Quvurli pech neft va neft mahsulotlarini isitishga mo‘ljal-langan uskuna bo‘lib, pechning kamerasida yonilg‘ini yoqishdan hosil bo‘lgan yuqori haroratli yonish mahsulotlarining issiqlig‘idan foydalanishga asoslangan. Quvurli pechda isitilishi lozim bo‘lgan xom ashyo zmeyevikning quvurlari ichidan harakat qiladi, yonishdan hosil bo‘lgan issiq mahsulotlar esa quvurlarning tashqari yuzalarini siypab o‘tadi.
Zamonaviy quvurli pechlar odatda ikkita kamerali bo‘ladi: 1) radiant kamerasi, bu yerda yonilg‘i yonadi va issiqlik qizdirilgan yonish mahsulotlaridan va devorlar yuzasidan quvurlarga asosan nurlanish orqali beriladi; 2) konveksiya kamerasi, bu yerda yonishdan hosil bo‘lgan issiq mahsulotlarning quvurlar bilan to‘qnashuvi paytida issiqlikning quvurlarga asosan konveksiya yo‘li bilan berilishi yuz beradi.
Quvurli pechlar neft va gazni qayta ishlash, neft kimyosi, koks kimyosi va sanoatning boshqa tarmoqlarida keng tarqalgan bo‘lib, turli texnologik jarayonlar (neft va mazutni haydash, piroliz, katalitik kreking, riforming, gidrotozalash, moylarni tozalash va hokazo)da ishlatiladi va ko‘plab qurilmalarning muhim qismi hisoblanadi.
Quvurli pechlarning tuzilishi bir qator omillarga bog‘liq bo‘ladi: issiqlik o‘tkazishning usullari; yonish kameralarining soni va shakli; radiatsiya zonasidagi seksiyalar (yoki kameralar) ning soni; alanga va quvurlar o‘qlarining o‘zaro joylanishi; quvurlarning nurlanish rusumi; isitilayotgan mahsulot oqimlarining soni; konveksiya kamerasining radiant kamerasiga nisbatan joylanishi; radiant va konveksiya quvurlarining uzunligi va hokazo.
Quvurli pechlarning asosiy kattaliklari qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin: pechning ish unumdorligi; foydali issiqlik sarfi; isitish yuzasining issiqlik bo‘yicha kuchlanganlik darajasi; pechning foydali ish koeffitsiyenti.
Sanoatda radiant quvurlarining isitish yuzalari 15-2000 m2 atrofida bo‘lgan quvurli pechlar ishlatiladi. Turli tuzilishga ega bo‘lgan quvurli pechlarning issiqlik bo‘yicha ish unumdorligi 0,12 dan 240 MVt gacha o‘zgaradi, isitilayotgan muhit bo‘yicha ish unumdorligi esa 8-105 kg/soat ga teng bo‘ladi. Isitilayotgan muhitning pechga kirish va undan chiqishdagi harorati texnologik jarayonlarga bog‘liq bo‘lib, 70 dan 9000S gacha, bosimning qiymati esa 0,1 dan 30 MPa gacha o‘zgarishi mumkin. Quvurli pechlarning foydali ish koeffitsiyenti 0,65-0,85 atrofida bo‘ladi.