470
MAQSUD QORIYEVNING “IBN SINO” ROMANIDA BOSH QAHRAMON
TASVIRI
Mamurova Mushtari Maxammadjanovna
Farg‘ona davlat universiteti 2-kurs tayanch
doktoranti
E-mail:
mmmamurova@gmail.com
Тел:
90 581 30 40
Annotatsiya:
Ushbu maqola Maqsud Qoriyevning “Ibn Sino” romani bosh qahramoni tasviri
haqidadir. Romanda yozuvchi bosh qahramon qiyofasini butun asar davomida tasvirlaydi,
xarakteriga xos jihatlarni asar voqealari davomida izchillik bilan yorita boradi.
Kalit so‘zlar:
Ibn Sino, tarbiya, xarakter, tasvir, Sanam, xat, olim.
Аннотация:
В данной статье речь идет об образе главного героя романа Максуда
Гариева «Ибн Сино». В романе писатель описывает образ главного героя на протяжении
всего произведения, последовательно выделяет черты его характера на протяжении всех
событий произведения.
Ключевые слова:
Ибн Сина, образование, характер, образ, санам, письмо, учёный.
Abstract:
This article is about the image of the main character of Maqsud Qariyev's novel
"Ibn Sino". In the novel, the writer describes the image of the main character throughout the work,
and highlights the features of his character consistently throughout the events of the work.
Key words:
Ibn Sina, education, character, image, Sanam, letter, scholar.
Ibn Sino – Husaynning tib ilmining bilimdoni bo‘lib yetishishida oilaviy muhit,
ota-onasining unga bo‘lgan e'tibori katta o‘rin tutganligini asoslaydi. Romanda bu
quyidagicha tasvirini topadi: “Otasi asli balxlik bo‘lib, qattiqqo‘l, juda tadbirkor odam.
O‘g‘liga g‘oyat e'tibor bilan qarar, uning ilmli, barkamol bo‘lishini orzu qilardi.
Husayn har daqiqa his etib yurar erdi buni. Ularning Afshonada dala hovlilari, tag‘in
kattagina bog‘lari, bir necha tanob hosildor yerlari bo‘lardi. Otasi qishloqda soliq
yig‘uvchi omilkor bo‘lganligi tufayli ko‘p savobli ishlar qilib, kambag‘al yetim-
yesirlarga hamiyat ko‘rsatardi. Boz ustiga suhbati shirin, g‘oyat ulfat, ma'rifatli,
badiiyatga havasli. Uyidan mehmon arimasdi. Kechqurunlari qishloqning e'tiborli
kishilari yig‘ilishib, mehmondo‘st xonadonda hamsuhbat bo‘lishardi. Husayn o‘shanda
otasining bag‘riga kirib, oqillar majlisidan bahramand bo‘lar, uning yosh, chanqoq
zehni ko‘p narsalarni ilib olishga qodir edi” [1,20].
Husayn tarbiyasida, odob-axloqining shakllanishida onasining hulq-atvori ta'sir
ko‘rsatganligi quyidagicha aks etadi: “Onasi Sitorabonu asli afshonalik bir dehqon qizi
471
bo‘lib, qishloqda malohat bobida unga yetadigani yo‘q desak yanglishmaymiz. Husayn
o‘z onasi bilan hamisha faxrlanar, uni jondan ortiq suyardi. Uning mehnatsevarligi,
otasiga bo‘lgan beqiyos hurmati, farzandlariga hamiyatli munosabati yosh Husayn
qalbida onasiga nisbatan chuqur mehr uyg‘otgandiki, farzandi qobil buning tub
mohiyatini anglab yetolmagani sayin volidasiga muhabbati ortar edi” [1,20]. Ushbu
o‘rinda Yu. Shonazarovning “Bizningcha, epik tasvir, xarakter yaratish tajribalarida
quyidagi uchta asosiy tendensiyani ajratib ko‘rsatish mumkin:
1.
Xarakter va sharoit munosabati tasvirida voqealar mantiqi ustunligi
xususiyati.
2.
Badiiy tasvirda xarakter mantiqi ustunligi belgisi.
3.
Yozuvchi realizmida ilmiylik-tarixiylik tadriji ” [2,52-53]
degan so‘zlari xarakterlidir. “Ibn Sino” romanini yaratishda yozuvchi yuqorida qayd
etilgan uchinchi tendensiyaga amal qiladi. Realizmida ilmiylik-tarixiylik tadriji asosida
“Ibn Sino” romani voqeligi va uning bosh qahramoni qiyofasini aks ettiradi. Otasi
Abdulloh ibn Xasanga xos tadbirkorlik, oddiylik, kambag‘alparvarlik, tejamkorlik,
onasi Sitorabonuga xos mehnatkashlik, andishalilik xislatlari Ibn Sinoga ham o‘tgan.
Shu bois ham tib ilmini puxta egallab, Amir Nuh Mansurning e'tiboriga tushadi va
ishongan tabibiga aylanadi. Dastlab Ibn Sino mashhur olim Notaliy qo‘lida tahsil oladi.
Roman voqealari davomida Abu Ali Ibn Sinoning Mas'ud qandolatpazning qizi
Sanamga oshiq bo‘lishi, Sanamning ham unga muhabbati batafsil tasvirlanadi. Amiru
xonliklar o‘rtasidagi toju taxt uchun kurashlar to‘fonida ushbu muhabbat ochilmay
zavolga yuz tutadi. Ibn Sino esa shaharma shahar ko‘chib yurishga, darbadar hayotga
giriftor bo‘ladi. Ulug‘ ensiklopedist olim bo‘lgan Ibn Sinoning ilmiy faoliyati falsafa,
meditsina, fizika, ximiya, matematika, tilshunoslik, musiqashunoslik va boshqa
sohalarni qamrab olganligi asarda izchil yoritiladi. Yozuvchi bosh qahramonning el-
yurt orasida qanchalik manzur bo‘lganligini asardagi turli personajlar tomonidan
aytilgan afsona va rivoyatlar orqali ham ifodalaydi. Ibn Sinoning ichki olami, tuyg‘u-
kechinmalari uning onasi Sitorabonuga, ukasi Mahmudga, qadrdoni Beruniyga,
shogirdi Mas'umiyga yozgan xatlarida yuz ko‘rsatadi. Ushbu xatlarda Ibn Sino
mehribon o‘g‘il, talabchan va mushfiq aka, maslahatgo‘y ustoz, dunyoqarashi keng
olim qiyofalarida namoyon bo‘ladi. Yozuvchi bosh qahramonning asar voqealari
davomida turli rakurslardagi holatini yoritarkan serqirra iste'dod sohibining dolg‘ali
hayot yo‘lini, avlodlarga ibrat bo‘larlik xarakter qirralarini yoritishni maqsad qiladi,
472
hamda bunga erishadi. Ibn Sino islom diniga e'tiqodi baland, tabiat hodisalariga xolis
boqib haqqoniy tahlil etuvchi, har qanday holda ham haqiqatdan so‘zlaguvchi shaxs
sifatida tasvirlanadi. Ibn Sino qaysi hukmdor bilan ro‘baro‘ kelmasin uning yuksak
iste'dodidan, fikri teranligidan hayratga tushadilar. Lekin Abu Vosiq, saroy tabibi ar-
Roziy Fayq Ibn Sinoga yomonliklar qiladilar. Odamlarni yollab saroy kutubxonasiga
o‘t qo‘yadilar. O‘t qo‘yguvchilar qilmishlariga yarasha jazo oladilar.
Ibn Sino taqdir taqozosi bilan Xorazmda jamuljam bo‘lgan olimu fuzalolarning
majlisi ulamo deb atalmish Ma'mun dorilfununiga kelib qo‘shiladi. Shoh Ma'munga
olim o‘zini Abu Ali Husayn ibn Abdulloh ibn Sino ekanini aytarkan, uning oddiy
ma'danni oltinga aylantirish mumkinmi degan savoliga “Ustozim Masihiy janoblari
aytkanlaridek, bizdan oldin o‘tgan kimyogar olim bu sohada ko‘p amal ko‘rsatdi.
“Sirlar kitobi” risolasini o‘qigan bo‘lsangiz, Jobir singari u ham iksir yordamida bir
ma'danni ikkinchi ma'danga aylantirish xususida anchagina tajribalar o‘tkazdi.
Roziyning yaratgan ma'dani ko‘rinish jihatdan oltinga o‘xshasa ham, lekin haqiqiy
oltin emasdi. Fikrimcha, bir ma'danni ikkinchisiga aylantirish uchun uning tarkibiy
qismlar, ya'ni oltingugurt, simob va boshqa eritmalar orasidagi nisbatni o‘zgartirish
kerak. Vaholanki, bizlar bu nisbatning qanday ekanligini bilmaymiz, demak uni
o‘zgartirishga qodir emasdurmiz. Bunga zaminimizning o‘zi qodirdir, bular hammasi
Allohning irodasi bilan bo‘ladurg‘on tabiiy jarayonki, uning sirlariga inson aqli
hozirgacha yetolmadi” [1,120-121]. Romanda Ibn Sinoning ana shu tarzda ilmiy
tafakkuri chuqur ekanligi, rostgo‘y va jasur ekani voqealar davomida yoritila boradi.
O‘z saroyiga chorlab, maosh belgilab, ilmiy faoliyat yaratib berishga vada qilgan
Mahmud G‘aznaviy huzuriga bormaydi. Ibn Sino kimningdir qosh-qovog‘iga termulib,
mute bo‘lib yashashni xohlamaganligi bois darbadarlikda shaharma-shahar ko‘chib
yurishga majbur bo‘ladi. Romanda Ibn Sino – Sanam, Ibn Sino – Amir Nuh Mansur,
Ibn Sino – Abdusamad kitobfurush, Ibn Sino – Beruniy, Ibn Sino – Ma'srigiy, Ibn Sino
– valiahd Manzur, Ibn Sino – Foyiq, Ibn Sino – Abdumalik, - Qora Turk, Ibn Sino –
Abul Abbos Ma'mun, Ibn Sino – Masihiy, Ibn Sino – Bobo Kuhiy, Ibn Sino – Amir
Qobus, Ibn Sino – Sulton Mahmud, Ibn Sino – Zarrin Gisu, Ibn Sino – Juzjoniy, Ibn
Sino – Kadibonu, Ibn Sino – Amir Shamsuddavla, Ibn Sino – Farruh, Ibn Sino –
Tojiumulk, Ibn Sino – Amir Alouddavla orqali bosh qahramon qiyofasi turli
rakurslarda jilva beradi.
473
Hamadon amiri Shamsuddavlani qulanch kasalidan davolab vazir mansabiga
ko‘tariladi. Lekin lashkarlarga vaqtida oylik berilmagani bois Ibn Sinoni aybdor topib
qo‘zg‘olon ko‘taradilar. Ibn Sino o‘z shogirdlari bilan Abu Sa'd ibn Dahduq degan
kishining uyida qirq kun yashirinib yotadi. Shamsuddavla parxezga amal qilmay kasali
qo‘zg‘ab vafot etadi. Uning o‘rniga taxtga valiahd shahzoda Samouddavla o‘tiradi.
Saltanatni boshqarish Hamadon qo‘shini sarkardasi Tojiulmulk Abu Nasr ibn Bahrom
qo‘liga o‘tadi. Ibn Sinoni yomon ko‘ruvchi bu amir uni har doim ta'qib etadi. Shayx
Farajon qal'asidan joy ajratishni sarkordan so‘raydi va qoya ichida o‘yib qilingan
xonada yashay boshlaydi. Romanda yozuvchi tomonidan uning holati shunday
tasvirlanadi: “Ibn Sino shuncha dunyo kezib, oxiri kelib-kelib kichik bir g‘aribxonaga
qo‘ndi, qismatida shul ham yozilg‘on ekan-da. Osmon – baland, yer – qattiq,
bormagan, ko‘rmagan joylari qolmadi, uning ortidan soyadek ergashib izma-iz yurgan
yaqin hamrohi ham shu qismat. Axir, o‘zi bu dunyoga ne uchun keldi, uysiz, joysiz,
bola-chaqasiz. Allohning inoyati shumi, olimligi, hakimligi qayda qoldi, umri doim
azobda, qiynalishda, darbadarlikda o‘tmoqda” [1,256].
Xullas Maqsud Qoriyev serqirra iste'dod sohibi, tib ilmining bilimdoni Abu Ali
Husayn ibn Abdulloh ibn Sino qiyofasini haqqoniy gavdalantirish uchun uning ilmiy
asarlari, she'rlaridan foydalanadi. Ulug‘ allomaning dolg‘ali, dramatizmga boy hayoti
va faoliyatining jonli tasvirini yaratadi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Qoriyev M. Ibn Sino. Tarixiy roman. – Toshkent: “Sharq” nashriyot-matbaa
kontsernining bosh tahririyati, 1995.
2.
Shonazarov Yu. 20-30-yillar o‘zbek va tojik romanlarida xarakter yaratishning ba'zi
masalalari(qiyosiy va qiyosiy-tipologik aspektlarda): Filolog. fan. nom... diss. –
Toshkent, 1992. – B.52-53 (152 b)
Dostları ilə paylaş: |