Vaqt tanqisligi - bu tushuncha rahbarlik faoliyatida yoki umuman barcha faoliyatlar davomida, ya’ni rahbarlarning boshqaruv faoliyatida biron-bir vazifani bajarishga yoki ayrim bir masalalarni hal qilishga ulgurilmagan vaziyatlarda ishlatiladi. Mazkur tushuncha bajarilishi lozim bo’lgan vazifalarning bajarilish muddatiga nisbatan qo’llaniladi, ya’ni yuqorida aytib o’tganimizdek, vazifaning bajarilish muddatini belgilash zaruriyatini aslida rahbarlar emas, balki hayotiy ehtiyojlar belgilaydi. Masalan, vaqt tanqisligi sababli maktab oshxonasining ta’mirlash ishlari birinchi qo’ng’iroq kuniga tugallanmadi. Demak, bu yerda o’quv yilining birinchi kuniga, ya’ni bayram kuniga maktab oshxonasining faoliyat ko’rsatish zaruriyatini umumiy ehtiyojlar belgilaydi. Vaqt yetishmasligiga kelsak, ta’mirlash ishlarini rejalashtirish va amalga oshirishda rahbarning e’tiborsizligi yoki ta’mirlash guruhi a’zolari ishining yaxshi tashkil etilmaganligi sabab bo’lishi mumkin. Barcha faoliyatlar davomida, jumladan, boshqaruv faoliyatida vaqt o’ziga xos ahamiyat kasb etib, bajariladigan vazifalarning mazmun-mohiyati, zamonaviy o’zgarishlarga va rivojlanishga bog’liqligi, shuningdek, umumiy manfaatlar va ehtiyojlarning ifodalanishi kabi omillarni inobatga olgan holda faoliyatni rejalashtirish va amalga oshirish vaqt tanqisligining oldini oladi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, ta’lim tashkilotlarini boshqarishda rahbarlar va mutaxassislar uchun asosiy omil ularning qancha vaqtga ega ekanligi emas, balki bajariladigan vazifalarning zaruriyatidan va vaqtga bog’likdir xususiyatlaridan kelib chiqib toifalarga ajratish va o’z faoliyatlari davomida vaqtdan unumli foydalanishi muhim ahamiyat kasb etadi. Ta’lim tashkilotlarini boshqarishda rahbarlar va mutaxassislar bajariladigan ishlarning vaqtga bog’liqlik xususiyatlariga ko’ra kunlik - eng zarur, xaftalik - zarur, oylik - ulgurilishi zarur bo’lgan va yillik - bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan ishlar kabi toifalarga ajratishlari hamda shunga ko’ra rejalashtirish, tashkil etish, muvofiqlashtirish, rag’batlantirish, nazorat va tahlil ishlarini amalga oshirishlari mumkin. Mazkur toifalar bo’yicha bajariladigan ishlarni rejalashtirish va tashkil etishda rahbarlarning ish rejalariga rahbar o’rinbosarlari hamda mutaxassis va bajaruvchilarning rejalarini muvofiklashtirishlari va ish boshlashdan oldin kunlik reja, ya’ni birinchi toifadagi va boshqa toifalardagi ishlarning bajarilishi yuzasidan kelishib olinishi maqsadlarga erishishda samarali hisoblanadi. Chunki rahbar kunlik ishini rejalashtirib bo’lgandan keyingi ixtiyoriy yuqori tashkilotdan kelgan kung’iroq yoki rahbarning yig’ilishga chaqirilishi kunlik ishlarning bajarilishiga salbiy ta’sir ko’rsatmasligi kerak. Albatta yuqorida keltirilgan toifalar o’zgarmas bo’lmaydi, asosan birinchi toifa tez-tez o’zgarib yangilanib boradi, shuning uchun bular muntazam ravishda rahbarlar o’rtasida kelishish orqali muvofiqlashtirib borilishi zarur. Ta’lim-tarbiya jarayonini ilmiy asosda tashkil etish, uni rivojlantirib va takomillashtirib borish ilg’or pedagogik tajribalarni, yangi pedagogik va axborot texnologiyalarini ta’lim jarayoniga tatbiq etish, fan va texnika yutuqlaridan amaliyotda foydalanish kabi vazifalar barcha ta’lim tashkilotlari uchun zarur bo’lib, bular ma’lum bir muddatni belgilamaydi, chunki qanchalik tez o’zlashtirilsa shuncha yaxshi samara beradi.