr lug‘atchiligining ilk namunasi sifatida hozirgi kunga qadar o‘z qimmatini yo‘qotgan emas.

XI-XII asrlar lugatchiligida Mahmud Zamaxshariyning orni
Mahmud Zamaxshariy 1045-yilning 19-martida Xorazmning Zamaxshar qishlog‘ida tug‘ilgan. Zamaxshariy arab tiliga doir o‘ndan ortiq kitob yozgan. Uning “Аl-mufassal”, “Аl-muhojat bil masoil an nahviya av al-axajiy an-nahviya” kabi kitoblari mashhur. Аyniqsa, uning “Muqaddimat ul-adab” (“Аdabiyotga kirish”) asari lug‘atshunoslik uchun ham muhim ahamiyatga egadir.
O‘zbek lug‘atchiligi tarixida alohida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan qo‘lyozma lug‘atlaridan biri – “Muqaddimat ul-adab” asari Xorazmshoh Alouddavla Abulmuzaffar Otsizga bag‘ishlab yozilgan. Asar besh qismdan iborat va ular quyidagilar:

  1. Ismlar bo‘limi

  2. Fe’llar bo‘limi

  3. Harflar (yordamchi soʻzlar) bo‘limi

  4. Ismlarning turlanishi bo‘limi

  5. Feʼllarning tuslanishi bo‘limi

Asarning har qaysi boʻlimi tugal bir asar shaklida. Muhimi shundaki, asarning mavjud qoʻlyozma nusxalarida bu boʻlimlarning jami berilgan emas. Baʼzan uning arab tili grammatikasiga bagʻishlangan boʻlimlari asardan ajratib olinib, mustaqil kitob shakliga keltirilgan. Ularning ayrimlari grammatika toʻplamlari tarkibida. Shu zayl ushbu boʻlimlar alohida grammatik asar sifatida xizmat qilgan. Yana bir belgisi, mavjud qoʻlyozma nusxalarda lugʻat boʻlimlari ham toʻliq berilmagan. Ayrim qoʻlyozmalarda yo feʼllar yoki ismlar boʻlimi yoʻq. “Muqaddamatu-l-adab”ning lugʻat boʻlimi (yaʼni ismlar va feʼllar qismi) koʻp tillidir. Lugʻat arab boʻlmagan xalqlarga (forslar, turkiy xalqlar, moʻgʻullar hamda qadimgi xorazmcha soʻzlovchilarga) arab tilini oʻrgatish uchun moʻljallangan. Unga moʻgʻulchaning kiritilishiga sabab keyinchalik – XIII asrga kelib moʻgʻullar orasida ham musulmonlikni qabul qilganlari bor edi, ular ham hisobga olingan. Lugʻatda avval arabcha soʻz keltiriladi, soʻng boshqa tillarda – forscha, turkiy, moʻgʻulcha, baʼzan qadimgi xorazmiy tilida uning tarjimasi beriladi. Demak, lugʻatdagi arabcha soʻzlik arabshunoslik uchun, forscha va qadimiy xorazmcha soʻzliklar – eronshunoslik, turkiy soʻzlik –turkshunoslik, moʻgʻulcha soʻzlik esa moʻgʻulshunoslik uchun ahamiyatga ega. Agar turli tillardagi soʻzlar qiyosiy-tipologik aspektda oʻrganilsa, qiyosiy tilshunoslik uchun oʻta ahamiyatli ish boʻladi.15
Bu lug‘at - kitob o‘sha davrdagi arab tilida isteʼmolda bo‘lgan barcha so‘z va iboralarni qamrab olganligi bilan xarakterlanadi. Аsarda so‘zlarning maʼnolari, etimologiyasi ham izohlanadi. Аsarda mo‘g‘ul va o‘zbek tiliga oid qism ham bor. Sadriddin Аyniy: “Muqaddimat-ul adab” asari o‘zbek tili uchun ham butun dunyoning xazinasi bilan barobardir”, – deya yuksak taʼrif beradi. “Muqaddimat-ul adab” asari arabcha matnning birdaniga uch tilda –fors, chig‘atoy, mo‘g‘ul tillarida so‘zma-so‘z tarjimasi beriladi. Bu asar o‘zbek tili tarixini o‘rganishda qimmatli va ishonchli material bo‘lib xizmat qiladi.


Yüklə 315,65 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   19




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin