Ma’ruza mashg‘ulotlari
1-ma’ruza
Mavzu : Kredit modul tizimiga kirish.Ta’lim elementlarini o’zlashtirish natijalarini baholash.Elektron platformalar va ularda ishlash
Maqsad: Kredit modul tizim tushunchasi. Kredit modul tizimida baholash bosqichlari, elektron platformada ishlash tartiblarini to’g’risida bilimlar berish.
Reja:
1. Kredit modul tizimiga kirish
2. Ta’lim elementlarini o’zlashtirish natijalarini baholash.
3. Elektron platformalar va ularda ishlash
Tayanch ibora va tushunchalar: kredit, modul, tizim, elektron platforma, tyutor, edvayzer.
Koronavirus pandemiyasi sharoitida inson hayotining barcha jabhasida misli koʻrilmagan oʻzgarishlar sodir boʻlmoqda. Ushbu silsilalar koʻp yillik shakllangan qadriyatlar, anʼanalar va tamoyillarning “darz” ketishiga ham olib keldi. Xususan, nufuzli olimlar, xalqaro tashkilotlar ekspertlari tomonidan yaqin va oʻrta istiqbolda kurrai zamin taraqqiyotiga tahdid soladigan xavf-xatarlar boʻyicha berilgan prognoz koʻrsatkichlari oʻz tasdigʻini topmadi. Aksincha, ular qaytadan koʻrib chiqilayotir. Ammo shu narsa ayon: dunyo bir butunlikda harakat qilmas ekan, inson oʻta tahlikali vaziyat qurboniga aylanishi hech gap emas. Yagona najot yoʻli esa toʻplangan bilim, shakllangan koʻnikma va orttirilgan xulosalarni yagona maqsad sari yoʻnaltirish, ilm hamda tajribalarni samarali uygʻunlashtira olishdir.
Bilim va ilmning shakllanishi esa bevosita taʼlim tizimiga borib taqaladi. Taʼlim tizimi samaradorligini oʻqituvchi saviyasi, talaba ehtiyoji, oʻquv adabiyotlari mazmuni hamda mustaqil taʼlimni shakllantirishga qaratilgan infratuzilma bevosita taʼminlab beradi. Demak, ilgʻor kadrlarni tayyorlash, ularni mehnat bozori talablariga muvofiq raqobatdoshligini oshirish, ijodiy fikrlaydigan mutaxassislarni yetishtirish oʻquv dargohlarida yoʻlga qoʻyilgan taʼlim berish jarayoni bilan chambarchas bogʻliq.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2019-yilning 8-oktyabrida “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmoni imzolandi. Ushbu muhim dasturilamal hujjatda “respublikadagi kamida 10 ta oliy taʼlim muassasasini xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1 000 ta oʻrindagi oliy taʼlim muassasalari roʻyxatiga kiritish va oliy taʼlim ¬muassasalarida oʻquv jarayonini bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga oʻtkazish” belgilab berildi.
Shuningdek, 2030-yilga qadar respublikadagi barcha oliy taʼlim muassasasi (OTM)ning 85 foizi, jumladan, 2020/2021 oʻquv yilining oʻzida 33 ta oliy taʼlim dargohini kredit-modul tizimiga oʻtkazish koʻrsatib oʻtildi.
Xoʻsh, bundan koʻzlangan maqsad nima? Bugun va kelajak uchun mazkur mexanizm qay darajada foyda keltiradi? U yangi Oʻzbekistonning strategik maqsadlariga qanchalik mos?
quyida ana shu savollarga batafsil javob izlashga harakat qilamiz.
Uning oʻzi nima?
Kredit-modul tizimi, bu — taʼlimni tashkil etish jarayoni boʻlib, oʻqitishning modul texnologiyalari jamlamasi va kredit oʻlchovi asosida baholash modeli hisoblanadi. Uni bir butunlikda olib borish serqirra hamda murakkab tizimli jarayondir. Kredit-modul tamoyilida ikkita asosiy masalaga ahamiyat beriladi: talabalarning mustaqil ishlashini taʼminlash; talabalar bilimini reyting asosida baholash.
Kredit-modul tizimining asosiy vazifalari sifatida quyidagilar eʼtirof etiladi:
— oʻquv jarayonlarini modul asosida tashkil qilish;
— bitta fan, kurs (kredit)ning¬qiymatini aniqlash;
— talabalar bilimini reyting bali asosida baholash;
— talabalarga oʻzlarining oʻquv rejalarini individual tarzda tuzishlariga imkon yaratish;
— taʼlim jarayonida mustaqil taʼlim olishning ulushini oshirish;
— taʼlim dasturlarining qulayligi va mehnat bozorida mutaxassisga qoʻyilgan talabdan kelib chiqib oʻzgartirish mumkinligi.
Yuqoridagilar dars mashgʻulotlarini nafaqat oʻqitishni innovatsion taʼlim texnologiyalari asosida olib borish, balki talabadan mustaqil oʻqib-oʻrganish, taʼlimga yangicha munosabatda boʻlish, mehnat bozori talabidan kelib chiqib, zaruriy va chuqur nazariy bilimlarni egallash, amaliy koʻnikmalarini shakllantirishga oʻr¬gatishdan iboratdir. Muxtasar aytganda, mazkur tizim talabaning kasbiy rivojlanishi va kamolotiga yoʻnaltirilgan. Ilm sohibining butun hayoti davomida bilim olishini taʼminlashga hamda mehnat bozori va zamonaviy talablarga javob bera oladigan inson kapitalini shakllantirishga qaratilgandir.
Keling, shu oʻrinda modul va kredit tushunchalari mohiyatiga qisqacha toʻxtalib oʻtamiz.
Modul — bu, bir nechta fan hamda kurslar oʻrganiladigan oʻquv rejasining bir qismi. U talabalarda maʼlum bir bilim va koʻnikma hosil qilish, tahliliy-mantiqiy mushohada yuritish salohiyatiga ega boʻlishiga qaratilgan bir nechta fanlar (kurslar) majmui hisoblanadi. Bunda oʻqituvchi oʻquv jarayonini tashkil qiladi, jonli, video hamda audio maʼruzalar oʻqiydi, talabaning faoliyatini muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi. Talaba esa mavzuni mustaqil oʻrganadi hamda berilgan topshiriqlarni bajaradi.
Xorijiy tajribaga koʻra, kredit-modul tizimida oʻquv jarayoni har semestrda 2 — 4 tagacha moduldan iborat boʻladi. Modulda jamlangan fanlar osondan murakkablik sari, nazariy-uslubiy fanlardan amaliy fanlarga qarab hamda mantiqiy jihatdan bir-birini oʻzaro uzviy toʻldirish prinsipi asosida shakllantiriladi. Talaba mutaxassis boʻlib shakllanishi uchun nafaqat axborotlar, balki ularni qayta ishlash, amaliyotga joriy qila olish ¬malakasiga ega boʻlishi talab etiladi.
Modulga asoslangan oʻquv dasturlari maxsus sxema asosida ishlab chiqiladi va quyidagilarni oʻz ichiga qamrab oladi:
— oʻquv maqsadi hamda vazifalarning toʻliq ochib berilishi;
— talabaning fanni (kursni) boshlashi va tugatishidan keyingi orttirishi lozim boʻladigan malakasiga qoʻyiladigan ¬talablar;
— modul tarkibiga kirgan har bir fanning qisqacha mazmuni (sillabus), yaʼni maʼruzalar mavzulari, seminar va amaliy mashgʻulotlarning rejasi, mustaqil taʼlimni baholash uchun moʻljallangan topshiriqlar;
— oʻqitishning qisqacha bayoni: taʼlim berish usul hamda vositalari; bilimlarni baholashning usul va shakllaridan ¬iborat.
Modul asosida oʻqitish tizimida talabalar bilimi, malakasi hamda koʻnikmasini baholashda reyting baholash tizimidan foydalaniladi. Unda talabaning barcha oʻquv faoliyati, yaʼni auditoriya va auditoriyadan tashqarida olgan, oʻzlashtirgan bilimlari ball berish orqali baholanadi.
Kredit (credit) — talabaning alohida taʼlim yoʻnalishi yoki dasturi (kurs) boʻyicha fanlarni oʻqib oʻrganishi va oʻz¬lashtirishi uchun sarflangan oʻquv yuklamasining (vaqtning) oʻlchov birligidir. ¬Kredit — talabaning meʼyoriy hujjat bilan belgilangan, odatda bir hafta davomida auditoriyada va mustaqil ravishda taʼlim olishi uchun ajratilgan minimal vaqt oʻlchovidir. Talabaga kredit maʼlum bir fandan belgilangan topshiriqlarni bajarib, yakuniy imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgandan soʻng beriladi.
Har bir talaba kelajakda tanlagan yoʻnalishi va mutaxassisligi boʻyicha diplomga ega boʻlishi uchun kreditlarni yigʻib borishi lozim. Toʻplangan kredit talabaga butun umr davomida oʻzining malakasini oshirib borish yoki qoʻshimcha oliy maʼlumot olishiga xizmat qilib boraveradi. Iqtisodiy tilda aytganda, toʻplangan kredit talabaning akademik “aktivi”ga aylanib boradi.
Kredit texnologiyasi taʼlim oluvchilarga ishchi oʻquv rejaga kiritilgan tanlov fanlarini tanlash, bu orqali individual oʻquv rejasini shakllantirishda bevosita ishtirok etish huquqini beradi. Ularga, nafaqat fanlarni, balki professor-oʻqituvchilarni ham tanlash erkinligi beriladi. Talabalarga fanlarni tanlash imkoniyatining berilishi ijobiy hol sanaladi. Bu oʻquv jarayonlarini baholashning oʻziga xos qiymat koʻrsatkichi boʻlib ham hisoblanadi.
Tarix va sabab
Kredit ilk marotaba XVIII va XIX asrlarda AqSh universitetlarida joriy etilgan boʻlib, oʻquv jarayonlarini liberalizatsiya qilish, talabaning haftalik akademik yuklamasini belgilab berish maqsadida yaratilgan.
1869-yilda Garvard universiteti prezidenti, Amerika taʼlimining taniqli arbobi Charlz Uilyam Eliot “kredit soati” tushunchasini isteʼmolga kiritadi. Shunday qilib, 1870 — 1880-yillarda kredit soatlari bilan oʻlchanadigan tizim joriy qilinadi. Kredit tizimi bilan oʻqish va oʻquv dasturlarini oʻzlashtirish talabalarga oʻquv jarayonini mustaqil ravishda rejalashtirish, uning sifatini nazorat qilish, taʼlim texnologiyalarini ¬takomillashtirish uchun imkoniyat yaratib berdi.
Kredit toʻplash oʻlchovining kiritilishi talabaga katta erkinlik berish bilan bir qatorda, kelajakda tanlagan sohasining raqobatbardosh mutaxassisi boʻlib yetishishi uchun akademik jarayonni mustaqil rejalashtirish imkonini ham taqdim etdi. Ayni chogʻda, baholash tizimi va taʼlim texnologiyalarining takomillashishiga ham olib keldi.
Bolonya deklaratsiyasida koʻzda tutilganidek, kredit-modul tizimi aynan -mustaqil taʼlimga urgʻu qaratgani holda, asosan, ikkita funksiyani bajarishga -xizmat qiladi:
-birinchisi, talabalar va oʻqituvchilarning mobilligini, yaʼni bir oliy taʼlim muassasasidan boshqa OTMga toʻsiqlarsiz, erkin ravishda oʻtishini (oʻqishni yoki ishni koʻchirish)ni taʼminlaydi;
-ikkinchisi, talabaning tanlagan taʼlim yoʻnalishi yoki mutaxassisligi boʻyicha barcha oʻquv va ilmiy faoliyati uchun akademik yuklama — kredit aniq hisoblab boriladi. Kredit yigʻindisi talabaning tanlagan ¬dasturi boʻyicha nimani qancha oʻzlashtirganligini namoyon etadi.
Bolonya deklaratsiyasi: ortga nazar
Bugungi kunda taʼlim tizimiga daxldor boʻlgan kishilar tomonidan Bolonya tizimi, uning ahamiyati boʻyicha turli fikr-mulohazalarni eshitib qolamiz.
Xoʻsh, bu qanday tizim? Uning qanday afzalligi va salbiy jihatlari mavjud?
Mavzuning mantiqiy davomi sifatida fikrlarimizni davom ettiramiz.
Ushbu tizimni yaratish uchun oʻtgan asrning 70-yillaridan Yevropadagi barcha oliy taʼlim muassasalarining integratsiyasini taʼminlash, oliy taʼlimning yagona standartini yaratish, talabalar va oʻqituvchilar mobilligini yoʻlga qoʻyish, diplomlarni tan olish, talabalar bilimi, malakasi hamda koʻnikmasiga qoʻyiladigan ballarni unifikatsiya qilish bilan bogʻliq bir qator muammolarni yechishga qaratilgan saʼy-harakatlar boshlab yuboriladi.
Mazkur harakatlarning samarasi oʻlaroq, 1999-yilda Italiyaning Bolonya shahrida 29 ta mamlakat vakillari tomonidan Bolonya deklaratsiyasi imzolanadi.
Bugungi kunga kelib, Bolonya jarayonida 48 ta mamlakat ishtirok etadi. Ularning orasida MDh mamlakatlaridan Rossiya, Ukraina, Ozarbayjon, Moldova, Armaniston, Gruziya, qozogʻiston va Belarus Respublikasi ham bor.
Bolonya tizimi boʻyicha oliy malakali kadrlarni tayyorlash ikki bosqichda amalga oshiriladi. Odatda uch yildan kam boʻlmagan bakalavrlar tayyorlash hamda 1-2 yillik magistratura bosqichi.
Koʻpgina ekspertlar Bolonya deklaratsiyasining qabul qilinishiga salohiyatli, iqtidori yuqori boʻlgan talabalarni egallash, mehnat bozorida ularning bilimini qadrlash boʻyicha AqSh bilan kechgan raqobatda Yevropa oliy taʼlim muassasalarining imkoniyatlari cheklanganligi, koʻplab “aql sohiblari”ning koʻhna qitʼani tark etib, Amerikaga koʻchib ketish tendensiyasiga qarshi koʻrilgan chora asosiy sababboʻlganini eʼtirof etadi.
Bugungi kunda mazkur kredit oʻlchovi tizimini amaliyotga tatbiq etish boʻyicha toʻrtta model keng tarqalgan.
Bular Amerika qoʻshma Shtatlarining kredit tizimi (USCS); Yevropa mamlakatlarining kredit tizimi (ECTS); Osiyo — Tinch okeani mamlakatlarining kredit tizimi (UCTS); Buyuk Britaniyaning kredit tizimi (CATS).
Ushbu modellarning ichida eng koʻp tarqalgani AqSh va Yevropa modellaridir.
Maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimiz Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi kredit tizimini joriy etishda Yevropaning ECTS tizimidan foydalanishga ustuvorlik qaratyapti. Shu bois uning afzal jihatlari, qulayliklari, yutuq va kamchiliklari haqida ham toʻxtalib oʻtish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
Bolonya deklaratsiyasining eng muhim jihatlaridan biri oliy taʼlim muassasalarining yagona “kredit tizimi”dan foydalanish (ECTS)ga asoslanadi. Kredit yoki kredit birligi — oʻquv rejasida hisobga olingan har qanday oʻquv faoliyatining ¬qiymat koʻrsatkichi hisoblanadi.
ECTS tizimi Yevropa va umuman, Bo¬lonya jarayoni ishtirokchi-mamlakatlari talabalariga katta afzalliklarni taqdim etadi.
Masalan, talaba taʼlim olayotgan universitetida egallagan akademik bilimlarini shu tizimga aʼzo mamlakatlar oliy taʼlim muassasalarida tan olinishini, yaʼni oʻziga xos “konvertatsiyasi”ni kafolatlaydi. Shu bilan birga, mazkur tizim aʼzolariga talabalarni boshqa OTMga oʻqishini tiklash, koʻchirish va tugatish imkoniyatini beradi.
ECTS tizimi universitetlarga ham bir qator qulayliklarni taqdim etadi. Chunonchi, maʼlum bir taʼlim yoʻnalishi va mutaxassisliklar kesimida oʻquv jarayoni haqidagi axborotlarni aniq aks ettiruvchi oʻquv rejalarning oʻxshashligi hamda yagonaligini taʼminlaydi. Shuningdek, mutaxassislik darajasining tan olinishiga erishish maqsadida talabani qabul qiluvchi va joʻnatuvchi oliy oʻquv yurtlaridagi dasturlarning mazmunini oldindan kelishib olish imkonini beradi. Talabaning taʼlim olishi bilan bogʻliq barcha masalani hal etishdagi javobgarligi hamda mustaqilligi saqlanadi. Yevropa taʼlim tizimida oʻquv kurslari va barcha taʼlim jarayoni kreditlarda, Oʻzbekiston hamda MDhning boshqa mamlakatlarida esa akademik soatlarda hisoblanib kelinadi.
ECTS tizimi boʻyicha har bir oliy taʼlim muassasasi kredit tarkibini, har bir modul boʻyicha kreditlar sonini, qolaversa, har bir kurs va umuman, oʻqish davrini tamomlash uchun talaba tomonidan toʻplanishi lozim boʻlgan kreditlarning umumiy miqdorini mustaqil belgilaydi.
Amaldagi oʻqitish tartibidan farqli oʻlaroq, kredit tizimida majburiy fanlardan tashqari tanlov fanlari ham talabaning individual dars jadvaliga kiritiladi. Talabalar oʻqishdan haydalmaydi yoki kursdan-kursga qoldirilmaydi. qaysi fan (kurs)dan belgilangan kreditlarni toʻplay olmasa, faqat oʻsha fanning oʻzidan qayta imtihon topshiradi, xolos. Oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplom esa belgilangan kreditlar toʻplagandan soʻng beriladi.
ECTS tizimi boʻyicha talabalarning bir yilda toʻplashi lozim boʻlgan kredit miqdori 60 ni tashkil etadi. Bir oʻquv yili ikki semestrdan iborat boʻladi deb ¬olsak, talaba har semestrda 30 kredit toʻplab borishi lozim. Bakalavriat dasturi 3-4 yillik boʻlsa, talaba bakalavr darajasini qoʻlga kiritishi uchun jami 180 — 240 kredit, 1-2 yillik magistra¬tura dasturini tugallashi uchun esa, 60 — 120 kredit toʻplashi majburiyat hisoblanadi.
Kredit-modul tizimida fanlardan talabalar bilimini baholash mezonini shakllantirish
Baholashni shartli ravishda 2 qismga bo‘lamiz: dastlabki baholash va asosiy baholash.
1. Dastlabki baholash.
1.1. Ma’ruza mashg’uloti nazorati.
1.2. Amaliy, tajriba mashg‘ulotlari nazorati.
1.3.Mustaqil ta’lim nazorati.
Izoh:
1. Talaba nazorat uchun qo‘yilgan talablarning kamida 60 % ni bajarsa ijobiy baholanadi. Masalan ma’ruza mashg’uloti nazorati savollariga kamida 60 % to‘g‘ri javob bergan bo‘lsa, lekin KI, KL, HGI larini 100 % bajarishi shart.
2. KI, KL, HGI larini bajarmagan talaba Yakuniy nazorat topshirishga kiritilmaydi va qarzdor hisoblanadi.
3. Dastlabki baholashda fandan talabaning olgan baholarini rasmiylashtirish uchun fakultet dekanatlarida dastlabki baholash qaydnomasi tashkil etiladi. Unda barcha nazoratlar bo‘yicha baholar qo‘yiladi va o‘rtachasi aniqlanadi, o‘rtacha baho ijobiy bo‘lsa Yakuniy nazoratga ruxsat beriladi. Birta nazoratdan qoniqarsiz baho olganda ham o’rtacha baho hisoblanmaydi va talaba Yakuniy nazoratga kiritilmaydi.
2. Asosiy baholash. Talaba fandan yakuniy nazorat topshiradi, bunda ham kamida 60 % to‘g‘ri javob bergan bo‘lsa ijobiy baholanadi.
Masalan 30 ta test savoliga javob berganda:
18 tadan 21 tagacha to‘g‘ri javob (60 dan 72 % gacha) – 3 baho;
22 tadan 25 tagacha to‘g‘ri javob (73 dan 85 % gacha) – 4 baho;
26 tadan 30 tagacha to‘g‘ri javob (86 dan 100 % gacha) –5 baho
Kredit modul tizimida quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
akademik mobillik — TDYU talabalarining muayyan vaqt mobaynida respublika hududidagi yoki xorijiy davlatdagi boshqa bir oliy ta’lim tashkilotiga o‘qish maqsadida borishi;
kredit — ta’lim olish natijalariga ko‘ra talaba tomonidan muayyan fan bo‘yicha o‘zlashtirilgan o‘quv yuklamasining o‘lchov birligi;
kreditlarni ko‘chirish — talabalarning akademik mobilligini ta’minlash maqsadida bir oliy ta’lim tashkiloti ta’lim dasturi bo‘yicha olingan kreditlarni boshqa oliy ta’lim tashkilotiga ko‘chirish va tan olish;
kredit to‘plash — ta’lim elementlarini o‘zlashtirish va boshqa yutuqlarga erishish natijasida taqdim etiladigan kredit birliklarini to‘plash;
mobillik dasturi — ikki yoki undan ortiq oliy ta’lim tashkiloti o‘rtasida o‘zaro ta’lim to‘g‘risidagi kelishuv asosida tashkil etilgan akademik mobillik dasturi;
oliy ta’lim tashkiloti — belgilangan miqdordagi kreditlarni tan olishni hisobga olgan holda, ta’lim va malaka to‘g‘risidagi hujjat beruvchi tashkilot;
talabaning shaxsiy ta’lim trayektoriyasi — talaba tomonidan tanlangan hamda unga ketma-ketlikda bilimlar to‘plash va xohlagan kompetensiyalar yig‘indisiga ega bo‘lish imkoniyatini beradigan yo‘nalish (marshrut). Ta’lim trayektoriyasi institutsional hujjatlar va yo‘riqnomalar yordamida tuzilishi hamda turli ta’lim trayektoriyalari natijada bir xil malaka olishga olib kelishi mumkin;
ta’lim dasturi — bakalavriat ta’lim yo‘nalishi yoki magistratura mutaxassisligi bo‘yicha o‘quv jarayonini amalga oshirishga mo‘ljallangan ta’limning asosiy xususiyatlari (hajmi, mazmuni, rejalashtirilgan natijalar), tashkiliy-pedagogik shart-sharoitlar, fan dasturlariga qo‘yilgan umumiy talablar, shuningdek, ta’limni tashkil etish va amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan axborot-resurs va o‘quv-metodik ko‘rsatmalar majmui;
ta’lim dasturi katalogi — oliy ta’lim tashkiloti tavsifi, kredit-modul tizimiga kirish, mavjud bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari, xizmatlar va resurslar, o‘quv fanlari dasturlari, aniq ta’lim dasturlari elementlari tavsifi to‘g‘risidagi axborot;
ta’lim jarayonini boshqarish axborot tizimi — talabalarni ro‘yxatga olish, o‘quv materiallarni tarqatish, talabalar va o‘qituvchilar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni ta’minlash, topshiriqlarni berish, nazoratlar o‘tkazish, baholash va uning natijalarini qayd etish kabi imkoniyatlarga ega bo‘lgan elektron tizim (maxsus dasturiy vosita);
ta’limning kredit-modul tizimi — ta’lim oluvchiga yo‘naltirilgan, ta’lim olish, ta’lim berish va ta’lim oluvchilar bilimini baholash jarayonlarining shaffofligi tamoyili asosida kreditlarni yig‘ish va o‘tkazishdan iborat tizim;
ta’lim moduli (modul) — bu o‘zida bilimga oid hamda kasbiy jihatlarni qamrab oladigan, talabada bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirishga qaratilgan ta’lim dasturining tarkibiy elementi sifatida nazorat qilishning tegishli turi bilan yakunlanadigan alohida o‘quv fani (uning qismi yoki o‘zaro bir sohaga doir fanlar majmui);
ta’lim natijalari — talaba tomonidan o‘zlashtirilgan va baho bilan tasdiqlangan malaka darajasini aks ettiradigan, ta’lim jarayonini tugatgach talaba o‘zlashtirgan ko‘nikmalar va ularni amalda bajarish qobiliyatining tavsifi;
ta’lim elementlari — ta’lim dasturining bir qismi bo‘lib, ta’lim olish natijalariga erishish va ta’lim dasturida ko‘rsatilgan bilimlarni o‘zlashtirishga ko‘maklashuvchi o‘qitish turi;
transkript — ta’lim olishning tegishli davrida o‘zlashtirilgan kreditlar va baholarning harf va raqamlardagi ifodasi ko‘rsatib o‘tilgan fanlar ro‘yxatini o‘z ichiga olgan belgilangan shakldagi hujjat;
o‘qish yuklamasi — talaba tomonidan o‘quv faoliyatining barcha turlari — ma’ruza, amaliy mashg‘ulot, seminar, laboratoriya ishi, kurs loyihasi (ishi), amaliyot va mustaqil ishni amalga oshirish asosida kutilgan o‘quv natijalariga erishish uchun zarur bo‘lgan soatlar hajmi;
ro‘yxatga olish xizmati — ta’lim jarayonini boshqarish axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlardan foydalanib professor-o‘qituvchilar, xodimlar va talabalar bo‘yicha ta’lim jarayoniga oid ma’lumotlar bazasini shakllantirishni, shuningdek, talabalarning barcha o‘quv natijalarini ro‘yxatga olish, bilimini nazorat qilish hamda ularning akademik reytingini hisoblashning barcha turlarini tashkil etishni nazarda tutuvchi xizmatlar.
Talaba kursdan kursga o'tish imkonini bergan kreditlarni to'plagan, ammo o'quv yili uchun to'planishi lozim bo'lgan barcha kreditlarni yig'a olmagan bo'lsa, keyingi o'quv yilida mustaqil ravishda yoki quyi kurslar bilan birgalikda o'sha modulni o'zlashtiradi. Har semestr va oʻquv yili yakuni natijalariga koʻra talaba belgilangan kreditlar miqdorini oʻzlashtirishi lozim. Lekin talaba maʼlum sabablarga koʻra kreditlarni oʻzlashtirmagan boʻlsa, uning keyingi bosqichga oʻtkazilishi yoki ushbu bosqichni qayta oʻqishi aynan yigʻilgan kreditlar miqdoriga bogʻliq boʻladi. Bunda talaba talabalar safidan chetlashtirilmaydi va faqat qarzdor boʻlgan fanlarini qayta oʻzlashtirishi talab etiladi. Kredit tizimida bunday qayta oʻzlashtirish tegishli kreditlar miqdoridan kelib chiqib tegishli toʻlovlarni amalga oshirishni talab etadi.
Oʻz navbatida talaba kursda qolirilgan taqdirda ham faqat oʻzlashtira olmagan va kredit berilmagan fanlarni qayta oʻqib oʻzlashtiradi, boshqa muvafaqqiyatli oʻtgan va kreditlarni jamlagan fanlarni qayta oʻqib oʻtirmaydi.
Universitetda baholash tizimi alohida belgilangan boʻlib bunda talabalar har bir fan boʻyicha oraliq va yakuniy nazoratlarni topshirib borishlari talab etiladi hamda maksimal 100 ball bilan baholanish imkoniyatiga ega boʻladi. Baholash jarayoni ham toʻliq shaffof boʻlib, bunda nazorat ishlari “Talabalar reytingini hisobga olish elektron tizimi (SRS – Students Report System)” orqali topshiriladi va baholanadi.
Mazkur tizimda nazorat yozma ishlari talaba tomonidan elektron shaklda topshiriladi, yaʼni tizimga yuklanib undan soʻng avtomatik ravishda shifrlanadi va tegishli kafedraga tekshirish uchun elektron shaklda joʻnatiladi. Kafedralarda mazkur ishlar professor-oʻqituvchilar oʻrtasida taqsimlanib tizimning oʻzida tekshiriladi, baholanadi hamda qoʻyilgan baho yuzasidan sharh yoziladi. Yaʼni nima sababdan shunday baholandi hamda talaba qanday kamchiliklarga yoʻl qoʻygani koʻrsatiladi. Tekshirilgan ishning bahosi va ishga yozilgan taqriz talabaning shaxsiy kabinetida koʻrinadi.
Oraliq va yakuniy nazorat ishlari boʻyicha qoʻyilgan baholar ustidan talaba bir marta apellyatsiya shikoyati berish mumkin. Bunda murojaat komissiya tomonidan koʻrib chiqiladi va komissiya xulosasi bilan baho oʻzgartirilishi mumkin boʻladi.
Foydalanilgan adabiyotlar rо‘yxati
1. O‘rinov V. “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarida ECTS kredit-modul tizimi: Asosiy tushunchalar va qoidalar”. El-yurt umidi jamg‘armasi va Respublika oliy ta’lim Kengashi bilan hamkorlikda tayyorlangan. Qo‘llanma. 10 avgust 2020 yil.
2. Shekudova S.S. “Uchebno-metodicheskiy kompleks po dissipline komponenta uchrejdeniya visshego obrazovaniya «Organizatsiya i samostoyatelnoy raboti studentov» modulya raboti studentov», modulya «vvedeniye v spetsialnost i uchebnuyu deyatelnost studenta». Gomel -2018.
3. Izimovna U.R. “Kreditno-modulnaya sistema organizatsii obucheniya kak faktor formirovaniya umeniy samoobrazovatelnoy deyatelnosti studenta”. Avtoreferat - Orenburg-2010.
4. Qо‘ysinov O.A. Uzluksiz ta’lim tizimida uzviylikni ta’minlash taraqqiyoi me’zoni. “Texnologiya va professional ta’limni modernizatsiyalash, muammo va yechimlar” mavzusida Respublika miqyosida ilmiy-texnik anjuman. Buxoro. 20.11.2020.
Dostları ilə paylaş: |