Quduqning diametri, uning chuqurligi oshgan sari o‘zgarib boradi. Eng katta neft va gaz quduqlarining diametri 900 mm gacha bo‘ladi.
Quduqlarning chuqurligi bir necha o‘n metrdan, bir necha o‘n ming metrgacha bo‘ladi.
Quduqlar 2 turga bo‘linadi:
1) Tog‘ jinslaridan namuna olib burg‘ilanadigan quduqlar;
2) Namuna olmasdan burg‘ilanadigan quduqlar.
Neft va gaz quduqlari birinchi marta O‘rta Osiyo chegarasida 1880 yilda Farg‘onada qazilgan. 1882 yilda Turkmanistonda burg‘ilash ishlari boshlangan. 1878 yilda Ozarbayjonda ko‘tarib urish yordamida birinchi quduq qazilgan. 1897 yilda Grozniyda shu usul bilan quduqlarni burg‘ilash ishlari boshlangan.
Quduqlarni rotor yordamida burg‘ilash 1901 yilda AQShda ixtiro qilingan. 1902 yilda rotor yordamida burg‘ilash Rossiyada ishlatilgan.
1923 yilda rus ixtirochilari S.M.Volox va Karneyevlar tomonidan birinchi turbobur ixtiro qilingan. 1924 yilda Rossiyada birinchi quduq turboburg‘i yordamida qazilgan. 1939-40 yillarda ko‘p zinali turboburlar tayyorlangan va ular burg‘ilash ishlarida ishlatilgan. Ularning asoschilari: Ionasyan, Tagiyev va Shumilovlardir. 1966 yilga kelib Gusman, Zaharov, Derkach va boshqalar tomonidan, aylanish momentlari yuqori bo‘lgan vintli quduq tubi dvigatellari ixtiro qilingan.
Quduq konstruksiyasini tanlash quduqni qurishdagi eng asosiy etaplardan biri bo‘lib hisoblanadi va u quduq qurilishining yuqori sifatli bo‘lishini ta’minlaydi. Quduqlarni loyihadagi chuqurlikkacha burg‘ilab borish jarayonida mushkulot va haloqatlarni oldini olish, quduqni qazishga ketadigan vaqt va material-texnik predmetlarni sarfini kamaytirish - quduq konstruksiyasini to‘g‘ri tanlashga bog‘liqdir. Ko‘rsatilgan talablarga to‘liq javob bera oladigan, tushirilishi kerak bo‘lgan himoya tizimalarining soni - quduqning ayrim oraliqlarining sharoiti yoki boshqa texnika-texnologik shartlardan kelib chiqqan holda tanlanadi. Quduq konstruksiyasini tanlash, shu burg‘ilanadigan maydondan va eng yaqin qo‘shni maydonlarda burg‘ilangan quduqlardan olingan geologik ko‘rsatkichlar va yig‘ilgan materiallar tahlili asosida amalga oshiriladi.
Quduqqa tushiriladigan himoya tizmalarining sonini aniqlash uchun quduq kesimi bo‘yicha bosim taqsimlanishi (o‘zgarishi) xarakterini o‘rgangan holda bosim o‘zgarishi grafigi tuziladi. Bu grafikda qatlam bosimi va tog‘ tinslarining gidroyorilish bosimi o‘zgarishi to‘g‘ri burchakli koordinatalar sistemasida keltiriladi. (chuqurlik-bosim gradiyenti ekvivalenti).