§ 5. Advokat va birinchi instansiya sudi hukmi va ajrimi yuzasidan apellyasiya shikoyati (protest kiritish). Fuqarolik ishlari bo‘yicha apellyasiya amaliyotini tadqiq qilish va umumlashtirish ko‘rsatdiki, apellyasiya shikoyatlari va protestlarini ko‘rib chiqishda sudlar qarorlarning qonuniyligini, birinchi instansiya sudlari hukmlari va ajrimlarining qonuniyligi va asosli ekanligini tekshiradilar, ular yo‘l qo‘ygan xatolarni tuzatadilar, bu bilan adolatli sudlovni amalga oshirishga va fuqarolik huquqiy munosabatlarida qonuniylikning mustahkamlanishiga ko‘mak beradilar. Shu bilan birga, apellyasiya instansiyasi sudlari faolyaitida muayyan kamchiliklar mavjud. Qator vaziyatlarda birinchi instansiya sudining xulosalari ish holatlariga va qonuga muvofiq kelishi, protsessual huquq me'yorlariga rioya etilgani tekshirilmaydi. Ko‘p hollarda hukmning o‘zgartirishsiz qoldirilishida birinchi instansiya sudi tomonidan belgilangan ish holatlarigina bayon etiladi, lekin shikoyat yoki protest dalil-isbotlari noto‘g‘ri yoki hukmni bekor qilishga asos bo‘la olmaydi, deb topilganligining sabablari ko‘rsatilmaydi. Apellyasiya instansiyasi sudi vakolatlarini belgilovchi me'yorlarni qo‘llashda xatolarga yo‘l qo‘yiladi, ishni asoslanmagan holda qaytadan ko‘irb chiqishga yuborish faktlari mavjud, FPK 331- m.da ko‘zda tutilgan ish ko‘rilishi muddatlari buziladi. Ko‘rsatilgan xatolar apellyasiya instansiyasi sudlarining birinchi instansiya sudlari tomonidan fuqarolik ishlarining ko‘rilishi sifatiga ta'sirini susaytiradi, yugur-yugurni yuzaga keltiradi, bu esa adolatli sudlovning samaradorligiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.60 Oliy sud Qarorida ko‘rsatilganidek, birinchi instansiya sudlari qarorlari yoki ajrimlari apellyasiya tartibida tomonlar va ishda qatnashishga jalb qilingan boshqa shaxslar tomonidan, shuning barobarida ishda qatnashishga jalb qilinmagan, lekin sud tomonidan ularning huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risiagi masala hal etilgan shaxslar tomonidan shikoyat qilinishi mumkinligi ustidan prokuror tomonidan O‘zbekiston Respublikasi FPK 320, 322, 323 va 346- m.larida belgilangan muddat va tartibda protest kiritilganini inobatga olib, sudlarga, apellyasiya shikoyati (protesti)ni qabul qilish masalasini hal etishda qonunda belgilangan apellyasiya ishini qo‘zg‘atish shartlari va tartibiga rioya etilganligini tekshirish lozim bo‘ladi. Jumladan: shikoyat (protest) taqdim qilgan shaxs apellyasiya shikoyati (protesti) kiritish huquqiga egaligi; shikoyat (protest) kiritilishiga sabab bo‘lgan qaror qonuniy kuchga kirmaganligi va uning ustidan apellyasiya tartibia shikoyat berilishi mumkinligi; apellyasiya shikoyati (protesti) mazmuniga qo‘yiladigan qonun talablariga rioya etilganligi; apellyasiya shikoyati uchun davlat boji to‘langanligi. Sudlar birinchi instansiya sudida qatnashuvchi vakil, jumladan advokat, agar bu protsessual harakatni amalga oshirish vakilik qilinayotgan shaxs bergan ishonchnomada keltirilgan bo‘lsa, sud qarori ustidan apellyasiya shikoyatini berish huquqiga ega ekanligini nazarda tutishlari kerak. Fuqarolik ishini apellyasiya va kassatsiya instansiyalarida shikoyat yoki protest bo‘yicha ko‘rilishi qonuniy kuchga kirmagan va kirgan sud qarori, ajrimining qonuniyligini, asosli ekanligini va adolatliligini tekshirish maqsadiga yo‘naltirilgandir. Shu bilan birga, bu sud faoliyatining yuqori turuvchi sudlar tomonidan nazorat qilinishining muhim shakli va yo‘l qo‘yilgan sud xatolarini tezda tuzatishning samarali usulidir. Advokat, o‘z ishonch bildiruvchisning manfaatlarini aks ettirish bilan birga, fuqarolik ishlarini ko‘rib chiqish va hal etishda birinchi instansiya sudlari tomonidan yo‘l qo‘yiladigan qonunbuzilishini aniqlash vazifasiga ham ega. Bu maqsadda u sudning noqonuniy va asosli bo‘lmagan qarori ustidan shikoyat kiritishi mumkin. Bundan tashqari, apellyasiya protestini prokuror ham kiritadi, uning majburiyatlari sirasiga tegishli sud tomonidan ish ko‘rilishida qonunda ko‘zda tutilgan vakolatlarni amalga oshirish kiradi: tuman yoki shahar prokurori - tuman yoki shahar sudi qarori ustidan; viloyat prokurori va unga tenglashtirilgan prokurorlar - viloyat sudiga va unga tenglashtirilgan sudlar qarorlari ustidan protest kiritishi mumkin.