Yer qobig‘ida neft, gaz va suvlarni o‘z bag‘rida saqlash uchun o‘tkazmas jinslar bilan berkilgan (qoplangan) kollektor jinslar xizmat qiladi. I.O.Brod ularni tabiiy rezervuarlar deb atashni taklif qildi. Bu neft, gaz va suvlarni tabiiy saqlovchi degan ma’noni bildiradi. Tabiiy rezervuarlar uchta asosiy turga bo‘linadi:
Tabiiy rezervuarlarning neft va gazni tutib qolishi mumkin bo‘lgan va ularning to‘plami hosil bo‘ladigan qismi tutqichlar deb ataladi.
Qatlamli va massiv rezervuarlarda qatlamlarni qavariq bukilmalari yoki gumbazsimon shakldagi rif massivlari neft va gaz uchun tutqich hisoblanadi.
Litologik chegaralangan (linzasimon) tabiiy rezervuarlarning o‘zi neft va gaz tutqichlari bo‘lib xizmat qiladi.
Qatlamli tabiiy rezervuarlar keng maydonlarni egallab yotgan ustki va ostki yuzalari tomonidan yomon o‘tkazuvchan jinslar bilan chegaralangan kollektordan iborat. Bunda kollektorning umumiy qatlamlilik tavsifi u yoki bu kichik maydonlarda saqlanib qoladi yoki kollektorning tarqalish chegaralari bo‘ylab qalinligini o‘zgarishini kuzatish mumkin. Qatlamli rezervuarlardagi kollektorlarning litologik tarkibi odatda bir xil, lekin juda murakkab tuzilishga ega bo‘lishi mumkin. Ko‘pchilik hollarda bunday qatlamlar oralig‘ida o‘tkazmas jinslar linzalari uchraydi (2.5-rasm).
Massiv tabiiy rezervuarlar har xil yoki bir xil litologik tarkibli katta qalinlikka (bir necha yuz metr) ega bo‘lgan kollektor qatlamlardan iborat. Bundagi barcha o‘tkazuvchan jinslar qatlamlari o‘zaro aloqada bo‘lib, bitta tabiiy rezervuarni tashkil qiladi (2.5, 2.6, 2.7-rasmlar). Aksariyat massiv rezervuarlarni tashkil etuvchi jinslarning yoshi har xil bo‘ladi. Qazilma riflar ham massiv rezervuarlarga kiradi.
Litologik chegaralangan tabiiy rezervuarlar hamma tomonidan o‘zgarmas jinslar bilan o‘ralgan (chegaralangan) bo‘ladi. Bunday tabiiy rezervuarlarga gil qatlamidagi qum linzalarini misol qilib ko‘rsatish mumkin (2.7-rasm).
Tabiiy rezervuarlarning katta qismi suv bilan to‘lgan bo‘ladi. Bunga sabab, tabiiy rezervuar jinslari yoki birlamchi elizion («elizio» -siqilish) suvlarga to‘yingan bo‘ladi yoki ulardagi g‘ovak muhitni atmosfera ya’ni infiltratsion suvlar egallagan. Neft va gaz suvga nisbatan keyinroq hosil bo‘lgan hisoblanadi.