Ma’naviy immunitetni shakllantirish vazifasi – inson ongi va qalbi uchun kurash kuchaygan hozirgi davrda mafkuraviy poligonlar yadro poligonlaridan ham katta kuchga ega bo‘lib bormoqda. Boshqa mamlakatlar, ayniqsa, yosh mustaqil davlatlar xalqlarini o‘ziga g‘oyaviy qaram qilish maqsadida g‘araz kuchlar va turli geostrategik markazlar mafkuraviy, ruhiy, ma’naviy ta’sirning turli shakllari, usul va vositalarini ishga solmoqda. Xalq ma’naviyatini pasaytirish, yoshlarga o‘z standartlarini singdirish, axloqsizlikni targ‘ib qilish yo‘li bilan g‘oyaviy parokandalik va mafkuraviy zaiflikni yuzaga keltirishga urinishlar tobora ko‘proq sodir bo‘lmoqda.
Yuksak ma’naviyat xalqimiz uchun, ayniqsa, yosh avlod uchun o‘ziga xos bir qalqon bo‘lib, uni turli ofat va talofatlardan saqlaydi, himoya qiladi.
“Ma’naviyat asoslari” fani mana shunday muhim vazifalarni bajaradi, bunday xayrli ishga o‘z hissasini qo‘shadi.
Ma’naviyat fanining predmeti nima? Inson va jamiyat ma’naviy hayoti, maqsadi: komil inson – imon-e’tiqodi butun, irodasi baquvvat, erkin fuqaro ma’naviyatini shakllantirish va jamiyat ma’naviy salohiyatini rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Ana shu keng qamrovli vazifalardan ko‘rinib turibdiki, inson kamoloti va jamiyatning yuksak darajaga ko‘tarilishi ma’naviyatni rivojlantirishga bog‘liq bo‘ladi.
Ma’naviyat rivojlangandagina jamiyatda iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy barqarorlik vujudga keladi hamda mamlakat va millat taraqqiy etadi. Bu o‘z navbatida shaxsning barkamol rivojlanishi uchun zamin bo‘lib xizmat qiladi. Buni chuqur his qilgan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov yuksak ma’rifiy-madaniy jamiyat qurish, har tomonlama barkamol Vatanni shakllantirish siyosatini yurgizmoqda. U “O‘zbekistonni yangilash va rivojlantirish o‘z yo‘liga ega va u to‘rtta asosiy negizga asoslanadi”, - deb ko‘rsatadi. Ular quyidagilar:
- umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik;
- xalqimizning ma’naviy merosini mustahkamlash va rivojlantirish;
- insonning o‘z imkoniyatlarini erkin namoyish qilish;
- vatanparvarlik.
Ma’naviyat va ma’rifat insonning ruhiy qanotlaridir. Ularning har biri kishi ichki dunyosini o‘stirib, parvozga yaroqlik qiladi. Islom Karimov 1992-yildayoq “Oldin odamlarga moddiy boylik berish, so‘ngra ma’naviyat to‘g‘risida to‘g‘risida o‘ylash kerak, deganlar haq bo‘lmasalar kerak. Ma’naviyat – insonning, xalqning, jamiyatning kuch-qudratidir”, - deb ta’kidlagan edilar. Bu bilan u sobiq sho‘rolar davrida ma’naviyatni rivojlantirishga uchinchi darajali omil sifatida qaralishining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy inqirozining sabablarini ham ko‘rsatib berdi. Ikkinchidan, ma’naviyatni rivojlantirmasdan, shaxsning ma’naviy ruhiyatini o‘zgartirmasdan turib, jamiyatda ko‘zlangan maqsadni amalga oshirish mumkin emasligini ilmiy asoslab berdi.
“Ma’naviyat asoslari” fanining metodlari nimalardan iborat? U dialektik metod, qiyoslash va taqqoslash (kuzatish, tarixiy yondashish, mantiq) metodlari, empirik-sotsiologik metod, umummantiqiy metod (sintez, abstraktlash, umumlashtirish), nazariy metod, axloqiy metod (ayrim guruh yoki shaxs xulqini kuzatish), izohlash metodi, diagnostika metodi, axborotlash metod (fan yutuqlaridan foydalanish)larini o‘z ichiga oladi.
“Ma’naviyat asoslari” fani kategoriyalari (tushunchalari) nima? Shaxsning o‘z-o‘zini anglashi, bilimdonlik, qalbi tozalik, saxiylik, samimiylik, xayrixohlik, imonlilik, halollik, e’tiqodlilik, diyonatlilik, poklik, mehr-shafqatlilik, vijdonlilik, rostgo‘ylik, adolatparvarlik, ota-onaga hurmat, oilaga sadoqat, vafodorlik, to‘g‘rilik va boshqalar. Shaxsning millat vakili sifatidagi maqomida: milliy o‘z-o‘zini anglash, milliy g‘urur, millatparvarlik, vatanparvarlik, millat taqdiriga nisbatan mas’uliyatni, milliy manfaat ustuvorligini his etish, milliy til, milliy tarix, adabiyot, san’at, mamlakat ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy hayotida faollik va boshqalar bo‘lsa, shaxsning jamiyat vakili sifatidagi maqomida: mamlakatning jahondagi nufuzini oshirishda mas’ullik, tamadduni yutuqlarini egallash, jahon xalqlari oldida turgan umumbashariy muammolarga befarq bo‘lmaslik, milliy va umuminsoniy manfaatlar uyg‘unligini anglash, insonning tabiatning bir bo‘lagi ekanligi, uni asrashda mas’ullik va boshqa bir qator tushunchalarni kiritish mumkin.
Ma’naviyatning rivojlanishi ma’lum qonuniyatlarga asoslanadi. Garchand bunday qonuniyatlar bir necha yo‘nalish va jarayonlarni o‘z ichiga olsa ham, ularni ikki yirik guruhlarga ajratish mumkin.
Birinchi guruhga shaxs, millat yoki jamiyat bilan bog‘liq bo‘lgan qonuniyatlar kiradi. Ya’ni shaxs, millat yoki jamiyatning ichki salohiyati mustahkam, zaminlari chuqur bo‘lishi ma’naviyat rivojlanishining asosini tashkil qiladi.
Ikkinchi guruh qonuniyatlariga shaxslar va millatlarning o‘zaro munosabatlari jarayonida sodir bo‘ladigan “o‘zaro ta’sir” va “o‘zaro boyitish” orqali bo‘ladigan jarayonlar kiradi. Ya’ni shaxs ma’naviy kamoloti onadan tug‘ilishi bilan yuzaga kelmaydi. Xuddi shuningdek, millat ham tarixiy taraqqiyotning ma’lum bosqichlarida boshqa xalqlar, millatlar bilan hamkorlik natijasida yuzaga keladi.
Ma’naviyat ana shu o‘zaro munosabatlar va “ta’sirlar” asosida rivojlanib boradi. Bu jarayonda bir tomon ikkinchisiga nimanidir beradi va nimanidir qabul qiladi. Shunday qilib, ma’naviyat rivojlanishidagi “ta’sir” va “aks ta’sir” qonuniyati mavjud bo‘lib, u ma’naviyatning rivojlanib borishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Yuqorida ma’naviyatning jamiyat, shaxs va millat hayotidagi muhim o‘rni haqida fikr yuritildi. Ammo, uni real hayotga qanchalik tadbiq qilish yo qilmaslik davlat olib borayotgan siyosat bilan bog‘liq. Bugunga kelib ma’naviyatning jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyatiga munosabat tobora kuchayib bormoqda. Sobiq ittifoqdosh, bugungi mustaqil davlatlarning ko‘pchiligida birida oldinroq, ikkinchisida keyinroq ma’naviyat omilining roli va ahamiyatini oshirishga imkoniyat darajasida e’tibor berilmoqda.
Bu borada O‘zbekistonning tarixan qisqa vaqt ichida ma’lum tajribalarni to‘plashga erishganligini ta’kidlash lozim bo‘ladi. Ma’naviyatni ko‘tarish davlat siyosatida ustuvor sohaga ko‘tarildi va u o‘zining ijobiy natijalarini ko‘rsata boshladi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda yangi hayot, yangi jamiyat poydevorini barpo etishda erkin fuqaro ma’naviyatini shakllantirish masalasi biz uchun g‘oyat dolzarb ahamiyatga ega. Shu boisdan ham, o‘z haq-huquqini taniydigan, o‘z kuchi va imkoniyatlariga tayanadigan, yon atrofida sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga mustaqil yondasha oladigan, ayni zamonda shaxsiy manfaatlarini mamlakat va xalq manfaatlari bilan uyg‘un holda ko‘radigan, har jihatdan barkamol insonlarni tarbiyalash vazifasi istiqlol yillarida biz uchun hal qiluvchi masalaga aylandi .
Aslini olganda, hozirgi kunda ma’naviyatning ustuvor sohaga ko‘tarilishining bir qator sabablari bor. Ular quyidagilardan iborat:
1. Jamiyatda amalga oshiriladigan barcha vazifalarning taqdiri unda yashaydigan odamlarning tafakkuri, ongi qay darajada o‘sishi bilan bog‘liqdir. Ularning ongi va tafakkurini amalga oshirmoqchi bo‘lgan vazifalar mohiyati va manfaati yo‘nalishidan kelib chiqqan holda o‘zgartirmasdan turib ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘lmaydi.
2. Mustaqillikning dastlabki yillarida sobiq sovet mafkurasidan voz kechish bayrog‘i ostida umuman har qanday mafkuraga qarshi kurash boshlandi. Bu o‘z navbatida odamlarning ma’naviyatiga, shakllangan qadriyatlariga ham o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkaza boshladi. Ayniqsa, matbuotda ba’zi olimlar, birinchi navbatda iqtisodiy tafakkurni shakllantirish zarur, ma’naviyat esa ana shu iqtisodiy tafakkur zaminida yuzaga keladi degan fikrlarni ilgari sura boshladilar. Oqibatda, odamlar ruhiyatida yana bir tomonlama ketish turmush tarzi yetakchi o‘rinni egallay boshladi.
3. Mustaqillikning dastlabki yillarida yuzaga kelgan iqtisodiy muammolar oldida odamlarning aksariyat qismi dovdirab qoldi, ko‘pchilik hollarda yoshlarning ta’lim olish, kasb o‘rganish, san’at va badiiy asarlarga qiziqishdan ko‘ra bozorga chiqish, pul topishga intilish xavfini yuzaga keltirdi.
4. Sobiq ittifoq sharoitida fan, texnika, maorif, oliy ta’lim, bir qator sanoat korxonalarini vujudga keltirish va rivojlantirishda ko‘pgina yutuqlar qo‘lga kiritilgan edi. Ammo, ular markaz manfaatlariga xizmat qilgan.
5. Ma’naviyatning davlat siyosatida ustuvor bo‘lishiga yana bir sabab, millat son jihatidan kattami yoki kichikmi bundan qat’i nazar, ularning real sub’ekt, ma’lum moddiy va ma’naviy boyliklarini yaratuvchisi, iste’molchisi, boshqalarda uchramaydigan, o‘ziga xos xususiyatlari mavjudligini va o‘zining mustaqil o‘rniga ega bo‘lishi kabi omillarni, ya’ni chinakam millat sifatidagi maqomini tiklash hayotiy ehtiyoj darajasiga ko‘tarilgan edi.
6. O‘zbeklar jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan xalqdir. Uning ma’naviyat, fan, madaniyat sohasidagi erishgan yutuqlari jahon xalqlariga asrlar osha xizmat qilib kelmoqda.
7. Ma’naviyat millatni va butun mamlakat aholisini ma’lum maqsadlar sari davlat atrofiga uyushtiruvchi, ularni faollashtiruvchi, yorqin kelajakka ishontiruvchi, inson zotini ulug‘lovchi, uning qadrini anglatuvchi ulkan mexanizm hamdir.