Isbotlash usuli – demonstratsiya tezis bilan argumentlar o‘rtasidagi mantiqiy aloqadan iborat. U xulosa chiqarish shaklida bo‘ladi, ya’ni tezis argumentlardan xulosa sifatida mantiqan keltirib chiqariladi.
Isbotlashning ikki turi mavjud: bevosita isbotlash, bavosita isbotlash. Bevosita isbotlashda tezisning chinligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri argumentlar bilan asoslanadi, unda tezisga zid bo‘lgan hukmlardan foydalanilmaydi. Tezis ko‘p hollarda yakka hodisani ifoda qilib keladi va ma’lum bir umumiy bilimdan, masalan, qonundan argument sifatida foydalanilib, uning chinligi asoslanadi. Masalan, «O‘zbekiston – mustaqil davlatdir», degan hukm (tezis)ning chinligi «O‘zbekistonning mustaqil davlat deb e’lon qilinishi, uning xalqaro miqyosda e’tirof etilishi» kabi asoslar yordamida isbotlanadi.
Bavosita isbotlashda esa tezisning chinligi unga zid bo‘lgan hukmning (antitezisning) xatoligini ko‘rsatish orqali asoslanadi. Antitezis qanday shaklda ifodalangan bo‘lishiga qarab apagogik isbotlash va ayiruvchi isbotlash farq qilinadi. Apagogik isbotlash tezis (a) va antitezis o‘rtasidagi munosabatga asoslanadi. Masalan, «Materiya harakatsiz mavjud emas», degan hukmning chinligini asoslash uchun unga zid bo‘lgan «Materiya harakatsiz mavjud», degan hukm olinadi.
Mantiqiy xatolar tafakkur qonunlarini buzish, xulosa chiqarish qoidalariga amal qilmaslik natijasida yuzaga keladi. Mantiq tarixida isbotlash jarayonida ataylab (qasddan) xatoga yo‘l qo‘yuvchilar – sofistlar, ularning ta’limoti esa sofizm (grek. – ayyorlik) deb ataladi. Fikr yuritish jarayonida bilmasdan mantiqiy xatoga yo‘l qo‘yilsa, paralogizm deyiladi. Chinligini ham, xatoligini ham birday isbotlash mumkin bo‘lgan fikrlar esa paradoks deb ataladi.
Bahs yuritish san’ati (eristika) o‘ziga xos qonun-qoidalarga amal qilishni talab etadi.
Bularga asosan quyidagilar kiradi:
– zaruriyatsiz bahslashmaslik;
– mavzusiz bahs yuritmaslik va bahs davomida mavzudan chetga chiqmaslik yoki mavzuni o‘zgartirmaslik;
– bahs mavzusi yuzasidan o‘zaro zid yoki qarama-qarshi fikrlar bo‘lmasa, bahsni to‘xtatish;
– mavzuni yaxshi biladigan, aqlli odamlar bilangina bahslashish;
– bahs yuritishda mantiqiy qonun-qoidalarga amal qilish, o‘z va muxolifining fikrlaridan xulosa chiqara olish, mantiqiy ziddiyatlarni aniqlash va bartaraf etish, asoslar to‘g‘ri bo‘lsa, isbotlashning ham to‘g‘riligini e’tirof etish va h.k.;
– bir bahs doirasida bahslashish usullarini aralashtirib yubormaslik.
Argumentlashning mantiqiy asoslarini bilish va bahs yuritish qoidalariga amal qilish tafakkur madaniyatini yuqori darajaga ko‘tarish imkonini beradi.