7- MAVZU: MA’MURIY AMALIYOTDA SOLIQ TO’G’RISIDAGI QONUN HUJJATLARINING BUZILGANLIGI UCHUN TA’SIR CHORASI SIFATIDA ISHLARNI HUQUQNI MUHOFAZA QILUVCHI ORGANLARGA JO’NATISH.
REJA:
Soliq to’g’risidagi qonun hujjatlarining buzilganligi uchun ta’sir choralarini qo’llash uchun ishlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborish.
Ma’muriy ishni sud yoki boshqa vakolatli organga yuborish tartiblari.
Amaliy mashg’ulot.
Tayanch so’z va iboralar:Davlat soliq xizmati organlari, O’zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti, ma’muriy ishlar bo’yicha sudyalar.
1. Soliq to’g’risidagi qonun hujjatlarining buzilganligi uchun ta’sir choralarini qo’llash uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborish. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq nazorati, shu jumladan soliq tekshiruvlarini o’tkazish, soliq tekshiruvi materiallarini ko’rib chiqish va qaror qabul qilish, soliq to’lovchilarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qo’llash to’g’risida sudga murojaat qilish, ma’muriy huquqbuzarliklar to’g’risidagi ishlarni yuritish hamda jinoyat haqidagi materiallarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborishda O’zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi, Xo’jalik protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, «Davlat soliq xizmati to’g’risida»gi va «Xo’jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunlari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilinadi.
Vakolati doirasida ma’muriy ishlarni ko’rib chiquvchi idoralarga bayonnomalar va ularga ilova qilinadigan hujjatlar bir sutkadan kechiktirmasdan yuboriladi.
Davlat soliq xizmati organlarida ko’rib chiqilgan, shuningdek taalluqliligi bo’yicha sud va boshqa organlarga yuborilgan ma’muriy ishlar hamda ularning ko’rib chiqish natijalari ma’muriy amaliyotni hisobga olish dasturiy mahsulida qayd etiladi.
Davlat soliq qo’mitasining Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish bosh boshqarmasi va uning hududiy bo’limlari tomonidan material ko’rib chiqilgandan so’ng, ko’rilgan choralar haqidagi ma’lumotlar (qabul qilingan qarorlar (soliq to’lovchini javobgarlikka tortish, ma’muriy jazo qo’llash yoki ish yuritishni tugatish haqida), sud, prokuratura yoki boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilganligi haqidagi xat nusxalari, shuningdek jinoyat ishi qo’zg’atish to’g’risidagi qaror nusxasi) keyingi ish kunidan kechiktirilmasdan ijrochi mas’ul xodim tomonidan material ro’yxatga olingan joydagi Davlat soliq inspeksiyasiga taqdim qilinadi va Bosh boshqarma yoki hududiy bo’limda yuritilayotgan 4-shakl kitobiga qayd etiladi.
Davlat soliq qo’mitasining Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish bosh boshqarmasi va uning hududiy bo’limlari tomonidan prokuratura yoki boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organga yuborilgan material asosida yoxud bevosita Bosh boshqarma yoki uning hududiy bulimi tomonidan jinoyat ishi qo’zg’atilganda, bu haqda keyingi ish kunidan kechiktirmasdan bo’lim tomonidan davlat soliq qo’mitasi Raisi nomiga maxsus xabar yuboriladi(Bosh boshqarma bildirgi kiritadi).