Alisher Navoiy 1441-yil 9-fevralda Hirot shahrida tug`ildi.
Sharq madaniyatining salmoqli zarvaraqlarini tashkil etuvchi notiqlik san`ati tarixiga oid talaygina manbalar bor bo’lsa-da, ulardan hech biri Alisher Navoiy qoldirgan meros kabi qimmatli va boy emas.
Navoiy o’z davrining buyuk mutafakkiri, so’z ustasi bo’lish bilan birga, kishilarga yaxshi so’z bilan ta`sir eta bilish san`atini juda qadrlovchi, ulug`lovchi, bunday san`at ustalariga e`tibor qilib, ehtirom ko’rsatuvchi bir shaxs edi.
Navoiyning fikricha, voiz quyidagi xususiyatlarga ega bo’lishi lozim:
Voizning so’zlari ta`sirchan va foydali bo’lmog`i lozim. Voiz kerakki «qolalloh» so’z aytsa.
Nutq tinglovchi uchun yangilik bilimlar va o’zgarishlar xabarchisi bo’lmog`i lozim. «Va`z bir murshid va ogoh ishidur va aning nasihatin qabul etgan maqbul kishidur».
Notiqning o’zi biror sohani egallagan bo’lishi va undan so’ng va`z orqali kishilarga ta`sir etishi lozim.
Notiq olim va bilimdon har narsadan xabardor kishidur. «Voizkim, bo’lg`ay olim va muttaqiyaning nasihatidin chiqqan shaqiy».
Notiqning so’zi bilan ishi bir bo’lmog`i lozim. Aks holda nutqning ta`siri bo’lmaydi. «Ulki buyurib o’zi qilmag`ay, hech kimga foyda va asar aning so’zi qilmag`ay».
Hoja Muayyad Mehnagiy
Alisher Navoiy qadrlagan voizlardan biri – Xoja Muayyad Mehnagiy mashhurgina emas, balki notiq, donishmand, yuksak bilim egasi bo’lgan, mavjud bilimlarni o’rganib qolmasdan, ularni takomillashtirgan, to’ldirgan. U mozorda shayxlik qilsa - da, o’zini xalqqa juda yaqin tutgan va o’z bilimini ularga berishga intilgan: «va`z majolisi bag`oyat garm va pursho’r voqe` bo’lur erdi».
Xo’ja Mehnagiy muvaffaqiyatlari va mahoratining kaliti bilim doirasining keng, mazmunan chuqur ekanligida edi. Navoiy iborasi bilan aytsak, u «zohir ulumin» bo’lgan, ya`ni o’sha davrda ajdodlarimiz to’plagan bilimlarning deyarli hammasini puxta o’zlashtirgan, buning ustiga ularni boyitgan ham.
Mehnagiy o’z davrining zo’r suxandonlaridan biri, hokisor shayx bo’lishiga qaramay, benazir donishmandligi, zo’r voizlik zakovati tufayli hatto toj-taxt, arkoni davlat a`yonlarini ham ta`zim qildira oladigan notiq edi.