MEN O’TGAN UMRGA
Hayot kitobimni bexos varaqlab,
Men o‘tgan umrga achinmay qo‘ydim.
Tabassum o‘rnida kuldim charaqlab.
Suyish kerak bo‘lsa - telbacha suydim.
Kiyganim ipakmi, chitmi yo kimxob,
Yurak boyligidan qilmabman parvo.
Meni og‘ushlagan hayot naq oftob,
Yangi qo‘shiq talab unda har saboq.
Men o‘tgan umrga achinmay qo‘ydim,
Hech kimda ko‘rmayin umrimga o‘xshash:
Suydim,
Erkalandim,
Ayrildim,
Kuydim,
Izzat nima - bildim.
Shu-da bir yashash!..
SOG’INIB
Shu kunlarda bahorga zorman,
Navjuvonlik o‘ti tanda yo‘q.
Kuz singari za’far ruxsorman,
Mevalar ham shoxlardan uzuq.
Shu kunlarda bahorga zorman,
Tanxastalik ezadi ruhim.
Tanho emas, qatorda borman,
Yana neni izlaydi suqim?
Shu kunlarda bahorga zorman,
Shaffof, yorqin kuy tilar ko‘ngul.
Yaxshiyamki, qalamga yorman,
So‘zlab turar bor dilimni ul.
Shu kunlarda bahorga zorman,
O’z bahorim kabi bemisol.
Bahor qaytmas, yonuvchi qorman,
Yo no‘noq qo‘l butagan nihol.
Shu kunlarda bahorga zorman...
BALKI
Ko‘zingda chaqmoqqa o‘xshash o‘tli nam,
Ranging siniqishi, lab titrashi sir.
Balki, hisni bo‘g‘ib, irodangga jim
Yolvorasan, kuch ber, bo‘lmay deb asir?
Ko‘mib yubormoqchi sen tul yoshliging,
U - faqat yashnashga qodir tabiat.
Balki, baxt bekasi atagan kishing –
Ruhi ham istamas xazoning bevaqt?
Bilsang, daraxtni sindirar bo‘ron,
Nihol bo‘lsa, yana o‘sar gurkirab.
Balki, yo‘q ta’nalar, andisha, gumon,
Baxtga haqqing yutar, diling zirqirab?
Yarim taqdir go‘yo siniq ko‘zgumish,
Hayot taqozosi baxt bekamlikdir.
Balki, to‘kqiz guling bilmasdan so‘lish,
Pok hisning amriga kirmak kerakdir?
Dostları ilə paylaş: |