Mavlono Shahidiy — “Majolis” tarjimoni Muhammad Qazviniy ilova qilib, Iroqdan Xurosonga kelganida Shahidiy Abdurahmon Jomiy suhbatiga musharraf bo‘lganini va o‘zi bilan ko‘p suhbatlarda bo‘lganini yozadi. Shahidiy 1 yilcha Qazvinda yashagan va Gilon Sultoni Mirzo Ali bu shaharga kelganida shoirga ancha tillo pul in’om qilgan ekan. U esa tillolarni uyning burchagiga to‘kib qo‘ygan va yoronlaridan kimda zarurat bo‘lsa, olib sarf qilavergan ekan. Shoirda mol-dunyo xirsi bo‘lmagani sababli uni devona der ekanlar. Shahidiy bir necha muddat Ya’qubbek musohibi bo‘lgan, keyin Hindistonga ketgan. Bu shoirdan so‘ng tarjimon Gulxaniy degan Shahidiyning jiyani (xoharzodasi) haqida ma’lumot va 5 ta baytini keltiradi. Nihoyatda abdol-devona va urushqoq bo‘lgan bu odamga Navoiy salbiy munosabatda bo‘lgan, hatto Hirotdan chiqarib yuborishga ham harakat qilgan ekan.