4. FIZIOKRATIZM. F.KENE VA A.TYuRGO IQTISODIY TA’LIMOTLARI
Fransua Kene (1694-1774) har tomonlama keng bilimli olim bo‘lib, Versal yaqinida kambag‘al dehqon oilasida dunyoga keldi, u yoshligidan meditsinaga xavas qo‘ydi, qishloq jarrohidan dars oldi, meditsina amaliyoti unga shuhrat keltirdi. Dvoryan unvoniga ega bo‘ldi va Versal saroyiga (Lyudovik XV qirol saroyiga) o‘tdi. 1718 yilda vrachlik kasbini oldi. 1744 yilda meditsina doktori ilmiy darajasiga erishdi, 1752 yildan esa Lyudovik XV xonadonida tabiblik qildi (leybmedik). Meditsina va biologiyaga oid ko‘pgina asarlar yaratdi. Eng muhimi shuki, u oltmish yoshidan boshlab iqtisodiyot muammolari bilan bevosita shug‘ullana boshladi.
Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, F.Kenening iqtisodiy g‘oyalari qirol saroyida - Versalda yuzaga keldi. Bu yerda u umrining deyarli oxirigacha yashadi va ijod qildi. Bizningcha, bu yerda ob’ektiv iqtisodiy informatsiya yetarli bo‘lgan va olim ulardan yaxshi foydalanib o‘z ta’limotlarini yaratgan. 1766 yilda Adam Smit ham uning mehmoni va suhbatdoshi bo‘lgan edi. Didro va D’Alamber tomonidan chop etilgan «Qomus»da F.Kenening dastlabki iqtisodiy maqolalari: «Fermerlar», «Don», «Aholi», «Soliqlar» paydo bo‘ldi (1756-1757yy). 1758 yilda uning asosiy va eng muhim asari - «Iqtisodiy jadval» kitobi dunyoga keldi. F.Kene bu asarlarida fiziokratizm maktabi asoslarini yaratdi, uning nazariy va siyosiy dasto‘rini ta’riflab berdi. Uning ishini va tadqiqotlarini XVIII asrning ikkinchi yarmida Fransiyaning taniqli davlat arbobi A.Tyurgo (1727-1781 yy.) davom ettirdi. Fiziokratizm g‘oyalarini (ayniqsa F.Kene ta’limotini) Dyupon de Nemur, D’Alamber, V.Mirabo, G.Letron va boshqalar keng targ‘ib etdilar. Shunday qilib, haqiqiy fiziokratlar maktabi yoki o‘sha davr tili bilan aytganda «iqtisodchilar maktabi» tarkib topdi. Uning eng rivojlangan davri XVIII asrning 60-70 yillariga to‘g‘ri keladi.
Qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishi muammolari tadqiqot predmeti sifatida qaraladi. Shu bilan birga, xalq xo‘jaligi tarmoqlarining o‘zaro chambarchas bog‘liqligi deyarli e’tiborga olinmaydi.
F.Kene «tabiiy tartib» konsepsiyasini ilgari surdi, bu olimning uslubiy platformasi edi («tabiiy huquq » konsepsiyasini eslang), bunda u paydo bulayotgan va tobora mustaxkamlanayotgan daxlsiz xususiy mulkni tushundi, iqtisodiyot erkin raqobat asosida rivojlanishini, bozor
Fiziokratlar (lotincha fizio - tabiat va kratos - hoqimiyat) XVIII asrda Fransiyada ijod etgan klassik iqtisodiy maktab namoyandalaridir. Fiziokratlar maktabi feodalizmdan kapitalizmga o‘tish davrida rivojlandi, bu iqtisodiy yo‘nalish Fransiyada vujudga keldi va bu tasodifiy emas edi. Fransiya iqtisod va ayniqsa sanoat buyicha Angliyadan ancha ortda bo‘lishiga qaramay, bu yerda ham sanoatning kapitalistik turi - manufaktura rivojlana boshladi (bu haqda yuqorida aytib o‘tildi). Ammo mamlakat hali ham agrar holatda edi. Aholining asosiy qismi qishloqlarda yashar, milliy boylikning 2/3 qismi shu sohada yuzaga keltirilar edi. Dehqonlarning ahvoli tobora yomonlashdi, qishloq xo‘jaligining tushkunligi esa eng yuqori chuqqiga ko‘tarildi. Asosan mayda dehqon xo‘jaliklaridan iborat Fransiyada yangi, nisbatan samarali kapitalistik sinf - fermerlar ham paydo bo‘lib, tobora rivojlandi. Islohotlarni amalga oshirish sust bordi, feodal majburiyatlar tobora oshdi. Oqibatda dehqonlarning norozilik harakati kuchaydi. Mamlakatning moliyaviy axvoli fojiali edi. Mamlakat ishlab chiqarish kuchlarining rivoji feodal iqtisodiy munosabatlar bilan qarama-qarshilikka uchradi. Burjua inqilobiga olib keladigan omillar ko‘paydi. Feodal tuzumga qarshi kurash g‘oyasi fiziokratlar va ularning asoschisi F.Kenening iqtisodiy ta’limotida asosiy o‘rinni egalladi.
Bu ta’limot fermerlar sinfini himoya qildi, ishlab chiqarishni, asosan qishloq xo‘jaligini mamlakatni og‘ir axvoldan chiqarishning bosh yo‘li deb belgiladi. Tabiiy qonun-qoidalarga amal qilish kerakligi, shu yo‘l bilan mamlakat boyligini orttirish mumkinligi ko‘rsatib berildi.
Fransiyadagi qishlok xo‘jaligining axoli va uni yaxshilash tadbirlari tadqiqotlarning asosi bo‘ldi (P.Buagilber ham shu masalaga katta e’tibor bergan edi). Ekspluatatsiyaning asosiy shakli obrok bo‘lib, u pul va natural mahsulot shaklida olingan. Deyarli barcha haydaladigan yer, yaylov va o‘rmonlarning 80 foizi dvoryanlarga tegishli edi. Obrok shampar - don sifatida to‘langan va hosilning 25 foizini tashkil etgan. Ijaraga olingan yerning yarim hosili yer egalariga (pomeshchikka) to‘langan. 1789 yilda (inqilob boshlangan yil) Fransiyada ikki million xonavayron bo‘lgan dehqon bor edi, bu paytda soliq doimo oshib borgan.
Agrar masalani hal etish fiziokratlarning asosiy vazifasi bo‘lib qoldi. Ular qishloq xo‘jaligini mamlakat boyligining asosi deb tushundilar.
Fiziokratlarning muhim tomoni shuki, ular merkantilistlardan farq qilib, o‘z tadqiqotlarini iqtisodiyotning muomala sohasidan ishlab chiqarish sohasiga ko‘chirdilar. Olimlar iborasi bilan aytganda, ular «zamonaviy siyosiy iqtisodning haqiqiy otalari» edilar. Ularning xizmati shundaki, o‘sha davr dunyoqarashi doirasida kapitalning dastlabki tahlilini berishdi. Bu ularni boshqalardan ajratib turuvchi asosiy masala edi. Ammo fiziokratlar ishlab chiqarish sohasini faqat qishloq xo‘jaligi sohasi bilan cheklab qo‘ygan edilar (Fransiyaning ta’siri), ular sanoat (hunarmandchilik)ni samarasiz soha deb bilganlar.
Bu ta’limot, garchi uning ko‘pgina xatolari bo‘lsa ham (bu haqda quyida gapiriladi), haqiqatga yakinlashish borasida navbatdagi muhim qadam hisoblanadi. O‘sha davrda Fransiyada olib borilgan iqtisodiy siyosat (Kolberning merkantilizmi) qattiq tanqid qilinadi. Lyudovik XIV o‘rniga kelgan yangi qirol Lyudovik XV ham eski siyosatni davom ettirdi, Fransiya Angliya bilan yetti yillik urush olib borib, unda yengildi, Kanadadan va Sharqdagi bir qancha mustamlakalaridan ajraldi, oqibatda Yevropadagi ikkinchi darajali davlatga aylandi. Shu sharoitda bu ahvoldan chiqish yo‘li tabiatdan qidirildi.
Fiziokratlarning dasturi bo‘yicha Fransiyadagi feodalizm qoldiqlari tugatilishi, fiskal (soliq) tizimni ratsionalizatsiya qilib, rentadan yagona soliq olinishi, mayda yer uchastkalari birlashtirilib, don savdosidagi barcha proteksionistik to‘siqlar bartaraf etilishi kerak edi, oddiyroq qilib aytganda, Angliyadagi qishloq xo‘jaligiga xos ish yuritish taklif etildi. Iqtisodiy rivojlanish odamlarning istak-xohishiga bog‘liq bo‘lmagan tabiiy jarayon bo‘lib, uning ma’lum qonuniyatlarga bo‘ysunishini tan olish fiziokratlarning so‘zsiz yutugi edi. Bu qonunlar ularning fikricha tarixiy bo‘lmay, abadiy qonunlar deb qaralgan edi. Shu sababli ishlab chiqarishning kapitalistik (bozor) shakli tabiiy va abadiy ishlab chiqarish shakli deb hisoblangan (hozirgi rivojlanish buni ko‘p jihatdan isbotlamoqda).
F.Kene almashuvning ekvivalentligi ta’limotini ilgari surdi. U almashuv yoki savdo boylik yaratmaydi, demak, almashuv jarayoni hech narsa ishlab chiqarmaydi, deb hisoblagan. Erkin raqobat sharoitida almashuv sohasida teng miqdorli qiymatlarning almashuvi ro‘y beradi. Bu qiymat tovarlarda ular bozorlarga kirmasdan oldin ham mavjud bo‘ladi (V.Pettining tovar qiymati faqat almashuv paytida paydo bo‘ladi, degan fikri noto‘g‘ridir). Bundan kelib chiqadiki, almashuv jarayonida boylik yaratilmaydi va foyda paydo bo‘lmaydi. Almashuvning ekvivalentligi to‘g‘risidagi ta’limot merkantilistlarning qarashlarini inkor etish uchun nazariy asos bo‘ldi. Bu xolat shu bilan birga fiziokratlardan boylik manbaini muomala sohasidan tashqarida izlashni taqozo etdi. Ammo F.Kene miqdorli qiymatlarning almashuvi sababini to‘g‘ri tushuntirib bera olmadi, chunki qiymat nazariyasi hali to‘la ishlab chiqilmagan edi va u qiymatni ishlab chiqarish harajatlari bilan aynan bir deb hisobladi.
Fiziokratlarning iqtisodiy tizimida «sof mahsulot» to‘g‘risidagi ta’limot markaziy o‘rinni egallaydi. F.Kene yalpi ijtimoiy mahsulot va ishlab chiqarish harajatlari o‘rtasidagi farqni sof mahsulot deb bilgan, boshqacha qilib aytganda bu ishlab chiqarish chiqimlaridan oshiqcha mahsulotdir. F.Kene «sof mahsulot» faqat qishloq xo‘jaligida, dehqonchilikda yaratiladi, bu sohada tabiat kuchlari ta’sirida iste’mol qiymatlari miqdori ko‘payadi, deb ta’kidlaydi. Sanoatda esa iste’mol qiymatlari faqat turli kombinatsiyalarga uchraydi, mehnat jarayonida dehqonchilikda yaratilgan mahsulotning shakli o‘zgaradi, lekin uning miqdori ko‘paymaydi, shuning uchun «sof maxsulot» paydo bo‘lmaydi va boylik yaratilmaydi (kuchli, ammo noto‘g‘ri mantiq bor).
A.Smitning fikricha, shu asosda hunarmandlar (sanoatchilar) unumsiz, foyda bermaydigan sinf deb qaralgan. Aslida esa fiziokratlar bu sinfning borligini tan oladilar, uni unumsiz emas, balki foydaga sof qo‘shimcha daromad keltirmaydigan sinf deb qaraganlar. A.Tyurgo esa bu sinfga yuqori baho berib, «haq to‘lanadigan sinf» deb qaraydi.
Fiziokratlar qiymatni iste’mol qiymatiga, xatto tabiat mahsulotiga tenglashtirganlar (almashuv qiymati ham bor). Ularni faqat miqdoriy soha, ya’ni ishlab chiqarish jarayonida olingan iste’mol qiymatlarining ortiqcha qiymati (iste’mol qilingandan ortig‘i) qiziqtirgan. Bu narsa asosan dehqonchilikda aniq namoyon bo‘ladi. Ammo F.Kene ta’limotining boshqa tomoni ham bor, uning fikricha «sof mahsulot» miqdori ishlab chiqarish chiqimlarining miqdoriga bog‘liqdir, bu chiqimlarga xom ashyo sarflari, materiallar va ish haqi kiradi. Materiallarning qiymati belgilanganligi tufayli, ish haqi tirikchilikning minimum harajatlariga keltirilgan ekan, «sof mahsulot» (qo‘shimcha qiymat) qo‘shimcha mehnatning samarasi sifatida yuzaga keladi. Shunday qilib, fiziokratlarda qo‘shimcha qiymat tushunchasi qarama-qarshi xarakterga ega. Ular uni tabiatning sof xadyasi hamdir, ya’ni dehqonlarning qo‘shimcha mehnati natijasidir, deb qaraganlar (qo‘shimcha qiymat yaratishda tabiat ham ishtirok etadi). Fiziokratlarning bunday fikrlashi qiymatning ijtimoiy tabiatini tushunmaslikdan va qiymat tushunchasini iste’mol qiymati bilan qorishtirib yuborish oqibatida yuzaga keldi. Foyda tushunchasi mustaqil kategoriyaga ajratilmagan, xatto inkor etilgan. Renta qo‘shimcha qiymatning yagona shakli sifatida qabul qilingan ekan, foyda ishlab chiqarish chiqimlarining faqat ajralmas qismi bo‘lishi mumkin edi. Ular foydani ish haqining shakli sifatida qaraganlar, foyda go‘yoki odatdagi ish haqidan o‘zining kattaroq miqdori bilan farq qilgan va u kapitalistlar tomonidan foyda sifatida to‘la iste’mol qilingan.
Fiziokratlarning «unumli» va «unumsiz» mehnat to‘g‘risidagi ta’limoti «sof mahsulot» to‘g‘risidagi ta’limot bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, uning mantiqiy davomi deb hisoblanadi. Merkantilistlardan farqli ravishda ular «sof mahsulot» yaratuvchi mehnat unumli bo‘ladi, ya’ni qo‘shimcha qiymatni yaratadi, degan edilar. Bu unumli mehnatning tabiati to‘g‘risidagi masalaga prinsipial to‘g‘ri yondashish yo‘li edi. Ammo renta qushimcha qiymatning yakkayu-yagona aniq shakli sifatida tan olinganligi sababli dehqon mehnati birdan-bir unumli mehnat deb hisoblanadi, ishlab chiqarishning boshqa sohalaridagi (sanoatda ham) mehnat «unumsiz», ya’ni samarasiz deyiladi. Bundan dehqonchilik mehnatini boshqa mehnat turlariga qarshi quyish asossizdir, chunki yollanma mehnat ishlab chiqarishning qaysi sohasida qo‘llanshmasin, qo‘shimcha qiymat yaratadi, demak bu ham mehnat, bu soha ham unumli mehnatdir.
F.Kene «sof mahsulot» to‘g‘risidagi o‘z qarashlari asosida jamiyatni uch sinfga bo‘ladi: unumli sinf (fermerlar), yer egalari sinfi va unumsiz sinf (bu sinfni u sanoatchilar sinfi deb ham ataydi). Unumli sinfga dehqonchilikdagi barcha xodimlar, qishloq xo‘jalik ishchilari ham, fermerlar ham, ya’ni uningcha «sof mahsulot» yaratuvchilarning hammasi kiradi. Yer egalari «sof maxsulot» yaratmaganligiga qaramasdan, shu bilan birga bu maxsulotning iste’molchilari hisoblanadi, chunki ular uni ijara to‘loVI sifatida oladilar. Samarasiz, «unumsiz» sinf vakillari esa dehqonchilikdan boshqa tarmoqlarda ishlaydi (sanoat, savdo, hizmat sohasi). Ular «sof mahsulot» yaratmaydilar.
Jamiyatning sinfiy tuzilishi to‘g‘risidagi bu ta’limotning asosiy kamchiligi shuki, F.Kene yangi jamiyatning asosiy sinflarini ko‘ra bilmaydi, to‘g‘rirog‘i bunga tarixiy sharoit xalaqit beradi. Bu tizimda yollanma ishchilar bilan kapitalistlar birlashtirilgan. Fransiyada o‘sha davrda kam bo‘lsa ham, proletariat sinfi mavjud edi, lekin kapitalistik munosabatlar yaxshi rivojlanmaganidan burjua jamiyatining boshqa sinflarga qarshi tura oladigan mustaqil sinfiga ajralmagan edi. Sinflar to‘g‘risidagi ta’limotning bu kamchiliklaridan qat’iy nazar, jamiyatni sinflarga bo‘lishning iqtisodiy belgilarini aniqlash va iqtisodiy asoslarini ko‘rsatishga o‘rinish ijobiy voqea hisoblanadi.
Fiziokratlarning muhim xizmatlaridan biri shuki, ular birinchilardan bo‘lib, kapital tushunchasini tahlil qilishgan. Asarlarida bevosita «kapital» so‘zi qo‘llanilmagan, ammo yerlarning zaxini qochirish, ya’ni yer sifatini yaxshilash, qurilish, ot, plug, borona uchun ma’lum tipdagi dastlabki avans (bo‘nak) hamda urug‘lik va ishchi-batraklarga beriladigan avans boshqacha ekanligi aniq belgilanadi. Chunki birinchisiga qilingan harajat bir necha yilda bir marta bo‘lib, o‘z-o‘zini asta-sekin qoplaydi (asosiy kapital), ikkinchisi esa yiliga yoki doim bo‘lib, har bir hosil tufayli qoplangan. Shu sababli F.Kene ularni dastlabki avans (hozirgi zamon nuqtai nazaridan asosiy kapital) va yillik avans (aylanma kapital) deb atadi. Bu g‘oya A.Smit tomonidan rivojlantirildi. Bu o‘sha davr uchun buyuk kashfiyot edi. Shunisi muhimki, aylanma kapital bilan birga asosiy kapital ham doim harakatda deb qaraladi. dehqonchilikda qo‘llaniladigan kapitalning moddiy elementlariga qishloq xo‘jaligi qurollari va inventar, mol, urug‘lik, odamlarning tirikchilik vositalari va boshqalar kiritilgan. F.Kene merkantilistlardan farqli ravishda (ular kapitalni pul bilan aynan bir deb hisoblaganlar), pullarning o‘zi emas, balki pulga olinadigan ishlab chiqarish vositalari kapital hisoblanadi, deydi. Ammo kapitalning bu moddiy elementlari umumiy mehnat jarayonining oddiy elementlari sifatida, kapitalistik ishlab chiqarish jarayonida ishlatiladigan ijtimoiy shaklidan ajralgan holda qaraladi, oqibatda kapital abadiy, ya’ni tarixiy bo‘lmagan kategoriya deb ko‘rsatiladi.
Ishlab chiqarish chiqimlari (harajatlari)ni tadqiq qilish orqali kapitalning tashkil etuvchi qismlarini ajratish imkoni paydo bo‘ldi, bunda kapitalning (oborot) aylanish harakteri hisobga olindi. Kapitalning bir qismi boshlangich avans (bo‘nak) hisoblanib, unga qishloq xo‘jalik inventari, qurilish, mol va boshqalarga ketgan sarflar kiradi, shulardan 10 foizi yillik amortizatsiya hisoblangan, yillik avans deb atalgan kapitalning boshqa qismiga urug‘lik olish, asosiy qishloq xo‘jalik ishlari, ishchi kuchi uchun harajatlar kiradi (ish haqi).
Boshlangich avans bilan bog‘liq kapital sarfi ishlab chiqarish sikli bir qancha (qator yillar) ichida to‘la aylansa, yillik avansga sarflangan kapital esa bir ishlab chiqarish sikli (bir yil) davomida to‘la aylanadi. Bu yerda amalda doimiy va aylanma kapital to‘g‘risidagi g‘oya berilgan, ammo bu tushunchalar boshqa so‘zlarda ifoda etilgan, xolos. Shunisi diqqatga sazovorki, F.Kene kapitalni asosiy va aylanma kapitalga bo‘lganda faqat ishlab chiqarish kapitali bilan bog‘lagan holda bergan, uni muomala kapitali (savdo kapitali) bilan qo‘shib yubormagan. Shu sababli u pul va tovarni ishlab chiqarish kapitalining biror tarkibiy qismiga kiritmasdan, to‘g‘ri fikr yuritgan. Shunday kilib, fiziokratlar asosiy va aylanma kapitalga oid muammoni nazariy jihatdan yechishga asos soldilar.
F.Kene iqtisodiyot tarixida takror ishlab chiqarish jarayonini va yalpi ijtimoiy mahsulot muomalasini butunicha ko‘rsatish uchun birinchilardan bo‘lib o‘rinib ko‘rdi. U usha davr jamiyati fuqarolarini uch sinfga bo‘ladi: birinchisi - unumli sinf (fermerlar); ikkinchisi - mulkdorlar sinfi (pomeshchik, cherkov...) va uchinchisi - unumsiz sinf (hunarmand, ishchi va savdo xodimlari). Bu jarayon sxematik ravishda «Iqtisodiy jadval»da tasVIrlangan. Unda mamlakatda ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotning aylanishi orqali qanday taqsimlanishi ko‘rsatilgan, buning oqibatida ishlab chiqarishning avvalgi hajmida qayta boshlash uchun shart-sharoitlar yaratiladi.
F.Kenening g‘oyalari Ann Rober Jak Tyurgo (1727-1781 yy.) tomonidan davom ettirildi va chuqurlashtirildi. Ammo u o‘zini F.Kene shogirdi yoki davomchisi deb hisoblamagan. U Parijda normand dvoryanlar oilasida tug‘ildi, Sarbonnaning Teologiya (diniy) fakultetini tugatdi, ammo bu sohada ishlamadi. 1751 yildan Parij parlamentining chinovnigi, 1761-1774 yillarda Limojda intendant (harbiy qismda xo‘jalik mudiri), 1774-1776 yillarda moliya bosh nazoratchisi, qirol Lyudovik XVI davrida moliya vaziri sifatida bir qancha antifeodal islohotlar o‘tkazdi (don savdosidagi cheklashni yo‘q qildi, savdo gildiyalarini tugatdi...), ammo bu o‘zgarishlar Tyurgo iste’foga chiqqach, bekor qilindi. U ham F.Kene singari Didro, D’Alamber va ularning yordamchilari tomonidan chiqarilayotgan « Qomus»ga bir nechta falsafiy va iqtisodiy maqolalar yozdi.
A.Tyurgo hayoti va ijodida progressiv chinovnik Vensan Gurne katta rol o‘ynadi. U fiziokratlardan ancha farqli ravishda sanoat va savdoning mamlakat ravnaqidagi rolini to‘g‘ri tushundi. Sof bozor iqtisodiyotidagi mashhur laissez faire, laissez passer (bu tamoyilga ko‘ra, iqtisodiyot davlat aralashuvisiz rivojlanishi kerak) tamoyili birinchi bor shu tadqiqotchi tomonidan ilgari surilgan degan fikr bor. U boshqalar qatori hunarmandchilikdagi sex cheklashlariga qarshi chiqdi, erkin raqobatni qo‘llab-quvvatladi.
A.Tyurgo V.Gurne (u 1759 yilda vafot etdi) bilan F.Kene xuzurida ko‘p bo‘lgan, u ular bilan asosiy masalalarda maslakdosh bo‘lsa ham, ko‘p sohalarda boshqacha fikr yuritar edi. A.Tyurgo Parijda A.Smit bilan ham uchrashgan.
A.Tyurgoning iqtisodiy qarashlari uning 1766 yilda yozilgan (1769-1770 yillarda chop etilgan) «Boylikning paydo bo‘lishi va taqsimlanishi to‘g‘risidagi mulohazalar» asarida nisbatan to‘la yoritilgan. U Kene fikrlarini faqat targ‘ibot qilish bilan cheklanmadi, uni rivojlantirdi. U kapitalistik ishlab chiqarish munosabatlarini ancha chuqur tushundi, feodalizmni islohotlar o‘tkazish yo‘li bilan yaxshilash mumkin degan fikrga ishonmadi (Kene ishongan), kapitalizm feodalizm qobigida vujudga keladi va g‘alaba qiladi degan g‘oyani ilgari surdi.
Bu kitob aslida Parijga o‘qishga kelgan ikki xitoylik uchun darslik sifatida yozilgan va 100 ta aniq tezisdan iborat (V.Petti uslubi), ammo ba’zi qoidalar aksioma (isbot talab etmaydigan qoida)dan iborat. Bu iqtisodiy teoremalar aniq uch qismga bo‘linadi. 31 ta tezis (teorema) fiziokratik g‘oyalar majmuidan iborat (ustoz F.Kenening ta’siri). Ammo «sof mahsulot» nazariyasi F.Kenedan boshqacharoq talqin etiladi, aslini olganda bu yerda qo‘shimcha qiymat haqida gap boradi va bu mahsulot tabiatning sof in’omidan dehqon mehnati bilan yuzaga keladigan ortiqcha mahsulot sifatida qaraladi hamda asosiy ishlab chiqarish vositasi bo‘lgan yer egasi tomonidan o‘zlashtiriladi.
Keyingi 17 ta teorema qiymat, baho va pulga bag‘ishlangan. A.Tyurgoning bu sohadagi fikrlari o‘ziga xos harakterga ega va qiymatning mehnat nazariyasidan ancha yiroq. Uningcha almashuv qiymati va tovarning bahosi tovarlar nisbati, almashuvda ishtirok etayotgan shaxslar, sotuvchi va oluvchi istagining intensivligi bilan aniqlanadi (marjinalistik talqin). Ammo A.Tyurgoning bu g‘oyasi uning ta’limotiga hech ham mos kelmas edi.
Oxirgi 52 ta teoremada A.Tyurgoning tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan asosiy iqtisodiy g‘oyalari keltiriladi. Yuqorida aytilganidek, F.Kene, jamiyatni uch sinfga bo‘ladi. A.Tyurgo esa jamiyatni sinflarga boshqacharoq ajratadi, «unumsiz» sanoatchilar sinfini u ikki qismga bo‘ladi: birinchisiga tadbirkor manufakturistlar, fabrika egalari kiradi, ular katta kapital egalari sifatida namoyon bo‘lib, o‘z avans, ya’ni bo‘naklari yordamida ish joyi yaratadilar va uni foyda olish uchun sarflaydilar. Ikkinchilari - bu oddiy hunarmandlar bo‘lib (ishchilar), ular o‘z qo‘l kuchlari hisobiga ish haqi oladilar (ishlab chiqarish vositalaridan mahrum). A.Tyurgo ish haqini V.Petti va F.Kene kabi tirikchilik uchun zarur minimum mablag‘lar asosida hal etadi, ammo Kenedan farqli ravishda nega shunday bo‘lishi kerakligining mexanizmini tushuntirib bermoqchi bo‘ladi. Uning asosiy dalili shuki, mehnatga talab taklifga nisbatan kamayib boradi, ishchilar o‘rtasida raqobat boradi.
Xuddi shu kabi yer egalari sinfi ham fabrikantlar kabi ikki razryadga ajratiladi, bular avans beruvchi tadbirkorlar yoki kapitalistlar va faqat ish haqi oluvchi oddiy ishchilardir. Bu katta ijobiy voqea, chunki Fransiyada bu sinflar mavjud edi.
Demak, A.Tyurgo bo‘yicha jamiyatda besh sinf mavjud, bu haqiqatga yaqindir. U yollanma ishchida qo‘l kuchidan boshqa ishlab chiqarish vositalari yo‘qligini ochib beradi, kun kechirish uchun u o‘z mehnatini boshqalarga sotishi zarurligini ko‘rsatadi. A.Tyurgoning bunday fikrga kelishida vaqtning ham ta’siri bor, chunki u Kenedan keyinroq yashadi.
Tyurgoning ta’limotida pul, qiymat, sinflar va daromad nazariyalari tahlil etiladi.
A.Smit o‘z vaqtida «fiziokratizm tizimi qanchalik nomukammal bo‘lmasin, shu davrgacha chop etilgan iqtisodiy g‘oyalar ichida haqiqatga eng yaqini edi», - deb aytgan edi. Bu ta’limotning merkantilizmni inkor qilishi, mehnat bilan yer boylikning asosi ekanligini tan olishi, savdo-sotiqda bojxona cheklashlarini olib tashlashni taklif etishi nihoyatda muhimdir. Fiziokratlar boylik tezisi to‘g‘risida fikr yuritib, boylik - bu jamiyat mehnati bilan har yili yaratiladigan iste’mol qiymatlaridir, deydilar. Bu tezis ham A.Smit tomonidan qabul qilingan. Ishlab chiqarish va taqsimot jarayoniga xos umumiy mehnat doktrinasi, ishlab chiqarishning takroriyligiga alohida urg‘u berilishi katta yuto‘q hisoblanadi.
Kapital va uning ikki qismga ajratilishi (asosiy va aylanma), takror ishlab chiqarish, erkin sohibkorlik to‘g‘risidagi g‘oyalar, jamiyatning sinflarga ajratilishi iqtisodiy ta’limotlarning rivojida keyingi muhim qadamdir. Hozirgi zamon tili bilan aytganda, fiziokratlar sof bozor munosabatlarining unsurlarini asosan to‘g‘ri hal etib berdilar. Mehnat bilan birga yerning boylik asosi deb qabul qilinishida davr ta’siri kuchlidir. Chunki mamlakatdagi asosiy sinf dehqonlar bo‘lib, asosiy boylik qishloq xo‘jaligida yaratilayotgan edi.
Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun erkin bozor munosabatlariga o‘tish va ayniqsa dehqonlarni turli-tuman soliq va yig‘imlardan ozod qilish zarurligi, yagona soliq tizimiga o‘tish kerakligi to‘g‘risidagi fikr nihoyatda qimmatlidir. Sobiq, SSSRda yangi iqtisodiy siyosatda bu usul qo‘l kelgan. Chunki, har bir sohibkor va tadbirkor shaxsiy manfaatdorlik bo‘lgan taqdirdagina ishlab chiqarishni rivojlantirishga intiladi (Rossiyada ham 13 soliq).
Takror ishlab chiqarish va realizatsiya jarayoni uzluksiz davom etishi, xalq xo‘jaligi tarmoqlarining ma’lum proporsiyalarini saqlagan holda ro‘y berishi mumkinligi aniqlab berildi. F.Kene misolida uch sektor o‘rtasidagi munosabatlar keltirilgan.
Amalda, ayniqsa hozirgi davrda esa bu sektorlar miqdori xiyla ko‘p bo‘lib, ular o‘rtasidagi aloqalar Nobel mukofoti laureati V.Leontevning «xarajatlar - chiqarish» tizimida N ta tarmoq uchun ishlab chiqilgan. Ko‘rinib turibdiki, bu g‘oyaning kurtaklari fiziokratlarning asarlarida ko‘ringan. Hozirgi davrda buni tarmoqlararo balans deb yuritiladi va u makroekonomik tahlilda va umuman iqtisodiyotda muhim ahamiyatga egadir. O‘sha paytda bo‘lajak iqtisodiy modellarning asoslari vujudga kelgan edi. Bu g‘oya klassik iqtisodiy maktab ta’limoti zanjirining muhim ajralmas qismi sifatida muhim o‘rinni egallaydi
Shu bilan birga hozirgi zamon iqtisodiy ta’limotlari nuqtai nazaridan fiziokratizm g‘oyalari o‘z ahamiyatini tezda yo‘qotdi va o‘tkinchi harakterga ega bo‘ldi, chunki jahondagi ijtimoiy va iqtisodiy hayotdagi o‘zgarishlar nisbatan mukammal g‘oyalar ishlab chiqilishi zarurligini taqozo etdi va bu amalda ro‘y berdi. Ayniqsa boylikning asosi (sof mahsulot) faqat qishloq xo‘jaligi sohasi bilan chambarchas bog‘liq qilib cheklab qo‘yilganligi to‘g‘risidagi xato tez namoyon bo‘lib qoldi, sanoat inqilobi natijasida ro‘y bergan o‘zgarishlar tufayli fiziokratizm g‘oyalari unutilayozdi. Bu holat iqtisodiyot osmonidagi yorqin yulduzning so‘nishini eslatadi.
XULOSA
XVII-XVIII asrlarda qulay ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda dastlab Angliyada klassik iqtisodiy maktab kurtaklari paydo bo‘la boshladi. Bu yangi iqtisodiy g‘oyalar V.Petti nomi bilan bog‘liq (burjua inqilobi, manufaktura va savdoning rivojlanganligi, agrar islohot, dehqonlarning chegaralanishi, mustamlakachilik siyosati, qulay tarixiy, tabiiy va geografik hamda iqlimiy sharoitlar).
Klassik iqtisodiy maktabning shakllanishi avvalgi g‘oya merkantilizmdan prinsipial farq qiladi, agar merkantilizmda boylikning asosi muomala sohasi (javohir, oltin, kumush, pul, savdo saldosi)da vujudga keladi deb qaralgan bo‘lsa, endi boylik ishlab chiqarish sohasida vujudga keladi deb isbotlab berildi. V.Petti yangi kapitalistik jamiyatni, erkin tadbirkorlikni, kapitalistlarni himoya qildi, xususiy mulkni «muqaddas» va «daxlsiz» deb bildi. U iqtisodiy tadqiqotda tabiiy fanlarni, ya’ni abstrakt usullarni qo‘llab har bir masalaning ichki bog‘liqligiga asosiy e’tiborni qaratdi, matematik va statistik usullardan yeng foydalandi.
V.Petti «tabiiy baho» (qiymat), «siyosiy baho» tushunchalarini kiritdi, tovar qiymatining unga sarflangan mehnat miqdori bilan o‘lchanishi g‘oyasiga, ya’ni qiymatning mehnat nazariyasiga asos soldi. «Mehnat boylikning otasi, yer esa uning onasidir» degan fikrni bildirdi. Qiymatni aynan almashuv qiymati (pul) shaklida tushundi.
Ish haqi ishchilarga tirikchilik uchun zarur bo‘lgan jismoniy minimum, ya’ni «yashash, mehnat qilish va ko‘payish» uchun kerak darajada to‘lansa bas, degan g‘oyani ilgari surdi. Kapitalistlarning foydasini imkoni boricha oshirishni, ishchilarning soliq to‘lashlarini zarur deb bildi.
Pulning roli va uning mamlakatdagi miqdori masalalarini asosan to‘g‘ri hal etdi, ya’ni pul miqdori ishlab chiqarilgan mahsulot miqdoriga to‘g‘ri, pulning aylanish oborotiga esa teskari proporsionalligini aniqladi. Pulning me’yorda bo‘lishini qo‘llab-quvvatladi.
Yer va renta masalalarini ancha puxta ishlab chiqdi. Ish haqi va rentaning bir-biriga qarama-qarshiligini isbotladi (yer bahosini to‘g‘ri xal etmadi).
Petti «Siyosiy arifmetika» va boshqa asarlarida statistika, aniqrog‘i demografik statistika faniga asos soldi. «Aholi - boylik asosi» masalasini to‘g‘ri qo‘ydi. Milliy daromad masalasini ko‘tardi va uni qisman hal etdi.
Fransiyadagi klassik iqtisodiy maktabning dastlabki vakili P.Buagilber ham muhim g‘oyalarni ilgari surdi. Bu mamlakat ahvoli Angliyanikidan ancha katta farq qilardi. Shu sababli iqtisodiy qarashlarda o‘ziga xoslik seziladi. Agar Petti ko‘proq sanoat va savdoni qo‘llagan bo‘lsa, Buagilber asosan qishloq xo‘jaligi sohasini tadqiq etdi va o‘zining muhim xulosalarini chiqardi. Qiymatni aynan iste’mol qiymati shaklida tushundi. «Proporsional baholar» tarafdori edi, erkin tadbirkorlik, raqobat va erkin baholarni qo‘lladi. Ortiqcha ishlab chiqarish inqirozini to‘g‘ri tushuntirib berdi, pulga salbiy munosabatda bo‘ldi, oltin va kumushlarni yovuzlik sababi deb bildi. Noto‘g‘ri ravishda faqat qishloq xo‘jaligini qullab-quvvatladi, sanoat va savdoga kam e’tibor qildi. Buagilberning iqtisodiy isloqotlari bo‘yicha takliflari o‘z davri uchun nihoyatda ahamiyatlidir.
XVIII asrning o‘rtalarida Fransiyada iqtisodiy ta’limotlar tarixida fiziokratizm yo‘nalishi yuzaga keldi. Bu ta’limot klassik iqtisodiy maktabning tarkibiy, butun zanjirning ajralmas qismi sifatida muhim ahamiyatga egadir. Bu oqimning asosiy vakillari F.Kene va A.Tyurgo mamlakatdagi o‘sha davr iqtisodiy holatini har tomonlama tahlil etib, iqtisodiyotning muhim kategoriyalari buyicha qimmatli fikrlarni berdilar. Ular fermerlarni himoya qilgan holda avvalo merkantilizmdan voz kechib, boylikning asosiy manbai mehnat va yer ekanligini ko‘rsatdilar. «Tabiiy tartib» konsepsiyasi asosida «unumli mehnat», «sof mahsulot», kapital to‘g‘risidagi ta’limotlar ilgari surildi.
Kapitalistik munosabat, xususiy mulk, erkin baholar, erkin raqobat, davlatning iqtisodga kam aralashuvi «tabiiy hol» deb tan olindi. Ularning fikricha, qiymat iste’mol qiymati bo‘lib, xatto tabiat, yer in’omi sifatida talqin etiladi. Shundan dehqonchilikdan boshqa sanoat, savdo va hizmat tarmoqlari unumsiz soha deb qaraladi. Bunday noto‘g‘ri fikrning paydo bo‘lishi Fransiyaning o‘sha davrdagi iqtisodiy ahvoli (agrar mamlakat) bilan bog‘liqdir.
Kapital tushunchasining kiritilishi va uning boshlang‘ich va yillik bo‘nak kabi ikki qismga bo‘linishi iqtisodiyot tarixida muhim qadamdir. Shundan doimiy va aylanma kapital g‘oyalari ham kelib chiqadi.
F.Kenening asosiy «Iqtisodiy jadval» asarida jamiyatdagi sinflar masalasi ko‘tariladi, ammo bunda ba’zi kamchiliklar bor, uni A.Tyurgo rivojlantirib, o‘sha davr uchun to‘g‘ri xulosalar chiqaradi. Takror (uzluksiz) ishlab chiqarish jarayoni va yalpi ijtimoiy mahsulot muomalasi birinchi bor kun tartibiga qo‘yiladi. Oddiy takror ishlab chiqarish chizmasi beriladi va tayyor mahsulotning aylanish tamoyillari ko‘rsatiladi, bu o‘sha davr uchun katta kashfiyot edi. Tarmoklar, ya’ni sektorlararo taqsimotning aniq proporsiyalari bo‘lishi zarurligi qayd etiladi, ma’lumki bu tamoyil hozirgi davrda ham muhim.
Olim va davlat arbobi A.Tyurgoning iqtisodiy g‘oyalari ancha mukammal bo‘lib, o‘sha davrdagi jamiyat va iqtisodiyotdagi jarayonlarni ancha izchil tahlil etadi va sanoatda kapitalistlar va yollanma ishchilar mavjudligi hamda beshta sinf borligi e’tirof etiladi. Bu xulosa to‘g‘ri xulosadir. A.Tyurgo sanoat va hizmat sohalariga ijobiy yondashadi. U kapital va qo‘shimcha mahsulot (qiymat) masalalarini ancha mukammal hal etadi, sanoat, ssuda va kapital haqida fikr yuritadi, lekin oxir-oqibatda fiziokratizm kobig‘idan chiqa olmaydi, qo‘shimcha mahsulotning asosiy shakli yana yerga, yer rentasiga qaytadi. A.Tyurgo davlat chinovnigi, aniqrog‘i moliya vaziri sifatida ham bir qancha iqtisodiy islohotlarni o‘tkazishga erishadi. Ammo mamlakatdagi ijtimoiy tuzum bu islohotlarga to‘siq edi.
Hozirgi davr tili bilan aytganda, fiziokratlar sof bozor munosabatlarini qo‘lladilar, ammo ularning g‘oyasi asosan qishloq xo‘jaligi bilan cheklab qo‘yildi, barcha fikrlarda mukammallik yetishmas edi. Bu vazifalar esa keyingi olimlar tomonidan hal etildi.
Dostları ilə paylaş: |