Pedagogik texnologiya turlari va asosiy yo’nalishlari. Pedagogik texnologiya turlari: Muammoli o’qitish, mujassamlashtirilgan ta’lim, modul ta’limi, rivojlantiruvchi ta’lim, differentsiallashgan ta’lim, faol o’qitish (majmuaviy ta’lim), o’yin texnologiyalari.
Shuningdek, hozirda pedagogik texnologiyalarning boshqa yo’nalishlari ham mavjud bo’lib, ulardan asosiylari empirik, kognitiv, evristik, kreaktiv, inversion, integrativ, adaptiv, inklyuziv pedagogik texnologiyalardan iborat. Bu yo’nalishlarning asosiy xususiyatlari quyidagicha:
Empirik - (tajriba).Sezgi a’zolari orqali bilim olish. Bu texnologiyada asosiy e’tibor sezgi a’zolarining tabiiy rivojlanganlik imkoniyatlariga tayangan holda bilim berish va ularni yanada takomillashtirib borishga qaratiladi. Kognitiv-(bilishga oid). Atrofdagi olam to’g’risidagi bilimlar doirasini kengaytirish texnologiyasi. U tabaqalash (tarkibiy qismlarga ajratib o’rganish) tafakkurini shakllantiradi, bilish ehtiyojlarini rivojlantiradi. Evristik–(haqiqatni topish)
Yo’naltiruvchi savollar berish yo’li bilan ta’lim berish tizimi. Topqirlik, faollikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi, o’quv-izlanish ta’lim metodi. Optimallashgan (ko’p variantlardan eng ma’qulini, mosini tanlash) tafakkurni rivojlantiradi. Kreaktiv –(ijodiy) Tadqiqot xarakteriga, xususiyatiga ega bo’lib, o’quvchilarda maqsadga yo’naltirilgan ijodiy tafakkurni jadal rivojlantiradi. Inversion –(almashtirish) Axborotlarni turli tomondan o’rganish, o’rnini almashtirish xususiyatiga ega bo’lib, tafakkur (fikrlash) tizimini shakllantiradi. Integrativ – (yaxlitlash). Axborotlarni tashkil qiluvchi cheksiz ko’p kichik qismlarning o’zaro ajralmas bog’liqligi ularning yaxlitligi, bir butunligi asosida yagona to’g’ri xulosani aniqlash. Adaptiv – (moslashtirish). Axborotlarni o’rganish va ulardan foydalanish jarayonini o’rganish hamda o’rgatish uchun qulaylashtirish, moslashtirish asosida kutilgan natijaga erishish. Inklyuziv – (tenglik). O’qituvchi bilan o’quvchining o’zaro munosabatlarida tenglik asosida ta’lim tarbiya jarayonini tashkil qilish. Shu bilan birga, imkoniyati cheklangan o’quvchilarni sog’lom o’quvchilar bilan birgalikda o’qishni tashkil qilish pedagogik texnologiyasi.
Shunday qilib, avvaldan loyihalashtirilgan ta’lim-tarbiya jarayonining pedagogik texnologiyasi o’zida metodlar tizimi, ta’lim metodik usullari, maqsad, vositalari, o’qituvchi va o’quvchilarning birgalikda faoliyat ko’rsatish imkoniyatlari hamda yakuniy natijalariga erishish borasidagi majmuani mujassamlashtiradi.
Pedagogik texnologiya tushunchasi bilan metodika orasidagi farq. Hozirgi kunda o’qituvchilar pedagogik texnologiya haqida aniq tushuncha va tasavvurlar birmuncha kamligi natijasida uni xususiy metodikalar bilan deyarlik teng hisoblash hollari uchraydi. Aslida esa ular orasida jiddiy farqlar mavjud bo’lib, quyida ular haqida qisqacha bayon qilinadi.