Amir Mahmud Barlos – Boburning yozishicha, Mahmud Barlos Abusaid Mirzoning uchinchi o‘g‘li Sulton Mahmud Mirzoning beklaridan bo‘lgan. Harbiy salohiyati bor bo‘lib, she’riyat bilan shug‘ullangan. Devon tartib qilgan shoir.
Darvesh Dehakiy – “Majolis” tarjimoni Muhammad Qazviniy o‘zidan ilova qilib, yozadi: “Darvesh Dehakiy hamshaharim edi. Men u bilan ko‘p suhbatlashganman. U g‘oyat kamsuqum odam edi, tanparastlik unga begona edi. U to‘quvchilik ham qilar edi. U karbos (dag‘al ipli gazlama, bo‘z) degan matoni yaxshi to‘qir, xaridor topilsa, arzon-garov berib yuborardi. Shohlar dasturxoniga ko‘z tikmas, taomini yemas edi. Sulton Ya’qubxon Darvesh Dehakiyni huzuriga chorlaganda u bir baytni o‘qibdi. Uning birinchi misrai ma’nosi shunday ekan: “Agar uning o‘qi oldimga yo‘nalsa, orqamga qalqon tutaman”. Buni eshitgan shoh taajjub qilib, o‘qdan saqlanish uchun orqaga qalqon tutishi nimasi? – deganda, shoir: “Sabr qiling ikkinchi misrani eshiting debdi: “Toki uning o‘qi – novakining chiqib ketish yo‘li bekilsin”. Shoh shunda lol qolib, shoirga: “Nimaki tilaging bo‘lsa aytgil, bosh ustiga bajaraman”, debdi. Shoir “Do‘stga do‘stdan yaxshi narsa yo‘q” – deb javob beribdi. Shoh yana fikrini qaytarganda, shoir: “Bog‘larimdan olinayotgan xirojdan ozod qilsangiz”, - debdi. Shoh bajaribdi. Muhammad Qazviniy Darvesh Dehakiyning yana 8 baytini keltiradi.
Qozi Iso — Muhammad Qazviniy Navoiy so‘zlariga ilova qilib, “Qozi Iso Sulton Ya’qubxonni hamisha adolatga undar edi. Adolat bilan ko‘pchilikning qalbida hurmat imoratini qurgan edi”, deb yozadi va Sulton Ya’qubning hamshirasini (sutdosh singlisini) yaxshi ko‘rib qolgani, Sulton ularning qovushishi yo‘lida uringani, lekin turklarga xos johilligi ustun kelib, bu ishdan qaytganini ham bayon etadi. Shoir she’riyatidan yana 6 bayt keltiradi.
Xoja Afzal — Xondamirning “Dastur ul-vuzaro” (Vazirlar dasturi) asarida bu shoir va davlat arbobining nomi Xoja Afzaliddin Muhammad Kirmoniy tarzida, “Kirmon shoirlari tazkirasi” nomli kitobda (tuzuvchi Eron olimi Husayn Behzodiy) esa Xoja Afzaliddin Mahmud bin Xoja Ziyoviddin Muhammad deb beriladi. Fazlu kamolotda, davlat devoni ishlarini tartibga solishda benazir bo‘lgan Xoja Afzal 878 (1473) yilda vazirlik lavozimini egallaydi. 1487 yilda Husayn Boyqaro Marvda qishlab qolgan paytida Majdiddin Muhammad Xoja Afzal payiga tushadi. U esa Astrobodga Navoiy huzurigapanoh istab keladi. Navoiy maslahati bilan Xoja Afzal Iroq va Ozarbayjonga Sulton Ya’qubbek qoshiga jo‘naydi. 893 (1488) yilda Xoja Afzal haj safariga boradi. 903 (1497-98) yilda esa Hirotga qaytadi va Navoiy qo‘llab-quvvatlashi bilan yana vazir, keyinchalik devon boshi qilib tayinlanadi. Xondamir yozishicha, Xoja Afzal mansabdorlik vaqtida madrasa va xonaqoh qurdirgan ekan. U 906 (1501) yil rajab (fevral) oyida vafot etgan. Hirot Gozurgohida Xoja Abdulloh Ansoriy yoniga dafn qilingan.