Cho‘lquvar maydonida qidiruv quduqlarini burg‘ilashda quduq konstruksiyasini loyihalashtirish va tanlash ishlarini maydondagi №13, №14 va №15 –quduqlar misolida ko‘rib chiqamiz.
Quduq konstruksiyalari tavsifnomalariga ko‘ra 0-7 m chuqurlikgacha 530 mm li shaxta yo‘llanma tushiriladi. Yo‘llanma – birinchi quvur tizmasi yoki bir dona quvur, quduq usti qismini burg‘ilash eritmalaridan yuvilish va nurashdan himoya qiladi hamda suyuqlikning sirkulyatsiyasini ta’minlaydi.
Qazish intervali 0-100 m oraliqlarga 426 mm li uzaytirilgan yo‘llanma tushiriladi. Quduqlarga ikkita yo‘llanma bilan mustahkamlanishi, qirqimning yuqori qismi loysimon tuproqlar ko‘rinishida yoki boshqa xususiyatlarda bo‘lishi bilan tavsiflanadi.
Amalda birinchi yo‘llanma oldindan tayyorlangan taxtaga yoki quduqqa tushiriladi va butun uzunligi bo‘yicha betonlanadi. Ba’zida yo‘llanma tog‘ jinsiga o‘q kabi urib kirgiziladi. Uzaytirilgan yo‘llanmanining o‘rnatilishi neogen+to‘rtlamchi yotqiziqlarida yuvilishga moyil bo‘lgan muxitdan izolyatsiya qilishdir.
Konduktor – mustahkamlash quvurlari tizmasi, tog‘ jinsini yuqori qirqimi oralig‘ini ajratishda qo‘llaniladi, chuchuk suvli qatlamlarni ifloslanishdan himoyalaydi, otilmaga qarshi jihozlar montaj qilinadi va navbatdagi mustahkamlash tizmasi osib qo‘yiladi. Yuqorida keltirilgan quduqlar konstruksiyalarida 324 mm li diametrdagi konduktor 0-820 m ga o‘rnatiladi. Bu konduktor paleogen yotqiziqlarida (Buxoro qatlamida) burg‘ilash eritmalari yutilishi va senon yotqiziqlarida nurash va to‘kilishlari oldini olib 1-oraliq kolonna intervalini burg‘ilashda va uning mustahkamlanishi uchun xizmat qiladi.
Oraliq tizmasi quduqlarni belgilangan chuqurlikgacha burg‘ilash zonalari bir-biriga mos kelmaganda ajratishda qo‘llaniladi.