Lug‘at tarkibining shakl va ma’no munosabatlari jihatidan tavsiflanishi



Yüklə 24,98 Kb.
səhifə1/3
tarix14.09.2023
ölçüsü24,98 Kb.
#143312
  1   2   3
8-mavzu lug‘at tarkibining shakl va ma’no munosabatlari jihatid


LUG‘AT TARKIBINING SHAKL VA MA’NO MUNOSABATLARI JIHATIDAN TAVSIFLANISHI
Reja:
1. Omonim va uning turlari.
2. Omoformalar va ularning turlari.
3. Sinonimlar va ularning turlari.
4. Paronimlar, antonimlar va ularning turlari.

Tildagi so‘zlarning ma’lum qismi shakl yoki ma’nosiga ko‘ra o‘zaro aloqador butunliklarni tashkil etadi. Bunday butunliklardagi so‘zlar ana shu xususiyatlariga ko‘ra ikki guruhni tashkil qiladi: 1) omonimlar, omoshakllar, omofonlar, omograflar va paronimlar shakliga ko‘ra; 2) sinonimlar, antonimlar esa o‘zaro mazmun uzviyligi yoki zidligiga ko‘ra alohida guruhga mansub bo‘ladi.


1. Omonimlar yunoncha “homos-bir xil, onoma-nom” so‘zlaridan olingan bo‘lib, talaffuzi va yozilishi bir xil, ammo alohida ma’nolarga ega bo‘lgan so‘zlardir. Bunday so‘zlar leksik omonimlar deyiladi. Masalan: kuya – hasharot, kuya – qozonning kuyasi. Omonimlar bir va bir necha turkumga mansub bo‘lishi mumkin. Masalan: chang – gard va cholg‘u asbobi ma’nolari bilan ot turkumiga mansub; o‘t-olov, ko‘kat kabi ma’nolari bilan ot so‘z turkumiga mansub, o‘t - fe’lining buyruq-istak mayli ekanligi kabilar shular jumlasidandir.
Bir xil so‘z turkumiga mansub omonimlar turli grammatik qo‘shimchalar bilan shakllanganda ham ularda omonimlik saqlanib qoladi. Masalan: ot – ism va uy hayvoni ma’nolaridagi omonim so‘zlarga egalik, kelishik, ko‘plik qo‘shimchalarini qo‘shish bilan omonimlikning saqlanib qolganini ko‘rish mumkin: otlar, otning, otlarim. Bunday omonimlarni mutlaq omonim so‘zlar deb atash mumkin. Omonimlarni vujudga keltiruvchi hodisalar turlicha bo‘lib, ularning asosiylari qo‘yidagilardir:
1. O‘z qatlamga mansub bo‘lgan ba’zi so‘zlar tarixan fonetik tuzilishi har xil bo‘lsa ham talaffuzda shakldoshlik kasb etishi asosida omonimlarga aylanadi: ot (ism) - ot (hayvon) - ot (harakat); o‘t (o‘t-o‘lan) - o‘t (olov) - o‘t (harakat) kabi omonim so‘zlardagi o va o‘ unlilari tarixan o‘zining til oldi va til orqa shakllariga (allafonlariga) ega bo‘lgan. Biroq, hozirgi adabiy tilda ular farqlanmaydi.
2. Ko‘p ma’noli so‘zlar o‘rtasidagi ma’no bog‘lanishning uzilishi, zaiflashishi asosida ham omonimlar shakllanadi. Masalan, ko‘k so‘zi, dastlab, ko‘k rang (sifat) tushunchasiga ega bo‘lgan. Keyinchalik bu so‘z metafora (o‘xshashlik) asosida osmon tushunchasiga nisbatan ham ishlatila boshlagan. Hozir ular o‘rtasidagi bunday ma’no bog‘lanish yo‘qolib, omonim so‘z hosil bo‘lgan. Xuddi shunday holatni dam so‘zining nafas, hordiq, harorat, bosqon ma’nolarida ishlatilishi misolida ham kuzatish mumkin.
3. Umumturkiy yoki asl o‘zbekcha so‘zlar o‘zga tillardan so‘z o‘zlashtirish asosida ham shakldoshlikka ega bo‘lib qolishi mumkin. Masalan, bog‘ (mevazor) va bog‘ (bog‘langan narsa, beda bog‘i); tok (uzum novdasi) va tok (elektor toki), tom (uy tomi) va tom (kitob jildi) so‘zlari o‘zbekcha-tojikcha hamda o‘zbekcha-rus va yevropa tillaridan o‘zlashgan so‘zlarning o‘xshash fonetik qiyofasi asosida yuzaga kelgan omonim so‘zlardir.
4. Ma’lum bir so‘zning o‘zak-negizidan qo‘shimchalar orqali yangi so‘zlar yasalishi natijasida shakldosh so‘zlar hosil bo‘ladi. Masalan: oylik olmoq, oylik reja birikmalaridagi oylik so‘ziga qo‘shilgan –lik qo‘shimchasi asosida shakldosh so‘z hosil bo‘lgan. Ba’zan shakldoshlik nisbiy bo‘lib, so‘zlarning ma’nolari har xil bo‘lgani holda aytilishi bir xil, ammo yozilishida bir oz farq bo‘lishi yoki ba’zan ma’noli qismlarigina shakldosh bo‘lsa ham, grammatik ma’nosi o‘zgacha bo‘lishi mumkin. Shunga ko‘ra shakldosh so‘zlarning uch xil turi farqlanadi: 1) omoshakllar; 2) omofonlar; 3) omograflar.
8. Omoformalar ma’nolari har xil bo‘lib, ba’zi grammatik shakllariga ko‘ra bir xillikka ega bo‘ladigan shakldosh so‘zdir. Omoformalar ayni bir so‘z turkumiga ham, boshqa-boshqa so‘z turkumlariga ham mansub bo‘lishi mumkin. Masalan, oqar (oq tusga kir) - buyruq fe’li, II shaxs birlik; oqar (“oqadigan”) fe’lning kelasi zamon sifatdosh shakli; yoz – ot, bosh kelishik shaklida, yoz – II shaxs birlikdagi buyruq fe’li va boshqalar.
Bu so‘zlarga boshqa grammatik qo‘shimchalar qo‘shilganda bir-birlaridan tamomila ajralib, omonimlik yo‘qoladi. Masalan: oqaray, oqarsin – oqaradi, oqarsan; yozning, yozni, yozga, yozda, yozdan – yozay, yozgin, yozsin kabi holatlarda omonimlik mavjud emas.
3. Omofonlar fonetik tarkibi ma’lum tovush bilan farqlanadigan, lekin talaffuzda shakldosh bo‘lib qoladigan so‘zlardir. Omofonlardagi o‘zaro farq ular tarkibidagi bitta fonemada bo‘ladi va ular, asosan, jarangli va jarangsiz juftliklar va hosil bo‘lish o‘rniga ko‘ra yaqin bo‘lgan tovushlarning talaffuzda bir xillik kasb etishida ko‘zga tashlanadi. Masalan, sud - sut, tanbur - tambur, tub-tup , yetdi - yetti kabi so‘zlar talaffuzi omofonlarni yuzaga keltiradi.
4. Omograflar yozilishi bir xil bo‘lgan shakldosh so‘zlardir. Omograflar ma’nosi va fonetik tarkibi, talaffuzi jihatidan boshqa -boshqa, faqat yozilish shakli jihatdan bir xil bo‘lgan so‘zlardir. Masalan, tol – daraxt, qurilish jihozi, tok - elektr quvvati, uzum novdasi, to‘r-xonaning yuqori qismi, parda kabi ma’nolarga ega bo‘lgan so‘zlardagi o, o‘ tovushlari talaffuzda qattiq va yumshoqligi bilan farqlanadi, biroq yozilishiga ko‘ra shakldoshlikka ega bo‘ladi. Xullas, talaffuzi va yozilishi bir xil bo‘lgan bunday shakldosh so‘zlarni o‘zak va grammatik qo‘shimchalarining bir xilligi, bir turkumga mansubligi e’tibori bilan omograflar qatoriga qo‘shish mumkin. Tildagi bu kabi shakldoshliklar so‘z o‘yini sifatida tuyuq, askiya san’atlarida asosiy o‘rin tutadi.
5. Paronimlar. Paronimlar so‘zlar yunoncha para-juft va onoma-nom so‘zlaridan olingan bo‘lib, fonetik tarkibi va ma’nosi boshqa-boshqa biroq talaffuz jarayonida o‘xshash, yaqin bo‘lgan so‘zlardir. Demak, paronimlar birdan ortiq so‘zning shakliy o‘xshashligiga asoslanadi va bu hodisa ko‘pincha so‘zlarni adabiy normada to‘g‘ri talaffuz etmaslik, adabiy normaning buzilishiga ham olib keladi. Masalan, fakt-pakt, afzal-abzal so‘zlari f undoshining p, b tarzda talaffuzi asosida yuzaga kelgan paronimlar bo‘lib, ular aslida fonetik tarkibi va ma’no jihatdan farqlanuvchi so‘zlardir: fakt-dalil, isbot, pakt-davlatlar o‘rtasidagi shartnoma, kelishuv hujjati ma’nosidagi so‘z; afzal-qulay, ma’qul abzal esa ot va boshqa ulov anjomi, to‘qim va boshqa jihozlarning umumiy nomidir. Xuddi shuningdek, paronimlik holatni amr-amir, zirak-ziyrak, jayron-jiyron, yondosh-yondash, quyilmoq-quyulmoq so‘zlari misolida ko‘rish mumkin. Paronimlar tub yoki yasama so‘zlardan tarkib topgan bo‘lishi mumkin. Masalan, fakt-pakt, burj-burch kabilar tub so‘zlar asosida shakllangan paronimlardir. Yasama so‘zdan esa bir o‘zaklardan bir xil qo‘shimchaning fonetik variantlarini qo‘shish asosida hosil bo‘ladi: yoriq-yorug‘, qurit-qurut, oqlik-oqliq, otalik-otaliq. Paronim so‘zlar o‘z va o‘zlashma so‘zlar asosida vujudga kelishi mumkin: aro-oro (o‘zbek va fors-tojik), burch-burj (o‘zb. va arab). Paronimlar ham antonimlar singari har doim juft so‘z shaklida tuziladi, biroq ular bir xil va har xil so‘z turkumlariga mansub bo‘lishi mumkin. Paronimiya ba’zi til hodisalariga yaqin bo‘lib, ulardan quyidagi xususiyatlari bilan farqlanadi:
1. Paronimlar so‘z variantlari (leksik dubletlar) bilan yondosh hodisadir. Ular ham ayrim tovush orqaligina farqlanib, talaffuz o‘xshashligiga ega bo‘ladi. Shu bois ba’zan paronimlar mazkur hodisa bilan chalkashtirilishi mumkin. Masalan, adabiy tildagi tomosha so‘zining ba’zan tomosho, tamosho tarzda ikki xil variantda fonetik jihatdan buzib ishlatilishi orqali uning talaffuz dubleti hosil bo‘ladi. Shuningdek, ayrim so‘zlarning turlicha variantlarda ishlatilishi adabiy me’yor sifatida qabul qilingan: gado-gadoy, demak-demoq, obro‘-obro‘y, nogoh-nogah, yiqilabermoq-yiqilavermoq kabi juftliklar, shular jumlasidandir. Xullas, tilshunoslikda variantlilik, so‘z variantlari va leksik dubletlar kabi turlicha terminlar asosida nomlangan bu hodisa, paronimlardan farqli ravishda, bitta so‘zning og‘zaki va yozma nutqda turlicha shakllarda qo‘llanishidir.
2. Paronimlar bilan yondosh hodisalardan yana biri omofonlardir. Bu ikki hodisaning asosiy o‘xshash va farqli tomonlari quyidagilarda ko‘zga tashlanadi: a) monosillabik (bir bo‘g‘inli) o‘zlashma so‘zlardan tarkib topgan ba’zi paronimlardagi undoshlarning talaffuz o‘rni va usuliga ko‘ra bir xilligi ularni omofonlarga yaqinlashtiradi. Masalan: burch-burj, dars-darz, qars-qarz. Biroq aksariyat paronimlarda bunday undoshlar jarangli-jarangsiz juftlik bo‘lmay, hosil bo‘lishi o‘rniga ko‘ra o‘xshashlikka asoslanadi. Masalan fakt-pakt, abzal-afzal. Omofonlarda esa artikulyatsiya o‘rni va usuliga ko‘ra bir xil bo‘lgan undoshlar har doim so‘z oxirida uchraydi va talaffuzda aynan ana shu juftliklar omofonlikni yuzaga keltiradi. Masalan: top-tob tub-tup, mard-mart, yod-yot kabilar shular jumlasidandir; b) ko‘p bo‘g‘inli so‘zlardan tarkib topgan paronimlarda esa paronim juftliklar o‘zaro noo‘xshash fonema vositasida ajralib turadi va shu jihatiga ko‘ra omofonlardan farqlanadi: ahil-ahl, otalik- otaliq, yoriq-yorug‘, qurut-qurit kabilar shular jumlasidandir.
6. Sinonimlar (yunoncha synonimon-bir xil nomli so‘zidan olingan) fonetik tarkibi har xil, ma’nolari bir xil yoki bir-biriga yaqin bo‘lgan so‘zlardir. Ma’nodoshlikning so‘zlar asosida yuzaga kelgan turi leksik (lug‘aviy) sinonimlar deyiladi. Masalan, nomus - vijdon, dangasa - yalqov - ishyoqmas – tanbal so‘zlari leksik sinonimlardir. Bunday so‘zlar, odatda, bir xil so‘z turkumiga mansub bo‘ladi. Ularning bir umumiy ma’no doirasida bog‘lanishi esa, sinonimik qator deb yuritiladi. Masalan, vaqt-payt-zamon-fursat-mahal-chog‘-kez-mavrid-palla- muddat-dam so‘zlari o‘zaro sinonimik qator hosil qilgan. Sinonim qator tuzishda asos qilib olingan so‘z dominanta (bosh so‘z) deb yuritiladi. Dominanta odatda uslubiy jihatdan betaraf va umumiste’mol so‘zlaridan bo‘lib, sinonim so‘zlar lug‘atida birinchi o‘rinda beriladi. Masalan, yuz - bet - aft - bashara - turq - chehra - oraz - ruxsor sinonimik qatoridagi yuz so‘zi betaraf - dominanta bo‘lib, aft, bashara turq salbiy, oraz, chehra, ruxsor esa ijobiy munosabat ifodalash uchun xizmat qiladi. Sinonimlarni yuzaga kelishida polisemantik so‘zlarning ishtiroki ham alohida ahamiyat kasb etadi. Xususan, polisemantik so‘z o‘zining har bir ma’nosi bilan boshqa-boshqa sinonim qatorda ishtirok etib, uni boyitadi. Masalan: balo-falokat-ofat; balo-uddaburon-bilog‘on-ishbilarmon kabi ma’nodoshlik qatorida balo so‘zi o‘z va ko‘chma ma’nosi bilan ishtirok etgan.

Yüklə 24,98 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin