2. V.PETTI - ANGLIYa KLASSIK IQTISODIY MAKTABINING ASOSChISI
Umumiy bahoga ko‘ra, klassik maktab XVII asr oxiri - XVIII asr boshlarida V.Petti (Angliya) va P.Buagilber (Fransiya) asarlarida yaratildi.
Vilyam Petti (1623-1687) Romsi shahrida tug‘ilgan, Angliya klassik iqtisodiy maktabining asoschisidir. Ko‘pchilik bu olimning iqtisodiyot fani sohasidagi faoliyatiga yuksak baho berib, uni buyuk va takrorlanmas iqtisodchi-tadqiqotchi deb baholagan edi. V.Petti favqulodda har tomonlama va yuksak bilimli inson bo‘lgan. U mayda hunarmand-matochi oilasida tug‘ildi. Leyden, Parij va Oksford universitetlarida meditsina sohasida tahsil ko‘rdi. U juda keng qobiliyatli talaba bo‘lgan, 1647 yilda nusxa ko‘chiradigan mashinani (kseroks) ixtiro qildi, 1649 yilda fizika doktori ilmiy darajasiga ega bo‘ldi. U dengizchi, vrach sifatida ham ishladi. Petti shu bilan birga yirik yer egasi ham edi, u yirik ingliz lendlordlar (yirik yer egasi) sulolasining asoschisi bo‘lib qoldi. 1652 yilda Kromvel hukumatining topshirigiga ko‘ra Irlandiyaning «yer obzori» (kadastri)ni o‘tkazdi. U XVII asrdagi Angliya burjua inqiloblaridan keyin kuchaygan ingliz tadbirkorlar mafkurachisi sifatida tanildi.
U tadbirkorlar mulkini, ya’ni xususiy mulkni «muqaddas» va «daxlsiz» deb bildi va uni turlicha yo‘llar bilan himoya qildi. Ish haqini cheklash tarafdori sifatida ishchilarga fizik jihatdan minimum haq to‘lash va shu bilan birga yangi sinfning boyishiga yordam berishni qo‘lladi. U mehnatning kapital tomonidan ekspluatatsiyasini yoqlab chiqdi. Xuddi shuningdek, Angliyaning mustamlakachilik siyosatini ham qonuniy deb hisobladi. V.Petti kapitalga soliq solishga qarshi edi, chunki bu ishlab chiqarishni cheklashi mumkin edi. Shu bilan birga u mehnatkashlarning daromadlaridan soliq olish tarafdori edi. U iqtisodiy muammolarga bag‘ishlangan «Soliqlar va yig‘imlar to‘g‘risida risola» (1662y.), «So‘z donishmandlarga» (1665y.), «Irlandiyaning siyosiy anatomiyasi» (1672y.), «Siyosiy arifmetika» (1683y.) va boshqa shu kabi asarlarni yozdi.
V.Petti XVII asrdagi eng taniqli shaxslar qatoridan o‘rin oladi (Mak-Kulloxning 1845 yilda bergan bahosi). U iqtisodiyotni o‘rganishda yangi usulni qo‘lladi, ko‘rinib turgan voqealarni sharxlashdan ularning mohiyatini tahlil etishga o‘tdi. V.Petti tadqiqot predmeti sifatida ishlab chiqarish sohasini oldi. Uning fikricha, boylik paydo bo‘lishi va ko‘payishi faqat moddiy ne’matlar yaratish sohasida ro‘y beradi, bu jarayon savdo va savdo kapitalining hech qanday ishtirokisiz bo‘ladi.
Olimning tadqiqot usulida empirizm elementlari (unsurlari) bo‘lishiga qaramasdan (bu masalan, yer bahosini talqin etishda ko‘rinadi), davlatning iqtisodiy faoliyatga aralashuvini qisman qo‘llaydi (mamlakatdagi savdogarlar sonini qisqartirishni talab etadi), u asosan erkin iqtisodiyot (laisser faire) prinsiplarini qo‘llaydi va merkantilistlardan farqli ravishda pul muomalasi va savdoni erkinlashtirish tarafdori bo‘lgan. U o‘z tadqiqotlarida bir qancha metodik (shartli) soddalashtirishlardan foydalaniladi:
muomala sohasining ishlab chiqarishga teskari ta’siri inkor etiladi;
pul va tovar bozorlarining o‘zaro bog‘liqligi ko‘zda tutilmaydi;
tovarlar va xizmatlar qiymati (qimmati) paydo bo‘lish tabiatida harajatlar harakteristikasi (sabab-oqibat prinsipi) qo‘llaniladi;
ish haqini ishchi mehnati bahosi sifatida talqin etish, oqibatda erkin raqobat sharoitida ish haqining minimal bo‘lishi va boshqalar.
U iqtisodiy jarayonlarga xos ichki qonuniy aloqalar va ularning sababiy munosabatlarini ko‘rsatishga intildi. Uni «faqat tabiatda ko‘rinarli asosga ega bo‘lgan sabablargina» qiziqtirar edi. Petti iqtisodiyotga tabiatshunoslikda qo‘llaniladigan usulni kiritib, shu bilan birga iqtisodiy tahlilning statistik usulidan ham keng foydalandi.
V.Pettining dastlabki asarlarida merkantilistlarning ta’siri ancha kuchli bo‘lgan, ammo keyingi «Pul to‘g‘risida bir necha og‘iz so‘z» (1682y.) kitobida u merkantilizmdan butunlay voz kechdi. Boshida u faol (aktiv) savdo siyosatini, davlatning iqtisodiyotga aralashuvini qo‘lladi, ammo bu ishlab chiqarishni rivojlantirishga yordam berishi kerak, degan fikrda bo‘lgan. U boylik va qashshoqlikka baho berib, bu hayotning abadiy va o‘zgarmas, shafqatsiz qonunidir, degan xulosaga keldi. «Ba’zi odamlarning boshqasidan ko‘proq qashshoqligi doim bo‘lgan va doim bo‘ladi» degan edi u. Ammo Petti ortiqcha zeb-ziynatga berilishdan tiyilish zarur deb bilgan.
Merkantilizm nuqtai nazaridan amaliy, aniq masalalarni yechish borasida u o‘z asarlarida bo‘layotgan voqealarni ta’riflashga ko‘proq o‘rin bergan. Ammo iqtisodiy jarayonlarni tadqiq qilish davomida hodisalarning ichki mohiyatiga kirib bordi, ularni izohlashga o‘rindi, iqtisodiyotda tabiiy fan metodlarini qo‘lladi, ayniqsa matematikani keng tadbiq etdi. U o‘zining tadqiqotlarida ayrim odamlarning fikri, xohishi va extirosiga oid barcha narsalarni chetda qoldirib, iqtisodiy hodisalarning o‘zaro bog‘liqligini ko‘rsatishga intildi. Shu yo‘l bilan u iqtisodiyotda ilmiy abstrakt metodni qo‘llashda dastlabki qadamni qo‘ydi. Shunday qilib, V.Petti iqtisodiy tahlilda statistik metod, yangi metodologiyani qo‘llay boshladi. Shunisi diqqatga sazovorki, V.Petti iqtisodiy masalalarni yoritganda tabiiy fanlar, ayniqsa meditsina, anatomiya (axir, V.Pettining o‘zi vrach-da!) matnlari va o‘xshatmalaridan ustalik bilan foydalangan. U masalani yechish uchun to‘g‘ri yo‘lni topish, «siyosiy jonIVor»ning sog‘ligini ta’minlash uchun faqat uning anatomiyasini o‘rganish orqali hal etish mumkinligini isbotlab berdi. U merkantilistlar kabi iqtisodiy tekshirishlarni muomala sohasidagi voqealarni umumlashtirish bilan cheklash mumkin emas degan xulosaga keldi. U xo‘jalikning asosini ishlab chiqarish jarayoni hal etadi, jamiyat boyliklari moddiy ne’matlar yaratish davomida yuzaga keladi, deydi. Savdogarchilikni unumsiz kasblar qatoriga qo‘shadi. Pettining fikricha, ular hech qanday mahsulot yaratmaydilar va faqat qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarini xuddi insondagi vena va arteriyalarga uhshab jamiyat tanasidagi qon to‘yintiruvchi sharbatlarni taqsimlagandek taqsimlaydilar. Ishlab chiqarishni xo‘jalikning asosi sifatida o‘rganib, bahoning tabiatini, ish haqi va yer rentasi, yer bahosi mihdorini belgilovchi sabablarni aniqlashga intildi. V.Pettining pulga bo‘lgan munosabatini ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, u qimmatbaho metall va toshlarni boshqa tovarlarga solishtirib, ular aynimaydi va o‘zgarmaydi, har yerda va har qachon boylik sifatida saqlanadi, degan. Shu sababli bunday tovarlarni ishlab chiqarish va savdo qilish kerak, chunki bu boshqa ishlab chiqarish va savdodan qulayroqdir. Shu bilan birga olim har qanday yo‘l bilan oltin va kumush, ya’ni pul to‘plashga qarshi edi.
1682 yilda yozilgan «Pul to‘g‘risida bir necha og‘iz so‘z» kitobi 32 ta savol va javob tariqasida Angliyada pul chaqasini qaytadan zarb etish masalasiga bag‘ishlangan. Bu aslida kichik bir parcha pul nazariyasining ustuni edi. Unda Petti merkantilizmdan butunlay voz kechadi va pulni umumiy ekvivalent vazifasini bajaruvchi maxsus tovar deb hisoblaydi. Pulning qiymati ham boshqa tovar kabi sarflangan mehnat miqdori bilan aniqlanadi, almashuv qiymati esa qimmatbaho metallni qazib olishga ketgan mehnat sarflari bilan belgilanadi. Eng muhim masala, bu mamlakatdagi pulning miqdori, ya’ni oborotdagi pul masalasi edi.
Muomaladagi pulning miqdori tovar-to‘lov oborotlari yoki oxir-oqibatda realizatsiya qilinayotgan tovarlar, ularning bahosi (to‘g‘ri proporsiya) va pulning muomala chastotasi (teskari proporsiya) bilan aniqlanadi. O‘sha davrda qimmatli metallardan qilinadigan chaqa pullar bank tomonidan chiqariladigan qog‘oz pullar bilan (ma’lum chegarada) almashtirilishi mumkin degan to‘g‘ri xulosa chiqariladi.
Uning fikricha, pul inson organizmidagi yog‘ga o‘xshaydi, chunki yog‘ning ortig‘i ham, kami ham ziyondir, ya’ni uning me’yorda bo‘lgani yaxshi (uning vrachligini eslang).
V.Petti davlatning iqtisodiyotga aralashuviga ham e’tibor berdi, bu aralashuv rivojlanishga yordam berishi kerak, lekin boshqa paytda davlat iqtisodiyotdan uzoq bo‘lishi kerak. Uning fikricha, vrach kasalni davolaganda iloji boricha sun’iy dorilardan kamroq foydalangani, ko‘proq ob’ektiv omillarni ishlatgani ma’qul (davlat aralashuvi zarur xolda va me’yorda bo‘lgani yaxshi).
V.Petti o‘zining tabiiy baho to‘g‘risidagi ta’limotida qiymatning mehnat nazariyasiga asos soldi. Bu klassik maktabning asosiy nishonasi (belgisi) sifatida qaraladi. U vaqt va tasodifiy omillar ta’sirida o‘zgarib turuvchi bozor bahosi («siyosiy baho»)ga tabiiy bahoni (qiymat deb bilgan) qarama-qarshi qo‘ydi. Tabiiy baho ichki bozor bahosiga teng bo‘lishi kerak. Chunki u mehnat miqdori bilan o‘lchanadi. U non bahosi bilan kumushni solishtiradi va ularning bahosi sarflangan mehnat miqdori bilan tenglashtiriladi. Bu misolda, ya’ni non kumushga almashtirilganda almashuv proporsiyasi asosida shu mahsulotlarni ishlab chiqarishga sarflangan mehnat yotadi, demak qiymat mehnat bilan aniqlanadi. Undan tashqari, tovarning qiymati kumushni qazib olishdagi mehnat unumdorligiga to‘g‘ri proporsionaldir, sarf-harajat usuli qo‘llaniladi. Shunday qilib, V.Petti iqtisodiyot tarixida qiymatning mehnat nazariyasi kurtaklarini ta’rifladi. Bu olimning katta ilmiy xizmatidir. Ammo Petti qiymatni almashuv qiymati bilan qorishtirib yuboradi va almashuv qiymatini almashuv jarayonida qanday shaklda bo‘lsa, shunday, ya’ni pul shaklida ifoda qiladi. U qiymatning bevosita manbai sifatida faqat konkret mehnatning aniq bir ko‘rinishini, oltin va kumush qazishdagi mehnat (ya’ni pul materiali)ni ko‘rgan, xolos. Uningcha, tarmoqlardagi ishlab chiqarilgan mehnat mahsulotlarining qiymati shu mahsulotlarni nodir metallarga almashuvi natijasida aniqlanadi. Olimning merkantilistik qarashlari bu yerda ham saqlangan (kamchiligi). U abstrakt mehnat bilan konkret mehnatni farqlamaydi. Unda qiymat bilan iste’mol qiymati tushunchalari o‘rtasida aniq farq ko‘rinmaydi, ayrim xolda ular qorishtirib yuboriladi. Konkret mehnat iste’mol qiymatini yaratsa, abstrakt mehnat umumiy qiymatni yaratadi.
Petti merkantilistlardan farqli ravishda boylik bu pul haqida qimmatbaho metall va javohirlardangina iborat emas, balki mamlakatdagi yerlar, uylar, kemalar, tovarlar xatto uy jixozlarini ham boylik deb hisoblaydi.
Mamlakat boyligini oshirish uchun odamlarni qamoqxonalarga tashlash emas, pullik jarimalar kiritish kerak deydi. Yirik o‘g‘rilarni esa «qullik»ka sotib, ishlatish zarur. Shu bilan birga pulning jamiyatdagi roli to‘g‘ri talqin etilmagan (savdogarlarni qisqartirish taklif etiladi).
«Mehnat boylikning otasi va nihoyatda faol prinsipidir, yer esa uning onasidir» degan fikr ham V.Pettiga tegishlidir. Bu g‘oyaning shunisi to‘g‘riki, mehnat boylikning yakkayu-yagona manbai emas, chunki gap moddiy boylik, iste’mol qiymatlari hosil qilish ustida borganda faqat mehnat emas, balki tabiat ham ishtirok etadi, ammo to‘g‘ri qoida tovarning qiymatiga ham xato ravishda noo‘rin qo‘llaniladi. Shunday qilib, V.Petti o‘zining qiymatning mehnat nazariyasiga qarama-qarshi ularoq, qiymat manbai sifatida mehnat bilan birga tabiatni ham qabul qilishni talab etadi. Buning sababi shuki, u iste’mol qiymati manbai sifatida ham, qiymat manbai sifatida ham bir xil gavdalangan.
Qiymat nazariyasi bilan daromadlar, ish haqi va renta to‘g‘risidagi nazariyalar bevosita bir-biriga bog‘liq. V.Petti boshqa (D.Rikardo, T.Maltus) klassik maktab vakillari kabi, ish kuchini emas, balki mehnatni tovar deb hisobladi (aslida ish kuchi ham tovardir).
V.Petti mehnatni tahlil etishga kirishadi. Har bir konkret mehnat aniq narsani (baxt-saodatni), iste’mol qiymatini yaratadi. Qiymat ikki qismdan iborat: 1) iste’mol qiymati, 2) almashuv qiymati - mahsulot almashsa yoki sotilsa yuzaga chiqadi. Masalan, dehqon mehnatida shunday umumiylik borki, unga ko‘ra barcha mehnatlarni bir-biri bilan solishtirish (chog‘ishtirish) mumkin, narsalar (baxt-saodat) - tovarlarni almashuv qiymati bilan, ish vaqtini sarflash, umuman ishchilarning unumli energiya sarflashi bilan aniqlash mumkin. Bundan abstrakt mehnat tushunchasi kelib chiqadi va buni birinchilardan bo‘lib V.Petti tushuna boshladi. U mehnatning tabiiy bahosini ish haqi deb biladi va uning miqdorini aniqlashni o‘zining vazifasi qilib qo‘yadi. O‘sha davrda Angliyada ish haqi qonun bilan tartibga solingan, uning eng yuqori pog‘onasi ishchilarning hayoti uchun zarur bo‘lgan jismoniy minimum mablag‘lardan iborat edi (sog‘lom odamning kunlik o‘rtacha ovqati). Petti har bir ishchi «yashash, mehnat qilish va ko‘payish uchun» kerakli narsani olsa bas, degan xulosaga keladi. Bu holatni V.Petti nazariy jihatdan isbotlamoqchi bo‘ldi. U o‘yladiki, agar ishchilarga ko‘rsatilgan minimumdan, masalan, ikki hissa ko‘p haq to‘lansa, ular ikki marta kamroq ishlaydilar.
Tirikchilik uchun zarur mablag‘lar nazariyasi xato bo‘lib, avvalo ishchi kuchi qiymatiga kiruvchi tarixiy va ahloqiy elementlarni o‘z ichiga oladi. Shu bilan birga bu nazariyaning ijobiy tomoni ham mavjud bo‘lib, ishchilar o‘zlari yaratgan qiymatning faqat bir qismini (tirikchilik uchun kerakli minimum mablag‘ni) olayotgani ma’lum bo‘lib qoldi. Mehnat tufayli yuzaga kelgan qiymatning boshqa qismi esa qo‘shimcha mehnat natijasi sifatida namoyon bo‘ladi, bu qo‘shimcha qiymat uningcha rentadir.
U ishlab chiqarmaydigan aholiga - dindorlar, advokat, amaldorlarga salbiy munosabatda bo‘ldi, xuddi shuningdek u sotuvchilar sonini ham keskin kamaytirish tarafdori edi. Tadbirkorlar va yer egalarining daromadlarini belgilash uchun umumiy bo‘lgan «renta» tushunchasi kiritiladi.
V.Petti renta nazariyasini ishlab chiqdi (siz ham rentani bir eslang). Uning fikricha, renta mahsulot (natura) ko‘rinishida ish haqi va urug‘likni ajratgandan keyin qoladigan mahsulot miqdoriga teng bo‘lishi kerak. Demak, bu holda renta qo‘shimcha mahsulotga teng. Pul holidagi renta qo‘shimcha mahsulotning kumush miqdoriga teng qiymatidir.
V.Pettida foyda tushunchasi alohida kategoriya shaklida yo‘q, renta barcha qo‘shimcha qiymatga teng miqdor deb baholanadi. Shu sababli renta to‘g‘risidagi nazariyada amalda qo‘shimcha qiymat haqida gap boradi. Qiymatni mehnat sarflari sifatida qarab, V.Petti birin-ketin renta (qo‘shimcha qiymat)ni qo‘shimcha mehnat natijasi ekanligini aniqlaydi. Buni fermerning foydasi sifatida ham qaraydi.
Ish haqi va rentani mehnat asosida yuzaga kelgan qiymatning bir bo‘lagi sifatida tahlil etib, Petti muhim xulosa chiqaradiki, unga ko‘ra ish haqi va renta bir-biriga qarshi. Masalan, deydi u, bir bushel (36.4 kg) bug‘doy 60 pensdan sotiladi, undan 20 pensi yer rentasiga, 40 pensi yer egasining ish haqi sifatida berilsa va ish haqi 1/8 ga yoki kuniga 8 dan 9 pensga ko‘tarilsa, yer egasining 1 bushel bug‘doydagi hissasi 40 dan 45 ga ko‘tariladi, yer rentasi esa 20 dan 15 pensga (ya’ni 5 pensga) kamayadi.
V.Petti rentaning kelib chiqishi to‘g‘risida ham muhim va qiziqarli fikrlarni beradi (umuman, renta absolyut va differensial bo‘ladi). Differensial rentaning kelib chiqishini u yerning kamligi va yer uchastkalarining turlicha joylashganligi bilan tushuntiradi (birinchi sabab, ya’ni bozorga uzoq-yaqinligi, tabiy unimdorligi masofa, transport sarflari). U rentaning ikkinchi sababini ham aniqlab, yer tabiiy unumdorligining turlicha ekanligini ko‘rsatgan (o‘zbek xalqida ham «Yerdan yerning farqi bor, yetmish ikki xil narxi bor», degan yaxshi maqol bor). Olimlarning fikricha, V.Petti differensial rentani Adam Smitdan ham yaxshi bayon etgan.
Absolyut renta haqida gap borganda shuni aytish kerakki, bu renta yerga xususiy mulkchilik bo‘lganda namoyon bo‘ladi. V.Petti yer bahosi masalasini juda qiziq va noyob ravishda hal etishga o‘ringan. Uning fikricha, yerni sotib oluvchi har yili renta olish xuquqini kulga kiritgan shaxsdir. Shu sababli yerning bahosi bir yillik rentani ma’lum bir songa ko‘paytirish orqali aniqlanadi. Hamma masala shunda bo‘lib, uni tanlash talab etiladi. Xo‘sh, u nima bo‘lishi mumkin?
V.Petti bu savolga javoban shunday deydi: yer sotib oluvchi o‘zi va o‘ziga yaqin avlod-ajdodlarining manfaatlarini e’tiborga olib ish yuritadi. Uningcha, odatda uch avlod vakillari bir vaqtda hamkorlikda yashaydilar: buva (50 yosh), ug‘il (28 yosh) va nabira (7 yosh). U shu uch avlodning hamkorlik davrida yashagan yillar rentasi yig‘indisini yer bahosi deb qabul qiladi. U Angliya uchun bunday son 21 yilga teng ekanligini aniqlaydi. Demak, yerning bahosi shuncha bir yillik rentalar yig‘indisiga teng, degan xulosa chiqariladi.
V.Petti yerni sotib oluvchi uchun yer yillik daromad manbai ekanligini tushungan. Shunga muvofiq u yerning bahosi shunday summaga teng bo‘lishi kerakki, bu summa har yili olinadigan renta huquqini beradigan bo‘lishi kerak, deb to‘g‘ri hisoblagan. Amalda yerning bahosini kapitallashgan rentadek hisoblash orqali V.Petti masalaning mohiyatini to‘la va to‘g‘ri tushungan.
Ammo yerning bahosi masalasi hali to‘la hal etilmadi, chunki yerning bahosi ikki omilga bog‘liq: 1) yer rentasining miqdori, 2) protsent (foiz) darajasi. V.Petti esa yuqorida qayd etilganidek, ssuda protsentini yer bahosidan chiqargan. Bu qiyin ahvoldan chiqish uchun u yer bahosi rentaning 21 ga ko‘paytirilganiga teng deb hisoblagan (uch avlod - buva, ota va nevara birgalikda 21 yil yashaydilar va yerdan birga foydalanadilar, degan xulosa). Yerning asl bahosi masalasini boshqa olimlar to‘g‘ri xal etdilar.
V.Pettining «Siyosiy arifmetika» asari to‘la ravishda uning vafotidan keyin bosilib chiqdi (kitob uning ug‘li lord Shelbern tomonidan nashr etilgan). Buning sababi shuki, unda Angliya va Fransiyani chogishtiruvchi ma’lumotlar bor edi. Bu asar yangi fan - statistikaga asos soldi. Bu davrda hali bu tushunchaning o‘zi yo‘q edi («statistika» so‘zi XVIII asr oxirida paydo bo‘ldi).
V.Petti birinchilardan bo‘lib davlat statistika xizmati tuzish zarurligi masalasini ko‘tardi va ma’lumot to‘plashning ayrim yo‘nalishlarini belgilab berdi. Uningcha, mamlakatdagi aholining umumiy soni, joylashuvi, yoshi va kasbi hamda boshqa ma’lumotlar muhimdir. Iqtisodiy ko‘rsatkichlardan asosiy tovarlarning ishlab chiqilishi va iste’moli, aholi daromadi, boylik taqsimoti xaqidagi ma’lumotlar kerakli hisoblangan. Pettining kuzatishlaricha, mamlakatda faqat soliq va tashqi savdo bo‘yicha ayrim ma’lumotlar bor edi, xolos. Biror masala xaqida gap ochilar ekan, Petti «avval hisoblab qurish kerak» degan fikrni aytishni yaxshi ko‘rar edi. Statistika bilan shug‘ullanganligi tufayli ma’lum ma’noda «rejalashtirish» masalalari ham ko‘tarilgan. Masalan, u «ishchilar kuchi balansi» bilan shug‘ullanib, mamlakatga shuncha vrach va advokat kerak, demak, oliy o‘quv yurtlariga yiliga shuncha talaba qabul qilish kerak, degan hisob-kitoblarni keltirar edi. Odatda u Angliya va Fransiyaning iqtisodiy ahvolini solishtirib, qaysi davlat boyroq ekanligini aniq faktlar bilan ko‘rsatishga intilgan.
«Siyosiy arifmetika» kitobining mukaddimasida u o‘z uslubining yangi ekanligini ta’kidlab, qiyosiy (ozrok, ko‘proq, yaxshirok, yomonrok) ko‘rsatkichlardan aniq statistik raqamlar - son, og‘irlik bilan boshqa o‘lchovlar tiliga o‘tish kerakligini aytadi. U milliy daromad, milliy boylik xaqida gapiradi va Angliyaning milliy boyligini hisoblab chiqadi (ma’lumki, bu ko‘rsatkichlar hozirgi kunda juda muhim ko‘rsatkich hisoblanadi). Masalan, u Angliyaning moddiy boyligini 250 million funt sterling deb baholaydi, ammo aholining 417 million funt sterling pulini ham shunga qo‘shish kerak, deydi.
V.Pettining iqtisodiy ta’limoti aholining soni va tarkibidan boshlanishi nihoyatda muhimdir. Uning g‘oyasi o‘zidan keyingi Maltusdan keskin farq qiladi, agar Pettining fikri buyicha «aholi - boylikning asosi» bo‘lsa, Maltusda aholining tez o‘sishi kambag‘allikning asosidir. V.Petti Angliyaning milliy daromadini ham hisoblab chiqdi. Uning hisobiga ko‘ra, Angliyaning pul shaklidagi boyligi barcha boylikning faqat 3% teng ekan. Xuddi shundan hozirgi davrning milliy hisob schetlari yuzaga keldi, unga qarab ishlab chiqarish hajmini, bu boylikning aholi o‘rtasida taqsimotini (iste’mol, jamg‘arma, eksport, aholi, asosiy sinflar, guruhlar daromadi) va boshqalarni bilib olish mumkin. Albatta, hozirgi davr bilan solishtirganda bu hisob-kitoblarda jiddiy uslubiy xatoliklar bor edi. Masalan, u milliy daromadni aholining iste’mol sarflari yig‘indisi deb bilgan, ya’ni jamg‘arma, bino, qurilish, asbob-uskuna, yerni yaxshilashga ketgan kapital qo‘yilmalar hisobga olinmasa ham bo‘laveradi, deb noto‘g‘ri o‘ylagan. Ammo XVII asrdagi Angliya uchun bunday yo‘l ancha realistik edi, chunki jamg‘arma normasi past bo‘lgan, Angliyaning moddiy boyligi nisbatan sekin o‘sayotgan edi. Sal keyinroq V.Pettining bu xatolari uning izdoshi Gregori King tomonidan to‘g‘rilandi va XVII asr oxiridagi Angliya milliy daromadi nihoyatda to‘g‘ri hisoblab chiqildi.
E’tibor berib qaraydigan bo‘lsak, V.Pettining so‘nggi asarlari ko‘proq aholi, uning o‘sishi, joylashuvi va ish bilan bandligi masalalariga bag‘ishlangan. V.Petti zamondoshi va do‘sti, mayda savdogar Jon Graund bilan birgalikda demografik statistika faniga asos soldi. 1662 yildan boshlab Angliya aholi sonining umumiy soni, tug‘ilish, o‘lim va tabiiy o‘sish masalalari bo‘yicha kitoblar yuzaga kela boshladi.
Dostları ilə paylaş: |