Quritish-to‘yintirish uchastkasi g‘altaklarni ta’mirlash bo‘limiga ega bo‘lib, unda yakorlar va qutb o‘zaklari to‘yintiriladi, quritiladi va bo‘yaladi. G‘altaklar bo‘limida yangi chulg‘amlar va ularning qismalari ta’mirlanadi va tayyorlanadi.
Payvandlash uchastkasiga ega mexanika uchastkasi elektr mashinalarining ostov, val, kollektor shaybalari va vtulkalari, qopqoqlari kabi detallarini payvandlab to‘ldirish, payvandlash va mexanik ishlov berish uchun mo‘ljallangan. Shuningdek ushbu uchastkada sex uchun belgilangan yangi detallar ham ishlab chiqariladi. Ayrim xollarda payvandlash uchastkasi alohida uchastka sifatida ajratilgan bo‘lishi mumkin.
Yig‘ishuchastkasida ostov va shetka tutqichlari ta’mirlanadi.
1.3. Elektr mashinalarini ta’mirlashning oqimli-konveyer liniyasi
Tortuv elektr motorlari belgilangan takt bilan ishlovchi oqimli-konveyer liniyasida yig`iladi.
Birinchi ish joyida moslama va manipulyator bilan jihozlangan maxsus stendda bosh va qo`shimcha qutblar o`rnatiladi va mahkamlanadi. Ikkinchi va uchinchi ish joylarida g`altaklararo birikmalar va qismalari yig`iladi. To`rtinchi ish joyida cho`tka tutqichlar yig`iladi va qismalarning g`iloflari o`rnatiladi. Beshinchi ish joyida magnit tizimi sinovdan o`tkaziladi va ichki tomondan bo`yaladi. Oltinchi va yettinchi ish joylarida yakor va podshipnik shchitlari o`rnatiladi.
Yig`ilgan tortuv elektr motori salt ishlashida tekshirib ko`rilgandan so`ng sinash stansiyasiga uzatiladi. Maxsus dastur bo`yicha yuklama ostida sinovdan o`tkazilgan tortuv elektr motori oqimli-konveyer liniyasining sakkizinchi ish joyiga uzatiladi, bu yerda aniqlangan kamchiliklar tuzatiladi. So`ng yig`ilgan tortuv elektr motori texnik nazorat bo`limi xodimlari tomonidan qabul qilinadi va aravachalarni ta’mirlash sexiga yoki depolarga jo`natiladi.
Tortuv generatorlari, ikki mashinali agregatlar va boshqa yordamchi elektr mashinalarni ta’mirlash bo`yicha ishlab chiqarishni tashkil qilish shunga o`xshash.
Elektr mashinalarni ta’mirlash bo`yicha murakkab ishlar kompleksini bajarish, yangi detallar, masalan yakor o`zagi, kollektor, qutb chulg`amlari, yakor chulg`amlarini ishlab chiqarish uchun elektr mashinalar sexi yetarli miqdorda yuvish qurilmalari, gidravlik presslar, avtoklavlar, quritish pechlari, kavsharlash va ishlov berish qurilmalari, yakor seksiyalari va qutb chulg`amlariga izolyatsiya o`rash uchun stanoklar, turli xildagi siljitish qurilmalari, yig`ish stendlari, metallarni qirqish stendlari kabi texnologik jihozlar bilan ta’minlangan bo`lishi kerak.
1.1-rasm. Elektr mashinalarini ta’mirlashning oqimli-konveyer liniyasi
Tortuv motorlarini qismlarga ajratish va detallarini yuvish uchun stoli aylanadigan yo`lak turidagi yuvish mashinasi, qaynatish vannasi, 200 t kuchli gidravlik press, ponalarni chiqarib olish stanogi, yakor o`zagi pazlaridan chulg`am seksiyalarini chiqarish uchun markazdan qochuvchi qurilma, podshipniklar va labirint zichlagichlarni chiqarib olish uchun induksion isitkichlar qo`llaniladi.
Yakor uchastkasida shtamplangan kollektor plastinalariga ishlov berish, mikanitdan tayyorlangan mahsulotlarga shakl berish stanoklari, dielektrik mustahkamlikni tekshirish qurilmalari, yakor va kollektorlarni isitish pechlari, seksiyalarni o`rnatish uchun mexanizatsiyalashtirilgan yuritmali stend, seksiyalarni bandaj bilan mahkamlashdan oldin siqish qurilmasi, pona qoqish stanoklari, payvandlash qurilmasi, bandajni o`rnatish, yo`nish va balansirovkalash stanoklari joylashtirilgan. Uchastkada yakor o`zagi va kollektorni valga o`rnatish uchun qudratli (200-400 t) presslar mavjud.
Yakor chulg`amlari seksiyalarini ishlab chiqarish uchastkasida simlarni kesish, egish, seksiya uchlarini tozalash, seksiyalarni shakllantirish, seksiyalarni mexanizatsiyalashtirilgan xolda izolyatsiyalash, shishali lentani o`rash stanoklari, seksiya simlari uchlarini shakllantirish, seksiyalarni to`yintirish vannalari, seksiyalarni quritish pechi, press mavjud.
To`yintirish-quritish uchastkasida murakkab texnologik jihozlar o`rnatilgan. Yakor va qutb chulg`amlarini to`yintirish, quritish, bo`yash uchun vakuum-bosimli baklar, avtoklavlar, vakuum-quritish va induktsion isitish pechlari, laklarni tayyorlash va to`kish uchun murakkab jihozlar majmui qo`llaniladi. Yakor va qutb chulg`amlarini to`yintirish, bo`yashda quritish davrida portlash havfi mavjud bug` va gazlar ajratib chiqaruvchi moddalar (loklar, emallar, kompaundlar) ishlatilishini hisobga olib, bo`limdagi barcha elektr jihozlar portlash bo`yicha havfsiz bajarilgan bo`lishi, xonalar esa ishlab chiqarishni portlash va yong`in havfsizligi talablariga javob berishi kerak.
Qismlarga ajratish, yakor va yig`ish uchastkalarida seksiyalar, kollektorlar, yakorlar, chulg`amlarni dielektrik mustahkamligini tekshirish uchun yuqori voltli sinash stendlari mavjud. Elektr mashinalari, ayniqsa tortuv motorlari foydalanishda yuqori ishonchlilikka ega bo`lishi kerak. Shuning uchun elektr mashinalar sexida sinash stendlari, nazorat-o`lchash jihozlari va asboblarga alohida e’tibor qaratilishi lozim.
Sexning bajarilgan ishlar sifatini operatsiyalar bo’yicha qabul qilishni amalga oshiruvchi nazorat apparati eng yangi va samarali nazorat vositalariga ega bo’lishi kerak. Bu maqsadlarda sex impulsli kuchlanish bilan sinash uchun yuqori voltli qurilmalar, yig’ilgan elektr mashinalari qabul qilish-topshirish dasturi bo’yicha sinaladigan sinash stantsiyasi stendlari bilan jihozlangan.
Sexda ta’mirlanayoigan har bir elektr mashinasi uchun ta’mirlash pasporti to`ldiriladi, unda bartaraf etilishi lozim bo`lgan barcha nosozliklar, shuningdek ta’mirlash jarayonida bajarilgan barcha ishlar va sinash natijalari belgilanadi.
Elektr mashinalari konveyerda qismlarga ajratiladi. Yakor ostovdan maxsus qisqich yoki rama yordamida chiqarib olinadi. Yakor chulg’amlari maxsus stendlar – kameralarda markazdan qochuvchi usul bilan chiqarib olinadi. Induktsion isitkichlar bilan ishlashda simlarning sozligi va erga ulanganligi nazorat qilinadi.
Bandaj va chulg’amlarni o’rash stanoklari himoya to’siqlari va ishonchli tormoz qurilmalari bilan, chang ajralib chiqadigan materiallarga ishlov berish stanoklari esa xususiy chang tutkichlar bilan jihozlanadi. Yakorlarni to’yintirish, chulg’amlarni kompaundlash va ularni quritish qo’shni uchastkalardan yaxlit yong’inga chidamli to’siqlar bilan ajratilgan va ventilyatsiya tizimi bilan jihozlangan maxsus xonalarda amalga oshiriladi. Zararli bug’lar ajralib chiqishi mumkin bo’lgan avtoklavlar, lok to’ldirilgan baklar va boshqa jihozlar mahalliy ventilyatsiya bilan ta’minlanadi. To’yintirish bakiga quritilgandan keyin uzatilayotgan yakorlarning harorati 80 oS dan ortiq bo’lmasligi kerak. Mexanik yopiladigan to’yintirish avtoklavlari avtoklavda bosim mavjud bo’lgan vaqtda qopqoq ochilib ketishini istisno qilish uchun blokirovka bilan ta’minlanadi. To’yintirish bo’limida ishlash jarayonida po’latdan tayyorlangan zarb burish asboblaridan foydalanish ta’qiqlanadi. Xonada begona shaxslarning bo’lishiga ruhsat etilmaydi.
Elektr mashinalari faqat mos to’siqlar va signalizatsiyaga ega maxsus jihozlangan sinash stantsiyalarida sinovdan o’tkaziladi. Elektr mashinalarini sinash bo’yicha mas’ul etib maxsus instruktajdan o’tgan va texnik foydalanish, elektr qurilmalaridan foydalanishdagi texnika havfsizligi qoidalari hamda texnologik yo’riqnomalar bo’yicha maxsus sinov topshirgan muhandis-texnik xodimlar tayinlanadi. Sinash stantsiyasi xodimlari elektr havfsizligi bo’yicha o’qitilgan va malaka guruhiga ega bo’lishi lozim. Sinash stantsiyalarida sxemalar faqat ulanish joylarida kuchlanish to’liq o’chirilgan xolda yig’iladi. Elektr mashinalari izolyatsiyasi qarshiligi ular to’liq to’xtab, tokdan uzilgandan keyin o’lchanadi.
Texnik-iqtisodiy ko`rsatkichlari teplovozlarni yig`ish sexi kabi.
Nazorat savollari
1. Elektr mashinalari sexi nimaga mo’ljallangan?
2. Elektr mashinalari sexi qanday sex va uchastkalardan tarkib topgan?
3. Elektr mashinalarini ta’mirlash texnologik jarayoni qanday tashkil etiladi?
4. Kichik mashinalarning yakorlari qanday holatlarda ta’mirlanadi?
5. Elektr mashinalari sexi oqimli-konveyer liniyasining takti qanday aniqlanadi?
6. Elektr mashinalari sexi rejasini tuzishda qanday talablar belgilangan?
7. Elektr mashinalari sexida qanday jihozlar o’rnatiladi?