Erkak ishlab topgan pullarning 50%i uni ruhlantirgan ayoliga tegishlidir. Qadimda buyuk podshohlarni eslang. Bir podshoning haramida yuzlab go`zal qizlar bo`lgan. Podsho haramidagi kanizaklarning hammasi erkaklarni ruhlantiruvchi maxsus bilimlarni egallashgan. Podsholar katta janglardan oldin eng go`zal va dono kanizaklari bilan suhbat qurgan. G`alaba bilan qaytgandan so`ng esa ana shu kanizakka eng qimmatbaho sovg`alarni tortiq qilgan. Bu kanizakning mehnatlari natijasi sifatidagi ulushi bo`lgan.
Yaponiyada esa geyshalar deb nomlanuvchi erkaklarni ruhlantirish san’atini egallagan maxsus qizlar bo`lgan. Geyshalar huzurida erkaklar o`zlarini dunyodagi eng kuchli, eng jasur, eng yengilmas, tog`ni ursa tolqon qiladigan cheksiz kuchga ega bo`lgan erkakday his qilishgan. Geysha so`zi «san’at asari» yoki «mohir ayol» ma’nosini anglatadi. Ular ikki asr muqaddam paydo bo`lgan, ammo ularning an’analari hali ham katta hurmatga sazovor va Yaponiyaning yirik shaharlarida hali ham faoliyatini davom ettirmoqda. Geyshalarning asosiy maqsadi erkakka ruhiy tasalli va xotirjamlik bag`ishlash bo`lgan. Ular she’riyat, adabiyot, rasmiyatchilik haqida ko`p narsani bilishar edi, ular suhbatdoshini qanday qo`llab-quvvatlashni bilishardi. Ularning tashqi ko`rinishi har doim mukammal va nozik edi. Giyohlar ifori, kiyimlar, sochlar – hammasi diqqat bilan o`ylanadi va tanlanadi. XVIII asrdagi yaponiyalik siyosatshunos ularni musiqa bilan solishtiradi: “Yengil, nozik, ruhlantiruvchi”. Geysha bo`lish uchun diqqat bilan tanlangan qizlar besh yillik treningdan o`tishlari kerak edi.
Sharqda ham hukmdorlar saroyida qizlar maxsus bilimlar bilan o`qitilgan. Hukmdor haramidagi kanizak oddiy qiz bo`lmagan. U erkaklarga qanday muomala qilishni, erkakni qanday ruhlantira olish sirlarini mukammal egallagan. Ovoz tonining mayinligi, qalbining ipakdek yumshoqligi, ayollik energiyasini o`zida to`la aylantirish san’atiga egaligi, liboslari, ko`z qarashlari, nigohlari, noz-u ishvalari – hamma-hammasi maxsus ayollar tomonidan o`rgatilgan. Biz seriallarda faqat tashqi tomonini ko`ramiz. Aslida, kanizaklar, geyshalar oladigan maxsus bilimlar boshqalardan sir tutilgan, hanuzgacha sirligicha qolmoqda.
Biz kabi oddiy ayollar erkaklarni ruhlantirish san’atini qayerdan ham bila oladi? Onamiz ham oddiy o`zbek ayoli bo`lgan. Erkak bilan qanday munosabatda bo`lishni unga ham hech kim o`rgatmagan. O`z bilganicha yashagan, faqat sabr asosida shuncha yil erkak va ayol bir-biriga toqat qilib kelgan. Biz ham erkaklar haqida hech narsa bilmasdan turmushga chiqib ketaverganmiz. Onamizdan o`rgangan yagona yaxshi narsa – bu sabr qilish, chidash degan so`z bo`lgan. Mening farishtalarim, endi bildingizmi siz nima uchun shuncha yil oilaviy hayotda baxtli emasligingizni?
Men juda sinchkov, kuzatuvchan insonman. Qayerga bormay, insonlarning ruhiyatiga e’tibor beraman. Qishlog`imga borganda erkaklarga, ayollarga nazar solaman. Qirqdan oshgan qishloqda yashovchi o`zbek ayolining obrazi:uyda kelini yoki qizi bor, shuning uchun qiladigan ishi yo`q, faqat ko`chaga chiqib olib o`ziga o`xshagan ayollar bilan kimlarnidir g`iybat qilib o`tiradi; semirib ketgan yoki ozib-to`zib ketgan; yuzlarini ajin bosgan, erta qarigan; eri bilan deyarli intim munosabatda bo`lmaydi (ya’ni: jinsiy aloqa yo`q); hayotga qiziqishi qolmagan; nabirasini to`yini ko`rishdan boshqa orzusi yo`q; oyog`i yoki beli og`riydi; bachadoni kasal.Endi qishloqda yashovchi qirqdan oshgan erkak obrazini qarab chiqamiz:ichadi; nos yoki sigaret chekadi; farzandlari topib kelgan pulga amal-taqal qilib kun ko`radi; orzulari so`nib bo`lgan; xotini bilan intim munosabati deyarli yo`q, chunki ortiq bu xotin uni qiziqtirmaydi; ishlashni xohlamaydi, yuragida o`ti yo`q, ko`zlari maqsadlar, orzular bilan yonmaydi; deyarli o`lik holatda. Mendan xafa bo`lmasligingizni so`rardim. Hozirda bu holat shahar va qishloqda yashovchilarga birdek xos. Men, balki, ozgina bo`rttirgandirman. Sababi sizning ko`zingizni kattaroq ochmoqchi bo`ldim, xolos.
Siz qo`lga olgan kitob nima haqida? U sizga nimalarni bera oladi? Bu kitob olam bizga nima istasak, shu narsani bera olishi va olamdan o`z ayollik energiyamizni ishga solgan holda istaganimizni olishimizga o`rgatadi. Eng muhim anglash shuki, olam bizga qarshi emas, u har doim biz tomonda. Olam har lahza biz nimani istasak, shuni tuhfa etishga tayyor. Biz istashimiz bilan shu narsa bizga beriladi, shu narsa endi bizniki. Formulada yetishmaydigan yagona narsa – bizning istagan narsaga erishish haqidagi ishonchimizdir. Ko`pincha biz umidsizlik, ishonchsizlik, qo`rquv iskanjasida qolamiz. Endi siz uchun olamning saxiyligiga, orzular ushalishiga boshqacha nazar bilan qarash payti keldi. Bu kitob sizga istagan xohishlaringizga ayollik energiyasi orqali yetish, istaklarni real hayotda voqelantirish haqidagi tushuncha va holatlarni taqdim etadi.
Kitobda to`rt muhim jihat batafsil yoritilgan:
Ayollik energiyasining tabiati nimada?
Bu energiyani qanday uyg`otish mumkin?
Ayollik energiyasi orqali orzularni qanday ushaltirish mumkin?
Olamdan hamma narsani qanday oson va yengil olish mumkin?