Sayyid Hasan Ardasher haqidagi so’zni Navoiy “bu faqirg’a ota mahobasida erdi”, deb boshlaydi. Tasavvufni yaxshi bilgan, har ikki tilda nazm aytgan zot edi. Navoiy bu ulug’ zot bilan uning hayoti so’ngigacha qalin do’st, maslakdosh bo’lgan. U Navoiyning hayoti, ijodiy kamolotida muhim o’rin tutgan. Shoir Samarqanddan she’riy maktubi – “Hasbi hol”ni Sayyid Hasanga yo’llagan. Unga atab manoqib (yaxshi va go’zal sifat, xislat, fazilatlar madh etilgan – S.G’.) tarzida “Holoti Sayyid Hasan Ardasher” asarini yozgan. Vafot etganida 112 misradan iborat marsiya bag’ishlagan. Yuqorida yodga olingan shoirlar kitob yozgan ulug’lardir. Alohida asar yozishmagan bo’lsada, she’riyatga ixlos qo’ygan shoirlar haqida ham “Majolis un-nafois”da so’z yuritilganligini aytish joiz.
Shu o’rinda ikkinchi majlisda zikr etilgan yana bir necha turkigo’y shoirlar nomini keltirib o’tishni joiz deb topdik.