Pedagogik texnologiya - bu o’qituvchi (tarbiyachi)ning ta’lim-tarbiya vositalari yordamida o’quvchi (talaba)larga muayyan sharoitda ta’sir ko’rsatishi va bu faoliyat mahsuli sifatida ularda oldindan belgilangan shaxsiy sifatlarni shakllantirish jarayonidir.
Yuqorida keltirilgan ta’rifdan ko’rinib turibdiki, pedagogik texnologiya tushunchasini izohlashda texnologiyajarayoni asos qilib olindi. Aslini olganda ham, bu tushunchaga berilgan ta’riflar pedagogik adabiyotlarda nihoyatda ko’pdir. Pedagogik adabiyotlarda "texnologiya" atamasining xilma-xil ko’rinishlarini uchratish mumkin: "o’qitish texnologiyasi", "ta’limli texnologiya", "ma’lumot texnologiyasi", "o’quv jarayoni texnologiyasi"va hokazo. O’qitish texnologiyasi pedagogik texnologiyaga yaqin tushuncha bo’lsa-da, aynan o’xshash ma’noni anglatmaydi, chunki u ma’lum predmet, mavzu va savollar doirasidagi aniq o’quv materialini o’zlashtirish yo’lini muayyan texnologiya atrofida ifoda etadi. U ko’proq xususiy metodika bilan bir qatorda turadi.
Pedagogik texnologiya esa ma’lumot texnologiyasini joriy etish taktikasini ifodalaydi va "o’qituvchi - pedagogik jarayon o’quvchi (talaba)" funksional tizim qonuniyatlariga tegishli bilimlar asosida quriladi. Alohida qayt etib o’tish joizki, ayni vaqtda ta’lim texnologiyasi tushunchasini mantiqiy-g’oyaviy jihatdan izohlash borasida yagona fikr mavjud emas. Pedagogik adabiyotlarda 300 dan ortiq ta’riflar berilgan.
Yuqorida qayd etilganidek, pedagogik texnologiya nazariyasi o’tgan asrning ikkinchi yarmidan boshlab asoslanib kelinayotgan bo’lsa-da, aynan “pedagogik texnologiya” tushunchasiga nisbatan turlicha yondashuvlar mavjud. Xususan pedagog olim V.P.Bespalko pedagogik texnologiyani “amaliyotga tatbiq qilinadigan muayyan pedagogik tizim loyihasi” deya ta’riflaydi hamda asosiy diqqatni o’quv-pedagogik jarayonni oldindan loyihalashga qaratadi.
Pedagogik texnologiyaning ta’riflari. Hozirgi ta’lim-tarbiya sohasida keng rivojlanib borayotgan yo’nalishlardan biri zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo’llashdan iborat. Ma’lumki, ta’lim-tarbiya jarayoni katta avlod tomonidan o’z bilim va tajribalarini o’sib kelayotgan avlodga o’rgatishdan iborat bo’lib, bu jarayonda asosan inson hayoti uchun zarur axborotlarni avloddan avlodga uzatish amalga oshiriladi.
Pedagogik texnologiyaning har turli ta’riflari mavjud bo’lib, har bir ta’rif ma’lum nuqtai nazardan yondashishni ifodalaydi. Ayrim asosiy ta’riflar va ularning sharxlarini ko’rib chiqamiz.
Texnologiya – biror ishda, mahoratda, san’atda qo’llaniladigan usullar, yo’llar yig’indisi.
Pedagogik texnologiya-o’qituvchi mahoratiga bog’liq bo’lmagan xolda pedagogik muvaffaqiyatni kafolatlay oladigan o’quvchi shaxsini shakllantirish jarayonining loyihasidir (V.B.Bespalko).
Pedagogik texnologiya-texnika resurslari, odamlar va ularning o’zaro ta’sirini hisobga olgan holda ta’lim shakllarini optimallashtirish vazifasini qo’yuvchi o’qitish va bilimlarni o’zlashtirishning xamma jarayonlarini yaratish, qo’llash va aniqlashning tizimli metodi (YuNESKO).
Pedagogik texnologiya-bu o’qitishga o’ziga xos yangicha (innovatsion) yondoshuvdir. U pedagogikadagi ijtimoiy-muhandislik tafakkurining ifodalashi, texnokatik ilmiy ongning pedagogika sohasiga ko’chirilgan tasviri, ta’lim jarayoning muayyan standartlashuvi hisoblanadi (B.L.Farberman).
O’qituvchining o’qitish (tarbiya) vositalari yordamida o’quvchilarga muayyan sharoit va izchillikda ta’sir ko’rsatish hamda mazkur faoliyatning mahsuli sifatida ularda oldindan belgilangan sifatlarni shakllantirish jarayoni (N.Saidahmedov).
Yuqorida keltirilgan ayrim ta’riflarning o’zaro har xilligidan ko’rinadiki, pedagogik texnologiya tushunchasi ko’p qirrali bo’lib, unga pedagogik, psixologik, didaktik, tashkiliy, iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik va boshqa nuqtai nazalardan yondashish mumkin.
Pedagogik texnologiyaning asosiy xususiysti -axborotlarni o’zlashtirish, ulardan amalda foydalanish, ulardagi yangi ma’no-mazmunlarni hamda axborotlar orasidagi turli bog’liqliklarni ochish orqali yangi axborotlar yaratishga o’rgatish jarayonidan iborat.
Pedagogik texnologiya-ta’lim metodlari, usullari, yo’llari hamda tarbiyaviy vositalar yig’indisi: u pedagogik jarayonning tashkiliy-uslubiy vositalari majmuidir.
Pedagogik texnologiya-ma’lumotlarni o’zlashtirish uchun qulay shakl va usulda uzatish va o’zlashtirish jarayonidan iborat.
Demak, pedagogik texnologiya-insonga (ta’lim-tarbiya oluvchiga) oldindan belgilangan maqsad bo’yicha ta’sir o’tkazish faoliyatidan iborat.
Pedagogik texnologiya o’quvchini mustaqil o’qishga, bilim olishga, fikrlashga o’rgatishni kafolatlaydigan jarayondir.
Xulosa qilib aytganda pedagogik texnologiya jarayonida o’qituvchi rahbarligida o’quvchi mustaqil ravishda bilim oladi, o’rganadi, o’zlashtiradi.
Bu faoliyatni amalga oshirish uni tashkil qilish, olib borish, takomillashtirish, tahlil qilish, tadqiq qilish, qiyoslash, umumlashtirish, xulosa chiqarish, boshqarish, nazorat, baholash kabi jarayonlarni o’z ichiga oladi.