Marketing tadqiqotlari turli yo‘nalishlarda turlicha bo‘lib, ular quyidagi tartibda tasnif etiladi: 1. Bozor tadqiqotlari tarkibi: · bozor hajmini aniqlash, uning rivoji yo‘nalishlari va mavsumiy omillarni tahlil etish; bozorni tasnif etish;
· bozor subyektlarini, bozordagi savdo shakli va usullarini o‘rganish;
· istemolchilar tarkibining yoshi, mintaqalar bo‘yicha joylashuvi, ijtimoiy holati, jinsi, oilaviy tarkibi, xaridorlik hulqi va boshqa muhim mezonlar bo‘yicha bozor strukturasida yuz berayotgan yoki kutilayotgan siljishlar to‘g‘risidagi masalaga e’tiborni kuchaytirgan holda aniqlash;
· bozor strukturasiga ta’sir ko‘rsatadigan umumiqtisodiy va boshqa tashqi omillarni tahlil qilish;
· mahsulot sotishni va bozordagi umumiy savdo summasida uning geografik va demografik kesimda solishtirma hissasini, taqsimot kanallari turlari, iste’molchi korxonalarning tarmoqqa mansubligi, tovar oboroti hajmi va narxlar strukturasi nuqtayi nazaridan tahlil etish; bu bilan firmaning bozordagi mavqeyi, kuchli va zaif tomonlari aniqlanadi.
2. Tovarni tadqiq etish: · mo‘ljalga olingan yangi tovarlarni tahlil etish, sinov uchun tanlash, iste’molchilarga muvofiq kelishini, iste’mol jarayonida tovarlarga xos bo‘lgan fizik xususiyatlari va tafsilotlari, o‘rab-joylash xossalarini tekshirish;
· raqobatchi tovarlarning, ya’ni faqat o‘z firmasi tovarlarinigina emas, balki shu bilan birga raqiblari tovarlarining ham yutuq va kamchiliklarini tahlil qilish;
· assortiment strukturasini soddalashtirish imkoniyatlarini o‘rganish;
· mahsulot (buyum)lar assortimentini bozorning jami asosiy tovar yoki iste’mol sektorlaridagi raqobatchi mahsulotlarga nisbatan to‘liqligi nuqtayi nazaridan tahlil qilish;
· ishlab chiqariladigan mahsulotlarni qo‘llash - ishlatishning yangi usullarini izlash;
· texnikaviy uskunalash, sotuvdan keyin xizmat ko‘rsatish, qo‘shimcha xizmat ko‘rsatish masalalarini o‘rganish.
3. Savdoni tadqiq etish: · ayrim tumanlar bo‘yicha sotilgan mahsulot hajmidagi farqlarni aniqlash. Savdo tumanlari chegaralarini belgilash va uni qayta ko‘rib chiqish; yangi hududlardagi yashirin imkoniyatlarni tahlil qilish;
· savdo xodimlari ishi samaradorligini tahlil etish, tayyor savdo vakilining mijozlar huzuriga qatnashini rejalashtirish, savdo xodimlarining firma obro‘yi va uning raqiblari to‘g‘risidagi fikrlarini o‘rganish;
· savdo va ko‘rgazma o‘tkazish usullarini tahlil etish va baholash;
· taqsimot tarmog‘i yo‘llari, tovarlar harakati usullarini tadqiq etish;
· chakana savdo tarmoqlaridagi tovarlar zaxiralarini ro‘yhatdan o‘tkazish.