1985 yil (aprel) Plenumi mamlakatda vujudga kelgan vaziyatni tahlil qilib, sovet jamiyatini “qayta qurish” zarurligi borasida ko‘rsatmalar berdi. Plenum ijtimoiy hayotni “demokratlashtirish”, “oshkoralikni joriy qilish”, milliy siyosatni “takomillashtirish”, umuman jamiyat hayotining barcha sohalarini “chuqur isloh qilish” yo‘lini e’lon qildi. Lekin amalda bu siyosat islohotlarni amalga oshirishning aniq konsepsiyasi bo‘lmasdan, balki chuqur inqirozga yo‘l tutgan sovet mustabid tuzumini saqlab qolishga, markazning milliy respublikalar ustidan nazoratini kuchaytirishga yo‘naltirilgan edi.
O‘zbekistonning sobiq partiya va hukumat rahbarlari (R.Nishonov, R.Abdullaeva) sovetlarning ko‘zbo‘yamachilik, ulug‘ millatchilik va shovinistik siyosati mohiyatini anglab etmadilar. Natijada respublikadagi ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy vaziyat yomonlashib, ziddiyatli tus oldi.
SHunday murakkab ijtimoiy, siyosiy vaziyatda respublikada keng munozaraga sabab bo‘lgan muammolardan biri o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish masalasi bo‘ldi. Ma’lumki, shaxsga sig‘inish, turg‘unlik yillarida o‘zbek tilinining mavqei qo‘llanish doirasi juda ham torayib ketdi. O‘zbek tili davlat idoralarida ham, majlislar, yig‘lishlarda ham deyarli ishlatilmay deyarli qo‘yildi. 80-yillarning o‘rtalariga kelib SSSRning parchalanishi real ob’ektiv haqiqatga aylanib qoldi. Xalq milliy ongni o‘sishi, jamiyatning ijtimoiy qonuniyatlari va talabi o‘zbek tili masalasini ko‘rib chiqishni kun tartibiga qo‘yilishiga turtki bo‘ldi. SHu tarzda hukumat va mamlakatimiz ilmiy jamoatchiligi sa’yi harakatlari bilan 1989 yil 21 oktyabrda xalqimiz ma’naviy hayotida muhim voqea sodir bo‘ldi, o‘zbek tiliga “Davlat tili” maqomi berildi.
“Qayta qurish” va uning cheklanganligi shunda namoyon bo‘ldiki, garchanda demokratiya, oshkoralik deya bong urilgan bo‘lsada, 1985-1990 yillar oralig‘ida respublika hayotida katta siyosiy, ijtimoiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Asosiysi ijtimoiy siyosiy vaziyat keskinlashib, millatlararo nizolar, iqtisodiy muammolar yuzaga kela boshladi. Ana shunday muammolardan biri, shubhasiz paxta monokulturasi va uning oqibatlari bo‘ldi. Respublikada hamon paxta monokulturasi va uning salbiy oqibatlari natijasida kelib chiqqan og‘ir vaziyat davom etdi. Mazkur salbiy voqealar bilan bog‘liq bo‘lgan jarayonlar natijasida ko‘pgina rahbarlar va oddiy fuqarolar jabr ko‘rdilar.