Ohakni so‘ndirish. Havoyi ohakni so‘ndirish uchun suv bilan aralashtiriladi:
SaON2OSa(ON)2 Ohak so‘ndirilganda 950 KDjkg miqdorda issiqlik ajrab chiqadi. Ohakni so‘ndirish jarayoni o‘ta shiddatli kechadi, ohak donachalari o‘ta mayda dispers holga keladi. Ohak mineral bog‘lovchilar ichida kimyoviy reaksiya natijasida disperslanadigan yagona bog‘lovchi xisoblanadi. So‘ndirilgan ohakning o‘ta dispers bo‘lishi uning yuqori darajada suv ushlab turishlik xususiyatini va plastikligini ta’minlaydi. So‘ndirilgan ohakning bu xususiyati undan qurilish qorishmalari va boshqa mahsulotlar tayyorlashda katta ahamiyatga egadir. So‘ndirishda olingan suv miqdoriga nisbatan gidrat ohagi (pushonka), ohak qorishmasi va ohak suti hosil bo‘ladi.
Gidrat ohak ohakga (kipelkaga) 60-70% suv aralashtirilganda hosil bo‘ladi. Bunda ohak hajmi 200-300% ortadi. Hosil bo‘lgan gidrat ohak Sa(ON)2 ning juda mayda zarrachalardan iborat oq rangli kukundan iborat bo‘ladi. Uning erkin holatdagi o‘rtacha zichligi 400-450 kgm3, zichlangan xolatdagi o‘rtacha zichligi esa 500-700 kgm3 tashkil etadi.
Gidrat ohagi to‘xtovsiz ishlaydigan gidratorlarda so‘ndiriladi, bunda hosil bo‘lgan katta issiqlik va suv bug‘i bo‘lak holatdagi ohakni kukun ohakka aylanishiga xizmat qiladi.
Ohak qorishmasi ohak kipelkaga massasiga nisbatan 200-300% suv qo‘shilib tayyorlanadi. Bunda so‘ndirilgan ohakning massasi 2-2,5 marta ortadi va mahsulot hajmi ko‘payadi. Ohak kipelkaga massasiga ko‘ra suv miqdori 300% dan ko‘proq qo‘shilsa ohak suti hosil bo‘ladi.
Ohak qorishmasi to‘la mexanizatsiyalashgan maxsus qorishmalar tayyorlaydigan sexlarda ohak so‘ndiruvchi mashinalarda bo‘lak holatdagi ohakni so‘ndirib olinadi. Bu usulda ohak so‘ndirilganda ohak qorishmasining sifati yuqori bo‘ladi va so‘ndirish jarayoni tezlashadi.
Kichik qurilish maydonlarida bo‘lak-bo‘lak ohak maxsus xandaqlarda (chuqurlarda) suv bilan aralashtirilgan holda kamida ikki hafta davomida so‘ndiriladi. Bu usulda ohak so‘ndirilganda so‘nmagan zarrachalar miqdori meyordan oshmasligi shart, aks holda mahsulot qorishmalar olishda ishlatilganda yoriqlar hosil bo‘lishi mumkin.