Ma’ruza mashg‘ulotlari uchun ma’lumotlar
1-mavzu: Dinshunoslik faniga kirish Reja:
O‘zbekistonda dinga yangicha qarash va munosabatlarning shakllanishi.
“Dinshunoslik” fanining maqsad va vazifalari.
Dinning ta’rifi va uning jamiyatdagi vazifalari.
Tayanch tushunchalar:
Din, jahon dinlari, milliy dinlar, e’tiqod, ishonmoq tuyg‘usi, ibodat, kompensatorlik, regulyatorlik, integratorlik, yakka xudolik va ko‘p xudolik
O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng dinga yangicha qarash va munosabat bildirish imkoniyati tug‘ildi. Natijada nisbatan yangi bo‘lgan dinshunoslik fani vujudga keldi. Bu fan ilgarigi ateizmdan farqli o‘laroq, dinni tanqid qilish, uni jamiyatdan yo‘qotish maqsadida emas, balki unga milliy ma’naviyatning bir bo‘lagi sifatida yondashib, uni xolisona o‘rganishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.
Mustaqillik ijtimoiy hayotning barcha sohalarida, jumladan, ma’naviy hayotdagi yangilanish jarayoni va tub o‘zgarishlar davrini boshlab berdi. Dinga bo‘lgan munosabat ijobiy tomonga o‘zgardi: sobiq sovet tizimining dinga ateistik hujumkorlik siyosatiga barham berildi, vijdon erkinligi qonun orqali kafolatlandi.
O‘zbekiston rahbariyati mustaqillikning birinchi kunlaridanoq dinning jamiyat hayotidagi muhim o‘rniga muvofiq, buyuk ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan qadriyatlarni qayta tiklash asosida aniq va prinsipial chora-tadbirlar ko‘ra boshladi. Davlatning dinga yangicha munosabati “inson e’tiqodsiz yashay olmaydi” degan aniq ishonch asosida belgilandi. Bu tamoyil hozirgi kunga kelib “Alloh qalbimizda, yuragimizda” so‘zlarida ifodasini topmoqda.
O‘z navbatida, “dunyoviylik” tamoyilini to‘g‘ri anglash, jamiyat va din orasidagi munosabatlarda muvozanatni saqlash lozim bo‘ladi. Zero, dinning jamiyatda o‘ziga xos o‘rni mavjud. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan aytilgan quyidagi so‘zlarni keltirish muhimdir: “Dunyoviy va diniy qadriyatlar o‘rtasidagi nozik munosabatlarning mohiyatini har tomonlama to‘g‘ri tushuntirishimiz lozim. Tarix va hayot tajribasi shundan dalolat beradiki, dunyoviy va diniy qadriyatlar bir-birini to‘ldirmas ekan, bugungi kunning og‘ir va murakkab
savollariga to‘laqonli javob topish oson bo‘lmaydi. Shu ma’noda, biz muqaddas dinimiz arkonlari va qadriyatlarini doimo ulug‘lab, shu bilan birga, dunyoviy hayotga ham qat’iy ishonch bilan intilib yashagan taqdirdagina o‘z ezgu maqsadlarimizga eta olamiz”1.
Din kishilarni hamisha yaxshilikka, ezgu ishlarga chorlab kelgan. Jumladan, ota-bobolarimizning muqaddas e’tiqodi bo‘lgan islom dini ham yuksak insoniy fazilatlarning shakllanishiga xizmat qilgan. U tufayli xalqimiz ming yillar mobaynida boy ma’naviyati va merosi, o‘zligini omon saqlab keldi.
O‘zbek xalqining ilg‘or madaniy va ma’naviy merosini tiklash va yangi sharoitda yanada rivojlantirish, bu hududdagi ilk zamondan hozirgacha mavjud dinlarning tarixi, hayotiy tajribasi tadrijiy taraqqiyotini o‘rganish vatan tarixini chuqurroq tushunib yetish, uni sevish va u bilan faxrlanish his-tuyg‘ularini shakllantirishga xizmat qiladi. Din va Qonun o‘zaro munosabatlarini bilish respublikada demokratik huquqiy jamiyat qurish poydevorini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Din va dunyoviy davlat orasidagi munosabat haqida so‘z ketar ekan, uning asosida eng avvalo, dinning davlatdan ajratilishi tamoyili yotishini ta’kidlash zarur. Bu haqda Konstitutsiyamizning 61-moddasida shunday deyiladi: “Diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy birlashmalarning faoliyatiga aralashmaydi”.
Mazkur moddada muhim ahamiyatga ega qoidalar mustahkam qo‘yilgan. Birinchidan, diniy tashkilotlar qaysi konfessiyaga taalluqliligidan qat’i nazar, bir xil huquqiy maydonda faoliyat olib boradilar. Ikkinchidan, diniy birlashmalar faoliyatini tashkil etish ularning ichki ishi hisoblanadi va davlat nazoratidan xolidir.
Shu bilan birga, diniy tashkilotlar davlatdan ajratilgan bo‘lsa-da, bu dinning jamiyatdan ajratilganini anglatmasligini ta’kidlash zarur. Zero, biror dinga e’tiqod qiluvchi fuqarolar ham jamiyatning tarkibiy qismi va shu sababli din fuqarolik jamiyatida o‘z mavqeiga ega bo‘ladi.
Davlatning dinga munosabatidagi asosiy xususiyati – bu dinning siyosatga aralashmasligi. Zero, har qanday din, birinchi o‘rinda ma’naviy- axloqiy jihatni o‘z ichiga oladi.
Davlatning dinga bo‘lgan munosabatini ifodalovchi yana bir tamoyil shundan iboratki, davlat dinni xalq ma’naviyatining uzviy qismi sifatida
1 Karimov I.A. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. – T.: Ma’naviyat, 2008. – B. 96.
tan oladi. Bundan kelib chiqib, uning rivoji uchun tegishli shart-sharoit yaratishga harakat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida bu masalalar o‘z echimini topgan va u dunyodagi rivojlangan mamlakatlardagi huquqiy- me’yoriy talablarga to‘la javob beradi. Har qanday dinga e’tiqod qiluvchi va hech qanday dinga e’tiqod qilmaydigan kishilar uchun bir xildagi shartlar qo‘yilishini ta’minlovchi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31- moddasida, jumladan, shunday deyiladi:
“Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi”.
Mazkur qoidada dunyoviy davlatning dinga bo‘lgan munosabatini ifodalaydigan asosiy tamoyillar o‘z ifodasini topgan:
dindorlarning diniy tuyg‘ularini hurmat qilish;
diniy e’tiqodlarni fuqarolarning yoki ular uyushmalarining xususiy ishi deb tan olish;
diniy qarashlarga amal qiluvchi fuqarolarning ham, ularga amal qilmaydigan fuqarolarning ham huquqlarini teng kafolatlash hamda ularni ta’qib qilishga yo‘l qo‘ymaslik;
ma’naviy tiklanish, umuminsoniy axloqiy qadriyatlarni qaror toptirish ishida turli diniy uyushmalarning imkoniyatlaridan foydalanish uchun ular bilan muloqot qilish yo‘llarini izlash zarurati;
dindan buzg‘unchilik maqsadlarida foydalanishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini e’tirof etish.
O‘zbekiston davlatining dunyoviylik, diniy bag‘rikenglik, barcha dinlarga bir xilda munosabat, jamiyat taraqqiyotida din bilan hamkorlik qilish xususiyatlari ushbu tamoyil asosida amalga oshiriladi. Chunki, Konstitutsiyaviy dunyoviy-ma’rifiy davlatda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunga asosan diniy e’tiqodi va dunyoqarashidan qat’i nazar, siyosiy xohishlarini bildirishda barcha fuqarolarning teng ishtiroki tamoyiliga rioya qiladi.
O‘zbekistonning tashqi olam bilan har tomonlama – siyosiy, iqtisodiy, ilmiy aloqalari yanada mustahkamlanib borayotgan hozirgi kunda turli konfessiya vakillari bilan muloqot qilishning yuksak madaniyatiga erishish katta ahamiyat kasb etadi. O‘zbek xalqining ilg‘or madaniy va ma’naviy merosini tiklash va yangi sharoitda yanada rivojlantirish, bu hududdagi ilk zamondan hozirgacha mavjud bo‘lib kelgan dinlarning tarixi, hayotiy tadrijiy taraqqiyotini o‘rganish, talabalarda Vatan tarixini chuqurroq
tushunib yetish, uni sevish va u bilan faxrlanish his-tuyg‘ularini shakllantirishga xizmat qiladi.
“Dinshunoslik” fani talabalarda din, uning turli shakllari, ta’limotlari, yo‘nalishlari, mazhablari haqida to‘g‘ri ilmiy xulosalar chiqara oladigan dunyoviylik va diniylik munosabatlarini asosli tahlil qila oladigan to‘g‘ri dunyoqarashni shakllantiradi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonun, jinoyat, fuqarolik, oila kodekslaridagi din va vijdon erkinligi haqidagi ko‘rsatmalar, qoidalar dasturulamal bo‘lib xizmat qiladi. Din va qonun o‘zaro munosabatlarini to‘g‘ri anglash, respublikada demokratik huquqiy jamiyat qurish poydevorini mustahkamlashga xizmat qiladi. Mamlakatimizda talabalarga “Dunyo dinlari tarixi” fanini o‘qitish muhim masalalardan biriga aylandi.
Dunyo xaritasida mavjud mamlakat borki, unda yashovchi xalqlarning o‘z dini, urf-odatlari va an’analari mavjud. Ana shu qadriyatlar xalqlarning yurish-turishi, kundalik faoliyati va umuman hayot tarzini belgilashda asosiy omil bo‘lib hisoblanadi. Dunyo xalqlari tarixini o‘rganishda ularning diniy qarashlari, e’tiqod va diniy amaliyotlarini e’tibordan chetda qoldirish mumkin emas. “Dinshunoslik” fani ana shu muhim omilni tadqiq etib, tarix bilan bog‘liq ravishda tahliliy o‘rganadi.
“Dinshunoslik” fanini o‘qitishdan maqsad – talabalarga buddaviylik, xristianlik, islom kabi jahon dinlari bilan bir qatorda urug‘-qabila dinlari va alohida millatlarga xos milliy dinlar tarixini zamonaviy ilmiy konsepsiyalar asosida chuqurroq o‘rgatish. Shuningdek, mustaqillik yillarida O‘zbekistonda dinga nisbatan munosabatning tubdan o‘zgarganligi, diniy qadriyatlarni tiklash, diniy bag‘rikenglik madaniyatini shakllantirish yo‘lida qilinayotgan muhim o‘zgarishlar, yangiliklar haqida ma’lumotlarni berish ko‘zda tutilgan.
Mustaqillik davrida milliy va diniy qadriyatlarning xalqqa qaytarilishi bilan birga jahonda mavjud xalqlarning dinlari haqida keng ma’lumot olish, ularning qadriyatlarini o‘rganish imkoniyati yuzaga keldi. Natijada dinshunoslik fani izchillikda rivojlana boshladi. Bunda alloma ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy-ma’naviy merosni o‘rganish bilan birga shu kunga qadar chet ellarda amalga oshirilgan izlanish va tadqiqotlarning natijalaridan unumli foydalanish zarurati paydo bo‘ldi.
“Dinshunoslik” fani dinni tanqid qilish yoki ko‘r-ko‘rona maqtash maqsadida emas, balki dinni tarixiylik, xolislik asosida turli xalqlar hayotida tutgan o‘rnini ilmiy jihatdan, ma’naviy hayotning bir bo‘lagi sifatida yondoshib o‘rganadi.
“Dinshunoslik” fanining vazifalari quyidagilardan iborat:
dinning – jamiyatga ijtimoiy, ma’naviy, ruhiy ta’siri haqida bilimlar berish;
ibtidoiy diniy tasavvurlar, milliy va jahon dinlari ta’limotlari haqida ma’lumot berish;
dinning mohiyati va uning kishilik jamiyati taraqqiyotidagi turli tarixiy bosqichlarda tutgan mavqei haqida tushuncha berish;
jamiyatni ma’naviy jihatdan kamol toptirishda diniy qadriyatlarning ahamiyatini yoritish;
dunyoviy davlat va dinning o‘zaro munosabatlarini yoritib berish;
diniy aqidaparastlik, ekstremizm va fanatizm kabi salbiy illatlar mohiyatini yoritish va ularga qarshi g‘oyaviy immunitetni shakllantirish;
O‘zbekiston Respublikasida dinga nisbatan munosabatning tubdan o‘zgarganligi, xususan, islom dini qadriyatlarini tiklash yo‘lida qilinayotgan ishlar haqida keng tasavvur hosil qilish.
“Dinshunoslik” fanining amaliy ahamiyati shunda ham ko‘rinadiki, u talabalarda islom va boshqa dinlar qadriyatlariga hurmat bilan qarash, ularni qadrlash, boshqa dinlarga va ularning vakillariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni tarbiyalaydi.
“Dinshunoslik” fani bo‘yicha talabalarning bilimi, uquvi va ko‘nikmasi uchun quyidagi muhim talab, vazifalar qo‘yilgan:
birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimov o‘zbek xalqining ma’naviy merosi, dini, jumladan, islom dini qadriyatlari, milliy g‘oya, milliy mafkura haqida bildirgan fikr va mulohazalar, ta’rif va tavsiflarni mazkur fanni o‘rganishda nazariy asos qilib olish;
ikkinchidan, O‘zbekiston Konstitutsiyasi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi qonun va boshqa qonuniy hujjatlarda din masalasi yuzasidan belgilangan inson huquqlari, turli diniy tashkilotlar huquqlari va majburiyatlarini bilish;
uchinchidan, “Dinshunoslik” asosiy fanlar qatorida o‘qitilishi, din, dindorlar va diniy tashkilotlarga nisbatan davlat tomonidan adolatli siyosat o‘rnatilishi, fuqarolar uchun vijdon erkinligining konstitutsion kafolatlanishi mustaqillik sharofati ekanligini tushunib yetish;
to‘rtinchidan, qonunga hurmat hissini, faqat o‘zining emas, balki boshqalarning ham diniy his-tuyg‘ulari bilan hisoblashish lozimligini, o‘z shaxsiy fikrlarini boshqa kishilarga tazyiq bilan o‘tkazish, turli norasmiy diniy mazhab va guruhlarga jalb etish g‘ayriqonuniy xatti-harakat ekanligini, jamoat joylarida diniy masalalarda zo‘ravonlik,
mutaassiblikka, agressivlikka yo‘l qo‘yish mumkin emasligini chuqur tushunib yetish;
beshinchidan, “Dinshunoslik” fanining boshqa gumanitar fanlar bilan birga rivojlanishini nazarda tutgan holda, o‘zi qo‘lga kiritgan soha yutuqlaridan ushbu fanni o‘zlashtirishda foydalanish.
Din – e’tiqod va u har bir kishining shaxsiy ishi hisoblanadi. Diniy nuqtai nazarga ko‘ra, din – muayyan diniy e’tiqodlarga, ya’ni ilohga, uning tomonidan insonlarga xabar etkazuvchilarning g‘ayrioddiy salohiyatga ega ekaniga (payg‘ambarlik), insonlar atrofida unga ko‘rinmaydigan ammo undan ancha yuqori darajada turuvchi mavjudotlar borligiga (farishtalar, jinlar) inson ideal hayot kechirishi uchun azaldan belgilangan qonuniyatlar mavjudligiga (muqaddas kitoblar), inson hayoti muntazam nazorat ostida ekaniga, qilingan barcha yaxshilik va yomonlik uchun mukofot yoki jazo muqarrarligiga (oxirat, hisob-kitob qilinish), inson qismati avvaldan belgilanishiga (taqdir) va shu kabi qarashlarga ishonish, ularni aqida sifatida qabul qilishdan iborat.
Din – tabiat, jamiyat inson va uning ongi, yashashdan maqsadi hamda taqdiri insoniyatning bevosita qurshab olgan atrof-muhitdan tashqarida bo‘lgan, uni yaratgan ayni zamonda insonlarga to‘g‘ri, haqiqiy, odil hayot yo‘lini ko‘rsatadigan ilohiy qudratga ishonch va ishonishni ifoda etadigan maslak, qarash ta’limotdir.
Din muayyan ta’limotlar, his-tuyg‘ular, toat-ibodatlar va diniy tashkilotlarning faoliyatlari orqali namoyon bo‘ladi. U olam, hayot yaratilishini tasavvur qilishning alohida tariqasi, uni idrok etish usuli, olamda insoniyatning ilk tarixidan to bizgacha o‘tgan davrlarni ilohiy tasavvurda aks etishidir. Din komil insonni tarbiyalashda salmoqli tarbiyalovchi qudratga ega bo‘lgan ma’naviy-axloqiy kuchdir.
Din ishonmoq tuyg‘usidir. Ishonmoq tuyg‘usi insoniyatning eng teran va go‘zal ruhiy-ma’naviy ehtiyojlaridandir. Dunyoda dini, ishonchi bo‘lmagan xalq yo‘q. Xalq dinsiz, e’tiqodsiz biror-bir narsaga ishonchsiz holda yashay olmaydi. Sosologik nuqtai nazardan qaraganda din jamiyat uchun zaruriy narsa, ijtimoiy hayotning ajralmas qismidir. U ijtimoiy munosabatlarni yuzaga keltiruvchi va amalga oshiruvchi omil sifatida namoyon bo‘ladi. Bu esa dinni jamiyatda bajargan vazifalariga ko‘ra o‘rganish mumkin demakdir.
Dinning vazifalari uning alohida shaxs va jamiyatga ta’siri va tabiatidan kelib chiqadi. Dinning vazifasi yoshlarga shaxs, oila, jamiyat
hayotiga kirib borishi, madaniyat va ma’naviyatni boyitishga qo‘shgan hissasini ko‘rsatib berishdir.
Dostları ilə paylaş: |