Birinchi guruhga shaxs, millat yoki jamiyatning ichki salohiyati bilan bog‘liq bo‘lgan qonuniyatlar kiradi. Ya’ni shaxs, millat yoki jamiyatning ichki saloxiyati mustahkam, zaminlari chuqur bo‘lishi ma’naviyat rivojlanishining asosini tashkil qiladi. Agar ichki saloxiyat nochor bo‘lsa, shaxs barkamollik darajasiga, millatning bir butunligini saqlashga va ayni paytda jamiyatning yuksak taraqqiyot pog‘onasiga erishishiga salbiy ta’sir qiladi. Yana ham aniqroq qilib aytiladigan bo‘lsa, ichki saloxiyat asosiy tayanch va ob’ektiv zaruriyatdir. Ichki salohiyatning darajalari esa ob’ektiv va sub’ektiv omillar bilan bog‘liq bo‘ladi. Uning rivojlanishi ularning uyg‘un holatda bo‘lishini taqozo etadi.
Ichki salohiyatning mustahkam bo‘lishi tarixiy taraqqiyot bosqichi yoki shaxs shakllanish jarayoni qanday murakkab bo‘lmasin, baribir zaruriy sharoitlar yuzaga kelgan paytda shaxs ma’naviy kamolotini va millatning yuksalishini ta’minlashga xizmat qilaveradi.
Ikkinchi guruh qonuniyatlariga shaxslar va millatlarning o‘zaro munosabatlari jarayonida sodir bo‘ladigan “o‘zaro ta’sir” va “o‘zaro boyitish” orqali bo‘ladigan jarayonlar kiradi. Ya’ni, shaxs ma’naviy kamoloti onadan tug‘ilishi bilan yuzaga kelmaydi. Xuddi shuningdek, millat ham tarixiy taraqqiyotning ma’lum bosqichlarida boshqa xalqlar, millatlar bilan hamkorlik natijasida yuzaga keladi. Hech qachon shaxs, inson o‘zgalarsiz yashay olmaganidek, millat ham boshqa millatlar, xalqlar bilan aloqa qilmasdan taraqqiy qila olmaydi, boz ustiga bugungi kunda dunyoda “sof” millat borligiga hech kim guvohlik yoki kafolat bera olmaydi. Jamiyat ham xuddi ana shu qonuniyat asosida rivojlanadi.
Ma’naviyat ana shu o‘zaro munosabatlar va “ta’sirlar” asosida rivojlanib boradi. Bu jarayonda bir tomon ikkinchisiga nimanidir “beradi” va nimanidir “qabul” qiladi. Shunday qilib, ma’naviyat rivojlanishidagi “ta’sir” va “aks ta’sir” qonuniyati mavjud bo‘lib, u ma’naviyatning rivojlanib borishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Bu qonuniyatlarning amal qilish jarayoni ob’ektiv va sub’ektiv shart- sharoitlar bilan bog‘liq bo‘ladi. Shaxs kamoloti va ma’naviyatning erkin rivojlanishi, kamol topishi uchun sharoit mavjud bo‘lsa, qonuniyatlarning amal qilishi umumma’naviy taraqqiyotga xizmat qilishga o‘zining ijobiy ta’sirini o‘tkazadi.
Aksincha, shaxsni itoatkor bo‘lishga qaratilgan va ma’naviyatni zo‘ravonlik siyosatini qo‘llab-quvvatlash vositasiga aylantirish harakati ustuvor bo‘lgan sharoitda “ta’sir” va “aks ta’sir” umumma’naviy tushkunlikka olib kelishi mumkin. Bu jarayonda davlatning shaxs va ma’naviyatga bo‘lgan munosabati hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Mustaqillik yillarida davlatimiz tomonidan shaxs kamoloti va ma’naviyatni rivojlantirishga qaratilgan siyosati bugungi kunda o‘zining dastlabki natijalarini ko‘rsatmoqda. Mamlakatimizda barkamol inson shakllanmoqda va umumma’naviy salohiyatimiz yuksalmoqda.
Ma’naviyat barcha ijtimoiy gumanitar fanlar tizimida eng “yosh” bo‘lganligi sababli uning tushunchalarini bir tizimga keltirish murakkab hisoblanadi. Chunki, uning ayrim kategoriyalari (tushunchalari) falsafa, estetika, etika, dinshunoslik va boshqa fanlarning tushunchalari bilan ham uyg‘unlashib ketgan. Bu tabiiy hol. Zero ma’naviyatni ularning uyg‘unligisiz tasavvur ham qilib bo‘lmaydi.
“O‘zbekiston tarixi” fani o‘rganadigan moziy, ya’ni o‘tmish davrlar, aslini olganda, xalqimiz ma’naviyatining tarixidir. Xalqni – ma’naviyatsiz, ma’naviyatni esa, uni yaratgan ijodkor xalqsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ma’naviyat haqidagi bilimlar to‘liq va aniq bo‘lishi uchun uning tarixi qunt bilan o‘rganilishi kerak. Ayni paytda, yana bir muhim holat bor – tarixni o‘rganish, uni haqqoniy yoritish millatning ma’naviy poklanishi, yuksalishi uchun juda zarur. “Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q”, deganda Birinchi Prezident Islom Karimov aynan shu jihatni nazarda tutadi.
Bu fan, ayniqsa falsafa bilan yaqin aloqador bo‘lib, uning qonun va kategoriyalarini qo‘llagan holda jamiyat va inson hayoti uchun o‘ta muhim bo‘lgan ma’naviyat sohasini tahlil qiladi. Moddiy va ma’naviy dunyoni dialektik bog‘liqlikda, bir-biriga qarama-qarshi qo‘ymay va bir tomonlamalikka yo‘l bermay o‘rganishgina ilmiy haqiqatni ochish va falsafiy hikmatni topishga imkon yaratadi. Demak, ma’naviyatni o‘rganish uchun ilmiy falsafaning metodlari zarur.
“Ma’naviyat asoslari”ning madaniyatshunoslik, dinshunoslik, axloqshunoslik fanlari bilan aloqasi ham bevosita bo‘lib, bu fanlar o‘rganadigan madaniy meros, diniy qadriyatlar, milliy va umuminsoniy axloq-odob me’yorlari kabi masalalarni bu fan yanada chuqurlashtiradi.
“Milliy g‘oya: O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi” o‘quv fani doirasida o‘rganiladigan mavzularda ma’naviyat masalalari muayyan darajada tahlil qilinadi, ammo bulardan farqli o‘laroq “Ma’naviyat asoslari” fani yurtimizda olib borilayotgan ma’naviy siyosatning barcha qirralarini o‘rganadi.
Xulosa qilib aytganda, “Ma’naviyat asoslari” fanini o‘rganish orqali insonning botiniy, ya’ni ichki ruhiy-ma’naviy olami hamda jamiyatning barcha jabhalariga o‘z ta’sirini ko‘rsatadigan sohasi to‘g‘risida asosiy tushuncha va tasavvurlarga ega bo‘linadi. Mazkur fan:
- bilim berish orqali insonning ilmiy salohiyatini o‘stirishini;
- tizimga solingan bilimlar orqali dunyoqarashni tashkil etishini;
- dunyoqarash asosida e’tiqod, imon shakllanib, bularni harakatga, hayotga undashini;
- qadriyatlarni shakllantirib, qadr-qimmat, sha’n, or-nomusni saqlashini;
- nima yaxshiyu nima yomon, kim do‘stu kim dushman ekanini aniqlaydigan mezonlar berishi va ma’naviy xurujlardan himoyalanishni o‘rgatadi.