8-Mavzu
Tabiatshunoslikdan sinfdan tashqari mashg‘ulotlarning maqsadi, vazifalari, ta'lim - tarbiya jarayonidagi ahamiyati, ularning amaliy va ekologik yo‘nalishi.
Reja:
Kirish.
1.Boshlang’ich sinflarda darsdan tashqari mashg’ulotlarini tashkil etishning ilmiy nazariy asoslari.
2.Sinfdan tashqari ta’lim tarbiya ishlari mazmuni.
3.Sinfdan tashqari ta’lim-tarbiya ishlarida ekologik madaniyatni tarbiyalash imkoniyatlari.
4. Darsdan tashqari ta’lim tarbiya jarayonida o’quvchilarda ekologik madaniyatni tarbiyalash usullari .
5. Fan to’garaklarida o’quvchilarda ekologik madaniyatni tarbiyalash usullari.
6.Turli xil tarbiyaviy tadbirlarda o’quvchilarda ekologik madaniyatni shakllantirish usullari.
Ekologik tarbiya. Ekologiya so‘zi «tom» yoki «uy» degan ma'noni anglatib, nemis olimi Ernest Gekkel tomonidan birinchi bor fanga kiritilgan. Ekologiya fani hozirgi o‘simliklar ekologiyasi, zooekologiya, tuproq ekologiyasi, inson ekologiyasi va boshqalar. Ekologiya fani tanlab olingan bir yoki bir necha ob'ektning yashash sharoitini yoki normalarini o‘rganadi va yashashning optimal darajasini aniqlashga yordam beradi. Bu yo‘nalishdagi ishlar bizga ekologik bilimlarni yetkazadi, ammo bu bilan insoniyat cheklanib qolmaydi. Davr talabiga ko‘ra, yana boshqa yo‘nalishda ham ish olib borishni talab etmoqda. U ham bo‘lsa ekologik tarbiya masalasidir.
Ekologik tarbiya albatta ekologik bilim asosida shakllanadi, lekin u o‘ziga xos xususiyatlarga ham ega. Ekologik tarbiya insonda tabiatga nisbatan to‘g‘ri, oqilona munosabatni shakllantirish masalasi ustida ish olib boradi va o‘z oldiga talabalarda ekologik madaniyatni shakllantirishdek maqsadni qo‘yadi. Ekologik tarbiyaning mazmuniga ekologik onglilik, ekologik his-tuyg‘ular (tabiatga, insonlarga, hayotga nisbatan munosabatlar) kiradi. Shunday qilib, ekologik tarbiya inson hayotida, jamiyatda, vatanda muhim ahamiyat kasb qiladi.
Ekologik tarbiyaning shakllanishiga ekologik bilimlarni egallash bilan bir qatorda ekologik munosabatlarni ham shakllantirib borish zarur bo‘ladi. Ekologik munosabatlarga:
Hayotga munosabat.
Yaxlitlik hissini tarbiyalash.
Javobgarlik hissini tarbiyalash.
Tabiat go‘zalliklarini his etish kabi komponentlarni kiritish mumkin.
Ekologik tarbiyaga nafaqat bugun, balki ota-bobolarimiz ham chuqur mas'uliyat bilan qarashgan. Masalan, atrof - muhitni iflos qilmaslik maqsadida, axlat tashlash, chiqindilarni tashlash uchun alohida chuqurlar qazilgan, hojatxonalarni ariq, soy, buloq suvlaridan uzoqrok joyda kovlashgan, turli ehtiyojlar uchun faqat qurib qolgan daraxtlarni kesishgan, hayvonlarni azob berish, qushlar uyasini buzishni, gunoh sanashgan.
Bu borada oilada «Suvga tupurma, uni iflos qilma, chunki barcha jonivorlar uni ichib bahra oladi», «Gullab turgan mevali daraxtning shoxini sindirma, u meva beradi, uni o‘zing iste'mol kilasan», «Pishib yetilmagan uzumni uzma, agar uzsang katta gunoh ish bo‘ladi, chunki unda ahli mo‘minning nasibasi bor» deb tarbiya berilgan.
Ekologik ta'lim va tarbiyalash tizimi bolalar bog‘chalarida, umumiy ta'lim maktablarida, keyingi ta'lim bosqichlarida hamda mehnat jamoalarida davom ettiriladi. Bu o‘rinda hayotiy misollar orqali hozirgi paytda oilalarda ekologik savodxonlikning pastligi uqtiriladi. Masalan, hozir ko‘plab odamlar mollarini ekinzorlarda, bog‘larda hatto mevali va manzarali daraxtlarga bog‘lab boqadigan bo‘lib qolishmoqda . Axir o‘tmishda xalqimiz qaramog‘idagi hayvonlariga maxsus podachi saqlangan - ku. Yoki moli bor kishilar navbat bilan poda boqqanlar - ku. Buning uchun hozirgidek hayvonlarni duch kelgan yerda emas, alohida ajratib qo‘yilgan yaylovlarda o‘tlatishgan. Yoki oilaviy dam olishga chiqilganda o‘t - o‘lanlar payhon qilinmagan, qir - adirlarda shisha siniqlari, ovqat qoldiqlari tashlab ketilmagan. Daraxtlarga, o‘simliklar olamiga, hayvonlarga zarar keltirilmagan. Ekologik tarbiya berishni tayyorlashning mazmuni quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
-Atrof muhit va uning shaxs ma'naviy dunyosiga ta'siri;
-Tabiat va uning ahamiyatini aniqlash;
-Tabiatga muhabbatni rivojlantirishda maktab va oilaning hamkorligi;
-O‘z nohiyasi, shahari, qishloq va maktabi hovlisini ko‘kalamzorlashtirishda, hatto sinf xonasidagi o‘simliklarni ham parvarishlashga qiziqishlarini oshirish;
-Atrof - muhit muhofazasi, bunda bolalarning vazifalari;
-Tabiatni muhofaza qilishda ota - onalarning namunalari;
-Yoshlarni ekologik tarbiyalashda milliy an'ana va udumlarni qayta tiklash, ularga e'tiborni kuchaytirish.
-Oilada, maktabda tabiatni, o‘simliklar va hayvonot dunyosini e'zozlashga o‘rgatish, jonivor va qushlarni parvarish qilish ;
-Insoniyat tarixidan ma'lumki, sog‘lom jamiyatni faqatgina sog‘lom muhit yaratadi.
O‘zbekistonning porloq kelajagini ta'minlash «Ta'lim to‘g‘risida»gi Qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturida o‘z aksini topgan. Shu munosabat bilan boshlang‘ich ta'lim oldiga qo‘yilgan vazifalardan biri o‘quvchilarni atrof-muhitga ongli munosabatini shakllantirishdir.
Bunday vazifani muvaffaqiyatli hal etish o‘qituvchilardan o‘z sohasi bo‘yicha chuqur bilimga, yuksak ekologik madaniyatga ega bo‘lishni, ijodkor bo‘lishni, pedagogik texnologiyalar asosida mashg‘ulotlarni o‘tkazishni talab etadi.
Bunday sifatlarga ega bo‘lgan o‘qituvchigina ekologik ta'limning nazariy bilimlarini chuqur egallagan, tabiatdagi jarayonlarning sir-asrorini biladigan, uning ijtimoiy-iqtisodiy va ma'naviy ahamiyatini tushunadigan, aynan tabiatga nisbatan ongli munosabatda bo‘ladigan barkamol shaxsni tarbiyalashi lozim. O‘qituvchi ta'lim berishi uchun turli qo‘llanmalar, ommaviy axborot vositalari, darsliklar, sinfdan tashqari tadbirlar muhim manba hisoblanadi.
O‘quvchilarni tabiatni e'zozlash ruhida tarbiyalash faqat dars jarayonida tarkib topmaydi. Dars vaqt jihatdan cheklangan, unda ko‘pgina muhim ekologik bilimlarni o‘quvchilarga o‘rgatib bo‘lmaydi. Sinfdan tashqari mashg‘ulotlar esa vaqt jihatidan cheklanmagan. O‘quvchilarning dars jarayonida olgan ekologik bilimlarini sinfdan tashqari mashg‘ulotlarda rivojlantirish samarali natija beradi.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini tabiatni e'zozlash ruhida tarbiyalashda sinfdan tashqari ishlar o‘quvchilarning dars jarayonida olgan bilimlarining davomi hisoblanadi va ular mazmunini to‘ldirib, bir butun jarayonga birlashtiradi.
Sinfdan tashqari tadbirlar o‘quvchilarning ijodiy faoliyatlarini kengaytirishga imkon beradigan ta'limning qo‘shimcha va erkin turidir.
Atrofimizdagi olamni o‘rganishda o‘quv sayohatlari katta ahamiyatga ega. Sayohat darslari o‘quv ishlarini tashkil etishning shakli sifatida o‘quvchilarni ekologik tarbiyalashda muhim vosita hisoblanadi. Tabiatni kuzatish jarayonida bilish faolligi shakllanadi, o‘quvchilarning jonli va jonsiz tabiatning o‘zaro aloqasi, o‘simlik hamda hayvonot dunyosi haqidagi tasavvurlari kengayadi.
Tabiat bilan muloqot o‘quvchilarda go‘zal his-tuyg‘ularni uyg‘otadi. O‘quvchilar yashil maysalar, qushlarning sayrashi, kapalak parvozi, daraxtlar va o‘simliklarning rang-barangligiga mahliyo bo‘ladi.
Sayohatlarni tashkil etishdan maqsad - bog‘dagi daraxt turlari, o‘simlik, hashoratlar, qushlarning hayot tarzini o‘rganishdan iborat.
Sayohatni samarali kechishida quyidagilar muhim omil hisoblanadi:
-sayohat maqsadining aniqligi;
-ob'ektning to‘g‘ri tanlanganligi;
-sayohatning muayyan reja asosida tashkil etilishi;
-o‘quvchilarning diqqatini kuzatilayotgan ob'ektga yo‘naltirishga xizmat qiluvchi o‘quv topshiriqlarini aniq ishlab chiqilganligi;
-o‘quv topshiriqlarining muammoli xususiyatga ega bo‘lishini ta'minlash;
-kuzatish jarayonida o‘quvchilarning erkin, mustaqil harakat qilishga rag‘batlantirib borish;
-har bir o‘quvchining alohida faollik ko‘rsatishiga erishish;
-ularning faoliyatini izchil nazorat qilib borishga imkon beruvchi sharoitning mavjudligi.
Sayohat jarayonida o‘quvchilarni yil davomida olgan bilimlari mustahkamlanadi va fenologik kuzatish faoliyati oshadi;
Sayohat davomida o‘quvchilarni ekologik tushunchalar bilan tanishtirishning qo‘ydagi usullari bor: suhbat, hikoya, sayohat, savol-javoblar, kuzatish, xulosa.
Quyida namuna sifatida 3-sinf o‘quvchilari bilan o‘tkazilgan sayohat darsi haqida fikr yuritiladi.
Mavzu: Tabiat nima?, Biz va tabiat.
O‘qituvchining kirish suhbatida quydagi savollar hal etiladi:
1. Insonlar faoliyatida atrof-muhitning qanday ahamiyati bor?
1. Nima uchun tabiatni e'zozlab, uni «Ona tabiat» deb ataymiz?
Tabiatga zarar yetkazmaslik uchun o‘zingizni qanday tutasiz?
O‘simlik va darxatlarning shoxlarini sindirmaslik, hashorat va qushlarga ozor bermaslik to‘g‘risida tushuncha beriladi.
O‘quvchilar sayohat jarayonida kuzatuv daftarlarida quyidagilarni yozib boradilar: daraxt va uning turlari, o‘simlik, gullar, hashorat va qushlarni.
O‘quvchilarga mazkur topshiriqlarni bajarishda bir qancha tavsiyalar beriladi.
Topshiriqlar bajarib bo‘lingach, o‘qituvchi sayohat darsi natijalarini umumlashtiradi va o‘quvchilarga uyga vazifa beradi.
Uyga vazifa: Sayohatdan olgan taassurotlaringiz haqida insho yozing.
Sayohat darslari asosida o‘quvchilar tabiat go‘zalliklarini sevish, ulardan estetik zavq olish; tabiat va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar, shuningdek inson faoliyatining tabiatga ta'siri oqibatlarini chuqur o‘rganish; o‘quvchilarni tabiatni e'zozlash ruhida tarbiyalashga qaratilishi lozim.
Sayohat jarayonida noan'anaviy dars: rolli o‘yin, harakatli o‘yin, kuzatish usullaridan foydalaniladi. Bunday dars o‘quvchilarning atrof-muhitga qiziqishlarini oshiradi. Ular tabiatga ongli munosabat ruhida tarbiyalanadi.
Biz 3-sinf o‘quvchilari bilan «Tabiatni seving, ardoqlang»,« Qushlar bizning do‘stimiz », « Men tabiatni sevaman » kabi mavzularda sayohatlar uyushtirdik.
«Atrofimizdagi olam», «Tabiatshunoslik» fanlari bo‘yicha sinfdan tashqari ishlarning ahamiyati va uning ijtimoiy foydali yo‘nalishi.
O‘quvchilar bilan darsdan tashqari vaqtlarda har xil mashg‘ulotlar: sayohat ishlari, ertaliklar, sinfdan tashqari o‘qishlar, qiziqishlar bo‘yicha to‘garaklar va boshqa ishlar o‘tkaziladi. Bu ishlar o‘quvchilarning o‘qituvchi rahbarligida ularning tabiatni bilishga qiziqishini uyg‘otadi. Tabiatshunoslik bo‘yicha sinfdan tashqari ishlar darslarda olingan bilimlarni kengaytirish, chuqurlashtirish va aniqlashtirish, tabiatni o‘rganishga qiziqish uyg‘otish, o‘quvchilar faolligi va tabiatni e'zozlashga bo‘lgan munosabatini rivojlantirish, bu vaqtni tashkillashtirish imkoniyatini beradi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini tabiatni e'zozlash ruhida tarbiyalashda sinfdan tashqari tabiatshunoslik ishlari tarbiyaviy ahamiyatga ham ega, chunki o‘quvchilarning xulq-atvoriga ta'sir ko‘rsatadi. Ular moddiy dunyoga qarashni va mehnat madaniyatini shakllantiradi, bilishga qiziqishni va mustaqil kuzatish ko‘nikmalarini rivojlantiradi, jamoatchilik hissini va tabiatga muhabbatni tarbiyalaydi. Tabiatshunoslik bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan sinfdan tashqari ishlar o‘quvchi shaxsini har tomonlama rivojlantirish vositalaridan biridir.
Sinfdan tashqari ishlarning mazmuni. Tabiatshunoslik bo‘yicha sinfdan tashqari ishlarga tabiatni o‘rganish va e'zozlash, o‘simliklarni o‘stirish, hayvonlarni parvarish qilish bilan bog‘liq bo‘lgan xilma-xil mashg‘ulotlar kiradi. Bu mashg‘ulotlar darslarni takrorlamasligi va faqat darslarda olingan bilimlarga asoslanishi kerak. O‘quvchilar e'tiborini tabiat, shuningdek, maktab jonli burchagi va o‘quv-tajriba maydonidagi kuzatishlarga qaratmoq; ko‘cha va maktabni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha, qushlarni muhofaza qilish va qishloq xo‘jaligi zararkunandalariga qarshi kurash bo‘yicha ijtimoiy-foydali mehnatni tashkil qilmoq lozim. Tabiatdagi amaliy ishlar kuzatishlar va tegishli kitoblar o‘qish bilan birga olib borilishi kerak.
Sinfdan tashqari ishning jadal borishi uchun uni tashkil etish shakllarini puxta o‘ylab chiqish zarur. Sinfdan tashqari ishlarni uch guruhga bo‘lish lozim.
Birinchi guruh
|
Ikkinchi guruh
|
Uchinchi guruh
|
Ko‘plab o‘quvchilarni qamrab oluvchi ommaviy ishlar, tadbirlar.
|
Cheklangan o‘quvchilar doirasida olib boriladigan to‘garak ishlari.
|
T abiatni o’rganishga qiziqqan ayrim o‘quvchilar bilan olib boriladigan ishlar.
|
Ommaviy mashg‘ulotlar kinofilmlarni namoyish qilishni, tabiatga sayohatlar o‘tkazishni, ertaliklar, o‘quvchilar ishlarining ko‘rgazmasini tashkil qilishni, shuningdek, tadbirlar (hosil kuni, bog‘ haftaligini, daraxtlar o‘tkazish haftaligi, qushlar kuni va boshqalar) o‘tkazishni nazarda tutadi.
Guruh mashg‘ulotlarga yosh geografiyachilar, yosh tabiatshunoslar, to‘garak ishlari kiradi. Individual mashg‘ulotlar devoriy gazetalar, albomlar chiqarishni; jonli tabiat burchagi va maktab o‘quv-tajriba maydonidagi, tabiatdagi ishlarni; darsdan tashqari o‘qish va axborot burchagi uchun tabiatshunoslik mazmunidagi materiallar tanlashning tabiat to‘g‘risidagi «Yosh tabiatshunos» jurnallariga, o‘quvchilar ilmiy-ommabop kitoblariga tahlil berishni o‘z ichiga oladi.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini tabiatni e'zozlash ruhida tarbiyalashda sinfdan tashqari ishlarning barcha turlari bir-birlarini to‘ldirishi va takomillashtirishi lozim. Individual topshiriq yoki o‘qituvchining tavsiyasini bajarishda muayyan qiziqish uyg‘onishi lozim. Bir necha o‘quvchilardagi o‘xshash qiziqishlarni aniqlab, o‘qituvchi ularni to‘garakka birlashtiradi. Bunday birlashmalar ommaviy sinfdan tashqari tadbirlarning tashkiliy markazi bo‘lib qolishi lozim, ularni muvaffaqiyatli o‘tishi uchun turli tayyorgarlik ishlari va ko‘p sonli ishtirokchilar kerak.
O‘quvchilarni tabiatni e'zozlash ruhida tarbiyalashda sinfdan tashqari ishning tashkiliy shakli, mazmuni, o‘tkazish metodlari jihatidan xilma-xil bo‘lishi kerak. Uning mazmuni qandaydir doimiy bo‘lmaydi. U o‘quvchilar tarkibi, yoshi, qiziqishi va ehtiyojiga, maktabning tabiiy o‘rami, yil fasli, xona va jihozlarga bog‘liq. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari foydalanishi lozim bo‘lgan ishlarning taxminiy ro‘yxati quyidagicha:
-tabiatda kuzatishlar, tabiiy hodisalarning sabablarini aniqlash;
-o‘lkashunoslik muzeyiga (tabiat muzeyiga), qazilma boyliklar olinadigan joylarga, dala va fermalarga to‘plangan materiallarni rasmiylashtirish bilan sayohatlar;
-tabiiy material to‘plash va rasmiylashtirish, kolleksiya, gerbariy, maket, model tuzish;
-maktabning atrof tabiat xaritasi va unga yondashgan joyning rejasini tuzish;
-ilmiy-ommabop, tabiatshunoslik adabiyotlarni, «G‘uncha», «Yosh tabiatshunos» jurnallarida e'lon qilingan maqolalarni jamoa bo‘lib o‘qish;
-jonli tabiat burchagi tashkil qilish, o‘simlik va hayvonlarni kuzatish va ular usida tajribalar o‘tkazish, shuningdek, maktab oldi uchastkasida tajriba va kuzatishlar olib borish;
-tabiatshunoslik mazmunidagi kinofilm, diafilm, diapozitivlarni ko‘rish;
-xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmalari bilan tanishish;
-ommaviy tadbirlarda (bayram, ertalik va h. k.) qatnashish;
-Toshkent shahar va Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi hayvonlari bilan tanishish;
-tabiatni muhofaza qilish, odam hayotida o‘simlik va hayvonlarning foydasi va ahamiyati to‘g‘risida suhbatlar;
-tabiatni e'zozlashga qaratilgan ijtimoiy-foydali ishlar, ko‘kalamzorlarni muhofaza qilish, daraxt va butalar o‘tkazish hamda ularni parvarish qilish, begona va madaniy o‘simliklarning urug‘, mevalarini yig‘ish, begona o‘tlar, dala, poliz, bog‘, o‘rmon zararkunandalarga qarshi kurash, foydali hayvonlarni muhofaza qilish;
-tabiatshunoslik xonasini, o‘lkashunoslik burchagini, ko‘rgazmalarni, tabiat burchagini jihozlash;
-tabiiy materialdan oddiy ko‘rgazmali qurollar tayyorlash, o‘quvchilar ishlarining ko‘rgazmasini tashkil qilish;
-devoriy gazeta va albomlar uchun material yig‘ish;
-devoriy gazeta, «Ona tabiat haqida», «Tabiatni e'zozlang», «Tabiat haqida o‘qi» va shu kabi yangiliklarni chiqarish;
-yangiliklar burchagi hamda sinfdan tashqari o‘qish mavzulari bo‘yicha qo‘shimcha o‘qish uchun adabiyot yig‘ish.
Tabiatni e'zozlash ruhida tarbiyalashda sinfdan tashqari tabiatshunoslik ishining metod va uslublarini o‘qituvchi oldindan rejalashtiradi, o‘quvchilar faoliyatining xilma-xil turlariga jalb qiladi. Sinfdan tashqari ishlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan har bir mashg‘ulot uchun materialni to‘g‘ri tanlanishiga, uni o‘tkazishning tuzilish rejasi va metodikasiga, shuningdek mo‘ljallangan tadbirlarda o‘quvchilarning faol qatnashishlariga bog‘liqdir.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini tabiatni e'zozlash ruhida tarbiyalashda individual ishlar. Tabiatni bilish va moyillik yoki hyech bo‘lmaganda qiziqishga ega bo‘lgan o‘quvchilar bilan tabiatshunoslik bo‘yicha individual ishlar olib boriladi. O‘quvchilarda tabiatga qiziqishi vujudga kelishida o‘qituvchining shaxsi, uning tabiatga muhabbati va unga ehtiyotlik munosabati, o‘quvchilarni ergashtira va qiziqtira olish uquvi katta rol o‘ynaydi. Uning 1-sinfda kuzatishlarni qanday tashkil qilishiga, bu ishning zarurligi va muhimligini qanchalik asoslashiga, tabiatshunoslikni o‘qitishni qanday yo‘lga qo‘yishiga o‘quvchilarning bilim sifatigina emas, balki darsdan tashqari vaqtlarda tabiatshunoslik ishlari bilan ishlash shakllari ham bog‘liqdir.
Individual topshiriqlarni bajarish tadqiqiy ish ko‘nikmalarini shakllantiradi, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini foydali va qiziqarli ishlar bilan to‘ldiradi. Individual topshiriqlarning mazmuni o‘quvchilarning qiziqishlari bilan belgilanadi. O‘quvchini nimaiki qiziqtirmasin - xona o‘simliklarini parvarish qilishmi, hayvon va o‘simliklarni tasvirlagan marka yoki otkritkalarni to‘plashmi, gerbariy tuzishmi, tabiatda tajribalar qo‘yish va kuzatishlar o‘tkazishni - u o‘qituvchi tomonidan ma'qullanishi va quvvatlanishi lozim. Individual topshiriqlarning mavzulari o‘quvchilarning qiziqishlariga qarab tanlanadi, ammo topshiriqlarning mazmuni ularning bajarilishini tashkil qilish va metodikasi o‘qituvchi tomonidan sinchiklab o‘ylangan bo‘lishi kerak (o‘rganish ob'ekti, kuzatish yoki ish joyi belgilanadi, reja tuziladi). Ishning oxirga yetkazilishi va unga qiziqishni yo‘qolmasligi uchun individual topshiriqlarni bajarilishida o‘qituvchi o‘quvchilarga muntazam yordam ko‘rsatib borishi zarur.
Shu maqsadda, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini tabiatni e'zozlash ruhida tarbiyalashda o‘quv sayohati va mehnat ta'limi darslaridan foydalaniladi. Individual topshiriqlarning bajarilishini tekshirib borish kerak, ish oxirida esa uning natijalarini o‘quvchilarga bayon qilish zarur. Doim esda tutish kerakki, individual ishlarning amaliy ahamiyati faqat o‘quvchilar uni amalga oshirish zarurligini tushungandagina ta'minlanadi. Shunga ko‘ra, qilingan ish to‘g‘risida vaqt-vaqti bilan (tabiatshunoslik darsida yoki sinfdan tashqari mashg‘ulotda) hisobot tinglab borish foydalidir. Bunda har bir individual ishning natijalari barcha o‘quvchilarning boyligi bo‘lib qoladi. Bunday hisobotlar sinfdan tashqari ishlarga qiziqishni rag‘batlantiradi, tabiatni e'zozlash ruhida tarbiyalash to‘g‘risidagi o‘quvchilar bilimini to‘ldiradi va kengaytiradi, ularni sinfdan tashqari ishlarning barcha shakllarida faol qatnashishlariga olib keladi.
Dostları ilə paylaş: |