Interfaol metodlarning ta’lim va tarbiya jarayonidagi o’rni va imkoniyatlari.
Interfaol metod – ta’lim jarayonida o’quvchilar hamda o’qituvchi o’rtasidagi faollikni shirish orqali o’quvchilarning bilimlarni o’zlashtirishini faollashtirish, shaxsiy sifatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Interfaol metodlarni qo’llash dars samaradorligini oshirishga yordam beradi. Interfaol ta’limning asosiy mezonlari: norasmiy bahs-munozaralar o’tkazish, o’quv materialini erkin bayon etish va ifodalash imkoniyati, ma’ruzalar soni kamligi, lekin seminarlar soni ko’pligi, o’quvchilar tashabbus ko’rsatishlariga imkoniyatlar yaratilishi, kichik guruh, katta guruh, sinf jamoasi bo’lib ishlash uchun topshiriqlar berish, yozma ishlar bajarish va boshqa metodlardan iborat bo’lib, ular ta’lim-tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirishda o’ziga xos ahamiyatga ega.
Interfaol mashg’ulot samaradorligi omillari
Hozirda ta’lim metodlarini takomillashtirish sohasidagi asosiy yo’nalishlardan biri interfaol ta’lim va tarbiya usullarini joriy qilishdan iborat. Barcha fan o’qituvchilari dars mashg’ulotlari jarayonida interfaol usullardan borgan sari kengroq foydalanmoqdalar.
Interfaol usullarni qo’llash natijasida o’quvchilarning mustaqil fikrlash, tahlil qilish, xulosalar chiqarish, o’z fikrini bayon qilish, uni asoslagan holda himoya qila bilish, sog’lom muloqot, munozara, bahs olib borish ko’nikmalari shakllanib, rivojlanib boradi.
Bu masalada amerikalik psixolog va pedagog B.Blum bilish va emotsional sohalardagi pedagogik maqsadlarning taksonomiyasini yaratgan. Uni Blum taksonomiyasi deb nomlanadi. (Taksonomiya-borliqning murakkab tuzilgan sohalarini tasniflash va sistemalashtirish nazariyasi). U tafakkurni bilish qobiliyatlari rivojlanishiga muvofiq ravishdagi oltita darajaga ajratdi.
Unga ko’ra tafakkurning rivojlanishi bilish, tushunish, qo’llash, tahlil, umumlashtirish, baholash darajalarida bo’ladi. Shu har bir daraja quyidagi belgilar hamda har bir darajaga muvofiq fe’llar namunalari bilan ham ifodalanadi, jumladan:
Bilish-dastlabki tafakkur darajasi bo’lib, bunda o’quvchi atamalarni ayta oladi, aniq qoidalar, tushunchalar, faktlar va shu kabilarni biladi. Bu tafakkur darajasiga muvofiq fe’llar namunalari: qaytara bilish, mustahkamlay olish, axborotni etkaza olish, aytib bera olish, yozish, ifodalay olish, farqlash, taniy olish, gapirib berish, takrorlash.
Tushunish darajasidagi tafakkurga ega bo’lganda esa, o’quvchi faktlar, qoidalar, sxema, jadvallarni tushunadi. Mavjud ma’lumotlar asosida kelgusi oqibatlarni taxminiy tafsiflay oladi. Bu tafakkur darajasiga muvofiq fe’llar namunalari: asoslash, almashtirish, yaqqollashtirish, belgilash, tushuntirish, tarjima qilish, qayta tuzish, yoritib berish, sharhlash, oydinlashtirish.
Qo’llash darajasidagi tafakkurda o’quvchi olgan bilimlaridan faqat an’anaviy emas, noa’nanaviy holatlarda ham foydalana oladi va ularni to’g’ri qo’llaydi. Bu tafakkur darajasiga muvofiq fe’llar namunalari: joriy qilish, hisoblab chiqish, namoyish qilish, foydalanish, o’rgatish, aniqlash, amalga oshirish, hisob-kitob qilish, tatbiq qilish, hal etish.
Tahlil darajasidagi tafakkurda o’quvchi yaxlitning qismlarini va ular o’rtasidagi o’zaro bog’liqliklarni ajrata oladi, fikrlash mantiqidagi xatolarni ko’radi, faktlar va oqibatlar orasidagi farqlarni ajratadi, ma’lumotlarning ahamiyatini baholaydi. Bu tafakkur darajasiga muvofiq fe’llar namunalari: keltirib chiqarish, ajratish, tabaqalashtirish, tasniflash, taxmin qilish, bashorat qilish, yoyish, taqsimlash, tekshirish, guruhlash.
Umumlashtirish darajasidagi tafakkurda o’quvchi ijodiy ish bajaradi, biror tajriba o’tkazish rejasini tuzadi, birnechta sohalardagi bilimlardan foydalanadi. Ma’lumotni yangilik yaratish uchun ijodiy qayta ishlaydi. Bu tafakkur darajasiga muvofiq fe’llar namunalari: yangilik yaratish, umumlashtirish, birlashtirish, rejalashtirish, ishlab chiqish, tizimlashtirish, kombinastiyalashtirish, yaratish, tuzish, loyihalash.
Baholash darajasidagi tafakkurda o’quvchi mezonlarni ajrata oladi, ularga rioya qila oladi, mezonlarning xilma-xilligini ko’radi, xulosalarning mavjud ma’lumotlarga mosligini baholaydi, faktlar va baholovchi fikrlar orasidagi farqlarni ajratadi. Bu tafakkur darajasiga muvofiq fe’llar namunalari: tashxislash, isbotlash, o’lchash, nazorat qilish, asoslash, ma’qullash, baholash, tekshirish, solishtirish, qiyoslash.
Interfaol usullar ko’p turli bo’lib, ularning hammasi ham har qanday progressiv usullar kabi eng avvalo, o’qituvchidan mashg’ulot oldidan katta tayyorgarlik ko’rishni talab qiladi.
Shu mashg’ulotlarni tashkil qilishda interfaol darsning asosiy xususiyatlarini uning an’anaviy darsga nisbatan ayrim farqlarini ko’rib chiqish orqali yaqqolroq idrok etish mumkin. Shu maqsadda quyidagi jadvalni keltiramiz:
Dostları ilə paylaş: |