MA’RUZA 1 ELEKTR MASHINALAR SEXIDA ISHLAB CHIQARISHNI TASHKIL ETISH Reja 1.1. Sexning mo`ljallanishi
1.2. Sexning uchastkalari va bo`limlari
1.3. Elektr mashinalarini ta’mirlashning oqimli-konveyer liniyasi
Tayanch so’z va iboralar elektr mashina, sex, uchastka, bo’lim, ta’mirlash,oqimli-konveyerli liniya
1.1. Sexning mo`ljallanishi
Elektr mashinalar sexi teplovozlarning tortuv generatorlari, tortuv elektr motorlari, ikki mashinali agregatlari va boshqa yordami elektr mashinalarni kapital ta’mirlash uchun mo‘ljallangan.
Detal va uzellarining yedirilishi va shikastlanishi darajasiga ko‘ra elektr mashinalarni ta’mirlash ikki turga bo‘linadi: KT-1 va KT-2. KT-1 hajmidagi kapital ta’mirlashda yakor chulg‘amlari almashtirilishi talab etilmaydigan elektr mashinalar ta’mirlanadi. Yakor chulg‘amlari almashtirilishi talab etilgan xollarda KT-2 hajmidagi kapital ta’mirlash bajariladi.
Elektr mashinalar sexida zavodda ta’mirlashda bo‘lgan teplovozlarning elektr mashinalari, shuningdek temir yo‘l depolari ehtiyojlari uchun elektr mashinalari ta’mirlanadi. Elektr mashina sexining ishlab chiqarish dasturi ichki va tarmoq ehtiyojlari uchun ta’mirlanadigan elektr mashinalari sonidan kelib chiqib belgilanadi.
Elektr mashinalarini ta’mirlash jarayoni har bir turdagi mashinalar uchun ishlab chiqiladigan tarmoq grafiklariga muvofiq tashkil etiladi. Grafikka asosan ta’mirlashda turish vaqti aniqlanadi: tortuv generatori uchun – 8-10 sutka, tortuv elektr motori uchun – 5-6 sutka, ikki mashinali agregat uchun – 3-4 sutka.
Ta’mirlangan tortuv elektr motorlari zavod grafigiga asosan belgilangan muddatlarda aravachalarni ta’mirlash sexiga, tortuv generatorlari – dizellarni ta’mirlash sexiga, ikki mashinali agregatlar – teplovozlarni yig‘ish sexiga, yordamchi elektr mashinalari esa elektr apparatlarni ta’mirlash sexiga uzatiladi.
Elektr mashinalar sexida mashinalarni ta’mirlash ishlab chiqarish jarayonida belgilangan ishlarning ma’lum bir qismini bajarish uchun ixtisoslashgan uchastkalar tashkil etiladi. Uchastkalarning asosiy vazifasi – alohida detallarni texnologik jarayonga muvofiq ta’mirlash va vaqtida yig‘ish uchun topshirishdir.