INSTITUTI
O‘ZBEK ADABIYOTI KAFEDRASI
60111400 - o‘zbek tili adabiyoti
bakalavr ta’lim yo‘nalishi uchun
O‘ZBEK ADABIYOTI
fanidan
MA’RUZALAR MATNI
NUKUS
G‘AFUR G‘ULOM HAYOTI VA IJODI
REJA: G‘.G‘ulom o‘zbek adabiyotining yetuk namoyandalaridan biri sifatida. Tarjimayi holi va adabiy merosi haqida ma’lumot. G‘.G‘ulomning 20-30-yillardagi ijodi. G‘.G‘ulom hikoyalarida satira va yumor. Adibning publisistik qarashlari. G‘.G‘ulom qissalari. “Shum bola” - yumoristik asar. G‘.G‘ulom qissalarida davr va shaxs fojiasi.
Kalit so‘zlar: O‘zbek adabiyoti, ijtimoiy hayot, ijodiy evolyusiya, adabiy-estetik qarash, tasnif, tavsif, mumtoz adabiy janr, devon, qo‘lyozma, toshbosma, istiloh, adabiy meros, maslak, obraz, vatanparvarlik.
G‘AFUR G‘ULOM (1903-1966)
"Zamonlar o‘tib, kelajakda jahon poeziyasining tarixi yaratiladigan bo‘lsa, uning XX asr she’riyatiga bag‘ishlangan bobida Federiks Garsiya Lorka, Pablo Neruda, Nozim Hikmat kabi mashhur nomlar qatorida o‘zbek shoiri G‘afur G‘ulomning nomi ham muqarrar o‘rin oladi", deydi tanqidchi Ozod Sharafiddinov o‘zining "Xalq baxtining otashin kuychisi" maqolasida.
G‘afur G‘ulom poeziyasi uch manbadan oziqlandi,uch azim daryodan bahramand bo‘lib, kamol topdi. Bularning birinchisi Sharq poeziyasidir. G‘.G‘ulom Sharq adabiyotini chuqur biladigan fozil odam edi. U 20-yillardayoq, ayniqsa, o‘zbek, ozarbayjon, tatar, fors-tojik adabiyotlarini juda puxta o‘zlashtirdi. U Navoiy va Furqat, Mashrab va Muqimiy, Avaz O‘tar va Nodira kabi o‘zbek shoirlari, Nizomiy va Fuzuliy singari ozarbayjon adabiyotining buyuk siymolari, Shayx Sa'diy va Hofizdek fors-tojik adiblari asarlarini besh qo‘lday bilgan. G‘.G‘ulom Sharq adabiyotidan teran insoniylikni, gumanizmni, falsafiy chuqurlikni o‘zlashtirdi. Bundan tashqari, G‘.G‘ulom uning yuksak nafosatini, poetik mushohadadagi teranlikni, so‘z ishlatishdagi san’atkorlikni, mubolag‘alarning hadsizligini, o‘xshatish va sifatlashlarining aniqligini o‘ziga singdirdi.
G‘afur G‘ulom bahramand bo‘lgan yana bir daryo xalq ijodidir. Oqzaki ijodda hamisha xalq donoligi ham, hayot tarzi ham, qalbi ham ifodalangan bo‘ladi.
G‘afur G‘ulom ijodiga oziq bergan yana bir daryo rus adabiyotidir. U A.S.Pushkin, M.Yu.Lermontov, N.A.Nekrasov, L.N.Tolstoy, A.P.Chexov asarlarini o‘qidi. Ayniqsa, Maksim Gorkiy va V.V.Mayakovskiy ijodi bilan tanishishi G‘afur G‘ulomning ijodiy o‘sishiga samarali ta'sir ko‘rsatdi.
G‘afur G‘ulom 1903 yil 10 may kuni Toshkent shahrining Qo‘rqontegi mahallasida kambaqal dehqon oilasida tug‘ilgan. Uning otasi G‘ulom aka Mirzaorif o‘g‘li Kelesdagi bir parcha yerida ham, shaharda ham ishlasa-da, oila qashshoq hayot kechirar edi, chunki o‘sha davrlarda og‘ir mehnat samaralari o‘ta qadrsizlangan edi. G‘ulom aka ancha bilimli, fors tilini bilgan kishi bo‘lib, bolalarining tarbiyasiga katta ahamiyat berar edi. Otasi bilan bir qatorda G‘afurga bolalik chog‘larida Mirzaabdulla ismli amakisi ham muayyan ta'sir ko‘rsatgan edi. Xuddi shu amaki yosh bola qalbida ilk bor adabiyotga havas uyg‘otgan bo‘lsa ajab emas, chunki u "Mirza" taxallusi bilan she’rlar mashq qilib turar edi.
Yosh G‘afur avval eski maktabda ta'lim oladi va 9 yoshida o‘qish hamda yozishni o‘zlashtiradi. Faqat xuddi shu davrda, aniqroqi 1912 yilda G‘ulom aka olamdan o‘tib, beshta bolasi yetim qoladi hamda G‘afurning o‘qishi bo‘linadi. Oilaning og‘ir moddiy sharoitiga qaramay, akasining yordamida G‘afur 1916 yilning kuzida O‘qchi mahallasidagi rus-tuzem bilim yurtiga o‘qishga kiradi. G‘afur G‘ulomning eslashicha, bu yerda u L.Tolstoyning "Birinchi kitob" asari va boshqa ko‘p rus shoirlarining she’rlari bilan yaqindan tanishadi. Faqat mazkur bilim yurtidagi o‘qish ham uzoq davom etmaydi, chunki 1918 yilda onasining 36 yoshida bevaqt vafoti tufayli G‘afur yetim qolgan singillarini boqish uchun bosmaxonaga harf teruvchi sifatida ishga kirishga majbur bo‘ladi. U yerda keksa ishchi Abdurahmon Sohiboyevning maslahati bilan sakkiz oylik o‘qituvchilar tayyorlov kursini bitiradi va "Urfon" deb atalgan boqimsiz bolalar maktab-internatida tarbiyachi hamda mudir bo‘lib ishlay boshlaydi. Xuddi shu bolalar hayotidan ruhlanish natijasida, G‘afur G‘ulomning birinchi she’ri dunyoga keladi. Faqat u mashq juda zaif bo‘lgani uchun matbuotda bosilmagan edi. G‘afur G‘ulomning 1923 yilda matbuotda e’lon qilingan birinchi she’ri esa "Go‘zallik nimada?" deb atalar edi. Unda yosh shoir o‘zining go‘zallik haqidagi tushunchalarini juda sodda shaklda ifodalagan edi:
"Go‘zallik qizlarda,
U qora ko‘zlarda,
Soz kabi so‘zlarda",
Deganlar yanglishar.
Go‘zallik bir guldir,
Muddati fasldir.
Yashamoq asldir,
Siz, biz bor, u yashar.
Go‘zallik ishlayish,
Manglayni terlatish,
Go‘zaldir ungan ish,
Maqtansa yarashar!
G‘afur G‘ulom 1923 yildan to 1930 yilgacha besh yuzga yaqin she’r, hikoya, ocherk, doston, feleton yozgan. Demak, u dastlabki davrdayoq sermahsul va ko‘pqirrali ijod sohibi bo‘lgan. To‘g‘ri, yosh ijodkorning izlanish davrida yaratgan ko‘p asarlarida hayot haqiqatining go‘zal tasviri ko‘rinmas, chuqur badiiy umumlashmalar yetishmas edi. Ularning aksari badiiy jihatdan bo‘sh edi. Zotan, shoir bu davrda o‘qish, o‘rganish, izlanish, tajriba orttirish davrini boshidan kechirdi. G‘afur G‘ulom 20-yillarning oxiri va 30-yillarning boshida "Ko‘ngilsizning qilig‘i", "Eshon obod", "Yigit", "Chorbozorchi", "Soat", "Jo‘rabo‘za", "Elatiyada bir ov" kabi 40 ga yaqin hikoya yozdi. Bularning bir qismida o‘tmish hayotiga xos bo‘lgan tipik voqealar tasvirlanib, eski hayotning qora dog‘lari ochib tashlangan. Aksariyatida esa hozirgi zamon voqeligi tasvirlanib, hayot taraqqiyotiga to‘sqinlik qiluvchi dangasalar, tekinxo‘r firibgarlar fosh etiladi, yangi ong, turmush va urf-odatlar tashviq hamda targ‘ib qilinadi.
G‘afur G‘ulomning nasrdagi mahorati, xususan, "Netay" (1930), "Tirilgan murda" (1934), "Shum bola", "Yodgor" qissalarida ochiq ko‘rinadi. "Netay" qissasi asosida o‘tmishning achchiq haqiqati yotadi. Asarda xotin-qizlarning haq-huquqlarini amir va amaldorlar, ruhoniy va boylar tomonidan oyoqosti qilinganligi ko‘rsatilgan. "Shum bola" qissasida o‘zbek xalqining o‘tmishdagi og‘ir hayoti, xususan, o‘smirlarning qarovsizligi, bir parcha non deb darbadar kezishlari qattiq kulgu ostiga olinadi. "G‘afur G‘ulom "Shum bola" qissasini salkam yigirma besh yil ishladi", - deb yozadi Said Ahmad. "Yodgor" qissasida yangi odam xarakterining shakllanish jarayoni tasvirlangan. Asarda kishilarimiz ongi va psixologiyasida yuz bergan o‘zgarishlar, yangi insonni tarbiyalash Jo‘ra, Saodat va Mehri hayoti bilan bog‘liq sarguzasht tasviri orqali ochib berilgan.
G‘afur G‘ulom 30-yillarda turli mavzularda ballada va poemalar yaratdi. Shoirning "Ikki vasiqa" va "To‘y" balladalarida voqelik liro-epik yo‘sinda aks etgan. Adibning "Ko‘kan" dostoni o‘zbek she’riyatida jamoa xo‘jaligi qurilishi mavzuida yozilgan birinchi liro-epik poemadir. "Ko‘kan" poemasida o‘sha davrdagi hukmron mafkura ta'sirida yuzaga kelgan zamonasozlik, hayotni bo‘yab-bezab ko‘rsatish hollari ko‘zga tashlanadi.
G‘afur G‘ulomning juda ko‘p she’rlari hayotimiz, odamlarimizning ulug‘vorligini ta'kidlaydi, asarning qimmatini shu ulug‘vorlikni qay darajada ifodalagani bilan o‘lchash kerakligini aytadi. U fashist bosqinchilariga qarshi kurashga ikki yil to‘lar-to‘lmas kunlarda yozgan "Birinchi she’r" asarida yuqoridagi fikrni kishilarimizning harb maydonidagi mislsiz fidokorligidan tug‘ilgan tashbehda chiroyli ifodalagan:
Halok bo‘lgan bir soldatning
Ko‘ylagidek lola rang
Bitta polkning bayroqi
Ming "Shohnoma" dostonin
Qonlar bilan bitgulik.
G‘afur G‘ulom poeziyasining eng muhim fazilatlaridan biri - uning hayotiyligidir. Hayotiylik muammosi poeziyada realizmning shakllanishi va qaror topishida eng muhim, markaziy masalalardan biridir. 30-yillar shoirning adabiy hayotida katta hodisa bo‘lgan "Dinamo" va "Tirik qo‘shiqlar" to‘plamlari ham, shu davrda yaratilgan boshqa poetik asarlari ham erkin mehnat nash'asini, turmush go‘zalligini aks ettirishga bag‘ishlangan. Shoirning dil-diliga ta'sir etgan, ongida chuqur iz qoldirgan, his-tuyg‘ularini junbushga keltirgan jonajon ishi uning "Turksib yo‘llarida", "Yalovbardorlikka", "Olqish", "Tagdo‘zi", "Ko‘kan" va "Misr ehromi" kabi asarlari, "To‘y", "Ikki vasiqa" singari manzumalarda aks etgan.
G‘afur G‘ulom urushning birinchi kunlaridanoq o‘zini safarbar his etdi. To‘rt yillik urush davri shoir uchun shiddatli ijod yo‘llari bo‘ldi. G‘afur G‘ulomning urush yillarida yaratgan she’rlari chuqur vatanparvarlik ruhi bilan sug‘orilgan asarlar edi. Bu asarlar g‘oyat samimiyligi, insoniyligi tufayli urushning eng og‘ir damlarida xalqimizga madad berdi, ruhini bardam qildi. Shoirning bunday she’rlari qatorida "Kuzatish", "Qish", "Sog‘inish", "Xotin", "Bizning ko‘chada ham bayram bo‘lajak", "Suv va nur" kabilarni tilga olish mumkin. Uning she’rlarida davrning ilg‘or, progressiv g‘oyalari juda katta poetik kuch bilan tarannum etildi. Masalan, "Sen yetim emassan" she’rida xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, chuqur internatsionalizm tuyg‘usi, kishilarimizga xos bo‘lgan ezgulik yorqin ifodalangan. U urush tufayli yetim qolgan bolalar fojiasini o‘z shaxsiy fojiasiday qabul qiladi.
Urushdan keyingi yillarda ham G‘afur G‘ulom she’rlari bilan zamon talabiga hamisha "labbay" deb javob berib keldi. Uning "Yashasin tinchlik!", "Pol Robsonga", "Biz tinchlik istaymiz", "Bu sening imzong", "Tinchlik minbaridan" kabi publitsistik ruh bilan sug‘orilgan she’rlarida millionlab odamlar qalbida jo‘sh urgan tinchlik istagi yorqin ifodalangan.
G‘afur G‘ulomning bu davr she’riyatida internatsionalizm ruhi yanada chuqurlashadi. U "Qozoq elining Ulug‘ to‘yi", "Qardosh tojik xalqiga o‘zbek xalqidan salom", "Samad Vurg‘unga" kabi poetik asarlarida xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni ulug‘ladi.
G‘afur G‘ulom she’riyatining qamrovi keng, poetik fikrlari teran, uslubi ravon. Biroq shoir ijodida shaxsga siqinish va turg‘unlik davri tazyiqi bilan sodir bo‘lgan jiddiy nuqsonlar, madhiyabozlik, hayotni bo‘yab, bezab, ortiqcha maqtab aks ettirish, qo‘shib yozish - yo‘q narsani bor deb talqin etish hollari ham uchraydi.
G‘afur G‘ulom zukko shoirgina emas, mohir prozaik hamdir. Uning prozaik asarlari ham o‘zbek nasrida realistik metodning takomil topishida, qolaversa, yangi madaniyat rivojida salmoqli o‘rin tutadi. G‘afur G‘ulom ijodining ilk davrida ham, undan keyingi bosqichlarda ham ko‘pgina nasriy asarlar yaratgan. 20-yillarda uning she’riy kitoblari bilan birga bir necha nasriy kitoblari ham chop etilgan. U umrining so‘ngida ham "Gilos danagidan tasbeh" degan hikoyalar to‘plamini nashr etdiki, bu kitob qisqa muddat ichida adabiyot muxlislarining chinakam muhabbatiga sazovor bo‘ldi. Tadqiqotchilarning aniqlashicha, 20-yillarning o‘zida G‘afur G‘ulom respublika matbuotida 500 dan ortiq feleton e’lon qilgan. Ular orasida "Muloqot", "Darg‘a", "Katta kuch" kabi ocherk va feletonlari ahamiyatga molikdir. G‘afur G‘ulom "Asarlari"ning 7-tomi ocherk va publitsistikadan iborat bo‘lib, unga yozuvchining o‘ttiz sakkizta ocherki kirgan. Ular, albatta, G‘afur G‘ulom yaratgan ocherklarning bir qismi, xolos. Lekin ularga qarab ham, atoqli adibning ocherkchilik sohasidagi faoliyati nechog‘li samarador bo‘lganini ham, mahorati qanchalik yuksak ekanini ham bilib olsa bo‘ladi. Uning 35 yildan ortiqroq muddat davomida yaratgan ocherklari o‘zida zamon nafasini mujassamlashtirgan, davr ruhini bugungi kun kitobxoni uchun avaylab saqlab kelgan asarlar sifatidagina emas, mazmunan teran saviyada yozilgan asarlar tarzida ham o‘z qimmatini yo‘qotgan emas.
Bir vaqt shoir G‘afur G‘ulom Moskvadagi yuksak minbardan turib: "Men o‘zbek xalqi nomidan gapiraman", - degan edi. Ha, bunday qilishga u to‘la haqli edi, chunki adib deyarli butun ongli umri davomida o‘zining bor iste’dodini, mahoratini, kuch-quvvatini o‘zbek xalqining ruhini, mohiyatini, tafakkurini, o‘y-tuyg‘ularini, orzu-umidlarini, borlig‘ini go‘zallik va badiiyat qonuniyatlari vositasida ochib berishga baxsh etgan edi. G‘afur G‘ulomning o‘zbek xalqi orasida topgan hurmatu ehtiromi ham shoirga uning nomidan so‘zlashga to‘la huquq berar edi. Shoirning o‘zbek eli orasida qanday e’zoz-e’tibor qozonganligini tasavvur qilmoq uchun quyidagi parchani eslashgina kifoya qilsa kerak:
Sen bu kun sinfda shod yurak bilan
Sinov navbatini kutib turasan.
A'lo mamlakatning a'lo farzandi,
Bilib qo‘yki, seni vatan kutadi.
Bu misralar hammamizga yoshligimizdan, birinchi sinfdan yod bo‘lib ketgan. Balki XX asrning o‘rtalarida dunyoga kelgan butun o‘zbek xalqini G‘afur G‘ulomning mana shunday she’rlari tarbiyalab voyaga yetkazgan bo‘lsa ajab emas. Zeroki, G‘afur G‘ulom "A'lo Mamlakat" va "vatan" deganida, birinchi navbatda, jonajon O‘zbekistonimizni ko‘zda tutgan hamda uning tuprog‘ida yashovchi xalqning baxtini, kamolotini orzu qilgan. G‘afur G‘ulom yoshlar tarbiyasi haqida juda ko‘p qayg‘urgan va o‘zining bu masalaga oid o‘y-fikrlarini ta'sirchan hamda zargarona so‘z vositasida ifodalar edi. "Oltin medal" she’rida xuddi shunday misralarni uchratish mumkin:
Sizsiz kelajak yo‘q, siz axir xalqning
Ming yilni ko‘rajak qaroqlarisiz.
Sizsiz yorimaydi osmonda zuhro,
Zamonlar tongining charoqlarisiz.
Aslida G‘afur G‘ulom ijodi 20-yillarda xuddi shu xildagi "Go‘zallik nimada?", "Feliks bolalari" singari yoshlarbop she’rlar bilan boshlangan bo‘lib, ulardan urush davrida o‘zbek xalqining ruhini, insonparvarligini kurrai zaminga so‘z orqali namoyish qiluvchi "Sen yetim emassan" kabi o‘lmas badiiy kashfiyotlar o‘sib chiqqan edi. Bu she’rida G‘afur G‘ulom urush tufayli yetim qolgan bolalarga munosabat muammosini faqat o‘ziga xos yo‘sinda, yangicha talqin etib, "tong yaqin"ligi timsolini qo‘llash vositasida insoniyatning fashizmdek vabodan xalos bo‘lishi muqarrarligi to‘g‘risidagi haqiqatni kishilar ongiga, qalbiga yetib boradigan darajada yuzaga chiqargan edi.
Bolalar, yoshlar va umuman, insoniyat borlig‘i, kelajagi, baxt-saodati haqidagi falsafiy mushohadalar va ularning takrorlanmas badiiy ifodasi G‘afur G‘ulomning ko‘p asarlariga, xususan, "Vaqt" singari she’rlariga umrboqiylik baxsh etgan omillardan bo‘lsa ajab emas.
Yosh avlodni barkamol va baxtiyor ko‘rish istagi G‘afur G‘ulomning boshqa janrlardagi asarlarida ham yetakchi g‘oya sifatida baralla yangrab turadi. Chunki, biz uning "Mening o‘g‘rigina bolam" hikoyasini yoki "Shum bola" qissasini o‘qir ekanmiz, ularda XX asr boshlaridagi o‘zbek bolalarining sho‘xliklari, baxtga tashna qalblari hamda "innaykeyin" deb odamning jonini sug‘urib oluvchi Sariboylarga qarshi isyonlari bilan tanishsak, "Yodgor" povestida go‘yo o‘sha shum go‘dakning yigitlik kamolotini ko‘rib, behad shodlanamiz. G‘afur G‘ulom insonning xuddi shu yigitlik pallasini Ulug‘lash uchun ham g‘oyatda go‘zal tashbehlar, jonlantirish, sifatlash, o‘xshatish, istioralar topa olgan:
Yigit omon bo‘lsa, xavfu xatar yo‘q,
Qalqon bor, qal'asi but, qo‘rg‘on salomat.
Qizlar kulgusida avju daromad,
Chollar uyqusida jannat, farog‘at.
Yigitlar bor joyda qizlar kulgusi jaranglashi haqida ko‘p shoirlar yozishgan, lekin yigitlar tufayli "qo‘rg‘on salomat" ekanligi to‘g‘risidagi jonlantirishni boshqa bironta ham adib ijodida topib bo‘lmasa kerak. Hatto dunyoga tanilgan rus shoiri Yevgeniy Yevtushenkoning xuddi shu mavzudagi "Agar yer yuzi yigitlari" deb atalgan va mashhur qo‘shiqqa aylanib ketgan she’rida ham bunga o‘xshash noyob jonlantirish uchramaydi. Shunday tasviriy vositalar va yuqoridagi kabi "Kuzatish", "Bizning ko‘chada ham bayram bo‘lajak", "Siyohdon", "Qani mening yulduzim" she’rlari, "Hasan kayfiy", "Afandi o‘lmaydigan bo‘ldi" singari hikoyalar G‘afur G‘ulom o‘zbek xalqining haqiqiy milliy adibi ekanligidan dalolat beradi. Shu bilan birga G‘afur G‘ulom tor milliy qobiqqa o‘ralib qolmasdan, eng oliy umumbashariy muammolar ustida erkin qalam tebratadigan, tom ma'nodagi baynalminal shoir edi. Bunga uning birgina "Men yahudiy" she’ri misolida to‘la iqror bo‘lish mumkin. Fashistlar Kiyev shahri yaqinidagi Babiy yar degan joyda to‘qson ming yahudiyni tiriklayin yerga ko‘mgan bir paytda, million-million yahudiyni gaz kameralariga tashlagan choqida G‘afur G‘ulom baralla: "Men yahudiy", - deya bong urgan va hech bir xalqni kamsitish mumkin emasligini otashin so‘z vositasida jahonga eslatib qo‘ygan edi. Mazkur she’r hozir ham o‘zining dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q, chunki deyarli har kuni qandaydir terrorist dunyoning turli burchaklarida yahudiylarni o‘ldirganligi, ta'qib etganligi to‘g‘risidagi xabarlar tez-tez eshitilib turadi.
So‘nggi paytlarda ahyon-ahyonda G‘afur G‘ulom zamonasozlik qilganligi, o‘tkinchi voqealarni yoki shaxslarni madh etib she’rlar yozganligi haqidagi gaplar takrorlanadigan bo‘lib qoldi. Balki G‘afur G‘ulom chindan ham hukmron mafkura va siyosat tazyiqiga berilib, shunday she’rlar yozgandi, ammo shoir asarlarining barchasini o‘tkinchi yoki endilikda yaroqsiz deb hisoblash insofdan bo‘lmaydi. Balki shoirning tinchlik uchun kurash mavzuidagi ko‘plab she’rlarini o‘tkinchi deb hisoblaydiganlar bordir. Axir, endi fashizmga qarshi jang sadolari tingan. Xerosima va Nagasakiga atom bombasi tashlangan. Koreya va Vetnamda yangi urushlar boshlangan bir paytda shoirning uyg‘oq vijdoni tinchlik uchun kurashga chorlovchi bong urmay tura olarmidi? So‘nggi yigirma yil davomida Afg‘onistondagi urushlar to‘xtamayotganligi, Chechenistondagi qirqin-barot janglari o‘sha she’rlarning hozirgi kunlarimiz uchun ham qadr-qiymati pasaymaganligini ko‘rsatmasmikin? Xuddi shuningdek, G‘afur G‘ulomning yuqori paxta hosili uchun kurash to‘g‘risidagi she’rlarini ham o‘tkinchi deb bo‘lmasa kerak. Agar ularni, aniqroqi, bittagina "O‘zbek elining g‘ururi" she’rini sinchiklab o‘qisak, unda G‘afur G‘ulomning mo‘l hosil uchun kurashga chaqirish bilan bir qatorda paxta yakkahokimligi, uning mehnati nihoyatda og‘irligi haqidagi fikrni ham san’atkorona ifodalaganligining guvohi bo‘lamiz. Mana o‘sha misralar:
Bir kilo xolis paxta chit bo‘lib to‘qilguncha,
Minglab moki otilur, minglab urchuq aylanur.
Shu paxta o‘sib-unib, pishib terilgunicha
Kiprigimiz ming karra tolalarga boylanur.
G‘afur G‘ulom bu misralarda paxta mehnati tufayli odamning boshdan-oyoq chang-to‘zonga ko‘milib ketishi haqidagi fikrni "kiprigimiz ming karra tolalarga boylanur", - degan kutilmagan mubolag‘a yordamida ustalik bilan ifodalagan. She’r yozilgan vaqtlarda bu haqiqatni shundan boshqacha ifodalash qiyin edi. Xuddi shunday san’atkorona topilgan tashbehlar, yuksak mahorat va iste’dod namunasi bo‘lgan o‘lmas she’rlar G‘afur G‘ulom ijodida juda ko‘pdir. Ulardan biri "Sog‘inish" she’ri bo‘lib, G‘afur G‘ulom mazkur asarida chinakam badiiy kashfiyotlarga qodirligini isbotlagan edi. Uning dastlabki misralarini eslaylik:
Zo‘r karvon yo‘lida yetim bo‘tadek
Intizor ko‘zlarda halqa-halqa yosh,
Eng kichik zarradan Yupitergacha
O‘zing murabbiysan, xabar ber, quyosh.
She’rda muallif yig‘layotgan otani yetim bo‘taga o‘xshatyapti. Bunday noyob o‘xshatish ko‘p asrlik jahon poeziyasida uchramasa kerak. Mana bunday badiiy kashfiyotlar, chinakam san’at durdonalari, umrboqiy asarlar yaratganligi sababli G‘afur G‘ulom, uning o‘z so‘zlari bilan aytganda, "o‘zbek elining g‘ururi"ga aylangan edi.