Fanning boshqa fanlar bilan aloqadorligi. Ekologlar ayrim omillarni, ya’ni temperatura, yorug‘lik, namlik va boshqalarni o‘rganish uchun tegishli metodlardan foydalanishi kerak; buning uchun esa ular hamma vaqt fizika, ximiya, meteorologiya klimatologiya tuproqshunoslik bilan bog‘liq holda ish ko‘rishlarga to‘g‘ri keladi. Keyingi vaqtlarda matematika va EHM dan foydalanish ham kuchayib bormoqda.
O‘simliklar ekologiyasi biologiya fanlaridan fiziologiya bilan chambarchas bog‘liq. Lekin Fiziologiya sohasidagi tadqiqotlar qatiy nazorat qilinadigan sharoitda o‘tkaziladi, ekologlar esa doimiy ravishda o‘zgarib turadigan tabiiy sharoit bilan bog‘liq holda ish olib boradilar. O‘simliklarni tabiiy sharoitda boshqa organizmlardan yakkalab qo‘yib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, ekolog hamma vaqt o‘rganilayotgan tur bilan konkurentlik qiladigan boshqa turlarning o‘zaro bog‘liqligini hisobga olishi kerak. Bu esa kuzatish olib borishni ancha murakkablashtirib yuboradi, chunki mazkur turning hayot kechirishi uchun o‘rganilayotgan muhit omillariga qaraganda senozda qatnashayotgan boshqa vakillar katta rol o‘ynaydi. Fiziologlar yaratgan qonuniyatlar tabiatda boshqacha namoyon bo‘ladi. Shunga ko‘ra, ekologiya, aynqsa amaliy ekologiya xalq xo‘jaligi uchun muhim ahamiyatga ega. Shu bilan bir vaqtda ko‘pchilik fiziologlar (L. A. Ivanov, V. N. Lyubimenko, N. A. Maksimov, G. Lyundegord va boshqalar) bevosita tabiatda kuzatish olib borganlar.
Ekologiyaning biogeografiya bilan bog‘liqligi aniq chunki o‘simliklar ekologiyasining o‘zi fitogeografiyadan kelib chiqqan, lekin turning muhit bilan o‘zaro munosabati ekologlar uchun muhim hisoblanadi. Agar fitogeografni turlar tanlab olingan ikkita joy orasidagi farq qiziqtirsa, ekologlar yashash joyining o‘zidagi farqlar sababini o‘rganadi. Agar fitogeograf, odatda sistematik (taksonomik) birliklar bilan ish olib borsa, ekolog o‘simliklarninghayotiy shaklllari, ekobiomorflar, ekotiplarga e’tibor beradi. Yana ekologik turning evolyutsiyasi, tarixiy dinamikasi masalalari qiziqtirganidan ekologiya paleontologiya va paleoekologiya bilan ham bog‘liqligi o‘z-o‘zidan ma’lum. Geobotaniklar o‘simliklarni o‘rganishda ekologik masalalarni priborlar yordamida o‘rganishga katta ahamiyat bera boshladilar. Keyingi o‘n yilliklarda o‘simliklarning ekologik anatomiyasi va ekologik morfologiyasi yuzaga keldi. Sistematika, odatda, statika bilan ham bog‘liq bo‘ladi. Ekologiya esa fiziologik protsesslarga asoslangan dinamika qiziqtiradi. Lekin ekolog hamma vaqt o‘rganilayotgan ob’ektning filogenetik sistemadagi holatini aniq bilishi kerak. Ikkinchi tomondan, ekologiya sistematikaga juda katta ta’sir ko‘rsatadi.