Bolalarda matematik bilimlarni mustahkamlash va ularni amalda qo‘llash Bolalar olgan bilimlari kundalik hayotda, o‘yinda, mehnatda, turmushda, shuningdek boshqa mashg‘ulotlarda doim mustahkamlanishi juda muhim.
Bilimlarni mustahkamlashda didaktik o‘yinlar, jumladan, xalq didaktik o‘yinlari, piramidachalar va boshqa o‘yinchoqlar bilan o‘ynaladigan o‘yinlar muhim rol o‘ynaydi. Fazoda mo‘ljal (oriyentatsiya) olish mashqlarini ta’minlovchi o‘yinlarga katta ahamiyat beriladi.
Jismoniy tarbiya va musiqa mashg‘ulotlarida bolalarning tartib sanoq bilan shug‘ullanishlariga, harakat yo‘nalishlarini aniqlashlari va hokazolarga to‘g‘ri keladi.
Geometrik shakllarni bilish, kattalik belgilarini ajrata olish va ular orasida o‘lchov munosabatlarini o‘rnata olish malakasi, buyumlar orasida fazoviy munosabatlar o‘rnata olishdan tashqari bolalar har doim rasm solish, loy va plastilindan narsalar yasash, konstruksiyalash va boshqa mashg‘ulotlarida foydalanishlari lozim.
Bolalarning bilimlari borgan sari mustahkamroq va ta’sirchanroq bo‘lib boradi, yangi sharoitlarga o‘tkaziladi, bolalar ularni mustaqil qo‘llashga o‘rganadilar, ularning foydasiga tushunadigan bo‘ladilar.
Bolalarning sanashning, o‘lchay olishning muhim ekaniga ishonch hosil qilishlarida ularga yordam berish zarur. Kattalar o‘zlarining matematik bilimlaridan qanday foydalanishlari (masofani o‘lchashlarini, o‘lchovni qanday olishlari buyumlarni sanashlarini va h. k.)ni kuzatish tashkil qilinadi.
Tarbiyachi bolalarga nima uchun odamlarga o‘lchay olish, sanash va hokazolar kerakligini tushuntiradi. Maktabgacha ta’lim yoshdagi bolalarda matematik bilimlarga va ularni egallashga qiziqish uyg‘otish zarur. Bu maktabda matematikani muvaffaqiyatli o‘rgatishning garovi bo‘ladi.
Bolalarni geometrik shakllar bilan tanishtirish
М аtematika mashg‘ulotlarida bolalar eng sodda geometrik shakllar bilan, ularning ba’zi xossalari bilan tanishadilar, buyumlarni geometrik etalonlar bilan taqqoslash asosida ularning (buyumlarning) shaklini tahlil qilish va baholashni o‘rganadilar.
Bolalarda asta-sekin shakl haqidagi umumiy tasavvur shakllanadi, bunday tasavvur maktabda geometriya, chizmachilik kabi fanlarni o‘zlashtirish uchun asos bo‘ladi. “Bolajon” tayanch dasturida geometrik shakllar bilan tanishtirishga qo‘yilgan vazifalar mazmuni bilan tanishtirish.